Alisher Navoiy lug‘ati: Turkiylar necha xil “yig‘laydi”?


Saqlash
17:02 / 29.01.2026 59 0

Alisher Navoiydan 1000 yilcha oldin, Mahmud Koshg‘ariydan 500 yilcha ilgari ota-bobolarimiz toshga o‘yib, sopol va metall buyumlarga tirnab yoki chizib, mangulashtirgan turkiy til o‘rnaklari Tangri yarlaqab, bugungi kunda ham 32 qardosh el tomonidan avaylab-asrab kelinmoqda. Turkiylar bilgasi Navoiy tushuntirganidek, “(turklar) ajib maqsadlarni ifodalash uchun (bir-biriga yaqin, biroq kishi tuyg‘ularining inja-inja tomonlarini ochib beradigan) shunday so‘zlar yasaganlarki, bunday so‘zlarning birortasi uchun fors tilida so‘z yaratilmagan. Ko‘ngilning tub-tubidan chiqqan bunday so‘zlarni anglab yetish uchun ular, yo bir necha so‘zni bir yerga tizib, tushunishlari, yo bo‘lmasa, arab tili yordamida anglab yetmoqliklari kerak bo‘ladi”. O‘zining “Muhokamat ul-lug‘atayn” (Ikki til tortishuvi) asarida yuzlab inja fe’llarni keltirish orqali o‘z ko‘zqarashlarini ilgari surgan Navoiy 100 ta so‘zni bir o‘rinda ketma-ketlikda tizib, ko‘rsatarkan, ulardan ayrimlarini ikki til – turk va fors tillari o‘rnagida solishtirishga shu yo‘sinda intiladi: “Shuaro akobiridinki, ba’zi “may” ta’rifida mubolag‘a qilibdurlar va bu moʻtaddun beh amredurki, may ichmoq qavoidida so‘z ko‘p surub, zarofati nihoyatsiz zohir qilurlar. Biri “sipqormoq” lafzidurki, mubolag‘a mundin o‘tmas. Turkcha nazmda bu matla’ bordukim, bayt:

 

Soqiy, tut bodakim, bir lahza o‘zumdin boray,

Shart bukim, har necha tutsang labo-lab sipqoray.

 

Bu sipqoray lafzi mazmunig‘a yetganda, forsiy she’rda ne iloj qilg‘aylar? Va tomshimoqki, g‘oyat zavqidin bot ichmas va lazzat topa-topa, oz-oz ichar. Bu g‘arib ma’ni adosida turkchada bu matla’ bordurki, bayt:

 

Soqiy chu ichib, manga tutar qo‘sh:

Tomshiy-tomshiy ani qilay no‘sh”.

 

O‘zi yashab, ko‘rib-bilib turib, o‘zaro tinch-totuv yashab kelayotgan jamiyatdagilar – turkiylar va forsiylar orasida “madaniy ko‘prik” bo‘lgan va tuyg‘ularini bu ikki tilda qog‘ozga tushirgan Navoiy, o‘z kechinmalarini “sipqormoq”, “tomshimoq” degan so‘zlar bilan boshlab, ularga “yig‘lamoq” va uning yondoshlari, ma’nodoshlarini ulab, tushuntirishga intilishi uning yetuk kishiligini ko‘rsatib turibdi.

 

Shu yo‘sunda turk tilining his-tuyg‘ularni, o‘y-fikrlarni ifodalash uchun nechog‘lik yetuklikka erishganini ilgari surgan Navoiy yana o‘nlab o‘rnak, ulgilar keltirgan holda o‘z ona tilini ko‘z-ko‘z qilishga, bu tilni sevishga, ardoqlashga chorlaydi. Birgina “yig‘lamoq” fe’lining turkiylarda bir qancha anglam – ma’nodoshlari borligini ko‘rsatish uchun “buxsamoq – ezilmoq, qiynalmoq, azoblanmoq”; “zor-zor yig‘lamoq” deb tushuntirib, unga yana quyidagi fe’llarni ulaydi: “yig‘lamsinmoq ~ ingramak ~ singramak ~ siqtamoq ~ o‘kurmak ~ inchkirmak”. O‘zaro o‘xshash, shu bilan birga, har birining o‘ziga xosligi, o‘zgachaligi bo‘lgan ushbu so‘zlarning o‘z o‘rnida qo‘llanilishi, biri ikkinchisining o‘z va tuz (to‘g‘ri) anglamini bera olmasligini tushuntirgach, Navoiy yana o‘nlab so‘zlarga to‘xtaladi.

 

Alisher Navoiy yashagan chog‘larda turkiy til cho‘qqiga chiqqan bo‘lib, yana Navoiy tili bilan aytganda “bu til Xito(y)dan Xurosonga, (Xuroson)dan Sheroz-u Tabrizga yetgan” edi. Aslida o‘sha kezlarda turkiylar tarqalgan o‘lkalar kunchiqarda – Kungay Sibir, Oltoy, Chinning shimoli, Xo‘tan-u Koshg‘ar, kunbotarda esa Volga-Uralbo‘yi, Kavkaz, Qora dengiz bo‘ylari – eski bijanak (pecheneg) turklari, Bolqon-u Onado‘lini qamrab olar edi. Ana shunday keng o‘lkalarga yoyilgan turkiy tilning bir necha tarmoqlari o‘sib chiqqan, ming yildir tomir ota-ota, yangidan-yangi so‘zlar yasalgan bir chog‘da Navoiy ulardan injular tergan edi.

 

Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida o‘rin olgan so‘zlar o‘rnagida Navoiyning inja to‘rtliklarini bezagan so‘zlarning ayrimlari bilan tanishib chiqmoqchimiz. Yuqorida keltirilgan “tomshimoq” fe’lining negizida “tammaq” (tommoq, tomchilamoq) fe’li yotib, “Devonu lug‘atit turk”da “tammaq. tamdï – suv tamdï – suv tomdi (Bu so‘z boshqa narsalar ham shunday qo‘llanadi” deb tushuntiriladi. Koshg‘ariy bu fe’lning birgalikda bajarilgan darajasini “tamïshmaq” ko‘rinishida berib, unga o‘rnak o‘laroq shu kabi so‘zlarni  keltirib o‘tadi: “tamïshdï – tomdi, qatra-qatra tomdi; suv tamïshdï – suv (muzdan) qatra-qatra tomdi”. Bugungi turkiy tillarida “tammaq”, “dammaq”, “damlamaq” ko‘rinishlarida saqlanib qolgan ushbu fe’l o‘zbek tilida ham “tommoq” ko‘rinishida keng qo‘llaniladi. Suyuqlik ichmoq ma’nosida esa turkiy tillarni ko‘pchiligida unutilgan bu fe’l o‘zbek tilida “tamshanmoq” (Biror narsani yeyayotgan, chaynayotgandek og‘iz ochmay, lablarini qimirlatmoq; og‘zidagina totib ko‘rayotgandek bo‘lib, lablarini ochmay chaynamoq; totgisi kelib, lab-lunjini qimirlatmoq)” fe’lida birmuncha o‘zgarishlarga uchragan holda saqlanib qolgan. Chamasi, turkiy tillardan o‘zbekcha, qirg‘izcha, qozoqcha va tatarchadagi “tomchilamoq, tamchыlav, tamshыlau”, ozarbayjon turkchasidagi “damchыlamag” fe’llari ham Navoiy keltirib o‘tgan “tamshimoq”ning boshqa bir ko‘rinishi bo‘lsa kerak.

 

“Muhokamat ul-lug‘atayn”dagi “sipqormoq” fe’li esa turkiy tillar orasida ko‘proq o‘zbek tilida saqlanib qolgan. Tilimizda bu fe’l “sipqormoq – bir simirishda ichmoq, tag-tugigacha simirmoq” ko‘rinishda saqlangan bo‘lsa, boshqa turkiy tillarda anchagina o‘zgargan ko‘rinishdadir: sipillamoq (uyg‘ur.), siptau (qozoq.), siptoo (qirg‘iz.), siplau (tatar.). “Devonu lug‘atit turk”da ushbu fe’lga duch kelinmasa-da, uning boshqa bir o‘zakdoshi – “sumrushmäk; sumrushdi – simirishdi; ul meniӊ birlä suv sumrushdi – u men bilan suv simirishda bahslashdi” ko‘rinishida uchraydi. Qizig‘i shundaki, eski turkcha “sumurmak” o‘zbek tilida deyarli birday “simirmoq” o‘laroq saqlangan. Qozoqcha va yana bir necha qipchoq tarmoqlarida “simiruv”. Onado‘li turkchasida bu so‘z birmuncha anglam o‘zgarishiga uchragan: “sumurmek” (“shimib olmoq”, ko‘chma ma’noda “ekspluatatsiya qilmoq, mustamlaka qilmoq”).

 

Endi, Alisher Navoiy “yig‘lamoq” va uning turlari bo‘yicha keltirgan fe’llarga to‘xtalsak. Yig‘lamoqning “yig‘lamsinmoq ~ ingramak ~ singramak ~ siqtamoq ~ o‘kurmak ~ inchkirmak” kabi yondoshlari o‘zbek tilida va turkiy tillarning ko‘pchiligida shu va shunga yaqin ko‘rinishlarda saqlanib qolgan, ayrimlarida esa yana yangilari qo‘shilgan. O‘zbek tilida “yig‘lamsinmoq”,  “ingramoq”, “o‘kirmoq” fe’llari yolg‘iz kelsa-da, “singramoq” fe’li “ingrab-singrab”, “siqtamoq” esa “yig‘lab-siqtab” kabi qo‘shma so‘zlarda saqlangan, “inchkirmak” fe’li esa unutilgan. Uning o‘rniga “baqirib yig‘lamoq”, “bo‘kurmoq”, “ho‘ngramoq”, “izillamoq” fe’llari qo‘shilgan. Yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun quyida ushbu fe’llarning turkiy tillarda nechog‘liq saqlanib qolganini ko‘rib chiqamiz:

 

1. yig‘lamoq [yïğlamaq]. Qarluq tarmoqlaridan o‘zbekchada “yig‘lamoq”, uyg‘urchada “jig‘limaq”; Onado‘li va Ozarbayjon turklari, turkmanlar kabi o‘g‘uz tarmoqlarida “ag‘lamoq”; qipchoq tarmog‘idan tatarcha va qumuqchada “yыla-”, qozoqcha va qoraqalpoqchada “jыla-”, qirg‘izchada “ыyla-”, boshqirdchada “ag‘la-”, Oltoy tarmog‘idagi oltoy-kishilarda “ыyla-”, xakaschada “ыlg‘a-”, yoqutchada “ыlaa-” ko‘rinishlarida qo‘llaniladi. O‘zbek tilining qipchoq tarmog‘ida “jыla-”, o‘g‘uz tarmog‘ida “ag‘la-”, Xonqa va Hazoraspda, qarluqchaning Toshkent shevasida “yag‘la-” o‘laroq saqlangan.

 

“Devonu lug‘atit turk”da “ыg‘lamaq” ko‘rinishda ochiqlanib, uning “yыg‘lamaq” ko‘rinishi ham borligiga urg‘u beriladi: “ïg‘ladï;  o‘g‘lan ïg‘ladï – bola yig‘ladi, yïg‘ladï talaffuzi ham bor”. Shu bilan birga, Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk”da boshqa bir o‘rinda ushbu fe’lning “yïg‘lamaq” ko‘rinishini ham berib, unga “ïg‘lamaq”ga bergan ochiqlamasining o‘zini keltirib o‘tadi. Bundan ko‘rinadiki, Mahmud Koshg‘ariy “ïg‘lamaq”, “yïg‘lamaq”, Alisher Navoiy “yig‘lamoq” [yïğlamaq] ko‘rinishida bergan ushbu fe’l turkiy tillar orasida o‘zbekchada eski turkchadagiday saqlanib qolgan.

 

Alisher Navoiy tomonidan qog‘ozga tushirilgan “yig‘lamoq” fe’lining boshqa bir ko‘rinishi, boshqa yondoshlariga qaraganda eng yaqini bo‘lgan “yig‘lamsinmoq” ham o‘zbek tili shevalarida aynan shu ko‘rinishda saqlangan. Navoiy bu fe’lni “Zohid ishqin desaki qilg‘ay fosh. Yig‘lamsiniru ko‘ziga kelmas yosh” deb ochiqlagan bo‘lib, bu fe’lni qo‘llash orqali u yig‘lamoqqa yaqin tutumni ko‘zda tutgani anglashiladi. Shu anglamdagi fe’l “yig‘lamsiramoq” ko‘rinishida o‘zbekchada keng tarqalgan. Boshqa turkiy tillardan ozarbayjonchada shunga ancha yaqin: “ag‘lamsы(n)mag‘”, uyg‘urchada “jыg‘lamsыramaq”, tatarcha va qumuqchada “yыlamsыra-”, qozoqcha va qoraqalpoqchada “jыlamsыra-”, qirg‘izchada “ыylamsыra-”, oltoy-kishilarda “ыylamzыra-”, xakaschada “ыlg‘amzыra-” va b.

 

2. ingramak [iŋrämäk]. Alisher Navoiy unga quyidagicha ochiqlama beradi: “Va ingramak va singramakkim, dard bilan yoshurun ohista yig‘lamoqdur va oralarida tafovut oz topilur. Bayt:

 

Istasam davr ahlidin ishqingni pinhon aylamak,

Kechalar gah ingramakdur odatim, gah singramak”.

 

Forsiyda bu mazmunki bo‘lg‘ay, shoir ne chora qilg‘ay?!”

O‘zbek tilining ochiqlamali so‘zligida “ingramoq – og‘riq-alam ta’sirida mungli, ingroq tovush chiqarmoq” deb tushuntirilgan bu fe’l boshqa turkiy tillarda quyidagicha: uyg‘urcha “ingramak”, o‘g‘uz turklarida “inlämäk”, qipchoq  tarmoqlaridan qozoqcha va qumuqchada “ыӊgыran-”, qirg‘izchada “ыӊыra-”, tatarchada  “ыӊыran-”, “ыӊla-”, boshqirdcha “ыӊg‘ыra-”, qorachoy-bolqorchada “ыngыchxa-” va b. ”.

“Devonu lug‘atit turk”da “ïӊranmaq” fe’li berilgan bo‘lib, “ïӊrandï; iӊän ïӊrandï – urg‘ochi tuya ingrandi” deb ochiqlanadi.

 

3. singramak [singrämäk]. Alisher Navoiy tushuntirganidek, ushbu fe’lning anglami “ingramak” bilan deyarli birday (“dard bilan yashirincha asta-asta yig‘lamoq”). O‘zbek tilida bu fe’l “ingramoq”qa qo‘shilib keladi: “ingrab-singrab” ko‘rinishida. “Muhokamatul lug‘atayn”da yonma-yon berilgan 100 ta fe’lning deyarli barchasini ko‘rib chiqqan turkiyalik izlanuvchi A. Qoratosh “singramak”ni “(ovqat) singishi, hazm qilish” anglamidagi “singmoq”, “singdirmoq” fe’llari bilan solishtiradi va turkiy tillarning ko‘pchiligida uning biroz o‘zgargan ko‘rinishlarini topadi. U keltirgan bugungi turkiy tillardagi o‘rnaklarning birortasi “singramak” bilan birday emas, biroq o‘zbekchadagi “ingrab-singrab”dagi “singrab” “Muhokamatul lug‘atayn”dagi ko‘rinishiga o‘ta yaqin keladi.

 

“Devonu lug‘atit turk”dagi “siӊdurmäk” bilan bu fe’l orasida qandaydir bog‘liqlik borligi ko‘zga tashlanadi: “siӊdurdi – singdirtirdi; suchik ashïg‘ siӊdurdï – ichimlik oshni singdirdi, hazm qildirdi. Ul anï evgä siӊdurdi – u uni uyga singdirdi, yashirdi”. Bu yerda ushbu fe’lning “yashirmoq” anglami ham borligi, Navoiy “singramak”ni “yashirin, ohista yig‘lamoq” deb ochiqlaganidan kelib chiqilsa, har ikkala fe’lning negizi bitta ildizga borib taqalishi anglashiladi.

 

4. siqtamoq [sïqtamaq]. “Muhokamat ul-lug‘atayn”da Navoiy “Va siqtamoqkim, yig‘lamoqta mubolag‘adur, turk bu nav’ ado qilibdurki, bayt:

 

Ul oyki, kula-kula qirog‘latti meni,

Yig‘latti demayki, siqtatti meni.

 

Bundan ko‘rinadiki, “siqtamoq” fe’li “yig‘lamoq”dan ham yuksakroq darajadagi yondosh tuyg‘ularni ifodalash uchun qo‘llanilgan. O‘zbek tilida “siqtamoq” fe’li deyarli o‘z holicha uchramaydi, uni ko‘pincha “yig‘lab-siqtab” ko‘rinishida qo‘shaloq so‘zda qo‘llanamiz. Negizida eski turkcha “sig‘it” (sïğït – faryod, mung) so‘zi yotgan bu fe’l Kul tegin bitigtoshida Bilga xoqonning tilidan inisining vafotiga qayg‘urib yozgan “Ko‘zda yash kelsar tida, ko‘ngulta sыg‘ыt kelsar yantыru saqыntыm – Ko‘zda yosh kelsa tiyib, ko‘ngilda sig‘it kelsa qaytarib, o‘ylandim” ko‘rinishida uchraydi. Mahmud Koshg‘ariy “sïg‘ït - yig‘i” deb ochiqlagan bu so‘z o‘zbek tilida “yig‘i-sig‘i” qo‘shaloq so‘zida saqlanib qolgan.

 

Turkiy tillarda “siqtamoq” so‘zi quyidagicha ko‘rinishlarda uchraydi:

 Qarluq tarmoqlarida: o‘zbekchada “siqtamoq”; qipchoq tarmoqlarida: qozon tatarchasida “sыqta-”; qrim tatarchasida “sыqra-”; qozoqcha, qirg‘izcha, qumuqcha “sыqta-”; Oltoy turklaridan oltoy-kishilarda: “sыqta-”, xakascha “sыxta-”. Turkiy tillarning o‘g‘uz tarmog‘ida bu fe’l uchrab-uchramasligi aniqlanmagan.

 

5. o‘kurmak [ökürmäk]. Alisher Navoiy “yig‘lamoq” bilan bog‘liq “Yana biyik un bilaki, e’tibolsiz oshub bila yig‘lagaylar, ani o‘kurmak derlar va turkchada ul ma’nida bu matla’ borkim, bayt:

 

Ishim tog‘ uzra har yon ashk selobini surmakdur.

Firoq oshubidin har dam bulut yanglig‘ o‘kurmakdur”.

 

Navoiy “kuchli ovoz bilan, tengsiz fig‘on bilan yig‘lash” deb tilga olgan bu fe’l o‘zbek tilida “o‘kirmoq” (kuchli ovoz chiqarmoq, yig‘i ovozi)” ko‘rinishida saqlangan. Uning “o‘kirik” degan tarmoq so‘zlari ham bor, shunga qaramay, A. Qoratosh bu so‘zni o‘zbekchada yo‘q deb qaragan chamasi, boshqa turkiy tillardan o‘rnak keltirar ekan, o‘zbekcha ko‘rinishlarini bermagan.

 

6. inchkirmak [inçkirmäk]. Alisher Navoiy “Chun o‘kurmak lafzi muqobalasida forsiy tilda lafz yo‘qtur. Forsigo‘y shoir munungdek g‘arib mazmun adosidan mahrumdur. Yana yig‘lamoqning o‘kurmagi muqobalasida inchkirmak dag‘i bor va ul inchka un bila yig‘lamoqdur va ul turk lafzida bu nav’ tarkib bila ado topibdurkim, bayt:

 

Charx zulmidaki, bo‘g‘zumni qirib yig‘larmen,

Igirur charx kibi inchkirib yig‘larmen”.

 

Navoiy “ingichka un (tovush) bilan yig‘lamoq” deb ochiqlagan “inchkirmak” shu ko‘rinishida turkiy tillarda deyarli saqlanmagan, biroq ayrim tovush o‘zgarishlari orqali bo‘lsa-da, ko‘plab turkiy tillarda qo‘llanilayotganiga ko‘zimiz tushadi: 1) qarluq tarmoqlarida: uyg‘urcha “hichqirmaq”, o‘zbekcha “qichqirmoq”; “isqirmoq” (kishnamoq), 2) o‘g‘uz tarmoqlarida: Onado‘li turklarida “hыchkыrmak”, ozarbayjon turklarida “hыchg‘ыrmag‘”, turkmanchada “sыnchgыrmag”; 3) qipchoq tarmoqlarida: qoraqalpoqchada “ыshqыr-” (yig‘lamoq), qozoqchada “ыshqыn-” (achchig‘lanib, baqirib-chaqirmoq), tatarcha va boshqirdcha “ыjg‘ыr- (baqirib qo‘rqitmoq, uvullamoq, qichqirmoq), qirg‘izcha “ыshqыru-” (qattiq yig‘lamoq).

 

“Devonu lug‘atit turk”da shu ko‘rinishdagi biror fe’l uchramasa-da, Mahmud Koshg‘ariy “ïnch – tinch”. Shundan olinib ko‘ngul ïnchmu – ko‘ngling tinchmi deyilgandagi kabi” deb ochiqlagan so‘zni “inchkirmak” fe’li bilan bog‘lash mumkin. Demak, Navoiy “inchka un (ingichka tovush)” deb, tinchgina yig‘lashni ko‘zda tutgan bo‘lib, uning negizi ming yillar oldingi “inch” (ïnç) so‘ziga borib taqaladi.

 

Yuqorida ko‘rib chiqilgan “Muhokamat ul-lug‘atayn”da “ichmoq”  va “yig‘lamoq” fe’llari orqali ushbu fe’llardan deyarli barchasi “Devonu lug‘atit turk”da uchrashi, bundan ming yilcha ilgari ham turkiylar bu so‘zlarni keng qo‘llaganliklari anglashiladi.

 

Qisqasi, birgina “yig‘lamoq” kabi kishilarning eng inja tuyg‘ularidan biri – ruhiy tutumi bilan bog‘liq so‘zlarni Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asaridagi o‘rnaklar negizida ko‘zdan kechirish shuni ko‘rsatadiki, turkiy el-uluslar o‘z tuyg‘ularini bir yoki ikki so‘z bilan emas, o‘nlab yondosh, ma’nodosh so‘zlar bilan tushuntirishga intilganlar. Yuzyilliklar o‘tgan sayin bunday tuyg‘ularini yanada boyitib borgan turkiylar o‘zga tillardan deyarli biror fe’l olmay, ota-bobolari qo‘llagan so‘zlarni unutmasdan, ular sirasiga o‘zlari yasagan yangi-yangi so‘zlarni qo‘shib, bezab kelishgan.

 

Gʻaybulla BOBOYOR,

tarix fanlari doktori, professor

 

Qo‘llanilgan adabiyotlar

Abdurahmonov Gʻ., Rustamov A. Qadmigi turkiy til. – Toshkent: O‘qituvchi, 1982.

Alisher Navoiy. Muhokmatu-l-lug‘atayn. Qosimjon Sodiqov tahlili, tabdili va talqini ostida. – Toshkent: “Akademnashr”, 2017.

Alisher Navoiy. Muhokmatu-l-lug‘atayn. Ilmiy-tanqidiy matn. Tuzuvchi va nashrga tayyorlovchi Yu. Tursunov. – Toshkent: Fan, 2021.

Mirzayev I. Alisher Navoiyning “Muhokamatul lug‘atayn” asaridagi yuzta fe’lning mazmuniy guruhlari // Filologiya Ufqlari Jurnali. Vol. 1, No. 1 (dekabr 2020). – B. 1-8.

Koshg‘ariy, Mahmud. Turkiy so‘zlar devoni (Devonu-lug‘ot it-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S. M. Mutallibov. 3 tomlik. – Toshkent: Fan, 1960–1963.

Koshg‘ariy, Mahmud. Turkiy so‘zlar devoni (Devonu-lug‘ot it-turk) / Indeks-lug‘at. Gʻ. Abdurahmonov va S. Mutallibov ishtiroki va tahriri ostida. – Toshkent: Fan, 1967.

O‘zbek tilining izohli lug‘ati. A. Madvaliyev tahriri ostida. – Toshkent, 2006 – 2008.

O‘zbek xalq shevalari lug‘ati. Mas’ul muharrir Sh.Sh. Shoabdurahmonov. – Toshkent: Fan, 1971.

Karataş A. Muhâkemetü’l-Lugateyn’de Yer Alan Duygu Fiillerinin Çağdaş Türk Lehçelerindeki Görünümü // RumeliDE Dil ve Edebiyat Araştırmaları Dergisi, (41). – S. 107-140.

User Ş. H. Köktürk ve Ötüken Uygur Kağanlığı Yazıtları. Söz Varlığı İncelemesi. 1. Baskı. – Konya: Kömen Yayınları, 2009.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

15:01 / 28.01.2026 0 133
Turkiylarda nikoh udumlari qanday bo‘lgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//