Turkiyada 37 yoshli o‘zbek ayolining o‘z vatandoshlari tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilishi fitratida insoniylik chirimagan aksariyat kishini dahshatga soldi. Ziyolilar, jamoatchilik faollari turli platformalar orqali azaldan tarbiya, axloq, ma’naviyat, oila, qadriyat degan tushunchalar arimaydigan jamiyatdan yovvoyi nusxalar o‘sib-ulg‘ayib, ko‘payib borayotganidan tashvish-xavotir bildirdi. Durdonaga, aslida, yetti yot begona turk ayollari, uning ori, sha’ni uchun ko‘chalarni to‘ldirdi. Umuman, qanday qilib odam zoti shunday vaxshiylikka borishi mumkin?
Ko‘pchilik shu hayratda o‘ziga savol berayotganda, boshqa bir xunuk, g‘ayriinsoniy, g‘ayrihuquqiy tendensiya ham ko‘zga tashlanib qoldi: ayni xabar ostidagi izohlarda ayrimlar (ko‘pchilik deyishga qo‘lim bormadi) jinoyat yoki jinoyatchilarni emas, o‘ldirilgan zaifani qoralayapti!? “O‘zidan o‘tgandir”, “Men ham shu ishni qilardim”, “Jamiyatni bundaylardan tozalash kerak” va hokazo mazmundagi fikrlar, shunchaki, dahshat.
Savol tug‘iladi. Xo‘sh, jon olishni, qotillikni oqlab-suvaydigan jamiyatning kir parchalari qayerdan chiqyapti, jinoyat yoki jinoyatchidan jirkanmay, qurbondan hazar qiladigan tafakkur qayerdan paydo bo‘ldi?
Javobni vijdonimdan, hayotiy tajribamdan, media-kuzatuvlarimdan, yashirmayman, sun’iy intellektdan ham qidirdim. Topganlarimdan o‘zim uyaldim, hayratga tushdim, og‘rindim, qo‘rqdim. Xulosalarim shunday bo‘ldi:
Ishonchsizlik. Odamlarda sud-huquq tizimiga ishonch, yumshoq qilib aytganda, katta emas. (Davlatimiz rahbarining kechagi yig‘ilishi ham fikrimizni tasdiqlaydi). Shundan bo‘lsa kerak, ayrimlarda o‘zboshimchalik bilan sud qilish — samosud bu norma va to‘g‘ri yo‘l, degan qarash singib borayotgandek. Tarmoqlarda u bilan bog‘liq keyslar ko‘paygan, biz fikr yetakchilari, deb ataydigan ba’zilar og‘zidan “sud ishlamasa, o‘zim samosud qilaman” degan qo‘lansa chiqishlarni ham eshitdik.
Mehrsizlik. Kundalik hayot tashvishlaridan ortib tarbiya uchun vaqt ajratish katta bir jasorat bo‘lib qoldi hozir. Xorg‘inlik, ishdagi qo‘ydi-chiqdi, bozordagi g‘ala-g‘ovur hovuri — farzandlarga mehr ulashish, ular bilan suhbatlashish, ularni eshitish, yo‘l ko‘rsatish bilan emas, kimningdir “tarixi”ni titkilash, “rils” aylantirish bilan chiqarilyapti. Ta’bir joiz bo‘lsa, qahrni — mehrsizlik tarbiyalayapti.
Media. Bu haqda katta ilmiy tadqiqot qilish mumkin. Birgina, juda qimmat praym-vaqtlarda qo‘yilayotgan seriallarni olaylik. Xulosa-hikmat — zino, fahsh, tiyiqsizlik mavzulari fonida taqdim etilyapti, kishini fikrlashga undaydigan, ma’rifat, ilm, diyonat yoki tarixni ulug‘laydigan hech vaqo ko‘rinmaydi. Odamlar “pochchasiga ko‘z qisgan qayinsingillar” ko‘payib ketyapti, degan ro‘yoga ishonib qolayapti. Nafratning bir uchi shundan, ehtimol.
Psixopat tafakkuri. Singapurda o‘tkazilgan tadqiqot natijalari, ijtimoiy tarmoqlardagi bahs-munozaralarda odatda intellekti past, narsist yoki ruhiyati buzuq odamlar o‘zlarini agressiv tutishi, shu orqali boshqalar e’tiborini tortishga intilishi, o‘zini ustun ko‘rsatish mumkin bo‘lgan virtual muhitni juda sevishini ko‘rsatgan. Tushunarlidir.
“Adolatli dunyoga ishonish” fenomeni. Insonlar ong ostida “dunyo adolatli, yaxshi odamlarga yaxshilik keladi, yomonlarga esa — yomonlik” degan ishonch yashaydi. Deylik, agar jinoyatchi mutlaqo aybsiz, yaxshi odamni o‘ldirgan bo‘lsa, demak, bu holat har kimning, jumladan, o‘sha izoh yozayotgan odamning ham boshiga tushishi mumkin. Qo‘rqadi. Undan qochish uchun miya qurbonning aybini qidira boshlaydi. “U o‘zi yomon bo‘lgan, shuning uchun o‘ldirilgan” degan xulosa insonga soxta xavfsizlik hissini beradi: “Men “yaxshi” bo‘lganim uchun menga hech kim tegmaydi".
Anonimlik va “Olomon effekti”. Ekran ortida o‘tirgan odam o‘zini javobgarlikdan holi his qiladi. Jamiyatda ochiq ayta olmagan eng tuban, hayvoniy instinktlarini internetda hayiqmay, baralla yozadi. Bittasi boshlasa, boshqasi ergashadi.
Yana, zo‘ravonlik, g‘ayriinsoniylikni oqlab-ko‘klab berayotganlar, odatda o‘zining it-ichini kemirayotgan yovvoyi nafs yoki gunohlardan azob chekadigan odamlar bo‘ladi. Ya’ni, inson o‘zidagi “qorong‘ilik”ni ko‘rishdan qo‘rqadi va uni boshqalarda qidiradi. Ayolni “yengiltaklik”da ayblab, unga tosh otayotgan, achinmayotgan nusxa, aslida o‘zidagi hayvoniy hirsni qurbonga “yuklayotgan” bo‘ladi.
Xullas, yana boshqa o‘nlab sabablar bo‘lishi mumkin va yuqoridagilar mening (ayrimlari sun’iy intellektning) shaxsiy mulohazalarim. Hind kinosida Munnaboy o‘ta yovuz, razil, axloqsiz kimsalarni ham “sehrli quchoq” bilan davolaydi.
Bolalarimizni ko‘proq bag‘rimizga bosaylik.
Dilshod NURILLOH
Tarix
Mafkura
Tarix
San’at
Falsafa
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q