Hirot shahri qadimda Afg‘onistonning g‘arbiy qismidagi Xerirud daryosi bo‘yida joylashgan bo‘lib, uning nomi qadimgi fors manbalarida Xaraiva, “Avesto” va yunon matnlarida Aria, Areia shaklida uchraydi. Arablar tomonidan zabt etilguniga qadar bu shahar eftaliylar nazorati ostida bo‘lgan. Arablar 651-yilda Xurosonni egallagach, Hirot ham ularning qo‘liga o‘tdi.
Xuroson va Turkiston mintaqalarida arablarning hokimiyati zaiflashgach, Hirot shahrini dastlab tohiriylar va safforiylar nazorat qildi. Safforiylar va somoniylar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvda safforiylar yengilgach, Hirot shahri somoniylar tasarrufiga o‘tdi. Xurosonda g‘aznaviylar sulolasi hukmronligi o‘rnatilgach, bu shahar g‘aznaviylar nazorati ostiga o‘tdi.
G‘aznaviylar sulolasi davrida Hirot valiahd shahzodalarga taqdim etilgan. Xususan, 1017-yilda Sulton Mahmud G‘aznaviy o‘g‘li va taxt vorisi bo‘lgan Masudni Hirotga voliy (hokim) etib tayinlaydi va vazir Abusahl Muhammad az-Zavzaniyni unga otaliq qilib birga yuboradi. Shu sababli Hirot shahri siyosiy jihatdan muhim strategik markazlardan biriga aylandi.
Hirot shahri saljuqiylar va xorazmshohlar davrida ham muhim shaharlardan biri bo‘lib qoldi. 1221-yilda Chingizxonning o‘g‘li Tuluyxon tomonidan bosib olindi. Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ullarga qarshi Xurosonda erishgan yutuqlaridan xabar topgan shahar xalqi mo‘g‘ullarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Ammo qo‘zg‘olon mo‘g‘ullar tomonidan bostirilib, aholining katta qismi qirg‘in qilindi, omon qolganlar esa Sharqiy Turkiston va Xitoy hududlariga surgun qilindi. Natijada, Hirot shahri harobaga aylandi.
Temuriylar davri: Hirotning “Oltin asri”
Hirot 1381-yil Amir Temur tomonidan zabt etilgach, shaharning gullab-yashnash davri boshlandi. Hirotning san’at va madaniy jihatdan eng muhim davri temuriylar davriga to‘g‘ri keldi. Temuriylar davrida yuzaga kelgan Hirot san’at maktabi butun islom san’at va madaniyat markazlariga ta’sir qildi. Shohruh mirzo davrida Hirot shahri temuriylarning asosiy markaziga aylandi.
Xususan, Shohruh va ayoli Gavharshodbegim davrida Hirot shahrida ko‘plab bog‘lar, saroylar, masjid va madrasalar bunyod etildi. Jumladan, 1410-yilda barpo etilgan Bog‘i Sefid saroyining devorlari Xitoydan olib kelingan nefrit toshlari bilan qoplangan va bu toshlar naqsh va rasmlar bilan bezatilgan edi. Husayn Boyqaro hukmronligi davrida adabiyot va san’at yanada rivojlandi. U turli daraxtlar va gullar bilan bezatilgan bog‘i mavjud bo‘lgan Jahonaro saroyini, shuningdek, uning nomi bilan atalgan masjid va madrasani qurdirgan. Uning hukmronligi davrida Shifoiya nomli tibbiyot maktabi va kasalxona ham qurilgan. Ayni shu davrda Hirotning har tomonlama rivojlanishida hukmdorning vaziri bo‘lgan Alisher Navoiyning hissasi katta bo‘lgan. Husayn Boyqaro vafotidan keyin Xurosonda temuriy shahzodalar o‘rtasida ichki ziddiyatlar boshlandi.
Xuroson – Shayboniylar va Safaviylar o‘rtasidagi kurash maydoni
1507-yil 19-mayda Xurosonning Yozyayloq nohiyasiga qarashli Maral maydonida Muhammad Shayboniyxon hamda aka-uka Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzolarning qo‘shinlari o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi. Maral jangida Muhammad Shayboniyxon g‘alaba qozondi. Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzolar Iroq va Ozarbayjon tomonlarga qochdi. Natijada, Hirot Muhammad Shayboniyxon qo‘liga o‘tdi.
Ammo Hirot uzoq vaqt shayboniylar qo‘l ostida qolmadi. 1510-yil 2-dekabrda Muhammad Shayboniyxonning Shoh Ismoildan mag‘lubiyatga uchrashi natijasida butun Xuroson hududi, shu qatori Hirot shahri ham safaviylar qo‘liga o‘tdi. Shundan so‘ng shayboniy xonlarining tashqi siyosatdagi asosiy vazifalaridan biri Xurosonni yana shayboniylar tasarrufiga qaytarish bo‘ldi. Ubaydullaxon davri ham Xuroson uchun safaviylar bilan siyosiy qarama-qarshiliklarga boy bo‘lgan davrga aylandi. Muhammad Shayboniyxon o‘ldirilganidan keyin xonlik taxtiga Ko‘chkinchixon o‘tqazilsa-da, Ubaydullaxon yosh, jasur va kuchli harbiy salohiyatga ega bo‘lganligi sababli harbiy hokimiyat Ubaydullaxon qo‘liga o‘tdi. Shu bois shayboniylarning Xurosonga yurishlarga Ubaydullaxon boshchilik qildi. Umuman olganda, Ubaydullaxon Xurosonni shayboniylar tasarrufiga kiritish maqsadida 1513-1539-yillar davomida 8 marotaba yurish uyushtirdi. Bu harbiy yurishlarning ba’zilari muvaffaqqiyatli bo‘lgan bo‘lsa, ba’zilari muvaffaqqiyatsizlikka uchradi.
1512-yil noyabr oyi oxirlarida G‘ijduvon jangida qizilboshlar va Bobur mirzo ustidan qozonilgan yorqin g‘alaba shayboniy sultonlar, xususan Ubaydullaxon ko‘nglida Xurosonni ham egallash havasini uyg‘otdi. 1513-yilda Ubaydullaxon va Temur sulton birgalikda Tus va Mashhad sari qo‘shin tortdilar. O‘zbeklarning kelayotgani xabarini olgan Marv va Mashhad hokimi Dudabek bu viloyatlarni tashlab Iroq tomonga qochdi. Natijada, shayboniyzodalar bu hududlarni jangsiz egallaydi.
Bu voqealar bayoni hirotliklarga ham ma’lum bo‘lgach, u yerdagi qizilbosh amirlari va askarlari ham Hirotni mudofasiz qoldirib, Iroq va Ozarbayjon tomonlarga qochdi. Shundan so‘ng Ubaydullaxon Mashhad va uning atroflarida, Temur Sulton esa Hirotda boshqaruvni qo‘lga oldi va katta qo‘shinni saqlab turish katta xarajatlarni talab qilgani uchun qo‘shinni tarqatib yubordi. Ammo, shu asnoda Shoh Ismoil katta qo‘shin bilan Xurosonga kelgan haqida xabar tarqaldi. Shayboniyzodalar qo‘shinlarini tarqatib yuborgani uchun Hirot va Mashhadni tashlab, Ubaydullaxon Buxoroga, Temur sulton esa Samarqandga qaytdi.
Ubaydullaxon 1521, 1526, 1528-yillarda Xurosonga yurish qilib, Xurosonning bir qancha shaharlarini qo‘lga olsa-da, Hirotni egallay olmaydi. Ayniqsa, 1528-yil Jom shahri yaqinida shayboniylar qizilboshlar tomonidan og‘ir mag‘lubiyatga uchraydi. Jangda Ubaydullaxon bir necha bor jarohat oldi.
Ammo Ubaydullaxon 1529-yil boshida yana Xurosonga yurish qildi. Dastlab Mashhad egallanib, u yerga o‘zbeklardan hokim tayinlanib, Hirot sari yurdi. Hirot hokimi Husaynxon bir necha oy shaharni mudofa qilgach, Ubaydullaxonga sulh tuzish maqsadida Xo‘ja Is’hoq Siyovushon boshchiligida elchilar yubordi. Sulhga ko‘ra, Ubaydullaxon Hirotdan bir necha masofa ortga chekinishi va Husaynxon hamda boshqa qizilboshlar esa bu vaqtda shaharni tashlab chiqishi kerak edi. Sulh Ubaydullaxonga ham ma’qul kelgach o‘zbek qo‘shinlari ortga chekindi va Husaynxon boshchiligidagi qizilboshlar va shia bo‘lgan aholi shaharni tark etib, Siston tomonga ketdi. Shahar esa Ubaydullaxon qo‘liga o‘tdi.
1529-yil kuz faslida Shoh Tahmasb 70 ming qo‘shin to‘plab, Ubaydullaxonga qarshi Xuroson safarini boshladi. Ubaydullaxon Marv qal’asiga chekinib, Turondan yordam kelishini kutdi. Ammo Ko‘chkinchixon vafot etib, o‘rniga xon bo‘lgan o‘g‘li Abusaidxon Xurosonga yurish qilishdan bosh tortdi. Boshqa shayboniyzodalar ham Ubaydullaxonni qo‘llab-quvvatlamagach, Ubaydullaxon ham Buxoroga qaytishga majbur bo‘ladi.
Ubaydullaxon 1534-yilda Xurosonga qilgan muvaffaqqiyatsiz yurishidan so‘ng, 1536-yili yana Xurosonga otlandi. Dastlab, Mashhadga yurish qildi. Mashhad qamali boshlangach, Hirot hokimi So‘fyon Xalifa Ubaydullaxonga qarshi kurashish va o‘zbeklarning Xurosonga yurishlarini to‘xtatish uchun 3 ming qizilbosh askari bilan Mashhadga keldi. Mashhad yaqinida bo‘lgan jangda Ubaydullaxon g‘alaba qozondi va So‘fiyon Xalifa asir olinib, qatl etildi.
So‘fiyon Xalifaning mag‘lubiyatga uchrab o‘ldirilgani xabari Hirotga yetib kelgach, So‘fiyon Xalifa Mashhadga ketishidan oldin Hirotni boshqarishga tayinlagan odami Xizir Chalabiy shahar mudofasiga kirishdi. Ammo So‘fiyon Xalifa va uning odamlari tomonidan xalqqa ko‘rsatilgan jabr-zulm natijasida xalq Ubaydullaxonga xayrixohlik bildirib, uni Hirotni egallashga da’vat etdi. Bir necha oy davom etgan qamaldan so‘ng Hirot egallanib, Xizir Xalifa va boshqa qizilboshlar o‘ldirildi. Ubaydullaxon o‘zbek askarlariga xalqni talash va o‘ldirishni taqiqlab, Hirotni obodonlashtirish ishlariga kirishdi. Ubaydullaxon 14 oy Hirotni nazorat qildi.
1538-yilda Shoh Tahmasp Hirotni qaytarib olish maqsadida Xuroson tomon yurdi. Bu xabar Ubaydullaxonga yetgach, Ubaydullaxon barcha shayboniy sultonlarni to‘plab mashvarat o‘tkazdi. Ubaydullaxon Shoh Tahmasb qo‘shini qish mavsumida uzoq yo‘ldan kelayotgani uchun qizilbosh qo‘shini qattiq charchaganini ta’kidlab, shoh bilan jang qilishni maslahat qildi. Lekin boshqa shayboniy sultonlar esa qizilbosh qo‘shinlarining soni ko‘pligini iddao qilib, Hirotni tashlab Turonga qaytishni to‘g‘ri deb bildi. Ubaydullaxon shayboniy sultonlarni qizilboshlar bilan urishishga ko‘ndirolmagach, noilojlikdan Buxoroga qaytishga majbur bo‘ldi.
1540-yil 17-martda Ubaydullaxon 53 yoshida vafot etdi. Uning vafotidan keyin shayboniy sultonlar orasida boshlangan taxt uchun kurashlar natijasida shayboniylarning Xurosonga bo‘lgan kurashlari susaydi. 1550-yil Baroqxon va Abdulatif sulton Amudaryodan kechib o‘tib, Hirotga yurdi. 1550-yil 22-mayda Baroqxon va boshqa sultonlar Hirotga yetib keldi. Baroqxon bir necha muddat Hirotni qamal qilgach, Buxoroda Abdulaziz vafot etganini eshitib, Buxoroni qo‘lga olish maqsadida Hirotdan qaytib ketdi.
Abdullaxon butun Turkiston hududida o‘z hukmronligini o‘rnatgandan so‘ng bor e’tiborini Xurosonga qaratadi. 1587-yil bahorida Abdullaxon mamlakatning barcha hududlaridan qo‘shin to‘plab, Xuroson yurishiga otlandi. Abdullaxon Murg‘ob viloyatiga yetib kelganida, Balxdan valiahd Abdulmo‘min sulton ham yetib keladi. Dastlab Abdulmo‘min boshchiligida o‘zbek qo‘shinlari yurish harakatlarini Hirot sari boshlab, shahar qamaliga kirishadi. Shu yilning yozida Abdullaxon boshchiligidagi qo‘shinlar ham yetib keladi. Abdullaxon kimda-kim taslim bo‘lsa joni va moliga teginmasligi haqida farmon beradi.
Natijada, ko‘plab hirotliklar taslim bo‘ladi. Qal’ani qo‘lda saqlab qolishga ko‘zi yetmagan safaviy amirlari va askarlari qal’ani tashlab, Sabzavor va Qandahor tomonlarga qochadi. Abdullaxon ularni taqib qildirib, Qandahor viloyati yaqinida ularga yetib oladi. Ikki o‘rtada bo‘lgan jangda o‘zbeklar g‘alaba qozonib, ko‘plab o‘ljalarni qo‘lga kiritadi va ortga qaytib asosiy qo‘shinga qo‘shiladi. Hirot Abdullaxon tomonidan qo‘lga olinib, shayboniylar nazoratiga o‘tadi.
Hirot yana shayboniylar qo‘liga o‘tgach, Abdullaxon uning hokimligini o‘zining eng yaqin va ishonchli odamlaridan bo‘lgan Qulbobo Ko‘kaltoshga beradi. Qulbobo Ko‘kaltosh o‘z davrining dono, ilmli va ma’rifatparvar amirlaridan bo‘lgani sababli Hirot yana taraqqiy eta boshladi.
1598-yil fevralida Abdullaxonning o‘limi va Hirot hokimi Qulbobo Ko‘kaltoshning Abdullaxon o‘limidan so‘ng xon bo‘lgan Abdulmo‘min tomonidan o‘ldirilishi Xurosondagi vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Bir necha oydan so‘ng Abdulmo‘minning ham o‘ldirilishi natijasida ham Turkistonda, ham Xurosonda hokimiyat uchun kurashlar boshlanib ketdi. Mana shunday og‘ir vaziyatda Abdullaxonning jiyani, mohir sarkarda Din Muhammad kurash maydoniga chiqdi. Din Muhammad madaniyatli, ilm-fan va san’atni qadrlovchi inson bo‘lib, hatto o‘z huzurida xattotlarga nafis bezakli qo‘lyozmalar tayyorlatgan. Hirot hokimi va hirotliklar Din Muhammadning sarkardalik qobiliyatidan xabardor bo‘lgani uchun Hirotni safaviylar bosqinidan himoya qila oladigan shaxs sifatida ko‘radi.
Bu orada safaviylar hukmdori Shoh Abbos Abdulmo‘minning o‘ldirilganini eshitib, Xurosonni egallash maqsadida Mashhad sari yuradi. Nishopur shahri unga qarshiliksiz bo‘ysunadi. Shu paytda safaviy amirlaridan Farhodxon boshchiligidagi o‘n ikki ming kishilik eronlik lashkar Mashhad yaqinidagi Radqonga yetib kelganda, Mashhadda Din Muhammad tomonidan hokim etib tayinlangan Abu Muhammad Mashhadni tashlab, Hirotga qochib keladi. Din Muhammad zudlik bilan to‘rt yuz kishilik qo‘shin yuborib, Mashhadni saqlab qolishga urindi, biroq ular juda kech yetib bordilar. Farhodxon shahar himoyasiz qolganligidan foydalanib, uni egallab oladi.
Puli Salor jangi va Hirotning boy berilishi
Din Muhammad qanday bo‘lmasin Xurosondan eronliklarni quvib chiqarib, bu yerdagi hokimiyatini mustahkamlashni xohlar edi. Ammo u Shoh Abbosning o‘zi ham Xurosonda ekanidan va Mashhad tomonga tezlik bilan yaqinlashayotganidan mutlaqo bexabar edi. U holatni muhokama qilish uchun amirlarini yig‘di, biroq ularning fikrlari keskin farq qildi. Ba’zilari unga vaqtincha Xurosonni eronliklarga topshirib, o‘rniga xonlikning qolgan qismlarida hokimiyatni mustahkamlashni maslahat berdi. Boshqalar esa atigi o‘n ikki ming kishilik lashkar bilan yurish qilayotgan Farhodxonga bu viloyatni topshirish to‘g‘ri bo‘lmasligini aytib, eronliklarga qarshi g‘alaba Din Muhammadning mavqeini mustahkamlab, Buxoro sari yurishda unga katta siyosiy qudrat berishini ta’kidladi.
Din Muhammad aynan shu ikkinchi fikrni qabul qildi, biroq bu qaror Shoh Abbosning haqiqiy harakatlari haqida hech qanday to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasdan qabul qilingan edi va bu xato unga qimmatga tushdi. Amirlarning safaviylar borasidagi razvedka faoliyati samara bermadi, chunki Shoh Abbos o‘z yurishini sir tutgan, ozchilikka ma’lum bo‘lgan yo‘ldan yashirin tarzda va hatto niqob ostida harakatlanayotgan edi.
Shoh Abbos hatto o‘z ajdodi Shoh Ismoil Marv jangida Muhammad Shayboniyxonga qarshi qo‘llagan hiylasiga o‘xshash nayrangga ham murojaat qildi. U Din Muhammadni Hirotda uzoq muddatli qamalgacha tayyorgarlik ko‘rishiga to‘sqinlik qilish maqsadida, go‘yoki Usmonlilar Eronga hujum qilgani sababli Shoh Abbos Xurosonga yurishini to‘xtatib, Farhodxonni ham ortga qaytarib olayotgani haqida soxta xabar tarqatdi. Hatto u Farhodxonga orqaga chekinishni soxtalashtirishni buyurdi. Bu hiyla a’lo darajada ish berdi.
Xuddi Muhammad Shayboniyxon singari, Din Muhammad ham orqaga chekinayotgan dushmanni ta’qib qilishni boshladi va Shoh Abbosning tuzog‘iga tushdi. Din Muhammad o‘n besh-yigirma ming kishilik qo‘shin bilan Hirotdan taxminan yigirma besh kilometr uzoqlashganda, kutilmaganda Shoh Abbos va Farhodxon boshchiligidagi to‘qson mingdan ortiq qo‘shin bilan yuzma-yuz keldi.
Vaziyat nihoyatda og‘ir edi, biroq Din Muhammad amirlarining orqaga chekinish haqidagi maslahatlarini qat’iyan rad etdi. U bunday yo‘lni na donolik, na sharafga mos deb bildi va o‘z o‘rnida qolib, askarlari bilan birga jasorat hamda qat’iyat bilan jang qilishni tanladi. O‘zbeklar qo‘shinini o‘ng va chap qanot qismlariga bo‘lib, o‘ng qanotga ukasi Boqi Muhammad hamda amirlaridan bo‘lgan Mirzo Abdulloh Mang‘it va Hoji Muhammadni tayinladi, chap qanotga esa bir guruh o‘zbek amirlari bilan o‘zi joylashdi. 1598-yil 9-avgustda Puli Salor (Salor ko‘prigi) degan joyda bo‘lib o‘tgan jangda u hatto Shoh Abbosning o‘zini o‘ldirish darajasiga yaqinlashdi, biroq yakunda og‘ir mag‘lubiyatga uchradi. Uning to‘rt mingga yaqin askari halok bo‘ldi, Din Muhammadning o‘zi esa yaralanib, oradan ko‘p o‘tmay vafot etdi. Jangdan so‘ng Hirot shahri Shoh Abbos qo‘liga o‘tdi va u asta-sekin Xurosonning butun hududini qayta egalladi.
Hirot asrlar davomida o‘zbek davlatchiligi va madaniyatining ajralmas qismi bo‘lib keldi. Eftaliylardan tortib to temuriylar va shayboniylar davrigacha bu shahar nafaqat siyosiy markaz, balki madaniyat va ma’naviyat beshigi bo‘ldi. Biroq 1598-yilgi Puli Salor jangi tarixda tub burilish yasadi. Din Muhammadning ushbu jangdagi mag‘lubiyati bilan Hirot ustidan ming yillik o‘zbek hukmronligi butunlay yakun topdi. Shundan so‘ng shahar boshqa hech qachon o‘zbek hukmdorlari tomonidan boshqarilmadi. Shuning uchun ham bu tarixiy nuqta biz uchun nafaqat bir jang boy berilishi, balki butun bir davr bilan vidolashuv bo‘lib qoldi.
Abdullajon USMONOV,
O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti
Til
Til
Tarix
Mafkura
Mafkura
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q