Taraqqiyotga erishishga mablag‘ va uni oqilona sarflay oladigan aql kerak


Saqlash
17:02 / 11.02.2022 1206 0

Uxlab yotgan odam uyg‘onsa ham, gohida o‘rnidan darrov turib ketolmaydi. Dardga chalinib yotib qolgan bemorning oyoqqa qalqishi bundan ham qiyin. Ana endi qariyb bir yarim asr mustamlaka zulmini chekkan xalqning uyg‘onib, milliy tiklanishga erishuvini tasavvur qilib ko‘ring. Bir xalqning mustamlakadan qutulib, o‘z mustaqil davlatini qurishi va taqdirini o‘zi belgilash qudratiga ega bo‘lishi tarixan olamshumul ahamiyatga ega.

 

Xo‘sh, xalqning mustaqil bo‘lib yashashdan ko‘zlagan bosh maqsadi nima o‘zi? Milliy yuksalishga erishish! Milliy yuksalish nima unda? Har mamlakatning o‘z hududi, muayyan imkoniyat va sharoitlari, yerosti va yerusti boyliklari, tarixiy qadriyatlari bo‘ladi. Xalq ana shularni ishga solib, o‘z taqdirini o‘zi belgilaydi, milliy taraqqiyotning turli yo‘llarini izlaydi, jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egallashga intiladi. Bunda u bir so‘mini birovga bekorga bermaydi ham, birovning bir chaqasiga zoriqmaydi ham. Bersa, evaziga nimanidir oladi. Olsa, uni albatta qaytaradi. Shu ma’noda biz mustaqillikning dastlabki chorak asri mobaynida, shak-shubhasiz, milliy tiklanish bosqichini bosib o‘tdik.

 

“Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor g‘oya biz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. “Milliy yuksalish” deganda biz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini har tomonlama yuqori bosqichga ko‘tarishni tushunamiz”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqilligimizning yigirma sakkiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida. Darhaqiqat, endigi vazifamiz milliy yuksalishga erishish bo‘lib qolmoqda.

 

Yer yuzida rivojlangan va jadal rivojlanayotgan 19 ta davlat bor. Mazkur davlatlar Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda “katta yigirmatalik”ni hosil qiladi. “Katta yigirmatalik” hududida sayyoramiz aholisining 65 foizi istiqomat qiladi va ular jahon yalpi mahsulotining 90 foizini ishlab chiqaradi. Qolgan 210 tacha davlatda dunyo aholisining 35 foizi yashaydi va bu aholi jahonning bor-yo‘g‘i 10 foizgina mahsulotini ishlab chiqaradi. Bu – 210 tacha davlatda bir kishi uchun kerakli o‘rtacha mahsulotni 3,5 kishi iste’mol qilishiga to‘g‘ri kelyapti, degani! Aynan shuning uchun ham, istaymizmi-yo‘qmi, dunyo ikkiga – boylar va kambag‘allarga ajraladi. Afsuski, biz hozircha boylar guruhiga qo‘shila olmadik.

 

O‘tgan yili mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining kishi boshiga taqsimoti 1,5 ming dollarni tashkil etdi. Turkiyada bu ko‘rsatkich – 9,5 ming; Janubiy Koreyada esa 35 ming dollar. AQShda dunyo aholisining bor-yo‘g‘i 5 foizi istiqomat qiladi. Biroq bu mamlakat xalqi jahon umumiy mahsulotining 21 foizini ishlab chiqaradi. Yoki biz 1 gektar yerda 300 dollarlik mahsulot yetishtiramiz. Turkiyada bu ko‘rsatkich 2 ming, Misrda 8 ming, Isroilda esa 12 ming dollarni tashkil etadi. Sirasi, ishlab chiqarishni rivojlantirmay, ya’ni mamlakat yalpi ichki mahsuloti miqdorini oshirmay turib milliy yuksalishga erishib bo‘lmaydi.

 

Qoloqligimiz, taraqqiyotdan ortda qolganimiz – texnika-texnologiyamiz, ilm-ma’rifatimiz, salohiyatimiz, ma’naviyatimizni o‘stirmaganimizdan. Buning obyektiv va subyektiv sabablari bor, albatta. Taraqqiyotga erishish uchun ikki narsa – mablag‘ va uni oqilona sarflay oladigan aql kerak. Agar ana shu aqlni keng ma’noda “ma’naviyat” deb atasak, milliy yuksalishimiz darajasi bevosita ham, bilvosita ham milliy ma’naviyatimizga bog‘liq ekani ayonlashadi.

 

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining ma’naviyat, ma’rifat hamda milliy g‘oyani rivojlantirishga doir farmon va qarorlari, jami 9 qonunosti hujjat qabul qilindi. Xususan,2017-yil 28-iyulda Prezidentning“Ma’naviy-ma’rifiy ishlarsamaradorligini oshirishva sohanirivojlantirishni yangibosqichga ko‘tarishto‘g‘risida”,2019-yil 3-mayda “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.

 

Mamlakatimizda 20172021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. Mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ta’lim sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish orqali mamlakatda ta’lim tizimini isloh qilish har qachongidan ko‘ra ham muhim bir vazifaga aylandi. Milliy yuksalishimiz kadrlar salohiyatiga chambarchas bog‘liqligini o‘ylasak, bu farmon mohiyati va ahamiyatini chuqurroq anglab yetamiz.

 

Hozirgi vaqtda poytaxtimizning har yerida yigit-qizlarni ishga da’vat etayotgan e’lonlarga ko‘p duch kelamiz. Bilinar-bilinmas ko‘ringan bu yangilik zamirida hayotimizda jiddiy o‘zgarish yuz berayotganini his qilish qiyin emas. Demak, yangi-yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lyapti. Bundan xursand bo‘lishimiz kerak. Lekin ana shu e’lonlarning bir nozikkina joyi bor. E’lonlarda falon-falon kasblar bo‘yicha malakali yigit va qizlar kerakligi qayd etiladi. Yoshlarimiz ko‘p, lekin ular orasida ana shu malakali kasb egasini topish oson emas-da. Malakali mutaxassislar tayyorlashni davlat va xalq birgalikda hal etishi kerak.

 

Joriy yil 6-sentyabrda Prezidentning “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. 2020/21-o‘quv yilidan ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari joriy etiladigan ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil qilinadigan bo‘ldi. Ochig‘ini aytish lozimki, kasb-hunar kollejlari o‘zini oqlamadi. Buning sabablarini sanab o‘tirishning mavridi emas. 2020/21-o‘quv yilidan boshlab ana shu kollejlar o‘rniga tamoman yangi, ya’ni boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi joriy etiladi. Bu tizim kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan tashkil topadi.

 

Ba’zilarimizning ta’lim bilan bog‘liq tasavvurlarimiz hayot talablariga mos emas. Yaqinda ikki ota bilan gaplashdim. Birining o‘g‘li to‘qimachilik bo‘yicha bakalavriatni imtiyozli diplom bilan tugatgan, ikkinchisining farzandi esa Toshkent islom akademiyasining bakalavriat bo‘limini tamomlagan. Bir-biriga aloqasiz ravishda ikkala otaning ham dardi – nima qilib bo‘lsa ham, o‘g‘lini iqtisodiyot sohasida magistraturada o‘qitish. Axir, daraxt bir joyda ko‘karmaydimi? Bu yigitlar o‘sha o‘zi tanlagan, o‘qigan sohada yana bilimini oshirishi, zo‘r mutaxassis bo‘lishi kerak emasmi? Hozir dunyodagi yirik paxtachilik davlatlaridan birimiz. Lekin ertaga ulkan to‘qimachilik mamlakatiga aylanamiz-ku. Yoki bugun ma’naviy hayotimizda islomshunoslarga ehtiyoj kuchayib borayotir. Nima, iqtisodiyot sohasida o‘qigan yoshlar hash-pash deguncha katta boyga aylanib qoladimi? Biz ko‘pincha hamma narsaga birdaniga erishmoqchi bo‘lamiz. Boshqacha aytganda, uzoqni emas, yaqinni ko‘ramiz. Bu ham aslida ma’naviyat masalasi.

 

Muqaddas dinimizda “Hamma narsa niyatga bog‘liq” degan qoida mavjud. Insonda hamma narsani fikr boshqaradi. Xalq tafakkuri qancha teranlashsa, maqsadlarini ana shunga mos ravishda belgilab, harakat qiladi. Ya’ni iqtisodiy ravnaqqa ham aynan ma’naviy yuksalish orqali erishiladi.

 

Agar mamlakat taraqqiy etsa, tabiiyki, yangi-yangi ish o‘rinlari yuzaga keladi. Ish o‘rinlari ko‘paysa, o‘z-o‘zidan, yoshlar ish izlab xorijga borishiga hojat qolmaydi, loaqal chetga ishlash uchun ketayotganlar soni keskin kamayadi.

 

El orasida yurib, ayrim holatlardan xafa bo‘lib ketaman. Kaminani ba’zi birovlarning ezgulikka yo‘g‘rilgan ana shu jarayonlarga befarqligi, hayotdan uzilib qolgani, o‘zgarishlarni ich-ichdan his qilolmayotgani, hattoki, ko‘zi bilan ko‘rib turgan ishlarni inkor etayotgani tashvishga soladi.

 

Bugun aynan qanday kishilar mamlakatda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar jarayoniga qo‘shila olmayapti?

 

Birinchi navbatda – ishsizlar. Sho‘ro davridan fuqaro uchun ish joyini davlat yaratib beradi degan xato tasavvur o‘rnashib qolgan. Holbuki, bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatning ishlab chiqarishdagi ulushi kamaygandan kamayib boradi. Fuqarolar o‘ziga o‘zi ish topishi, yangi-yangi ish joylari barpo etib ketaverishi kerak. Davlat bunga yo‘l ochib, qulay sharoit yaratib berishi lozim.

 

Yana bir toifa bor. Na gazeta, na jurnal o‘qiydi, na radio eshitadi, na televizor ko‘radi. Qo‘lida – telefon. Ovqat yeyayotganda ham ikki ko‘zi – ana o‘sha tumtumagida. Uni titkilagani titkilagan. Internetga kirib, ijtimoiy tarmoqlardagi axborotni saralab-saralamay “hazm” qilaveradi. Ijtimoiy tarmoqda esa nimalar yozilmayapti deysiz! Shunday qulay ommaviy axborot vositasidan o‘zining g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanmoqchi bo‘lgan kuchlar kam deb o‘ylaysizmi? Ularning aksari aynan suvni loyqalatib, baliq tutishdan, ya’ni odamlar ong-tafakkurini bulg‘ash, ularni asl maqsaddan chalg‘itish, davlat bilan xalq o‘rtasiga ishonchsizlik cho‘g‘ini tashlab qo‘yishdan juda-juda manfaatdor.

 

G‘arazli guruhlarning davlatimiz siyosatiga bunday yondashuvi – xuddi futbolda aldab o‘tayotgan o‘yinchini chalib yiqitishdek gap. Chalib yiqitishda esa qoida buzilgan hisoblanadi va yiqitgan komanda jarima to‘pi bilan jazolanadi. Chunki futbolda ham, siyosatda ham g‘irrom o‘yinga yo‘l qo‘yilmasligi shart va zarur! Agar yo‘l qo‘yilsa, buning nomi “ig‘vo” deyiladi. Ammo, ming afsuski, kimlardir ana shu ig‘voga uchadi-da.

 

Yana bir toifa bor. Faqat Rossiya telekanallarini tomosha qiladi. Uning axboriy maydonini ana shu mamlakatda kechayotgan voqea-hodisalargina tashkil etadi. Albatta, Rossiya – hududi jihatidan eng katta, xalqaro jarayonlarga ta’siri sezilarli bo‘lgan davlat; yerosti va yerusti boyliklari bisyor. Mustamlaka bo‘lmagan, aksincha, hozir ham, rosti, bir imperiya. Uning tosh-u tarozisi tamoman boshqacha.

 

Ana shu “rusiyona” mezonlar bilan O‘zbekistonga yondashib bo‘ladimi? Yondashganda nima yuz beradi? Ichki qaramlik tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Bundaylarning nazarida mamlakatimiz rivojlanishi uchun bittagina yo‘l bor emish – bu ham bo‘lsa, yana qaytadan Rossiyaga bosh egish emish. Hay-hay, hay-hay! Endi bunday bo‘lmaydi. Hech qachon bunday bo‘lmasligini Rossiya davlatining o‘zi ham teran anglaydi.

 

Ochig‘i, bir shaharda turib ikkinchi bir shahar xaritasi bilan yurib bo‘lmagani singari, bir mamlakatda istiqomat qilib, ikkinchi bir mamlakat mafkuraviy-axboriy maydoni bilan yashashning aslo imkoni yo‘q. Oqibat nima bo‘ladi? O‘zbekistonda o‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilinganidan 30 yil o‘tib ham kimlardir “O‘zbekiston Respublikasi degan mustaqil mamlakatda rus tili davlat tili bo‘lishi kerak”, deb xarxasha qila boshlaydi. Holbuki, bu gapni yozganlar butun dunyo ahli oldida uyalishi kerak.

 

Sho‘ro davrida ustozimiz, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi G‘aybulla as-Salom “Yahudiylar o‘lik tilini tiriltirdi, biz tirik tilimizni o‘ldiryapmiz. O‘zbek bo‘l – yahudiy bo‘l!” deb yozgan edilar. Mana, o‘sha tirik tilini o‘ldirganlar avlodi bugunga kelib tap-tayyor o‘z tilidan voz kechib, boshqa bir xalqning tiliga davlat tili maqomi berilishini taklif qilib chiqyapti-ya, qarang. Ba’zan “O‘zligimizni hali ham to‘liq anglab yetmadikmikan” degan o‘y kechadi ko‘ngildan.

 

Yana bir toifa paydo bo‘lgan. Bundaylar davlat nima yangilikni amalga oshirsa, uni teskari talqin qilishga urinadi. Shunaqa mafkuraviy kasallik bor, chamamda. Oqni “qora” deb tursang, hamma senga qaraydi-da. Odamzodning fe’li shuki, kimdir fikrni chaynab bersa, uni yamlamay yutadi. O‘sha gapni eshitganlar orasidan kamdan-kami e’tiroz bildiradi. Oqibatda xato, hatto davlatga qarshi, ig‘vogarona, eskicha atama bilan ifodalaganda, provakatsion g‘oya el­ulus orasida tarqala boshlaydi. Endi kim uyma-uy yurib, shu davrada bu gapni eshitganlarga to‘g‘ri gapni aytib chiqadi?

 

Bozor iqtisodiyoti sharoitida mehnatga layoqatli har bir fuqaro o‘nglanib ololmagan bo‘lsa, bilingki, u o‘zini, oilasinigina emas, butun mamlakatni orqaga tortgan bo‘ladi. Chunki milliy yuksalish mamlakatdagi har bir inson mehnatining misqollab yig‘ilgan mahsuli o‘laroq voqelanadi. Chunki milliy yuksalish, avvalo, har bir fuqaroning yuksalishi asosiga quriladi. Demak, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan g‘oya bugun hammamizning maqsadimiz, ya’niki milliy shiorimiz bo‘lmog‘i darkor.

 

Sultonmurod OLIM

 

Tafakkur” jurnali, 2019-yil 3-son.

“Yuksalish yuki” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 118
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//