Turk el-uluslarining beshiklaridan biri – Ulug‘ Idil (Volga) irmog‘i bo‘yida yashovchi chuvashlar uzoq qardoshlar sifatida o‘zbeklarni qiziqtirib keladi. O‘tmishda “Suvar”, “Bulg‘or” nomlari bilan tanilgan bu el bundan 1,5–2 ming yillar oldin Idilbo‘yida qo‘nim topgan. Turkiy elatlarga tushunarli tildan uzoqlashib, shu til tarmoqlaridan biri – “xun tili”ni saqlab qoldi. Bugungi kunda 1 milliondan ortiq chuvashlar shu tilda so‘zlashadi. Mazkur maqolada chuvash so‘z san’atining ayrim injaliklari bilan tanishamiz.
Chuvash elining ulug‘ shoiri Peder Xuzangayning “Atăl Atte Çĕr-Şıvĕ” (Ota Idil Yer-Suvi) to‘rtligini erkin yondashuv bilan o‘zbek tiliga o‘girdik. Bunda bizni umumiy turk o‘tmishiga bog‘lab turgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asariga tayandik.
To‘rtlikning o‘zbekcha o‘girmasi:
|
Атăл Атте Çĕр-Шывĕ
Атăл аннеçĕм ‒ тенĕ вырăссем, Атăл аттеçĕм ‒ тенĕ чăвашсем. Мăн Атăл хĕрринче мĕн авалтан Хунанă халăх – пирĕн йăхташсем!
Кунти çын вăрманне, çĕрне-шывне, Уйне-хирне савать чунтан-вартан! Шур хурăна илемлĕ пулнăран Хурăн савниçĕм тет вăл авалтан.
Мăнаçлă та пит çирĕп пулнăран Юман атте ят панă юмана. Çемçе, ачаш та çепĕç пулнăран Çăка анне ят панă çăкана.
Ку вăл Чăвашăн çĕрĕ! Манăн çĕр! Эп пĕчĕкрен пурнатăп çакăнта. Ман савнă Чăваш енĕм – Атăл ен, Санпа эп мухтанатăп яланах! |
Ota Idil Yer-Suv
Idil – “ona” deya aytishgan ruslar, Idil – “ota” deya aytar chuvashlar. Ulug‘ Idil bo‘yida eski chog‘lardan, Unib-o‘sgan el – bizning qondoshlar!
Bu yerdagi kishi sevar yer-suvni, O‘rmon-u adirni sevadi chindan. Oqqayin ko‘rkam-u ko‘p suluv bo‘lgan, Uni “suyganim” deb atar eskidan.
Ulug‘vor va o‘ta berk bo‘lgani uchun, “Ota” deb ot qo‘ygan u kun emanga. Erka-yu inja va suluv bo‘lgan, “Ona” deb ot qo‘ygan ular jo‘kaga*.
Bu – Chuvash yeri! Mening o‘z yerim! Kichikligimdan mening yashagan yerim! Suyganim Chuvashdir – Idil o‘lkasi, Senga maqtovlar-la o‘tar har kunim! |
*jo‘ka – lipa deb ham yuritiladigan og‘och (daraxt) turi.
Ushbu to‘rtlikdan ko‘rinadiki, barcha turk ellari uchun ardoqli bo‘lgan Idilbo‘yi chuvashlar uchun ham suyukli o‘lka. Ming yillardir ularning ota-bobolari irmoqlar-u ko‘llari mo‘l bu o‘lkada yashab, o‘zlaridan yaxshi iz qoldirgan. Shivirlagan o‘rmonlar-u ko‘m-ko‘k yaylovlar, chechaklarga to‘la qir-adirlarni qamrab olgan bu yurt turg‘unlari boshqa turk qondoshlaridan birmuncha uzoq, mordvin, mari, Udmurt kabi fin-ugor el-uluslari bilan qo‘shni. Shuning uchun ular bir qarashda o‘z qardoshlarining tilidan o‘zgacharoq tilda so‘zlashayotgandek tuyuladi. Biroq tanishganingiz sari bundan ikki ming yil ilgari so‘zlashilgan tilga yaqinlashib borayotganingizni anglab, o‘z-o‘zidan “bu til mening tilimning yondoshi-ku, qondoshi-ku!” deb quvonasiz.
Chuvash tilining boshqa turkiy tillardan ayro tomonlariga qisqacha to‘xtalib, yuqorida keltirilgan to‘rtlikdagi so‘zlarni o‘zbekcha bilan solishtirib o‘tsak:
1. Chuvash va o‘zbek tili bugungi kunda boshqa-boshqa tarmoqlar (o‘g‘uz va qarluqcha)da bo‘lsa-da, har ikkisi turk ildizida tutashib, biri eski turkcha – O‘rxun-Enasoy bitiklari tilidagi so‘zboshi “y” (eng eski turkcha “d”) tovushini “ç” (ch) deb so‘ylasa, ikkinchisi esa “y” ko‘rininshida saqlab qolgan. Qizig‘i shundaki, chuvashlarning bu “ç” tovushi “ch” bilan “sh” orasidagi bir tovushdir.
– Eski turkcha “yer” – chuvashcha “çĕr” – o‘zbekcha “yer”.
– Eski turkcha “yol” – chuvashcha “çul” – o‘zbekcha “yol (yo‘l)”.
2. So‘z o‘rtasi va so‘ngidagi Eski turkcha “z” tovushi chuvashchada “r” o‘laroq saqlangan (rotatsizm):
– Eski turkcha “qïz” – chuvashcha “xïr” – o‘zbekcha “qiz”.
– Eski turkcha “säkiz” – chuvashcha “sekir” – o‘zbekcha “sakkiz”.
3. Eski turkcha so‘z o‘rtasi “ş” (sh) tovushi chuvashchada “l”, (lambdaizm), o‘zbekcha va boshqa turk tillarida “ş” (sh) ko‘rinishidadir.
– Eski turkcha “beş” – chuvashcha “pil (ek)” – o‘zbekcha “beş (besh)”
– Eski turkcha “taş” – chuvashcha “çul” – o‘zbekcha “taş (tosh)”.
Endi yana chuvashcha to‘rtlikka qaytsak. Barcha turkiylar singari chuvashlar “Ona Yer”ni sevish, ardoqlash, uni qo‘shiq-kuylarga solishni ezgu ish, qutlug‘ yumush deb bilishadi. Ular “Çĕr-Şıv” – Yer-Suv uzoq ota-bobolardan o‘zlariga topshirilgan eng qutlug‘ meros deb ardoqlaydi. Ular uchun Аtăl (Atil) shunday qutlug‘ “Yer-Suv”dir. Sinchiklab qaralsa bu atama turk tillarining eng eski ko‘rinishlaridan biri ekani anglashiladi. Sibirlik turklarning “Der-Su”vi, O‘rxun bitiktoshlaridagi “Yer-Sub”, chuvash tilidagi “Çĕr-Şıv”, o‘zbekchadagi “Yer-Suv” birikmasi eski Turk tushuncha-qarashlarining eng qadim namunalaridan biridir. Chuvashlar bu so‘zni o‘z tilida asrab qolgan bo‘lsalar, o‘zbek tilida mazkur tushuncha “Yer-suv” ko‘rinishida ham o‘tmishning bir parchasi, ham iqtisodiy atama o‘laroq ona yer va tabiatga bo‘lgan bog‘liqlik ulgisi sifatida yashab kelmoqda.
To‘xtam. Chuvash shoiri Peder Xuzangayning ushbu to‘rtligi tillar birmuncha farqlansa-da, tuyg‘ular bir ekanini ko‘rsatadi. Idil bo‘yidagi bu hayqiriq Turon kengliklaridagi uzoq eldoshlar uchun yalpi o‘zlikni kuylovchi bir chorlovdir.
Yuqorida keltirilgan to‘rtlikdagi chuvashcha so‘zlarning o‘zbekcha muqobilini keltirib o‘tamiz:
|
Chuvashcha |
O‘zbekcha |
|
Атăл (Atăl) |
Edil, İdil (Volga) |
|
аннеçĕм (anneśĕm) (anne – ona, -śĕm – erkalash qo‘shimchasi) |
onajonim, shevalarda “anashim” |
|
тенĕ (tenĕ) |
deyishgan / deb aytishgan |
|
atte |
ota |
|
мăн (măn) |
ulug‘ / buyuk |
|
хĕрринче (khĕrrinche) |
bo‘yida / qirg‘og‘ida |
|
мĕн авалтан |
uzoq chog‘lardan beri |
|
хунанă (khunană) |
unib-o‘sgan / ko‘paygan / o‘rnashgan |
|
халăх (khalăkh) |
el, xalq |
|
пирĕн (pirĕn) |
bizning |
|
йăхташсем (yăkhtashsem) |
urug‘doshlar / qondoshlar |
|
кунти (kunti) |
bu yerdagi / shu yerdagi |
|
çын (śyn) |
kishi / inson |
|
вăрманне (vărmanne) |
o‘rmonini |
|
çĕрне-шывне (śĕrne-shyvne) |
yeri-suvini |
|
уйне-хирне (uyne-khirne) |
dalasini-qirini (uy – dala, khir – qir/adir) |
|
савать (savat) |
sevadi |
|
чунтан-вартан (chuntan-vartan) |
chin ko‘ngildan |
|
шур (shur) |
oq |
|
хурăна (khurăna) |
qayinni (khurăn – qayin daraxti) |
|
илемлĕ (ilemlĕ) |
ko‘rkam / chiroyli / go‘zal |
|
пулнăран (pulnăran) |
bo‘lgani uchun / bo‘lganidan |
|
савниçĕм (savniśĕm) |
suyganim / sevgilim |
|
тет (tet) |
deydi |
|
мăнаçлă (mănaśllă) |
ulug‘vor |
|
та (ta) |
va / ham |
|
пит (pit) |
o‘ta / juda |
|
çирĕп (śirĕp) |
mustahkam / jips / berk |
|
юман (yuman) |
eman daraxti |
|
ят (yat) |
ot / ism |
|
панă (pană) |
bergan |
|
çemçе (śemśe) |
yumshoq |
|
ачаш (achash) |
erka / muloyim |
|
çепĕç (śepĕś) |
inja / latif / mayin |
|
çăка (śăka) |
jo‘ka daraxti |
|
ку вăл (ku văl) |
bu / bu o‘sha |
|
çĕрĕ (śĕrĕ) |
yeri |
|
манăн (manăn) |
mening |
|
эп (ep) |
men |
|
пĕчĕкрен (pĕchikren) |
kichiklikdan / yoshlikdan |
|
пурнатăп (purnatăp) |
yashayman |
|
енĕм (enĕm) |
o‘lkam / tomonim (en – tomon/o‘lka) |
Alparslon BOBOYOR,
Chuvash davlat universiteti talabasi
Til
Tarix
Tarix
Mafkura
Mafkura
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q