Yevropaning shimolida joylashgan Skandinaviya yarim oroli hududlarida kufiy xati bilan zarb qilingan tangalar xazinasi borligi isbotlanganiga bir yarim asr bo‘ldi. Somoniylar tangasi bo‘lgan “boylik” asosan janubiy Shvetsiya va Gotland orolidan topilgan. Bundan tashqari Gʻarbiy Rossiya, Qozon hududlari, Volganing o‘rta oqimlaridan topilgan ko‘plab xazinalar mavjud. Shuningdek, bunday xazinalar Polshaning g‘arbidagi Chexova hududi va hatto Angliyada ham uchraydi. Bugungi kungacha islom namunasidagi tangalar Shvetsiya va unga yondosh bo‘lgan Yevropa hududlaridan muntazam topib kelinmoqda. Bu xazinalar u masofalarga tasodifan borib qolmagan. Xazinalar ayniqsa milodiy X asrlarda rus va Yevropa manbalarida varangiylar (varyaglar) nomi bilan eslanuvchi vikinglar faol bo‘lgan hududlarda uchraydi. Qizig‘i, bunday xazinalar tarkibining asosiy qismini O‘rta Osiyo kumush tangalari tashkil qiladi. Buni uch xil asos bilan izohlashimiz mumkin:
1. O‘sha paytda O‘rta Osiyoda hukmronlik qilayotgan Somoniylar davlati Buyuk Ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan va uning tarkibiga kiruvchi Xorazm shimoliy hududlar bilan savdoda mutloq yetakchi edi;
2. IX–X asrlarda Somoniylar oltin tangasidan ko‘ra, kumush tangasi xalqaro pul darajasiga ko‘tarilgan va Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab turli davlatlarga yetib borgan;
3. X asrda Somoniylar davlati hududidagi kumush konlari faol ishlayotgan va qazib olinayotgan kumush xomashyosi nafaqat Somoniylar davlati, balki butun Sharqiy Yevropa hududlarini ta’minlar edi.
Shimoliy va Sharqiy Yevropaning ko‘plab hududlaridan topilgan xazinalardan bilish mumkinki, Somoniylar davlati vikinglarning eng asosiy kumush xomashyo bazasi hisoblangan. Lekin shuni ham unitmaslik joiz, ular Somoniylardan tashqari bir nechta kumush yetkazib beruvchi savdo sheriklariga ega edilar. Masalan, topilgan xazinalar tarkibida Vizantiya kumush tangalari, Abbosiylar tangalari ko‘proq, kam bo‘lsa-da, Xorazmshohlar tangalari ham uchrab turadi.
Xorazm va viking savdogarlari ilk bor 900-yillar atrofida Volganing o‘rta oqimi hududlarida to‘qnash kelgan. Shuningdek, taxminan 880-yillar atrofida Vikinglar Volga daryosi orqali Kaspiy dengizga chiqib, uni kesib o‘tishgan va dengizning janubiy-sharqida joylashgan Ziyoriylar davlatiga qarashli Jurjon shahrigacha borgani haqida ma’lumotlar bor. Vikinglar mana shu sayohatlaridan biroz oldin Quyi Volga hududlarini o‘zlari uchun kashf qilishgan bo‘lsa, xorazmliklar bu yerlar bilan ancha yillar oldin ham savdo qilishardi. Volganing quyi va o‘rta oqimi ularning savdo hududlariga aylanib bo‘lgandi. Biroq bu hududlardan aynan mana shu davrda Xorazmda hukmronlik qilgan mahalliy Afrig‘iylarga mansub tangalar juda ham kam topilgan. Buni o‘sha davrlarda Somoniylar va Abbosiy xalifalarning tangalari xalqaro savdoda ustunlikga ega ekani va Xorazmshohlar davlati ham rasman Somoniylar davlati tarkibida bo‘lib, ularning tangasidan ko‘proq foydalanishgani bilan izohlashimiz mumkin.
Bu paytda o‘rta Volga daryosi va janubiy Qozon hududlarida Bulg‘or xonligi davlati joylashgandi. Vikinglar va xorazmliklar boshqa hududlarga tijorat maqsadida sayohat qilishgan bo‘lishsa-da, aynan Bulg‘or xonligi hududi ular o‘rtasida savdo munosabatlari ko‘prigi edi. Xorazmliklar va vikinglar o‘rtasidagi savdo munosabatlarida asosiy xomashyo qullar va teri mahsulotlari bo‘lgan. Ibn Fadlan o‘z esdaliklarida Somoniylar sotib oladigan asosiy tovar bu qullarligi, ular ko‘proq turkiylardan iboratligi, asosan qo‘shin sonini orttirishga xizmat qilishlari haqida ma’lumotlar bergan. Fikrimiz isboti sifatida O‘rta Osiyo va Eron hududlarida paydo bo‘lgan yangi davlatlardan biri Gʻaznaviylar hokimiyatining asoschisi Alp Tegin ham Somoniy hukmdorlarning turkiy quli bo‘lib, keyinchalik Gʻazna atroflarini o‘ziga bo‘ysundirib olganini kyeltirishimiz mumkin.
Endi mavzumizning asosiy mazmuniga qaytsak. Yuqoridagi fikrlardan so‘ng, Vikinglar bilan bo‘lgan savdoda Xorazmshohlar tangasi ishlatilganmi, degan savol paydo bo‘ladi. Albatta ishlatilgan! Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Shimoliy Yevropa sarhadlaridan topilgan kufiy tangalar orasida Abbosiylar va Somoniylar tangalari, shuningdek, Sosoniylar, Vizantiya va kam miqdorda bo‘lsa-da Xorazm kumush tangalari mavjud. Ya’ni, Xorazmshoh Ahmad ibn Muhammadning kumush tangasi ham.
Ahmad ibn Muhammad kim bo‘lgan?
Bu vaqtda Xorazmda ko‘pchilik tarixchilar tomonidan “Banu Iroq” sulolasi nomi bilan tilga olinuvchi mahalliy Afrig‘iylar xonadoni hukmdorlik qilar edi. Bu hududni 896-yilda Buxoro hukmdori Ismoil Somoniy egallagach, u yerga Iroq ibn Mansurni Xorazmshoh etib tayinlaydi.
Shvesiyadan topilgan Ahmad ibn Muhammad kumush tangasi. Shvesiya tarix muzeyi. SMH 16184.
Tadqiqotchilar ot tasviri bilan zarb qilingan tangasiga tayanab uni milodiy 893-yilda (hijriy 280-yil) Xorazm taxtini egallagan deb ta’kidlashadi. Hijriy 295-yilda (907-yil) Ismoil Somoniyning o‘limidan so‘ng Somoniylar hokimyatining turli hududlarida qo‘zg‘olonlar bo‘lib, siyosiy beqarorlik boshlanadi va Iroq ibn Mansur oldida mustaqillikga erishish imkoniyati paydo bo‘ladi. Lekin bu davrning tarixi haqida to‘liq ma’lumotga ega emasmiz. Iroq ibn Mansur tomonidan zarb qilingan va bugungi kunda fanga ma’lum bo‘lgan tangalaridan xulosa qilsak, u birontasida Xorazmshoh sifatida qayd etilmagan, – arab tilida “Mo‘minlar amirining xizmatkori” bitigi bilan zarb qilgan.
Iroq ibn Mansurning hukmronligi qachongacha davom etgani haqida ham ma’lumot yo‘q. Lekin, yuqorida aytilganidek, xalifa Al-Muqtodirning (908–932) Bulg‘or davlatiga yuborgan elchisi Ibn Fadlan 921-yilda (hij. 309-yil) Kot shahriga kelganida, hukmdor Iroq ibn Mansurning o‘g‘li Muhammad Xorazmshoh edi, deb qayd etgan. Muhammad Xorazmshoh Abu Rayhon Beruniyning ustozi – matematik olim Abu Nasr ibn Iroqning amakisi bo‘lgan. Ya’ni, u Muhammad ibn Iroqning ukasi Ali ibn Iroqning o‘g‘li edi. U haqida ma’lumot juda kam, hatto bugungi kungacha hukmronligida zarb qilingan tangalar ham topilmagan. Biroq, qandaydir noma’lum sababga ko‘ra, Ibn Al-Asir asarida 943-yilda (hij 332-yil) Xorazmshoh taxtiga Muhammadning o‘g‘li Ahmad emas, Abdulloh ibn Ashkom degan shaxs o‘tirdi, deb qayd etgan. Demak, Muhammad ibn Iroq shu yilgacha hukmronlik qilgan.
Beruniy Muhammad ibn Iroqni Xorazmning 22 nafar hukmdori safiga kiritmagan. Vaziyatga qaraganda Abdulloh ibn Ashkom taxtni o‘zboshimchalik bilan egallab, Somoniylar hokimyatiga qarshi chiqqan. Keyinroq, Nuh ibn Nasr Somoniy unga qarshi qo‘shin yuborgach, u “Turklar hukmdori xuzuriga”, ya’ni O‘g‘uzlar davlatiga qochib ketadi. O‘rniga Somoniylar poytaxtida garov sifatida ushlab turilgan Muhammadning o‘g‘li Abu Said Ahmad Xorazmshoh sifatida qo‘yiladi. Ahmad ibn Muhammadning taxtga o‘tirgan yili to‘g‘risida ham aniq ma’lumot yo‘q. Beruniyning “Osor ul-boqiya” asarida u haqida bir qancha ma’lumotlar berilgan. Ma’lumotga ko‘ra, u taxtga o‘tirgach Xorazmning mahalliy Ajg‘ar (inglizcha matnda – Ajghar) nomli bayrami (mahalliy taqvimdagi xatolik sabab vaqti o‘zgarib ketgandi) kunini to‘g‘irlash uchun Xorazm taqvimini isloh qiladi. Beruniyning aytishicha, bu voqea Aleksandr vafotidan 1270 yil keyin, ya’ni 959-yilda sodir bo‘lgan va bu masala haqida Xorazmshoh Ahmad 7 yil oldin, Buxorodan qaytgan payti o‘ylay boshlagan. Bundan kelib chiqadiki, Abu Said Ahmad taxtga 952-yil o‘tirgan. Uning o‘z ajdodlaridan farqli jihati shundaki, tangalarida hukmdor aynan “Xorazmshoh” unvoni bilan qayd qilingan. Shunga asoslanib bu davrda Xorazm Somoniylar ta’siridan mustaqil tarzda faoliyat yuritgan, degan xulosaga kelsak bo‘ladi.
Ahmad ibn Muhammadning Vikinglar xazinasidan topilgan tangasi
Xorazm X asrlarda shimoldagi hududlar bilan savdoda mutloq yetakchi edi. Shuning uchun ham shimoliy hududlardan Xorazm tangalari ham topilishi tabiiy hol. Rossiyalik tadqiqotchi Mixayl Feodorvning “Banu Iroq Xorazmshohlari (X asr)” maqolasida Shvetsiya tarix muzeyida saqlanayotgan Xorazmshoh Ahmad ibn Muhammadning 2 ta kumush dirham tangasi haqida qisqacha ma’lumot beriladi. Bu tangalarning aynan qaysi xazina tarkibidan va qachon topilgani haqida aniq ma’lumotimiz bo‘lmasa-da, ularning Shvetsiya hududidan topilgani aniq. Chunki bu tangalar SMH 9136 va SMH 16184 raqamlari ostida Shvetsiya tarix muzeyi tarkibidagi Qirollik tangalari kolleksiyasida saqlanmoqda.
Ahmad ibn Muhammadning Shvetsiya tarix muzeyida saqlanayotgan tangalarining har ikkalasi ham taxminan Xorazm taqvimi isloh qilingan yili, ya’ni hijriy 348-yil (mil. 959 yoki 960-yil) Xorazmda zarb qiligan. Tanganing old tomoni markazida oyati kalima, ya’ni “Allohdan o‘zga iloh yo‘q, u yagonadir va sherigi yo‘qdir” deb yozilgan. Ushbu jumlaning atrofida ikki qator qilib arab tili, kufiy yozuvida xat bitilgan. Bu yozuvning ichki aylanasida “Alloh nomi bilan ushbu dirham Xorazmda 348-yilda (milodiy 959) zarb qilindi” degan yozuv mavjud. Tanganing old tomoni tashqi aylanasi bo‘ylab esa Qur’oni karimning Rum surasi 4-oyatidagi “Bundan oldin ham, keyin ham barcha ish Ollohdandir. O‘sha kunda mo‘minlar shodlanurlar” degan jumlasi bitilgan.
Tanganing orqa tomoni markazida esa “Muhammad Allohning rasulidir. Ahmad ibn Muhammad Xorazmshoh” deb yozilgan. Tanganing orqa tomoni qirrasi bo‘ylab Qur’oni karimning Tavba surasi 33-oyatida yoki Saf surasi 9-oyatlarida kelgan “Muhammad Ollohning elchisidir. O‘z payg‘ambarini hidoyat va haq din bilan, garchi mushriklar istamasalar ham barcha dinlarga g‘olib qilish uchun yuborgan zotdir” kalimasi yozilgan. Tangalarning hajmida yillar ta’siridagi karroziya va turli yemirilishlar sabab o‘zgarishlar bo‘lgan.
Umuman olganda, tanga Samoniylar tangasidan yaqqol nusxa olib yasalgan. Uning uslubidan tortib, yozuv husnixatigacha deyarli bir xil. Lekin shuni ham ta’kidlash kerakki, u arab yozuvida zarb qilingan tangalar ichidagi Xorazmshoh unvoni qayd qilingan birinchisidir. Bundan tashqari, ustiga Qur’oni karim oyatlari yozilgan ilk tangadir.
Ushbu tangalardan 3 nusxasi bugungi kunda Shvetsiya tarix muzeyi Qirollik tangalar kolleksiyasida saqlanmoqda. Ushbu 3 nusxa tanga turli ekspedisiyalar davomida Shvetsiyaning turli hududlaridan topilgan. Masalan, ulardan 2 nusxasi Zo‘dermanland hududidan 1892 va 1924-yillarda, 1 nusxasi 1918-yilda Gotland hududidan topilgan.
Shohruxmirzo ISMOILOV,
Mamun universiteti, “Tarix” kafedrasi dotsenti v.b. Tarix fanlari falsafa doktori
Til
Til
Tarix
Tarix
Mafkura
Mafkura
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q