“Men”ning “biz”lanishi


Saqlash
20:08 / 14.08.2021 1121 0

Ikki Renessans uzra turgan O‘zbekiston gerbida Humo qushi boqyapti. Bu tasodif emas. Humo – jahon sivilizatsiya markazlaridan biri, qadimiy va navqiron O‘zbekiston ramzi – Renessans ramzi. Madaniy kod.

Madaniy kod bu – ajdodlardan meros qolgan noyob madaniy xususiyatlar. Ular xalqning ramzlarida, goh anglangan, goh anglanmagan holda xulq-atvor, odatlarida namoyon bo‘ladi. Madaniy kod o‘zbekcha aytganda “asli qonida bor narsa”ga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, Yangi O‘zbekistonda qayta tiklanish tajribasini qayerdan izlashimiz kerak? Bu savolga javobni hazrat Alisher Navoiy tayinlab ketgan: “Har ne istarsen, o‘zingdin istagil”.

Ajdodlarimiz jahon ahliga diniy va dunyoviy ilmlarning aslini o‘rgatgan. Dunyoning yetuk olimlari bizning bobolarimiz bilan birga choy ichgani, tanishligi, shogirdligi, kitoblarini o‘qigani bilan faxrlanishgan. Bizga bugun mana shu shon, mana shu sharaf darvozasi qayta ochilmoqda. Muborak bo‘lsin, ko‘zlari ushbu satrlarda turgan hurmatli vatandoshim.

 

Tarbiyaning yangi konsepsiyasi?

Ha. 2019-yilning 31-dekabr kuni “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi” tasdiqlandi. 30 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarda Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, mas’uliyatlilik, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi tayanch fazilat va ijtimoiy kompetensiyalar rivojlantiriladi. Bu xislatlar oilaviy tarbiyaga, ijtimoiy buyurtmaga aylanadi. Shu vaqtgacha natijasi mavhum bo‘lib kelgan tarbiya mana shu tayanch fazilatlarda aksini topadi. Mukammal kompetensiya-fazilatlar bilan mustaqil hayotga kirib borgan o‘g‘il-qizlarimiz o‘zini ham, Vatanini ham baxtli qiladilar.

Hammamizning farzandimiz bor. “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepiya”sining innovatsionligi nimada? Ilgari “O‘zbekistonning 1–18 yoshgacha bo‘lgan bolalari, o‘smirlari yoshiga mos qanday ma’naviy talablarga javob berishi kerak?”, “Bir yillik tarbiyaning natijalari qanday bo‘ldi?”, degan aniq savol qo‘yilmagan. Qo‘yilsa ham, “Hamkorlikda ko‘p tadbirlar o‘tkazdik. Endi, bolalar katta bo‘lsa, ma’lum bo‘ladi-da, tarbiyasi”, degan fikrlar bildirilgan. Yoki 5-6 nafar iqtidorli yoshlarni ko‘rsatib, tarbiyaviy ishlar yutug‘i, deyilgan. Bugungi uyushmagan yoshlarimiz ana shu noilmiy tarbiyaning jabrdiydalari.

Bolalar g‘ayratli, raqsga tushishar, she’rni ko‘zlari yonib, to‘tidek o‘qishar, biroq she’r, raqs tugagach, ko‘zlari bo‘m-bo‘sh, hamma qatori bo‘lib qolishar edi. Chunki tarbiya og‘zaki edi. Amaliy emasdi. Fazilatlar treninglarda o‘rgatilmas, shu sabab natija fazilatga aylanmasdan, bilim darajasida qolib ketar edi. Shuning uchun bugun 15-20 yoshli bolalarimizning xulqi bizni ranjitayotgan bo‘lsa, bunga ular aybdor emas. Ularning bilmasligi – tushuntirilmaganidan, qilmasligi – o‘rgatilmaganidan: vatanparvarlik ham, choy suzish ham, uyalish, mas’uliyat, salom berish ham.

“Yoshlarimiz Uchinchi Renessansga xizmat qilishga tayyormi?” degan savolga endiyam “Hamkorlikda ko‘p tadbir o‘tkazganmiz. Natijasi esa bolalar katta bo‘lsa bilinadi-da”, deyish o‘zini aldashdir. “Ha endi, tarbiya, ma’naviyatni o‘lchab bo‘lmaydi-da. Boshiyam, oxiriyam yo‘q-ku”, deyish to‘xtaydi. Milliy g‘oyaning tarbiyaga qanday joriy bo‘layotgani amalda, hamma joyda, bolalarimiz fazilatlarida har kuni yoshiga mos ko‘rinib, eshitilib turadi.

Ma’naviyat va ma’rifat, mafkuraviy tarbiya bizga Vatanning o‘g‘il-qizlari sifatida ishlash va yashash burchini eslatadi. Uchinchi Renessans nima uchun, kim uchun kerakligini xalqqa uning orzulari bilan bog‘lab uqtiradi, ko‘rsatadi. Tushungan xalq – g‘oya bilan qurollangan xalqqa aylanadi. O‘z milliy g‘oyasini anglagan xalqni esa to‘xtatib bo‘lmaydi.

 

Gonorar – har satrga bir oltin tanga

Tarixda bir kishining innovatsion fikrlashi butun boshli xalqni halokatdan saqlab qolganiga misollar bor. Dunyodagi eng katta gonorar II asrda Rim imperatori Mark Avreliy tomonidan shoir-metodist Oppianga berilgan. Oppian sevgi, ishqiy o‘rtanishlar haqida emas, baliqchilik va ov qilish qoidalari haqida 20 000 baytli ikki doston yozgan edi. Imperator har bir satri uchun bir oltin tangadan qalam haqqi beradi. Chunki odamlar bu dostonlarni o‘qib, kuylab, eshitib, baliq tutish, ov qilish qoidalarini o‘rganib olishdi. Mana shu bitta artpedagogik innovatsiya xalqqa baliq tutish mahoratini o‘rgatib, ochlikdan saqlab qolgan.

Xullas, Uchinchi Renessans ma’naviyati yoshlarimizni, xalqimizni innovatsion fikrlashga, o‘ylashga, yashashga o‘rgatishni talab qiladi. Buning uchun nafaqat bolalar bog‘chalari, maktab, litsey, institutlar, balki oilalarda ham bolalarimizni innovatsion fikrlashga o‘rgatish ham farz, ham qarzga aylanmog‘i maqsadga muvofiqdir.

Milliy g‘oya – xalq orzusi, niyatining ifodasi. Milliy rivojlanishning yangi talablaridan kelib chiqib yangilanib turadi. O‘z chiqishlaridan birida Prezidentimiz “Milliy g‘oya nima uchun kerak?”, degan savolni o‘rtaga tashladi. Javobini ham bir jumlaga jo qilib, “Vatanni sevish uchun!”, dedi. Uchinchi Renessans bizdan ana shu sevgini – Vatanni uyimizdek, xalqimizni oilamizdek sevishni so‘rayapti. Chunki faqat sevgi insonni yangi, yaxshi kelajak yaratishga safarbar qiladi, madadkor bo‘ladi.

Uchinchi Renessansni kim amalga oshiradi? O‘zida Vatanga sodiqlik, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibat, mas’uliyat, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlikni mujassam qilgan o‘zbekistonliklar. Uchinchi Renessans bizdan jon, sog‘liq, mablag‘ emas, yuqoridagi fazilatlarni har kuni amalda ko‘rsatishni so‘raydi. O‘z ishimizni halol-pok, sifatli, vijdonimiz nazoratida bajarishni so‘raydi.

Ma’naviy Renessans qancha kuchli bo‘lsa, Uchinchi Renessans shuncha tez, samarali natija ko‘rsatadi. Ana shunda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ma’naviyatdagi, xarakterimizdagi islohotlar bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Buning uchun ilgari uchrab turgan “Ma’naviyatni o‘lchab bo‘larmikan?” degan ikkilanishlardan voz kechishimiz kerak. Zero, ajdodlarimiz Birinchi va Ikkinchi Renessanslarni ilmdan najot olib yaratishgan. Demak, Uchinchi Renessansda ham “Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmag‘ay” (Imom Buxoriy).

 

“Men” va “Biz” uyg‘unligi

Prezidentimiz o‘z chiqishlaridan birida “Kurashga tayyorlangan, kurashgan odam yutadi”, degan edi. Uchinchi Renessans bizdan qiyinchiliklarga qarshi kurashga tayyor bo‘lishimizni taqozo qiladi. Bu tayyorlik barcha sohalarni qamrab olishi va hamma joyda, har birimizda namoyon bo‘lishi lozim.

Masalan, xalq o‘z vatandosh tadbirkorlarini, tadbirkorlar o‘z xalqini qo‘llab-quvvatlashi kerak. Millionta “Men”dan ahil bitta “Biz”ga ko‘tarilish umumxalq harakatiga aylanishi kerak. Afsuski, buning aksi ham uchrab turadi. O‘tgan yillar hayit bayramlarida mamlakatimizning ayrim shaharlarida narx-navo ikki karra ko‘tarilganini ko‘rdik. Ba’zi shaharlarda esa bir necha bor tushirilganiga ham guvoh bo‘ldik. Bu holat pandemiya sharoitida talabalarga taksi xizmati ko‘rsatilishida, dori savdosida ham uchradi. Kimdir bepul, savob uchun, vatandoshim deb xizmat qilsa, kimdir narxni ikki-uch marotaba oshirdi. Har bir o‘zbekistonlikning bir-birida vatandoshlik haqqi va burchi bor-ku.

Demak, milliy g‘oya – motivatsiyaning ta’siri, ro‘yobi iqtisodiyotda, kundalik hayotda ko‘rinib tursa, Uchinchi Renessans yo‘lida ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar ahil bo‘lsa, qars ikki qo‘ldan chiqsa, biz yanada birlashamiz.

Milliy g‘oya odamlarga Uchinchi Renessans kim uchun, nima uchunligini, ahamiyatini tushuntiradi. U bergan motivatsiya yotganni – o‘tirishga, o‘tirganni – turishga, turganni – yurishga, yurganni – yugurishga undaydi. Rag‘bat berib, shavqlantiradi. Chunki “nega”ligini bilmagan, tushunmagan odamlar birlashmaydi. Qo‘shilsa ham, ko‘r-ko‘rona, yuzaki ishlaydi. Biri ishlasa, ikkisi tomoshabin bo‘ladi. Milliy g‘oyada o‘z manfaatini ko‘rganlar birlashib, ixtiyoriy, zavq bilan ishlaydi. Natijada hayotidan rozi bo‘ladi.

Milliy g‘oyamizning ijtimoiy mazmun-mohiyati bir so‘zda aytilsa, bu so‘z – rozilik. Mazkur tushuncha Uchinchi Renessansni tushunish va tushuntirish, amalga oshirish uchun fundamental, jipslashtiruvchi asos bo‘ladi. Zero, milliy g‘oya ro‘yobi xalqning muayyan vaqt va makonda o‘zini baxtli deb his qilishida, bu esa uning shukronalarida – hayotdan roziligida namoyon bo‘ladi.

Albatta, barchasiga erishish uchun avvalo tinchlik, mustaqillikni jon qadar mustahkam, kafolatli himoyalashimiz kerak. Mustaqillik harbiy, g‘oyaviy va siyosiy jihatlardan himoyalanadi. Bunda ham o‘tmishdan saboq chiqarish kerak. Biz har gal mustamlaka bo‘lib, oyoq-qo‘llarimizga kishan taqishganida bir narsadan afsuslanganmiz – xalqning birlashmaganidan. Xalqning birlashmagani sababi, hammani “Biz” degan bayroq ostiga birlashtiradigan g‘oya bo‘lmagani. Natijada “Biz” bo‘lib yengadigan kuch “men”larga parchalanib, mag‘lubiyatga uchraganmiz.

Bugun bizda “men”larni “Biz” qiladigan g‘oya bor. Bu Uchinchi Renessans g‘oyasi. Qurilayotgan Uchinchi Renessans poydevorini g‘oyaviy himoya qilishimiz kerak. Biz uni preventiv, o‘z vaqtida himoya qilmasak, buzishlari mumkin. Chunki bizga uzoqlardan alamnok tikilib, davlat va xalq orasiga pona qoqishga urinayotganlar bor. Bu ma’naviy, g‘oyaviy hujum. Ularga javob berishimiz va javobimiz ilmiy asosda bo‘lishi kerak. Nima uchun? Chunki ilmiy asosda bo‘lmasa, biz qilayotgan tadbirlar bir martalik, o‘tkinchi bo‘lib qoladi. Shu ma’noda milliy g‘oya targ‘ibotini ilmiy asosga qurishga qaratilgan sa’y-harakatlar nihoyatda zarur.

 

Taraqqiyot muxoliflari

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans iborasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilina boshlandi. Kimlardir “Mana bu boshqa gap” deb, o‘rnidan turib, olqishladi. Kimdir mamnun jilmaydi. Kimlardir o‘ylanib qoldi. Kimlardir... sarosimaga tushdi.

Afsuski, hamma ko‘rib turgan narsalarni ko‘rganda ham “ko‘rdim” demaydiganlar bor. “Facebook”, “YouTube” sahrolarida sargardon, qilmishlaridan dili to‘la armon, yomonlamasa och qoladigan ko‘rolmasvoylar bor. Ularni islohotlarimiz shiddati dovdiratyapti, hansiratyapti. Oddiy oilalarning bolalari talaba bo‘layotgani ularni o‘rtayapti... O‘z davlatidan rozi ota-onalarning duolari yondiryapti ularni. Inchinun, jannatmisol O‘zbekistonda hamma sohada to‘xtovsiz yuksalish, yangilanish, yaxshilanish va uyg‘onish.

Ana shundaylarning nafaslaridan tarqaladigan g‘oyaviy viruslardan kelajak avlodni himoya qilishimiz lozim. Bundan ham yaxshisi – yoshlarimizni yot g‘oyalardan, yovuz kuchlardan o‘zini himoya qilishga o‘rgataylik. Chunki bilimsiz yoshlar ko‘p va tez aldanadi. Bilimsiz yigit-qiz, yosh faylasuf olim Otabek Bozorov yozganidek, displeydagi firibgarning soxta samimiyati, shirin so‘ziga uchadi. Adashadi. Aldanadi. Firibgarlar chiroyli kulib, tabassum bilan yoqimli so‘zlasa, sodda o‘zbek erib ketishini yaxshi biladi. Ana shunda tanqidiy, tahlil devoridan oshib o‘tsa bo‘ldi, o‘lja qo‘lda.

Bizning Uchinchi Renessans haqidagi ezgu niyatimizni eshitgan ayrimlar o‘rtanmoqda. Ularga ham qiyin. Fitna-fasod qilmay desa, tirikchilik qilish kerak. Fitnasini fakt bilan ursang, “Nega?” deb yozg‘iradi. Qor yog‘sa ham, yog‘masa ham, quyosh chiqsa ham, shamol essa ham, tinsa ham, Vatanini yomonlaydi. Ma’naviyatni yomonlaydi. Uysizlar uyli bo‘layotganini, nochor odamning ahvoli o‘nglanayotganini misollar keltirib, mamnun kayfiyatda yaratilayotgan qulayliklarni, xalq rizoliklarini gapirib, bugungi islohotlarning natijalarini keltirsang, ko‘rolmasvoylarning fikricha, maddoh bo‘larkansan. Ko‘rib, ko‘rmadim deb, jim, noshukur yursang, ularga do‘st bo‘larkansan. Qo‘shilib yomonlasang, birodar, jonajonsan. Bugungi firibgar aldash ilmi – neyrolingvistik dasturlashtirishning hadisini olgan. Demak, har bir yigit-qiz bu dastur nimaligini ham oldindan bilib qo‘yishi kerak. Treninglarda yoshlarimizga bilimni qalqon etib o‘zini himoyalashni mashq qildirib, o‘rgatib boraylik.

“Men”larning Vatan, millat kelajagi uchun “Biz”lanishi ta’lim-tarbiya va fanga investitsiya Gʻarb sivilizatsiyasini keskin iqtisodiy gullab-yashnatdi. Bu – inson kapitaliga kiritiladigan pedagogik investitsiya. Mazkur investitsiyaning afzalligi shundaki, insonga bir marta emas, bir umr foyda keltiradi. Har bir yigit-qizga hayotda o‘z o‘rnini topishni va o‘zini o‘zi baxtli qilishni o‘rgatadi.

Muhammadjon QURONOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining

birinchi o‘rinbosari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 520
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19398
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16605
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi