Turkiylarda nikoh udumlari qanday bo‘lgan?


Saqlash
15:44 / 28.01.2026 13 0

Turkiy xalqlarning qadriyatlar tizimida nikoh shunchaki ikki insonning birlashish ahdi emas. Nikoh – oilalar, urug‘lar, millatlar, kezi kelganda mamlakatlar birligining ahdi sifatida qadrlangan. Shuning uchun, nikoh bilan bog‘liq marosimlarga alohida, jiddiy e’tibor qaratilgan. O‘z vaqtida oila qurish jamoatchilik tomonidan rag‘batlantirilgan, nikoh qurmaganlarga ishonchsizlik yoki shubha nazari bilan qaralgan. Biz hozir o‘zbek tilida qo‘llaydigan nikoh(نِكَاح) so‘zi turkiy tillarga arab tilidan o‘zlashgan bo‘lib, lug‘aviy va istilohiy (shar’iy va huquqiy) jihatdan bir necha ma’nolarni anglatadi.

 

Arab tilida bu so‘zning birlamchi lug‘aviy ma’nosi «qovushmoq», «birlashmoq»dir. Istilohiy ma’nosida esa ahd(bitim) va halol qilish nazarda tutiladi. Ahd, erkak va ayolning o‘zaro roziligi bilan oila qurishini tasdiqlovchi bitim, halollik esa shu bitim tufayli ikki tomonning bir-biri bilan birga yashashi va yaqinlik qilishiga shar’an izn beradi. Islom olamida «nikoh» so‘zi asosan «nikoh aqdi» (oila qurish shartnomasi) ma’nosida qo‘llaniladi.

 

Nikoh birinchidan farz, ikkinchidan Odam(a.s)dan tortib, Muhammad(s.a.v)gacha o‘tgan barcha rasullarning sunnati hisoblanadi. Shuning uchun, barcha monoteistik dinlarda, xususan yahudiylik va nasroniylikda ham istilohan nikohga bir xil munosabat shaklangan. Inchunun, bu haqda Imom Termiziy quyidagi hadisni rivoyat qilgan: Nabiy (s.a.v) “To‘rt narsa Rasullarning sunnatlaridan: “Hayo, xushbuy sepmoqlik, misvok va nikoh” dedilar .

 

Hozirgi kunda yahudiylik, nasroniylik va islomni qabul qilgan turkiy xalqlarda nikoh marosimlari  milliy  urf-odatlar va diniy aqiydaviy tartiblarning simbiozidan tarkib topgan. Tangrichilik dinini saqlab qolgan oltoy, xakas, tuva, yakut xalqlarida turkiy nikoh elementlari ko‘proq saqlangan.

 

Turkiy tilda nikoh ma’nosida «uylanish» (evlilik), “qudalash” so‘zlari qo‘llanilgan. Ahd ma’nosida “qiyuv” so‘zi ishlatilgan. Qiyuv qadimgi turkiy «qыy» o‘zagidan yasalgan bo‘lib, kesmoq, o‘rab(qurshab)olmoq, qoplama, qirg‘oq, biron narsani qizg‘anmay berish(ko‘zi qiyib berishi), qirqmoq, sindirmoq, to‘g‘rash, ushatish hamda nikoh tuzish, bitim tuzish ma’nolarini anglatadi . Qыyning “nikoh tuzish”, “bitim tuzish” ma’nosi deyarli barcha turkiy tillarda saqlanib qolgan. Turk turkchada va gagauzchada «nikâh kıymak», ozarbayjonchada «nikah kəsmək», turkmanchada “nika kыymak”,  qozoqcha, qirg‘izcha, qirimtatarchada «neke qiyu», qorachoy-balqar va qumiq tilida «nike qiymaq» shaklida qo‘llaniladi. “Nikoh qiyuv” o‘zbek, uyg‘ur, tatar va boshqird tillarining lug‘atiga kirmagan. Uning o‘rniga “nikoh o‘qitish” qo‘llaniladi. Ammo, har to‘rtala tilning shevalarida qiyuv saqlangan. Umuman olib qaralsa, nikoh(arabcha) ahd bo‘lib, u o‘qilmaydi, nikohda xutba o‘qiladi. Xutba esa sunnat amaldir. Nikohda quda taraflar, kelin va kuyov ahdlashadi. Shu ahdlashuv «qiyuv» deyilgan. Tuva tilida nikoh ma’nosida badыlg‘a so‘zi saqlangan. Badilg‘a nikoh, qasam, sadoqat, tasdiqlash ma’nolarini anglatadi .

 

Turkiy xalqlarda nikohga o‘ta jiddiy qaralgan. Shuning uchun, ungacha oldindan tayyorgarlik ko‘rilgan. Tayyorgarlik sovchilik va kelishuvni o‘z ichiga olgan. Sovchilik uch bosqichda amalga oshirilgan. Avval kuyov(tomon) qizni tanlagan, ikkinchi bosqichda ayol sovchilar borib  vaziyatni o‘rgangan, uchinchi bosqichda erkak sovchilar borib to‘y, qalin masalalarini kelishib, bitim tuzishgan. Uchinchi bosqichda ikki oila, ikki urug‘ ahdni amalga oshirgan va bu qasam darajasida qabul qilingan. Ahd kuyov tomondan keltirilgan “nonni sindirish”, ro‘mollar, kiyimlik matolarni qiyish orqali amalga oshirilgan.

 

Turkiylarda nonni o‘rtaga qo‘yib ont  ichish eng kuchli qasam sanalgan. Odamlar nonni o‘rtaga qo‘yib qasam ichishdan qo‘rqishgan.  Shuning uchun, nikoh ahdi “non sindirish” bilan mustahkamlangan. Nonni ko‘pincha uzoq umr ko‘rgan, bir marta nikohlangan, ko‘p bolali odam sindirgan. Turkiylarning moziydan kelayotgan bu irimiga hozirgacha qat’iy amal qilinadi. Non sindirilgach, qiyilgan va bo‘laklari “kiyit”lik deb ataladigan ro‘molchalarga solib guvohlarga tuguncha qilib tarqatilgan. Shu tariqa nikoh ahdi ikki tomonga ham havila(ma’lum) qilingan.

“Non sindirish” iborasi qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur, qoraqalpoq tillarida formal farqlarni hisobga olmasa bir xil,  turmanchada  “çörek döwmek” yoki  «sөz kesmek», ozarbayjonchada «çörək kəsmək», turkchada «ekmek bozmak», boshqirdchada «ikmәk һыndыrыu», tatarchada «ikmәk sыndыru», cho‘qintirilgan tatarlarda «ipi sыndыru», chuvashchada «ҫӑkӑr xuҫni» (ҫӑkӑr – non, xuҫni – sindirish), xakaschada «xayas sыndыrarы» shaklida istifoda etiladi. Yakutlar XX asrga qadar non iste’mol qilishmagan, shuning uchun ularda ayni ibora yo‘q. Ammo, keyinchalik “non sindirish”ni o‘zlashtirishgan.

 

Xakaslar nikoh ahdi ma’nosida “pas tudar” iborasini qo‘llanadi. Bu so‘z o‘zbekchada “boshini tutish” degani, bo‘lib “biror ishning boshini tutish”, “otning boshini tutish”, “oilaning boshini tutish” ma’nolarida o‘zbeklar orasida ham saqlangan. Barcha turkiy xalqlarda “belgi” degan tushuncha ham bor. Bu nikohga qadar, agar kuyov boshqa yurtda bo‘lsa yoki uylanishga imkoniyati bo‘lmasa, bo‘lajak qudalarning kichik ahdi bo‘lgan. Kuyov tomon kelining boshiga ro‘mol o‘rab, shu belgi bilan boshqalarning sovchisini qaytargan.

 

Oltoylarda non sindirish marosimi saqlanmagan. Ammo, undanda qadimroq “qayin daraxti” orqali nikohlanish saqlangan. Oltoylarda oqqayin nikoh timsoli hisoblanadi va to‘ylarda oqqayin ishtirokida o‘tkaziladigan marosimlar juda ko‘p uchraydi. A.V. Anoxinning ta’kidlashicha ham: “Kaiң va qain – nikoh ma’nosini bildiradi va ushbu atamalar  qayin daraxti ishtirokida o‘tkaziladigan to‘y marosimlarda qo‘llaniladi. Shundan kelib chiqib nikoh orqali qarindoshlik “qayin”, deb ataladi”. Nikohdan keyin orttirilgan yaqinlarning nomlanishida asosan “qayn” o‘zagidan yasalgan so‘zlar qo‘llaniladi.

 

Oltoyda nikohlangan ayolning sochi ikkita qilib o‘rilgan. Kelin hali qizlik uyida ekanida, sochini ikkiga bo‘lib, kuyov tomondan bir ayol o‘ng o‘ramini, kelin tomondan bir ayol chap o‘ramini o‘rgan. Bu kelinning chapdan o‘nggga ya’ni kuyovnikiga o‘tganini bildirgan. Bu marosim soch o‘rish (chach yoryori) atalgan va soch o‘rilguncha o‘lanlar aytib turilgan. Kelinning sochini har doim ko‘p bolali onalar o‘rgan. Farzandsiz, beva  yoki ikki marta turmush qurgan ayollar bu yerga yaqinlashmagan. 

 

Ozarboyjonlarda non sindirish marosimi bor, ammo u ikkinchi planda turadi. Birinchi planda «şirinçay» marosimi bo‘lib, agar ikki tomon bir bitimga kelsa, rozilik ma’nosida shirin choy ichiladi. “Arshin mololon” filmidagi “bir kalla qand, uch so‘m pul, bitta mulla” iborasida aynan shu marosim nazarda tutilgan. Ikki tomon qalin va to‘y masalalarini kelishib olgach, keksalar «Allah mübarək eləsin!» degan jumlani aytib, choyni ichishi bilan ahd tasdiqlangan. Non sindirish (çörək kəsmək) marosimi esa to‘y kuni kelin kirib kelganda o‘tkazilib, non kelinning boshiga qo‘yib sindiriladi. Ozarboyjonlar nikoh ma’nosida “kebin” so‘zini, nikoh qiyish ma’nosida esa “kəbin kəsmək”  iborasini ham qo‘llashadi.

 

Sovchilik

Sovchi o‘zbek, turkman, qirim-tatar, qumiq, qorachoy-balqar tillarida sovchi,  tatar tili yauvchi, boshqirdchada yauvhi, qirg‘izchada jauuchi, gagauz, tatar, ozarbayjon tillarida elchi, xakas, oltoy tillarida quda deyiladi.

 

Sovchilik odatda kuyov tomonidan amalga oshirilgan. Ammo, kelin tomon ham sovchi qo‘yishi mumkin bo‘lgan. Kelin tomon sovchi qo‘yishi ko‘proq xonlar, beklar va boshqa oqsuyaklarda uchraydi. Xonlar o‘zlarining qizlari uchun kuyov tanlash marosimi o‘tkazishi folklor asarlaridan ma’lum. Bunday tanlovlarni beklar ham o‘tkazishgan. Ayrim holatlarda qizlar ham kuyov tanlashgan. Ular o‘zlari yoqtirgan yigitlarga xabarni ro‘molcha jo‘natib bildirishgan yoki o‘zining roziligini ma’lum qilgan. “Qarachaylilar qadriyatlarida  jauliq  deb ataladigan yengil ro‘molcha juda mashhur. Men dastavval jauliq – qo‘lni artadigan moysochiq bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Keyin o‘rganib ko‘rsam, ajoyib tarixi bor ekan. Bu ro‘molni faqat balog‘atga yetgan qizlar to‘qir va qaysi yigitni sevsa, o‘shanga atar ekan. Keyin unga oshiq yigitlar o‘zaro yovlashib qolsa, ro‘molchani olgan yigit kuyov bo‘lar va shu bilan nomzodlar orasidan yovlik ko‘tarilar ekan. Jauliqning kattaroq o‘lchamdagisi ham bo‘lib, uni ko‘pincha yoshi katta ayollar yopinib yuradi” .

 

Erta unashtiruv: belquda, beshikkerti, “quloq tishlash”

Turkiylarda erta unashtiruvning qadimiy va eng qiziqarli shakli “belquda”dir. Unga ko‘ra odamlar hali tug‘ilmagan, belidagi bolalarini unashtirishgan. Bunga folklorda misollar ko‘p. Tohir va Zuhraning, Alpomish va Barchinning unashtirilishi aynan  “belquda” odati bilan bog‘liq.

 

Turkiy xalqlarda erta nikohning yana bir qadimiy ko‘rinishi – beshikkerti odati ham keng tarqalgan. Beshikkerti bolalar tug‘ilgandan keyin amalga oshirilgan. Uning yana bir nomi “quloq tishlash” bo‘lib, unushtirishda o‘g‘il bolaga qizning qulog‘i tishlatilgan. Shu tariqa, o‘zaro inoq bo‘lgan oilalar hali ulg‘aymagan bolalarini  unashtirib qo‘yishgan. Bu odat asosan ikki oila o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash yoki qarindoshlik rishtalarini bog‘lash maqsadida qilingan. Bunday unashtiruvlar 12 yoshgacha davom etgan, ammo o‘g‘il bolaga ham qizga ham shu yoshgacha hech qanday ma’suliyat yuklamagan. Ammo, juda ko‘p xolatlarda, ota-onalarning munosabatlari buzilishi yoki bolalarning bir-birini yoqtirmasligi sabab bunday unashtiruvlar nikohgacha yetib bormagan.

 

Ekzogam nikoh

Qadimda turkiy xalqlarda ekzogam (o‘z urug‘idan tashqaridagi) nikohga qat’iy amal qilingan. Turkiylar  ko‘p asrlar davomida ekzogam nikohdan an’anaviy me’yor sifatida foydalanib, oila-nikoh munosabatlarini tartibga solishgan va naslning tozaligini saqlab kelishgan. Ekzogam nikoh sabab qon almashinib, nasl bilan bog‘liq kasalliklarga barham berilgan. Ijtimoiy jihatdan, boshqa urug‘lar bilan qon-qarindoshlik aloqalari tiklangan, ijtimoiy va iqtisodiy aloqalar mustahkamlangan. Bunday ittifoqchilik tinchlikni saqlash va o‘zaro harbiy ko‘mak berishda ham strategik ahamiyatga ega bo‘lgan.

 

Turkiylar endogamiyaga(yaqin qarindoshlar nikohiga) yo‘l qo‘ymaslik uchun yetti avlodini bilishi talab etilgan. Bu esa ijtimoiy birlikni saqlashda muhim rol o‘ynagan. Shu o‘rinda bir fikrni o‘rtoqlashib ketgan ma’qul. “Alpomish” dostonining o‘zbek versiyasida endogam nikoh kuzatiladi. Undagi asosiy qahramonlar qo‘ng‘irot urug‘idan, Alpomish Boybo‘rining o‘g‘li va Barchinoy uning ukasi Boysarining qizi bo‘ladi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, o‘zbek Alpomishi dostonning islomdan keyingi varianti hisoblanadi. Shunday ekan, bu Alpomishda ekzogamiya bo‘lmaganiga dalil bo‘lolmaydi. Boshqa ikki islomiy variant, qozoq va qoraqalpoq versiyalarida ekzogamiya saqlangan. Qozoq versiyasida Alpomish qo‘ng‘irot, Barchin shekti urug‘idan, qoraqalpoq versiyasida Boybo‘ri qo‘ng‘irotning “oyindi”, Boysari “erbilek” urug‘idan bo‘ladi.

 

Qalin

Turkiy xalqlarda qalin nikohning muhim sharti hisoblangan va hozirgacha saqlanib keladi. Qalin so‘zi turkiy tillarda qarin, qaling, qalim, xalin(xakas), xalim(yakut), xulun(chuvash) shaklida, o‘zbek tilining qipchoq lahjasida «qolыn» qo‘llaniladi. Ko‘pchilik tilshunoslar bu so‘zning ma’nosini yo‘g‘on  deb tariflashgan. E. Sevortyan lug‘atida qalinning yo‘g‘on, evaz kabi ma’nolari keltirilgan. Ammo, ayni lug‘atda Sevortyan G. Vamberining variantini ham keltiradi. Unga ko‘ra qalin qal(qolmoq) o‘zagidan yasalgan bo‘lib, nimanidir evaziga qodirmoq ma’nosini anglatadi . Demak, qalin so‘zi kelinning o‘rniga berilgan evaz, haq ma’nosini anglatgan.

Shu o‘rinda qalin va mahrning farqlarini aytib o‘tish o‘rinli bo‘ladi. Qalin va mahr tushunchalari istilohan bir-biriga o‘xshash bo‘lsa-da, tavsifiy mazmunda juda katta farqlari bor. Qalin qadimiy odat bo‘lib, uni qizning ota-onasiga yoki boquvchisiga uni tarbiyalagani, sarflagan vaqti va mablag‘lari o‘rniga "kompensatsiya" sifatida berishgan. Qalin qizning  ota-onasi yoki boquvchisi tomonidan tasarruf qilingan. Ota-ona uning hammasini yoki ma’lum qismini qizning sepiga ishlatishi yoki oila ehtiyojlari uchun sarflab yuborishi mumkin bo‘lgan. Qalin ko‘pincha chorva mollari yoki pul bilan belgilangan. Qiymat qizning nasabi, go‘zalligi, odobi va hunariga qarab belgilangan. Beva ayollarga qalin kam berilgan.

 

Mahr islomda nikohning shartlaridan biri bo‘lib, uni faqat nikohlangan ayolning o‘zi tasarruf qila olgan. Istasa eriga yoki ota-onasiga bergan, istasa bolalariga bergan. Unga aralashishga yo‘l qo‘yilmagan. Shu tariqa islom dinida yangi turmush qurgan ayolning ijtimoiy va iqtisodiy holati mustahkamlangan. Mahr jonliq ko‘rinishida bo‘lishi shart emas, ko‘pincha ko‘chmas yoki yo‘qolib ketmaydigan, kezi kelganda oson sotish mumkin bo‘lgan mulkdan berilgan. Mahrning qiymati kuyovning qurbi va kelinning talabiga qarab belgilangan. Kam miqdori o‘n dirham, ayrim manbalarda bir temir uzukka ham nikohlangan.

 

Qadimgi turkiy xalqlarda nikoh shaxsiy munosabatlardan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Hatto erta nikohlarni ham strategik tanlov sifatida baholasa bo‘ladi. Chunki, hali tug‘ilmagan yoki endi tug‘ilgan bolani unashtirish nasl davomiyligini ta’minlashdan ko‘ra oilalar, urug‘lar kezi kelganda mamlakatlar o‘rtasidagi ittifoqni mustahkamlashga xizmat qilgan.

 

Ekzogamiya qoidasi feomenal hodisa bo‘lib, avvalo millat sog‘lomligini, qolaversa, urug‘larning orasidagi hamjihatlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutgan. Turkiylar islomni qabul qilgandan keyin endogam(qarindoshlar o‘rtasida) nikoh paydo bo‘lgan. Ammo, davrlar o‘tishi bilan ekzogamiyaning ustunligi isbotini topa boshladi. Chunki, endogam oilalarda nogironlar tug‘ilish foizi yuqori bo‘lgani uchun juda ko‘plab ijtimoiy muammolar yuzaga kelmoqda. Ekzogam oilalarda bunday muammolar kam uchraydi.

 

Anvar BO‘RONOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//