Prezident Shavkat Mirziyoyev surxondaryoliklar bilan uchrashuvlaridan birida “... ma’naviyat fidoyisi Toshtemir Turdiyev kabi ilm-fan namoyandalari... nomlarini alohida ta’kidlash o‘rinlidir”, dedi. Shu-shu Toshtemir haqida jahon mumtoz adabiyoti dostonlari darajasidan kam bo‘lmagan Chag‘oniyon, ham Denov tarixi mazmuniga mos doston yozgim keldi. Yaxshi niyat – yarim davlat. Denovga bordim. Besh kecha-kunduzda yayov, Denovning men kirib-chiqmagan kunjagi qolmadi. Oddiy odamlardan quyosh taftidan qorayib ketgan dehqonlargacha Toshtemir haqida surishtirdim. Ularning hammasidan eshitganim “Hokim bobo” bo‘ldi. Denov Toshtemir bilan Toshtemir denovliklar bilan o‘zaro payvast, payvasta dunyo bo‘ldi. Toshtemirning ichki dunyosi kamtarlik, parhezgarlik, insofning mushtarakligidan iborat edi. Bular kechagi gaplar. Bugun dilimda ham, tilimda ham batamom boshqa gap: “Sakson nima, to‘qson nima, fursat o‘q, Toshtemirning tashvishi ko‘p, keksarishga vaqti yo‘q”.
Sinchkov kitobxonlardan qay biri “Toshtemiri kim?” deb o‘ylashi aniq. U Denov tumanining o‘n to‘rtinchi hokimi bilan hozirgacha ishlab kelayotgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Toshtemir Turdiyevdir. T.Turdiyevning ichki fazilatlari haqida (mengacha ham) yakqalam qilingan maqola, she’r, yozishma va boshqa bitiklar bir talay. Ularni jamlab Tojiddin Razzoq kitob holiga keltirgan. “Tafakkur” nashriyoti (T:, 2014-y.) 500 nusxada chop etgan o‘sha “Denov: e’tirof va ehtirom” kitobini o‘qiganim, unga taqriz yozganim yodimda...
Kitob O‘zbekiston, ayniqsa Surxondaryo ziyoli va mehnat ahli orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Kitobdan yetmishdan ortiq e’tirof va ehtiromga boy, dil izhorlari muhrlangan maqolalar joy olgan. Ularni sinchiklab, qayta-qayta o‘qib chiqdim. Salkam oltmish yillik do‘stim Toshtemir Turdiyev siyratining loaqal biron arzimas qirrasini ham menga qoldirmasdan qalamga olgan sinchkov, topqir, hozirjavob, tezkor alloma-yu akobir, donish-u darvesh muharriru muxbirlarning samimiy va beg‘ubor mehnatlariga mahliyoman. Bular haqiqat. Haqiqat esa atrofimizda yuz berayotgan voqea va hodisalarning miyamizdagi in’ikosidir.
O‘zimga o‘zim shivirladim: haqiqatlar bir hil emas, turli-tuman. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov Toshtemir Turdiyevni “Uka” demasdan “do‘stim” deyman; “O‘zbekiston xalq ta’limi homiysi” nishoni sohibi Xursand Xoliqov “Ustozni biror kishi yuzi u yoqda tursin, orqasidan ham so‘kkanini, hech bo‘lmaganda achchiq gap aytganini eshitmaganman”; Bahrom Mamatqulov “Men Oltinsoy tumanida tug‘ilib, voyaga yetganim uchun dadil ayta olaman, oltinsoyliklarning ko‘pi Toshtemir akani “taniydi”. Vaholanki, Toshtemir aka Oltinsoy tumanida bir kun ham ishlagan emas”; Eshqobil Shukur “Toshtemir aka o‘zi hammaga el bo‘lishni istaydi va hammaning bir-biriga el bo‘lishini istaydi... U ichi keng odam... Surxondaryo dashtlariday keng, osonlikcha toriqmaydi... Or qiladi. Chunki u “Alpomish”ni zo‘r biladi-da”; O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muzaffar Tursunov “Odamiylik esa uning qon-qoniga singib ketgan. Toshtemirga mehmon bo‘lmagan yozuvchi, olim, shoir yoki rassom Respublikamizda juda kam topilsa kerak... Bobotog‘ tomonda tog‘day bir do‘stim borligidan ko‘kragim tog‘day ko‘tariladi”; Maxmud Abdulfayz “Denov shahridagi qutlug‘ bir xonadon Toshtemir Turdiyevni so‘rab surishtiruvchi mehmonlar, muhlislar, shogirdlar bilan doimo band. Izlab keluvchilarning oyog‘i uzilmaydi. Ustozning ham odamlarga bo‘lgan mehri tugamaydi”; Safar Namoz o‘g‘li “Odamlari darvish deganda beixtiyor denovlik olim, vatanparlarning ramzi bo‘ladigan ajoyib inson, o‘sha darvishlarning kattasi Toshtemir aka Turdiyev ko‘z oldimga keladi”; Hoji Murod “...bu dunyoda hamma zo‘r! Shu jumladan, Toshtemir aka ham, Tojiddin ham zo‘r. Zo‘rni zo‘r deb tan olmoq esa mardning ishi”; shoir Nasrullo “Men qay mavzuni nishonga olmay, allaqachon “ov”lanib ketgan ekan, Toshtemir Turdiyevning ham moziy qatlarida erinmay timirskilanib chiqqanini-chi?... O‘ziyam ustozning umri va ijodi maqsad-u mazmuni yurt bo‘lganmi deyman”, “Sharof Rashidov va Ra’no Uzoqova birga tushgan suratni o‘z kitobida chop etishga ruxsat so‘ragali ikki marta Sh.Rashidov huzuriga kirgan Toshtemir Turdiyev Sharof akani ham hayratlantirdi”, “ijodkor olami bir sehrli chamanki, chor tarafini kezganing sayin yangi ko‘rinishdagi, o‘zgacha ifordagi anvoyi gullarga duch kelasan. Shoir Toshtemir Turdiyev ijodi bo‘stonida esa o‘quvchini maftun qiluvchi mutolaalar bisyor”; O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Chorshanbi Dehnaviy “Toshtemir aka suratga boqdi, unda... old ayvoni ochiq uyning o‘rtanchi ustuniga yelkama-yelka tushgan o‘n ikki-o‘n uch yoshli bolaning g‘amgin qiyofasi aks ettirilgan. Bosh yalang, sochlari o‘sgan, ko‘ylak-ishtonlari kalta, daroz, g‘amgin ko‘zlarini yalang oyoqlariga tikkancha, go‘yo ularni ko‘rsatishga harakat qilishardi. Toshtemir aka suratga uzoq boqdi, ko‘zlari qisilib, nafas olishi qiyinlashardi, so‘ng burun tortdi, ... , – So‘ng... – Shu hovlidan otam urushga ketgan, onam shu hovlida jon bergan”, deb yozadi.
O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi, “Antik dunyo” xalqaro ilmiy akademiyasi professori Qurbonpo‘lat Nazarovning “Toshtemir akaning quyidagi hikmati vatanparvarligiga dalildir: “Menga Xudo qanot berganidayam faqat o‘z Denovim ustida uchib yursam kerak” bitigi bejizga emas.
Yuqoridagi barcha iqror va hayratnomalar Toshtemir Turdining ko‘ngliga xos va mos tabiiy haqiqatning badiiy haqiqat darajasidagi bayonidir. Badiiy haqiqatlar nisbiylik bilan et-u tirnoq. Ular absolyut haqiqatning shunchaki bosqichlaridan iborat. Toshtemir Turdiyev tabiatiga taalluqli haqiqatlarni jamoatchilik fikri, ijtimoiy amaliyot ertaga yanada ravshan torttirib absolyut xaqiqat maqomiga olib chiqadi. Ayni shu ma’noda Denov va denovliklarning fidoyi farzandi Toshtemir Turdiyevning ichki qiyofasiga nisbatan “e’tirof va ehtirom”ning hanuz cheki, chegarasi ko‘rinmaydi.
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mazkur kitobda Toshtemir Turdiyevni “Tosh va “Temir”ga qiyoslaydi. Zotan, “Tosh” ham, “Temir” ham mangulikka, mangu haqiqatga daxldor unsurlardan. Ular avvali bor bo‘lib oxiri bo‘lmagan, oxiri bor bo‘lib avvali bo‘lmagan moddiyat timsoli. Men Denov hamda Denov ahli quvonganda birga quvonib, yig‘laganda birga yig‘laydigan jon-jigar, birodarim Toshtemir Turdievga “Tosh” bilan “Temir”ning mustahkam tabiati va umrini tilayman.
“Denov: e’tirof va ehtirom” kitobida abadiy haqiqatga daxldor so‘z va milliy topildiqlarga San’atshunoslik ilmiy tadqiqot bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Edvard Rtveladze, Yaponiyaning Soka universiteti professori Kyudzo Kato, tarix fanlari nomzodi Bahodir Turg‘unov, akademik, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Nazar To‘rayevning maqolalarida to‘qnash kelasiz.
Jumladan, E.Rtveladze, “... Denovning yoshi 3-3,5 ming yillik tarixga ega” desa, Kyudzo Kato “Denov ham o‘zining ming yillik to‘yini o‘tkazishga arzigulik shahar-ku... Uning 2300 yillik osori atiqalari borligi shubhasiz”, deydi. Qorabog‘tepadan avvalo 3 dona, keyinchalik esa yana bitta o‘sha kabi tosh tagkursilar topilganini yozgan Bahodir Turg‘unov “shu kabi ulkan toshlar 2400–2300 yillar avval tayyorlangan bo‘lib, ularni chamasi 60–70 km olisdagi Boysun tog‘idan olib kelish hammaga ham nasib etavermasa kerak”, deb hayratlanadi va qo‘shib qo‘yadi “uy egasi badavlat shaharliklardan biri bo‘lsa kerak”. N.To‘rayev “Denov: e’tirof va ehtirom” kitobidan o‘rin olgan “Denov qasidasi” maqolasida yozadi: “Ilmiy ibora bilan o‘qisangiz, Denovning uch-to‘rt ming yillik o‘tmishidagi ma’lumotlar va tafsilotlariga duch kelasiz va beixtiyor “Qarang, biz juda qadimgi manzilning odamlari ekanmiz”, degan faxr tuyg‘usi sizni qamrab oladi.
Darhaqiqat, tabiatshunos olim-u qadimshunos allomalarning fikr-u qaydlari uzoq moziyga daxldor, mangu haqiqatga tegishli, rad qilish mumkin bo‘lmagan o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas dalillardir. Bunday tarixiy qadriyatlar bilan bizni kamida ikki-uch ming yillik masofa bog‘lab turibdi.
Shoir yozadi:
Topganim haqiqat, topmaganlarim
Hayotni hayrat ham sayqalga o‘rang.
Ziyo ham farishta, yaxshi yomonni
Kitobga qo‘yilgan haykaldan so‘rang.
Go‘zal ham, g‘azal ham uyat, andisha,
Armon, kemtigimni yoparsan, bolam.
Men bilgan, bilmagan haqiqatlar ko‘p,
Ularni kitobdan toparsan, bolam.
O‘zingni angla, ham unutma zinhor
Ertak ham qasida, ota ham ona.
Mustaqil Vatan ham, hayot ham Qomus
Avesto, Qur’on ham haqiqatxona.
Ularning asosi, mezoni mehnat,
Til bilan tafakkur, tarozi ham sang.
Nisbiy yo absolyut, mangu haqiqat
Inson ham, mehri ham sakkizinchi rang.
Haqiqatdan ham kitob qadriyat, tarixiy topilmalar ham, inson ham, “sakkizinchi rang” ham qadriyat. Inson farzandlarining qo‘lidan kelmaydigan yumush yo‘q. Bir tus rangning qirqdan ortiq turini bir-biridan farqlay bilishga qodir musavvir mavjud yetti rangdan foydalanib surat chizadi. Biroq bitta asosiy – “sakkizinchi rang”ni ularga qo‘shmasa surat quruq, beta’sir, jonsiz chiqadi. “Sakkizinchi rang” yetishmasa taom ko‘ngildagiday bo‘lmaydi. Barcha ranglar rangini o‘zgartiradigan, taomning sifatiga sifat qo‘shadigan bu “sakkizinchi rang”. Mavlono Abduxoliq G‘ijduvoniyning “Maqsad as solikin” kitobida bayon qilingani misol u yurakdagi muhrdir, muhabbatdir.
Do‘stim Toshtemir Turdiyevning siyrati, botini, qalbi bir katta g‘ulg‘ula shaharga, sakkizinchi rangning zavol bilmas, ming ko‘zli sarchashmasiga o‘xshaydi. Zotan, olamning istalgan nuqtasidagi nurning yetti xil rangda tovlanishini ko‘rish, kuzatish mumkin. Chunki ular moddiydir. Bizning nazarimizdagi sakkizinchi rangni esa eng zamonaviy qurilmalar ham qayd qilishga qodir emas. Sababi, sakkizinchi rang, ya’ni mehr-u muhabbat faqat notirik tabiatning ajralmas bo‘lagi bo‘lmish tirik tabiatga, shu jumladan, insonlarga xos bo‘lgan botiniy, ma’naviy xususiyatdir.
Ma’naviy boylik, ya’ni o‘sha sakkizinchi rangning qancha va qandayligi insonning sochi oq olamga, kurrai Zaminga, Vataniga, ota-onaga, odamlarning bir-biriga bo‘lgan xolisona munosabatlarida namoyon bo‘ladi. U yuqoridagi munosabatlar jarayonida moddiy kuchga, bitmas-tuganmas ilhom va g‘ayrat-shijoatga aylanadi. Mustaqil O‘zbekistonda, Surxondaryoda, Toshtemir Turdiyevda shunday bo‘ldi. “Denov: e’tirof va ehtirom” kitobida bor va tor gaplar sakkizinchi rang, ya’ni haqiqatning oq qog‘ozdagi surati bo‘ldi. Qadriyatga, kitobxonlarni hayajonlantiruvchi obyektiv haqiqatga aylandi. Obyektiv haqiqat esa Toshtemir Turdiyevning fazilatlari haqidagi mifda ko‘pdan buyon iymonday o‘rnashib qolgan taassurot va bilimlarning “Denov: e’tirof va ehtirom” kitobidagi bitiklar mazmuniga to‘la va tugal mos kelishidan iborat.
Denov Denov, Toshtemir Toshtemir-da! Ular et-u tirnoq, ustoz-u shogird. Ustoz-u shogird o‘rtasidagi munosabatlar esa tarixiy qadriyatdir.
Mavlono Jaloliddin Rumiyning ustozi sayyid Burxoniddin sirdon shogird uchun sinov muddati va shartini belgiladi. Og‘zi va burnini yetti qatlam mato bilan bog‘lab olgan yosh Jaloliddin tun bo‘yi uxlamasdan mehnat qildi. Muayyan guruh a’zolari tirikchiligiga zarur mablag‘ni yig‘ish uchun xonadonma-xonadan, ko‘chama-ko‘cha, qishloqma-qishloq, shaharma-shahar tentirab tilanchilik qildi. Otasidan meros kitobni bir yuzi bir marta o‘qib chiqdi. Tog‘oradagi itlar uchun qushxona chiqindisidan tatib ko‘rdi. Shogird Jaloliddin ustoz sayyid Burxoniddin Sirdon sinovidan muvaffaqiyatli o‘tdi, orif bo‘ldi. Ustozning sinovdan maqsadi esa inson zotiga xos 36 ta nuqsondan Jaloliddin vujudini batamom poklab, ularning o‘rnida inson siyratini belgilovchi 36 ta fazilatni barqaror qilish edi. Ustoz ko‘zlagan maqsadiga erishdi. Yosh Jaloliddin shu tariqa jahon adabiyoti xazinasining iftixori Jaloliddin Rumiyga aylandi. Yuqoridagilarni keltirish bilan Toshtemir Turdiyevdagi fazilatlar ham osmondan uzilib tushmagan, uning ham qamrovi nihoyatda qattiq ustozlari bo‘lgan demoqchimiz. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, Toshtemirning birinchi ustozi, uni bir parcha et, murg‘akligidayoq chidam, sabr-bardosh, mehnatsevarlik ham yaxshiliklar sarchashmasida cho‘miltirib tosh va temirga aylantirgan ona tabiat. Uning sizga tanish jism-u jussasida shuning uchun ham maqtovga sazovor fazilatlarning yo‘g‘i – olamda yo‘q.
Toshtemirning eng sodiq ustozlaridan yana biri ijtimoiy hayot, ikkinchi jahon urushi yillarining jarohatlari... Front orqasida bo‘yi-basti osmonday sariq tortgan, qahraboday quyuq To‘xtamish: har bir xonadoni, mavjud ko‘cha, mahallasidan manqalda qovrilgan chigit bo‘yi va kunjara hidi buruqsib anqigan Denov, uning o‘sha zamondagi zardob va za’faron muhiti... Toshtemir ota yurti, ustozlari, kindik qoni tomgan go‘sha – Denovni ulug‘lab, chapdast hisobdonlarning hisobicha hozirgacha yigirmadan ortiq kitob yozib ulgurgan. U kitoblar Siz o‘ylagan, biz to‘qnash kelgan oddiy kitoblardan emas. Ularning surat va siyrati, mazmun va mohiyati, zimmasidagi ijtimoiy yuki va tarixiy salmog‘i, shirin so‘zi va shirali satri umr bo‘yi ota-ona visoliga intiq mungli ko‘zning yoshi, yalangoyoq va yupun yetimcha qalbning dardi, g‘arib va notavon yuragining isyonidan qad rostlagan, o‘ylab va o‘rtanib yozilgan asarlardir. Toshtemir Turdiyevning men o‘qigan asarlari satri qat-qatidan yuqoridagilardan tashqari chim-u chechak, gul-u gulzor, g‘alla, paxta, pilla va tillali muqaddas ona tuproqning xushbo‘yi anqiydi. Aslida ham Denov azaldan quyosh ardog‘idagi yurt, obihayotga oshna qadim va tabarruk zamin. Shu ma’noda Toshtemir Turdiyev Chag‘aniyonning 2500 yillik to‘yi ilinjida atrofiga ziyoli, zukko, ishbilarmonlar jamoasini jamlash uchun ko‘p yillardan buyon jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Toshtemir Turdiyev bilan Buxoroda Pedagogika universitetining “tarix-filologiya” fakulteti binosida, taniqli shoir Toshpo‘lat Hamidning “Yosh qalamkashlar to‘garagi” davrasida tanishganmiz. She’riyatning o‘ziga xos jozibali jihatlarini O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamoldan o‘rganganmiz. Talabalik yillarimiz zavq-u shavq, ilhom-u ishonch, mutolaa-yu munrzara, xullas, betakror tarovatli mehnat bilan o‘tgan. Mashq, mashq, muhokama. Shu tariqa Toshtemirning “Yodingdami?” she’ri, Muzaffar Tursunning “Yamoq” hikoyasi, mening “Arslontosh” asarim dunyoga kelgan edi.
Kunduzlari darsda bo‘lar, ba’zi kechalari to tonggacha shoir Temur Norovning hovlisidan uncha uzoqda bo‘lmagan “Somoniylar maqbarasi” g‘ishtlarining tus-u tarovatini, rang-u raftorni kuzatar edik. Ba’zi kechalari “Boloi hovuz” bo‘yida joylashgan Mansur aka choyxonasida bog‘bon shoir Sharif Nurxondan “Yusuf Hamadoniy”, “Abduxoliq G‘ijduvoniy”, “Ahmad Yassaviy”, “Bahouddin Naqshbandiy” hazratlari haqidagi qissalarni tinglar, Qudrat ismli allomaning ba’zan tortina-tortina, atrofiga mushukdan xavotirlangan zag‘izg‘onday olazarak qaraganicha ajamlik ziroatchi Bardazbehning nevarasi bo‘lmish “Imom al-Buxoriy” haqidagi qiziqarli suhbatlarini eshitardik. Imom al-Buxoriyning hadis to‘plash yo‘lida chekkan mehnat-u mashaqqatlarini, azob-u alamlarini tinglab, hayajondan ko‘zimizga yosh kelardi. O‘shanday davralarning birida beorom yuragimdan tilimga ko‘chgan she’rdan parcha keltirmoqchiman:
Kimlarda osh-u non, kimda to‘n, mansab,
Kimlarda shon-shuhrat, kimda achchiq til.
Imom al-Buxoriy to‘qnashgan g‘amning
Qismini yuklasang ko‘tarolmas fil.
Imom al-Buxoriy iymon, ishq soldi,
Qur’on ham, Hadis ham qalblarda qoldi.
Darhaqiqat, Toshtemir Turdiyevning vujud-vujudiga ishq, iymon, Qur’on ham, Hadis ham, zamonning nafasi ham, mehnatga, mehnatkash xalqqa muhabbat-u qiyinchiliklarga qalqon va malham bo‘lish talabalik yillarida singigani aniq. Jarqo‘rg‘onlik Ra’no Uzoqova ham uning badiiy asarlarini qanday bo‘lsa shunday shiradorligicha xalqqa, mustaqil Vatanga hadya etishda, “Alpomish” dostonining surxondaryocha varianti (nusxasi)ni yozib olish, qayta ko‘chirish, nashrga tayyorlash, kitob holatiga keltirishda, Denov hududidagi tarixiy masjid, madrasa hamda mavjud ziyoratgohlar majmuasini ta’mirlash va qayta tiklashda chor atrofiga ziyo sochib qo‘lida chiroq ko‘tarib yurishda Toshtemir Turdiyev uchun Imom al-Buxoriy hazratlarining shaxsiyati dastak, tutqich, etolon bo‘lganligi aksioma. Ko‘p yillik qadrdon do‘stim sakson bir yoshni quvonch bilan qarshilayotgan Toshtemir Turdiyevga Imom al-Buxoriydayning barhayot izi va shonu-shuhratini tilayman. Sog‘-u salomat bo‘lsin!
Xushboq RAHIMOV,
falsafa fanlari nomzodi, shoir
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q