“Kitob ul-xaroj” – o‘n bir asr oldingi soliq siyosati qanday bo‘lgan?


Saqlash
18:16 / 09.02.2022 2867 0

Islom olamida Abu Yusuf nomi bilan mashhur bo‘lgan Yoqub Abu Yusuf ibn Ibrohim al-Kufiy (735–798)ning ijtimoiy-falsafiy qarashlari, xalifalik soliq tizimining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Abu Yusuf tomonidan bir qancha asarlar yozib qoldirilgan. Ular ichida “Kitob al-xaroj” asari ancha mashhur bo‘lib, unda Abu Yusufning ijtimoiy-falsafiy qarashlari keng yoritilgan. Qolaversa, bu asar eng qadimiy qo‘lyozma (VIII asr) asarlar sirasiga kiradi (Абу Йусуф Йакуб б. Ибрахим ал-Куфи. Китаб ал-Харадж (Мусульманское налогообложение) / Пер. с арабского и комментарии А.Э.Шмидта. Супракомментарии к переводу А.С.Боголюбова. Подготовка к изданию, вступит. статья и указатели А.А.Хисматулина. СПб., 2001).

 

“Kitob al-xaroj” asarida islomdagi asosiy iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlar to‘liq yoritilgani hamda arab xalifaligida soliq tizimi qay tarzda tarkib topganligini yoritish bilan bir qatorda juda qimmatli tarixiy ma’lumotlar keltiriladi. Chunki asarning faqatgina qadimiy qo‘lyozma ekanligi emas, balki u bizga aynan VIII–IX asrlarda xalifalikda va yurtimiz hayotida soliq tizimi qanday bo‘lganligi va keyinchalik uni tarixiy evolyusiya natijasida qay tariqa o‘zgarganligini kuzatish imkonini beradi. Abu Yusufning qarashlari, ayniqsa, u tomonidan ishlab chiqilgan soliq tizimi va yerga bo‘lgan munosabat bevosita Markaziy Osiyo xalqlari hayotiga katta ta’sir o‘tkazdi.

 

Abu Yusuf yashagan davr islom tarixida katta ilmiy uyg‘onish bo‘lgan davr hisoblanadi. Bu davrda Qur’oni karimni tafsir qilish, fiqh, falsafa, tarjimachilik  juda taraqqiy etgan edi. Abu Yusuf ushbu kitobni Xalifa Horun ar-Rashid davrida bosh qozi bo‘lib ishlagan paytlarida yozgan. Abu Yusuf ushbu risolani xalifaning soliqqa tortish masalalari, davlat boshqaruvi, jinoyat qonunchiligi va boshqa masalalar bilan bog‘liq diniy me’yorlar holati haqidagi so‘rovlariga javoban yozgan. Asar xalifaga nasihat qilish bilan boshlanib, uni yuksak ma’naviyatli va odil hukmdor sifatida o‘z xalqi oldidagi vazifalarni sidqidildan ado etishi lozimligini ta’kidlaydi (Abu Yusuf, Kitab al-Kharaj, Beirut: Dar al-Marifah: 1979, pp.119).

 

Muallif soliq masalalarini muntazam o‘rganishdan oldin “soliq to‘lovchining to‘lov qobiliyati”, “soliq yig‘uvchilarning ishonchliligi”, davlat samarali va halol soliq ma’murchiligiga muhtoj ekanligini ta’kidlab o‘tadi (Sabahiddin Azmi. Abu Yusuf’s contribution to the theory of public finance. Dissertation submitted of the degree of master of philosopy in economics. India. 1995. p. 34). Abu Yusuf mamlakat taraqqiy etishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish zarurligini ta’kidlaydi, shuningdek u ko‘priklar qurish, kanallar qazish kabi ishlarni amalga oshirishda davlat bunday xarajatlarni qanday qoplashi bo‘yicha takliflar beradi va jumladan, bunda adolatli va samarali soliq tizimini joriy etish zarurligini ta’kidlaydi. Muallifning ta’kidlashicha, davlatning asosiy daromadi ekin yerlaridan olinadigan soliqlarga bog‘liq, shunga ko‘ra yangi soliq tizimi ko‘proq maydonlarga ekin ekishga undaydi. U o‘z xalqining ehtiyojlarini qondirish va ularning har tomonlama farovon yashashi borasida hukmdorga qator takliflarni bayon qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukmdor davlat pullarini ishonchli tarzda saqlashi va uning sarflanishi uchun javobgar bo‘lishi kerak.

 

Kitobning yondashuvi pragmatik va huquqiy xususiyatga ega. Bu shunchaki islomning moliya tizimi to‘g‘risidagi risola emas, aksincha, bu o‘sha davrda jamiyatdagi o‘zgarishlar yoritilgan, islom qonunlari nuqtayi nazaridan amalga oshiriladigan soliq tizimini yaratish uchun qilingan ilk sa’y-harakatlardir. U o‘zining yuksak tahlili bilan tarixiy dalillar asosida islom moliya tizimining moslashuvchanligi va barcha jamiyat hamda zamonlarga moslasha oladigan sifatga ega ekanligini isbotlashga urindi. Abu Yusuf fiqh olimi va din ulamosi sifatida o‘z fikrlarini Qur’oni karim oyatlari, Payg‘ambar (s.a.v) odatlari va taqvodor xalifalarning amallari bilan mustahkamlashga harakat qilgan.

 

Ushbu asarda ifoda etilgan g‘oyalarning ahamiyati shundaki, muallif VIII-IX asrda xalifalikdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda davlatni birlashtiradigan qonun va me’yorlarni ishlab chiqqan. Masalan, o‘sha davrda teng huquqlilik va adolatlilik g‘oyalari o‘ta muhim fikrlar edi. Chunki abbosiylar davlat boshqaruvi tepasiga endi kelgan bo‘lib, xalqni o‘zining adolatli boshqaruv konsepsiyasiga ishontirishi lozim bo‘lgan. Buning uchun bir qator islohotlar o‘tkazilgan. Sababi ummaviylar bosib olgan o‘lkalarda arablar xo‘jayin maqomida yashashar edi.

 

Osiyoning qadimgi yuksak madaniyatli o‘lakalariga kelgan arablar, yunonlar, yahudiylar, suriyaliklar, forslar, so‘g‘diylarga nisbatan birmuncha qoloq ekanligini aytish lozim. Ularning bu o‘lkalarga qadam qo‘yishi endi shakllana boshlagan feodal jamiyati rivojiga va ozod dehqonlarning feodallar asoratiga tushishiga, yer-suvga qaramligining kuchayishiga olib keldi. Bu mehnatkash omma noroziligiga sabab bo‘ldi. Xalifalikda kishining mulki unga dahlsizlik huquqini berar edi. Xalifalar zabt etilgan o‘lkalardagi yer-mulklarni qo‘shinga bo‘lib berar edi. Ammo bu qo‘shinning zaiflashuviga olib keldi. Umar (r.a) bosib olingan o‘lkalardagi yerlarni mahalliy aholining o‘zida qoldirishga qaror qildi. U o‘zlashtirilmagan, ekin ekib bo‘lmaydigan yerlarni xalqqa ishlov berish va o‘zlashtirish sharti bilan berdi. Bunda xalq o‘zlashtirilmagan yerni o‘zlashtirdi va uni o‘ziga mulk qilib oldi. Lekin yer davlatga tegishli bo‘lgani bois islom qonunchiligida bir qator yangi qoida va me’yorlarni ishlab chiqish zarur edi.

 

Xalifalikdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat xalqning iqtisodiy holatini, shuningdek, madaniy hayotdagi bir qator diniy xurofiy botil e’tiqodli mazhablarning vujudga kelishi hayotiy jarayonni murakkablashtirar edi. Abu Yusuf mana shunday murakkab siyosiy jarayonlarni hisobga olgan holda “Kitob ul-xaroj” asarini yozdi. U doimiy ravishda Horun ar-Rashidga o‘zining qarashlarini bildirib, maslahatlar beradi. Asarda “Kimki, adolatli siyosat olib borsa, uning martabasi yuksak bo‘ladi va boshqaruvda yengillik bo‘ladi. Kimki, adolatsiz siyosat yurgizsa, undan xalq yuz o‘giradi va boshqaruvda og‘irlik sezadi” (Абу Йусуф Йакуб б. Ибрахим ал-Куфи. Китаб ал-Харадж (Мусульманское налогообложение) / Пер. с арабского и комментарии А.Э.Шмидта. Супракомментарии к переводу А.С.Боголюбова. Подготовка к изданию, вступит.статья и указатели А.А.Хисматулина. СПб., 2001. – с. 8), deb ko‘p ta’kidlanadi. Albatta xalifa bu so‘zlarni e’tiborga olgan bo‘lishi kerak.

 

Qadimgi davr, o‘rta asrlar va hozirgi davrlarda ham biz barcha jamiyatlarda  davlat daromadining asosiy manbalaridan biri sifatida yer solig‘ini uchratamiz. Mutaxassislar yer “tabiiy mahsulot” ishlab chiqaradigan yagona manba ekanligi to‘g‘risidagi konsepsiyani ishlab chiqdilar va davlatni moliyalashtirishning yagona yo‘li yerga soliq solish ekanini ta’kidladilar.

 

Rim va sosoniylar hududlari musulmonlar tomonidan zabt etilgan paytda yer solig‘i yerga nisbatan belgilangan. Rim imperiyasida yerlar unumdorligiga qarab turli toifalarga ajratilgan (A.Islomov, F.Egamov. Iqtisodiy ta’limotlar tarixi. T., 2003 y. – b. 18). Xalifa Umar (r.a) soliq yig‘ishda Sosoniylar tartibotini saqlab qolishni ma’qul ko‘rdi. Bu tizim misaha deb nomlangan. Abu Yusuf bu tizimni zukkolik bilan o‘rganib chiqdi va uning kamchiliklarini aniqladi. Uning fikricha, bu tizim xalifa Umar (r.a) davrida o‘z samarasini bergan. Biroq u soliqni adolatli yig‘ishga olib kelmaydi. Aftidan, u ushbu usulni davlat xazinasi uchun yillik kafolatlangan daromadni ta’minlash va kam ishlab chiqarish bahonasida dehqonlarni soliq to‘lashdan bosh tortishining oldini olish maqsadida taklif qilganga o‘xshaydi.

 

Abu Yusuf “Kitob ul-xaroj” asarida xiroj solig‘ining yangi usulini joriy  etishni taklif etadi. Abu Yusufgacha bo‘lgan davrda bosib olingan yerlarni soliqqa tortishda Umar (r.a) joriy etgan tartib bo‘yicha amalga oshirilgan bo‘lsa, Abu Yusuf Umar (r.a) hukmidan chetga chiqib, o‘z risolasida yerning hajmidan emas, balki yetishtirilgan hosilni taqsimlashga asoslanadigan soliq usuli – muqosamani taklif etdi (Sabahiddin Azmi. Abu Yusuf’s contribution to the theory of public finance. Dissertation submitted of the degree of master of philosopy in economics. India. 1995. p. 132).

 

U soliqlarni naqd pul yoki natura shaklida yig‘ish lozimligini aytib o‘tdi. Bu tizimga ko‘ra narxlar o‘zgarishi davlat daromadlariga zarar yetkazmaydi va dehqonlar daromadi kamaymaydi. Chunki yangi tizimga asoslangan soliq egalik qilinadigan yerlarning umumiy maydonidan qat’iy nazar, hosilning umumiy miqdoriga qarab hisoblab chiqiladi. Bu  usul yerdan yaxshi daromad ololmaydigan dehqonlar uchun yengillik bo‘ldi. Bundan tashqari, u dehqonlarni o‘zlashtirilmagan va qarovsiz yerlardan foydalanishga va yangi tizim asosida qo‘shimcha daromad olishga ishontirdi. Abu Yusuf yangi tizim davlatning soliqdan tushadigan daromadlari ko‘payishini ta’kidladi. Shuning uchun u davlat dehqonlarga yaxshi sharoit yaratish uchun yangi kanallar qazishi, eski kanallar suv yo‘llari tozalashi va zaruriy ishlarni amalga oshirishi lozimligini qat’iy tavsiya qildi (O‘sha asar. – b. 133). Abu Yusufning ushbu qarashlarini mulohaza qilar ekanmiz, u soliq manbayi sifatida yerni emas, balki yerdan olinadigan daromadni afzal ko‘rgan. Mol-mulkni soliqqa tortishmi yoki mulkdan tushadigan daromad samaralimi, degan masala iqtisodchilar o‘rtasida har doim muhokama mavzusi bo‘lib kelgan: Abu Yusufning bu boradagi qarashlarini o‘rganib shuni aytishimiz mumkinki, u soliq manbayi sifatida mulkdan tushadigan daromadni tanlagan.

 

Abu Yusuf o‘z asarida mamlakatda turli huquq va imtiyozlarga ham to‘xtalgan. Masalan, ahli kitob vakillarining diniy bayramlarini o‘tkazish, cherkovlar, ibodatxonalar va monastirlarni qurish, muqaddas kitoblarini o‘qishiga ruxsat berish va boshqalar. Ushbu masalalarning barchasi soliqqa tortish yoki davlat moliyasi bilan bog‘liq bo‘lmagan bo‘lsa-da, ular Abu Yusufning ta’kidlashicha, davlatning huquqiy asoslari uchun juda muhimdir. Demak, Abu Yusufning “Kitob ul-xaroj” asarida faqat “yer solig‘i” bilan bog‘liq masalalar emas, jamiyat hayotini tartibga soladigan boshqa masalalarga ham ahamiyat berilgan.

 

Asarida keltirib o‘tilgan iqtisodga oid fikrlar juda katta ahamiyatga ega, chunki bu asar islom iqtisodiyoti bo‘yicha yozilgan ilk asar sifatida ilk musulmon olimining tafakkuri haqida tushunchaga ega bo‘lish uchun asarni batafsil ko‘rib chiqish kerak edi. Davlat moliyasi va boshqaruv tizimi bo‘yicha keng qamrovli ma’lumotlarni o‘zida jamlaganligi kitobning bugungi kundagi ahamiyatini yanada oshiradi.

 

Abu Yusuf arablar va ajamlar o‘rtasida ziddiyatni keltirib chiqarmaydigan g‘oyalarni bayon etgan. Asardagi najron xalqiga nisbatan olib borilgan siyosat yoki bo‘lmasa zimmiylarga nisbatan muomala haqidagi fikrlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

 

Abu Yusuf  ijtimoiy tenglik va adolatli boshqaruv bo‘lganda mamlakat taraqqiy etajagini anglab yetgan. Abu Yusufning bu g‘oyalari xalifalikda ajamlarga nisbatan odilona siyosat olib borishga turtki bo‘lgan. Boshqaruvning keyingi yillarida mahalliy hokimiyatni tub yerli aholidan chiqqan kishilarga berilganligida buni ko‘rishimiz mumkin. Xususan, xalifa Ma’mun davrida Xuroson va Movarounnahr yerlari Tohir ibn Xusayn va Somonxudotning nabiralariga bo‘lib berildi. Ular keyinchalik o‘sha yerlarga hukmronlik qildilar. Aytish mumkinki, ular tuzgan davlatlarning negizi islom davlati asosida edi. Davlat tuzilishining har bir bo‘g‘inida xalifalik boshqaruvidagi qonuniy me’yorlar ko‘zga tashlanadi.

 

Abu Yusuf islomni xalq orasida faqat yoyish emas, balki unga amal qilish muhimligini  ham uqtiradi. “Kitob ul-xaroj” asaridagi takliflar xalifalik aholisi kundalik hayotda amal qiladigan tartib-qoidalar davlat qonuni etib belgilandi.

 

U arab va ajam xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilashga, tenglashtirishga intildi. U kishilar qaysi millatga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar, inson ekanligini va shunga ko‘ra adolatli boshqaruv olib borish kerakligini ta’kidladi (Абу Йусуф Йакуб б. Ибрахим ал-Куфи. Китаб ал-Харадж (Мусульманское налогообложение) / Пер. с арабского и комментарии А.Э.Шмидта. Супракомментарии к переводу А.С.Боголюбова. Подготовка к изданию, вступит.статья и указатели А.А.Хисматулина. СПб., 2001. – с. 357).

 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Abu Yusufning “Kitob ul-xaroj” asari islomiy-iqtisodiy soliq tizimiga oid muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga olish bilan birga VIII-IX asrlardagi xalifalikdagi mavjud ijtimoiy-siyosiy holatni  to‘laqonli aks ettiradi.

 

Abduqahhor RAHMONOV,

TTA Termiz filiali

Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi mudiri

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//