Yunus Rajabiy (05.01.1897 – Toshkent – 23.04.1976) bastakor, xonanda va sozanda (nay, dutor), o‘zbek musiqa merosini to‘plovchisi, O‘zbekiston xalq artisti (1953), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1966) hisoblanadi (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi “R” harfi, – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004 // www.ziyouz.com kutubxonasi manbasi. – B. 133).
Yunus Rajabiy dastlab madrasada, keyinchalik Turkiston xalq konservatoriyasida (1919–1923), Toshkent Oliy musiqa maktabining tayyorlov kursi (1934) hamda Moskvada tashkil etilgan bastakorlar kursi (1940–1941)da ta’lim olgan. Dutor chalishni Mirza Qosimdan, keyinchalik o‘zbek mumtoz musiqa merosini Sh. Shoumarov, Hoji Abdulaziz, To‘ychi hofiz, Domla Halimlardan o‘rgangan. Samarqand pedagogika bilim yurtida musiqa o‘qituvchisi (1923–1925), Samarqand teatrining musiqa rahbari (1925–1927), O‘zbekiston radiokomiteti qoshidagi xalq cholg‘u sozlari ansambli (keyinchalik xalq cholg‘ulari orkestri) tashkilotchisi va badiiy rahbari (1927–1942, 1945–1959), Yangiyo‘l teatri musiqa rahbari (1942–1945), O‘zbekiston teleradiosining “Maqom” ansambli tashkilotchisi va badiiy rahbari (1959–1976) bo‘lib ishlagan.
Yunus Rajabiy bir qancha qadimiy o‘zbek xalq kuy va ashulalarini qayta ishlab tiklagan: “Subhidam”, “Yolg‘iz” “Sayqal”, “Fig‘on”, “Oraz”, “Begi Sulton” va boshqa ijrochilik faoliyatini bastakorlik bilan birgalikda olib borgan Yunus Rajabiy o‘zbek musiqali dramasining shakllanishiga muhim hissa qo‘shgan. Dastlab, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Rustam”, “Avaz”, “Xolisxon” kabi spektakllarga xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan. Keyinchalik B. Nadejdin bilan hamkorliqda “Qasos”, N.Mironov bilan “Qo‘chqor Turdiev”, G.Mushel bilan “Muqanna”, O.Halimov bilan “Nodira”, B.Zeydman bilan “O‘g‘il uylantirish”, Sayfi Jalil bilan “Navoiy Astrobodda” singari musiqali dramalarni yaratgan. U “Zaynab va Omon” operasining yozilishida ishtirok etgan.
Yunus Rajabiy, shuningdek, “Fabrika yallasi”, “Bizning davron”, “Mirzacho‘lda to‘y”, “O‘zbekiston”, “Yangrasin Gulyor”, “Dugonalarga”, “Qadah”, “Koshki”, “Gul sochar”, “Judo”, “Ra’nolanmasun”, “Chavandoz”, “Kuygay” kabi qo‘shiq va ashulalar, “O‘yin Bayoti”, “O‘yin Dugohi”, “Paxta” singari raqs kuylari yaratgan.
Yunus Rajabiyning, ayniqsa, o‘zbek musiqa merosini to‘plashdagi xizmatlari katta. U 1935-yildan xalq, kuy va ashulalarini notaga yoza boshlagan. Natijada, Y.Romanovskaya va I.Akbarov tuzgan “O‘zbek xalq qo‘shiqlari” (1939) to‘plamidan Yunus Rajabiy notaga olgan 29 ta xalq musiqa namunasi o‘rin olgan. 1955–59-yillarda Yunus Rajabiy 5 jildli “O‘zbek xalq musiqasi” (I. A. Akbarov tahririda) to‘plamini nashr ettirdi. Unga mingga yaqin turli janrdagi o‘zbek (bir qancha tojik, uyg‘ur) kuy va ashulalari, Buxoro shashmaqomi, Farg‘ona — Toshkent maqom yo‘llari, katta ashulalar, XX asr bastakorlari (Hamza, K. Jabborov, N. Hasanov, S. Kalonov, F. Sodiqov, T. Jalilov, M.Mirzaev va boshqa)ning asarlari kiritilgan.
“Maqom” ansambli bilan ishlashi jarayonida Yunus Rajabiy Shashmaqomning 6 jildli yangi nashrini (1966–74, F.Karomatov tahririda) hamda grammplastinka yozuvlar mukammal to‘plamini (Toshkent grammyozuvlar studiyasida, 1970 yillar) tayyorladi. T. Sodikov, D. Zokirov, D. Soatqulov, F. Sodikov, N. Hasanov, K. Jabborov, S. Kalonov, K. Mo‘minov, O. Imomxo‘jaev, B. Dovidova, K. Ismoilova, O. Alimahsumov, T. Alimatov va boshqa san’atkorlar Yunus Rajabiyning shogirdlaridir (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi “R” harfi, – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004 // www.ziyouz.com kutubxonasi manbasi. – B. 133).
Yunus Rajabiy Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1971), “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni (2000) bilan mukofotlangan. Uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Yunus Rajabiy” (“O‘zkinoxronika” studiyasi, 1967; “O‘zbektelefilm” studiyasi, 1990), “Umr daftari” (O‘zbekiston televideniyesi, 2001) filmlari suratga olingan.
O‘zbekiston KP MK va O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1976-yil 9-iyuldagi 408-sonli “O‘zbekiston SSR xalq artisti, O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi akademigi kompozitor Yunus Rajabiy xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Jizzax musiqali drama teatriga, Toshkent musiqa pedagogika bilim yurtiga, Toshkentdagi ko‘chalardan biriga Yunus Rajabiy nomi berilgan. Shuningdek, O‘zbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi “Maqom” ansambli va metro bekati Yunus Rajabiy nomi bilan yuritiladi. 2001-yil Yunus Rajabiy madaniyat markazi ham tashkil etilgan.
O‘zbekiston Hukumatining 1989-yil 13-sentabrdagi 301-sonli qarori va Madaniyat ministrligining 1989-yil 28-sentabrdagi 385-sonli buyrug‘iga asosan Yunus Rajabiy 1957–1976-yillarda yashab ijod etgan uy (Toshkent, Yunus Rajabiy ko‘chasi, 20-uy)da muzey tashkil etilgan.
Muzeyning umumiy maydoni 484 kv.m., ko‘rgazma maydoni 181 kv.m. bo‘lib, 6 ta ko‘rgazma xonasi mavjud. Uning har biri ma’lum voqelikni yoritishga bag‘ishlangan: “Yoshlik va o‘smirlik davri”, “Me’morial xona”, “O‘zbek xalq musiqasi”, “Shashmaqom”, “Abadiyat”, “Musiqa tinglash va filmlar ko‘rish” xonalari. Muzeyda 6700 ga yaqin eksponat saqlanadi. Shulardan 847 tasi muzey ekspozitsiyalarida ko‘rsatilgan. Ekspozitsiyadagi XIX asr boshlarida tanbur chizig‘ida Komil Xorazmiy tomonidan yozilgan o‘zbek maqomlarining eskicha nota yozuvi kitobi, Yunus Rajabiy o‘zi chalgan nay hamda pianino, Yunus Rajabiy yozgan 12 jildli kitob qo‘lyozmalari, 5 jildi “O‘zbek xalq musiqasi”, 6 jildi “Shashmaqom”, “Musiqa me’rosimizga bir nazar” nomli musiqiy risolasi, kiyim-boshlari, konsert kiyimlari, o‘zbek xalq cholg‘u sozlari kolleksiyasi, o‘z oilasi, ustozlari, shogirdlari va safdoshlarining moybo‘yoqda ishlangan portretlari, fotosuratlari uy-muzeyining noyob eksponatlar hisoblanadi.
Uy-muzey Yunus Rajabiyning 100 yillik yubileyi munosabati bilan 1997-yili rasman ochilgan. Mazkur muzey binosi 2 qavatli bo‘lib, binoning old tomoniga Yunus Rajabiyning haykali o‘rnatilgan. Muzeyning birinchi qavatida memorial va cholg‘u sozlar ekspozitsiyasi xonasi, mehmonxona joylashgan. Memorial xonada Yunus Rajabiyning mebellari, radio, ustki kiyimi, stolining ustida esa musiqa sozi, notalari, ruchka, choynak-piyolalari qo‘yilgan. Uning hayotligidagi muhit saqlanib qolgan. Yunus Rajabiy uy-muzeyining direktori Hasan Rajabiydir.
Muzeyda maxsus katta zal bo‘lib, u o‘zbek maqomiga bag‘ishlanadi. Unda O‘zbekiston madaniyati musiqa tarixiga doir nodir hujjatlar – qo‘lyozmalar, rasmlar va boshqalar bor. Bu yerda mehmonlar va sayyohlar uchun maxsus konsertlar uyushtiriladi. Unda o‘zbek musiqasi mashhur artistlar tomonidan ijro etiladi. Muzeyda Yunus Rajabiy va boshqa mashhur musiqachilar tomonidan yaratilgan kuylarni tinglash va audio kassetalarini sotib olish, qo‘shiqchi haqidagi videofilmni tamosha qilish mumkin.
Muzey zallarini ziyorat etilayotgan vaqtlarda olib boruvchi so‘zlariga monand ravishda sokin ohanglarda barhayot navolar – o‘zbek, tojik, uyg‘ur muqomlari, ozarbayjon, arman tagilari, arab navolari, hind ragalari yangrab turadi. Tomoshabinga bu emotsional ta’sir ko‘rsatadi va u Yunus Rajabiy yashab, ijod etgan davr ruhini his etadi. Keyingi xonada pianino, setor, dutor, rubob kabi ko‘plab musiqaviy cholg‘u sozlari ekspozitsiyaga qo‘yilgan. Uchinchi xonada Toshkentning Chaqar mahallasidagi Rajabiy tug‘ilib o‘sgan uyning maketi, mahallaning fototasviri, o‘sha uyda ishlatilgan uy ro‘zg‘or buyumlari, onasining portreti, so‘zana, san’atkor zamondoshlarining fotosuratlari joylashgan.
Ikkinchi qavatga chiqaverishda rassom S.Raxmetov tomonidan yaratilgan kartina osilgan. Birinchi xonada Yunus Rajabiyning hayoti va ijodi, oila a’zolari tasvirlangan fotosuratlar, hujjatlar namoyish etilgan. Ikkinchi xonada kompozitorning kutubxonasi jamlangan ishchi xonasi o‘z holicha saqlangan. Mazkur xonada ham Rajabiy yashagan davr ruhi sezilib turadi.
Uy-muzeyning “Yoshlik yillari” bo‘limidagi: kashkul-chelak (Yunus Rajabiy oilasida ishlatilgan, XIX–XX asr), shahodatnoma (Yunus Rajabiy Toshkent musiqa texnikumida o‘qiganligi haqida), Yunus Rajabiy “Bahor” musiqiy asari qo‘lyozmasi, 1926-yilga tegishli Yunus Rajabiyning Samarqandda mashhur hofizlar va sozandalar bilan tushgan fotosurati, guvohnoma (O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi), safoyil (uyg‘ur xalq musiqa sozi), obdasta (XIX asr); “San’at xonasi” bo‘limidagi: beqasam to‘n (Yunus Rajabiy Maqom ansambli bilan konsertlarda kiygan), adras to‘n, “Zaynab va Omon” operasi programmasi, Yunus Rajabiyga 1953-yilda berilgan “O‘zbekiston xalq artisti” nishoni, telegramma (Yunus Rajabiyni 70 yosh yubileylari bilan SSSR Radio va Televideniesining vaziri N.Mesyasev tabriklagan) fortopiano (Yunus Rajabiy 1930 yillarda sotib olgan); “Fond xonasi” bo‘limida: Yunus Rajabiyning qo‘lyozmalari (“Layli va Majnun” musiqali dramasi), qamchin (Yunus Rajabiyning rafiqasi Qumri Mutalovaning otasidan esdalik qolgan, XIX asr oxiri XX asr boshlari); “Shashmaqom xonasi” bo‘limida: “Шест музыкалных поем” китоби (1924 yil Buxoroda Fitrat va N.Mironov tahririda nas’hr ettirilgan), “Kichik bayoz” kitobi (XIX asr oxiri XX asr boshlari, Forsiy g‘azallar to‘plami (XVIII asrning ikkinchi yarmi); “Abadiyat xonasi” bo‘limida: ashula daftari (Yunus Rajabiy yonida olib yurgan), Yunus Rajabiy uy-muzeyini barpo yetilis’hida bir guruh san’atkorlarning imzosi qo‘yilgan sahifalar kabi noyob buyumlar tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otadi.
Bugungi kunda Yunus Rajabiy uy-muzeyida ziyoratchilar iltimoslariga binoan taniqli san’at ustalari jonli ijrosini tinglashlari uchun imkoniyatlar yaratilgan. Uy-muzey ziyoratchilari mashhur hofiz va sozandalarning jonli ijrolarini tinglab hamda disk yozuvlaridan xarid qilishlari mumkin.
Ushbu muzey Toshkentdagi uy-muzeylari orasida eng ko‘zga ko‘ringan, muzey ishini yaxshi tashkil etgan, juda ko‘p sonli tomoshabinlarga xizmat qiladigan, yaxshi ekskursiya ishlarini olib boradigan muzeylar sirasiga kiradi. Muzeyga 360.vrmuseum.uz internet sayti orqali 3D vizual sayohat qilish imkoniyati ham mavjud.
Shohista ELMURODOVA,
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti”
Milliy tadqiqot universiteti doktoranti
Tarix
Ma’naviyat
Din
Adabiyot
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q