Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-yanvar kuni O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga erishish masalalari yuzasidan mulohazali takliflar o‘rtaga tashlandi.
Ayniqsa, ma’naviyat masalalari yana bir marta o‘rtaga tashlandiki, jamiyatimizda ma’naviyat va moddiy hayot uyg‘un ravishda olib borilishi va borilayotganligi o‘z tasdig‘ini topdi. “Kimki ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat va ma’rifat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi deb o‘ylasa, xato qiladi”, – deb ta’kidladi davlatimiz rahbari. Zero, ma’naviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham shunchalik kuchli bo‘ladi.
Strategiyaning ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish yo‘nalishi bo‘yicha Prezidentimiz bir qator vazifalarning ahamiyatini alohida qayd etdi. Xususan, mavjud 12 mingdan ziyod kutubxona imkoniyatlaridan samarali foydalanib, kitobxonlikni ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini 33 foizga yetkazish, mamlakatimizda Olimpia va Paralimpia harakatini yanada rivojlantirish kabi vazifalarni ta’kidlab o‘tdi. Bu vazifalar yangi O‘zbekistonda ma’rifatli jamiyat qurishdek ezgu maqsadni amalga oshirishning tagzamini hisoblanadi.
Albatta, Prezidentimiz ma’naviyat masalasiga bejiz e’tiborni kuchaytirayotgani va jon koyitayotgani yo‘q. Avvalo, jahonda globallashuv jarayonlari kuchayib, yangi tahdid va xatarlar tobora ko‘payib bormoqda. Bunday murakkab va tahlikali vaziyat sohada amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy baholab, uning faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Xususan, oila, mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, jamiyatdagi uyushmagan yoshlar bilan maqsadli, g‘oyaviy-tarbiyaviy hamda mafkuraviy ishlarning yuzaki tarzda olib borilayotgani, jinoyatchilik, radikal ruhdagi harakatlarga adashib qo‘shilib qolish, milliy qadriyatlarga e’tiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajrimlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish har doimgidan ham muhim vazifaga aylanib bormoqda. Ayniqsa, milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi g‘oyaviy-mafkuraviy xavf va xatarlar tobora ortib bormoqda. Oqibatda, faqat o‘zini o‘ylash, mehnatga, oilaga yengil qarash, iste’molchilik kayfiyati turli yo‘llar bilan aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga ustamonlik bilan singdirilmoqda. Achinarlisi shundaki, bunday g‘oyaviy kurash natijasida ayrim yoshlarda azaliy qadriyatlarga nisbatan bepisandlik va boqimandalik kayfiyati paydo bo‘layotir.
Ikkinchidan, terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Ba’zi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda. Davlatimiz xavfsizligini ta’minlashning asosi – mamlakatimiz yoshlari. Yoshlar – bizning tayanchimiz, ertangi kundan umidimiz, savob ishlarimizning davomchilari, deb ko‘p gapiramiz. Nafaqat xavfsizligimiz, balki davlatimizning kelajakdagi barqaror taraqqiyoti ham yoshlarimiz dunyoqarashi qanday shakllanishiga bevosita bog‘liqdir. Imoratning poydevori qanchalik baquvvat bo‘lsa, u shunchalik umrboqiy turadi. Mamlakatimiz poydevori, shubhasiz, aholining 60 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etgan yoshlardir.
Shu sababdan ham bugun dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlarni tahlil qilishda ularga, avvalo, ma’naviyat ko‘zi bilan qarash, hayotimizga kirib kelayotgan, axloqimizga, mentalitetimizga zid g‘oyalarni aniqlash, aholi turli qatlamlariga ta’sirini o‘rganish, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga mos kelmaydigan jihatlarini ochib berish va tabiiyki, zarur choralar ko‘rish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xo‘sh, mentalitetimizga zid g‘oyalar, axborot xurujlari qayerdan kirib kelyapti? Odamlarni hokimiyatdan norozi bo‘lishga chorlayotgan, qildan qiyiq qidirishga intilayotgan kuchlar qanday ish ko‘ryapti? Axir, tuppa-tuzuk barqaror davlatlarni beqarorlashtirib, boshi berk ko‘chaga kiritgan, “inson huquqlari va demokratiya” niqobi ostida xonavayron qilganlar internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmadimi? Shuning uchun internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini ta’minlash masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ya’ni, global axborot makoniga teran ko‘z bilan qarasak, unda mavjud barcha ma’lumotni ham foydali va beziyon deb bo‘lmaydi. Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh bo‘lib, xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlarini o‘ylab yashash zarur. Shu bois loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun mutlaqo yangicha ta’sirchan usul va yondashuvlar talab etilayotgani, bunda nuroniylar tajribasi, hayotda halol mehnati, fidoyiligi bilan boshqalarga namuna bo‘la oladigan jonkuyar fuqarolarga tayanishimiz hamda jamoatchilik nazoratini sifat bosqichiga ko‘tarish juda ham muhim.
Bir haqiqatni anglashimiz kerak, bundan buyog‘iga internetni cheklab qo‘yish yoki axborot olishni taqiqlash bilan muammo hal bo‘lmaydi. Shunday ekan, bu boradagi bizning muhim strategik vazifamiz tashqi va ichki axborotlarni tahlil qila oladigan, barqaror mafkuraviy immunitetga ega yoshlar qatlamini shakllantirishdan iborat bo‘lmog‘i lozim.
Siyosatda “Sen uxlaganingda dushmaning uyg‘oq bo‘ladi” yoki Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Yoshlarning bo‘sh vaqti – dushmanning ish vaqti”. Shuning uchun ham ma’naviy jihatdan g‘ofil bo‘lishlikka hech kimning haqqi yo‘q. Loqaydlikni bas qilish, mudroq holatdan uyg‘onish kerak. Buning uchun esa, avvalo, ilm sari harakat qilish, oila, bog‘cha, maktab, oliy ta’lim, mahalla, mutasaddi hamda jamoat tashkilotlari tizimli ravishda hamkorlikda ish olib borishi zarur. Ana shunda ta’lim-tarbiyada uzilish, ma’naviyatda bo‘shliq yuzaga kelmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, yoshlarimizning 30 yoshgacha ma’naviyatini to‘g‘ri shakllantirib olsak, barqaror taraqqiyotimizni kafolatlagan bo‘lamiz. Chunki ma’rifatli jamiyatning tub negizini ma’naviyatli yoshlar tashkil etishi lozimligini unutmasligimiz kerak.
“Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”, deydi xalqimiz. Shu bois ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, o‘g‘il-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalariga uslubiy yordam ko‘rsatish muhim. Shuningdek, maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim dargohlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish – davr taqozosi. Yaqindagina Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha oliygoh hamda ularning filiallarida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor lavozimining joriy etilishi sohadagi ishlar samaradorligini oshirishga, sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Agar ma’nan va ruhan sog‘lom, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata biladigan, bu murakkab hayotning past-u baland ko‘chalaridan to‘g‘ri yo‘lni adashmay topa olishga qodir bo‘lgan ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalab yetishtirish vazifasi uddalansa, fikri tiniq, e’tiqodi sog‘lom bolalarni soxta oqimlarga ergashtirish, pana-pastqamlarda pisib yotgan har xil chalasavod, johil odamlarning tuzog‘iga ilintirishga urinishlar barham topadi.
Muhim vazifalardan yana biri, bu – el-yurt taqdiriga loqayd, ish uslubida mahalliychilikka, urug‘-aymoqchilikka, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yadigan sayoz rahbarlar bilan murosasiz bo‘lishdir. Bu illatlar alohida bir mamlakatda bugun yoki kecha paydo bo‘lgan emas. Ular hamma joyda va hamma vaqt ijtimoiy adolatning buzilishiga, halollik va vijdoniylik ildizlarining sustlashishiga, oshkoralik qolib, imi-jimida ish bitirishga sabab bo‘ladi. Shu bois, ma’naviy kemtiklar to‘ldirilsa, bunday nomaqbul holatlarga barham berish oson kechadi.
Albatta, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya uzviyligini ta’minlashda oila, ta’lim muassasalari, mahallaning o‘rni beqiyos. Ta’lim-tarbiya uchun faqat mutasaddilar mas’ul, desak, qattiq yanglishamiz. Shu Vatan, shu yurt, shu yoshlar bizniki, ertaga kelajagimiz porloq bo‘lishini istasak, bugun harakatni boshlashimiz kerak. Yurt taqdiriga loqaydlik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berish uchun hamkorlikda harakat qilishimiz lozim. Davlat tuzumini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday ko‘rinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi keskin kurash olib borish samaradorligi ham ma’naviy tarbiyaga bog‘liq. Zero, oldimizda turgan ulug‘ maqsad – uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish va uni barpo etish, avvalo, xalqimizning tafakkurini yuksaltirishdan hamda ma’rifatli yoshlar qatlamini shakllantirishdan boshlanadi.
Buning uchun ta’limning barcha bosqichida millati, irqi, dini, jinsi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar yagona maqsadga, ya’ni shu aziz Vatan meniki, uning taraqqiyotiga hissa qo‘shish mening yuksak fuqarolik burchimdir, degan tamoyilga asoslangan ma’naviyatli yoshlarni ulg‘aytirishga e’tibor kuchaytirilmog‘i lozim.
Shu o‘rinda yana bir masalaga to‘xtalmasak bo‘lmas. U ham bo‘lsa, keyingi paytlarda ayrim davralarda kishining kundalik hayoti, faoliyatida moddiy va ma’naviy asoslar bir-biriga nisbatan qanday o‘rin tutishi, ularning qaysi biri ustuvorlik kasb etishi haqida turli-tuman, ba’zan esa ziddiyatli fikr va qarashlar aytilmoqda. Afsuski, moddiy ehtiyojlarni insonning ruhiy olamiga qarama-qarshi qo‘yish, ularning birini ustun deb bilgan holda, tiriklikning asosiy maqsadi sifatida qabul qilish qandaydir biryoqlama qarash ifodasi, desak, xato bo‘lmaydi. Qolaversa, bu masalaga bunday keskin yondashuv, xususan, odamning ruhiy dunyosini mensimaslik, uni ikkilamchi o‘ringa qo‘yish oxir-oqibatda jamiyat hayotida inqirozga olib kelishi muqarrar ekanini tarix ko‘p marotaba isbotlagan. Qisqacha aytganda, inson – o‘z timsolida ham moddiy, ham ma’naviy xususiyat va alomatlarni mujassam etgan noyob xilqat. Shuning uchun ham uning ichki dunyosi, unga ato etilgan fazilat va xislatlarni oxirigacha anglash, tushunishning o‘zi o‘ta murakkab bir masala. Mana shunday qarash va fikrlarni umumlashtirib, insonga xos orzu-intilishlarni ro‘yobga chiqarish, uning ongli hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy olamni bamisoli parvoz qilayotgan qushning ikki qanotiga qiyoslash mumkin. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, qachonki ana shu ikki muhim omil o‘zaro uyg‘unlashsa, tom ma’nodagi qo‘sh qanotga aylansa, shundagina inson, davlat va jamiyat hayotida o‘sish-o‘zgarish, yuksalish jarayonlari sodir bo‘ladi.
O‘zbekistonda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab xalqimizning asrlar davomida intilib kelgan orzu-maqsadlari va zamon talablarini, dunyoviy taraqqiyot mezonlarini hisobga olgan holda, jamiyat hayotida ana shu ikki omilning uyg‘un tarzda rivojlanishiga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatini, iqtisodiy-ijtimoiy yangilanish jarayonlarini aynan shu asosda tashkil etishga ustuvor ahamiyat berildi. Shu o‘rinda ba’zi bir ilmiy doira vakillarining jamiyatda oldin moddiy hayotni, keyin ma’naviy masalalarni o‘ylash kerak, degan mazmundagi fikrlari mutlaqo xato bo‘lib, yangi jamiyat, yangi hayot qurish jarayonida faqat zarar yetkazishi mumkinligini bugun hayotning o‘zi har qadamda tasdiqlab bermoqda.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bozor munosabatlariga o‘tish davrida jamiyat a’zolarining o‘z salohiyati va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun ularga, birinchi galda, teng imkoniyatlar va erkinlik muhitini, ham qonuniy, ham amaliy shart-sharoitlarni yaratib berishga zo‘r berildi. Oddiy qilib aytganda, kuch-g‘ayrat bilan birga, bilim va tajribasi, aql-idroki, kasb malakasi yetarli bo‘lgan, qonunlarni, o‘z haq-huquqlari va majburiyatlarini yaxshi bilgan odamgina tadbirkorlik yoki fermerlik bilan shug‘ullanishi, o‘z xususiy ishini oqilona va samarali tashkil etishi mumkin.
Ko‘rinib turibdiki, moddiy va ma’naviy hayot tamoyillari bir-birini inkor etmaydi, aksincha, o‘zaro bog‘lanib, bir-birini to‘ldiradi. Yuksak taraqqiyotga erishishni orzu qiladigan har bir inson va jamiyat o‘z hayotini aynan ana shunday uzviy bog‘liqlik asosida qurgan va rivojlantirgan taqdirdagina ijobiy natijalarga erisha oladi. Ana shu haqiqatdan kelib chiqqan holda, iqtisodiy o‘nglanish, iqtisodiy tiklanish, iqtisodiy rivojlanish jarayonlarining ma’naviy poklanish, ma’naviy yuksalish harakatlari bilan tamomila uyg‘un ravishda rivojlanib borishi doimo davlatimiz va jamiyatimizning e’tibor markazida. Aynan moddiyat va ma’naviyat uyg‘unligi tufayli tadbirkorlar, mulkdorlar o‘zini va oilasini boqishga, shu bilan birga, orttirgan daromadi hisobidan o‘z yaqinlari hamda muhtoj insonlarga beg‘araz yordam ko‘rsatish, el-yurt uchun xizmat qiladigan maktab, shifoxona, madaniyat va sport maskanlari barpo etish, kerak bo‘lsa, davlat va jamiyat zimmasidagi ko‘pgina vazifalarni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Bunday insonlar yurtimizda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni saqlash va himoyalash, ertangi istiqbolimizni qurish yo‘lida astoydil jon kuydirib mehnat qiladi. Bularning barchasi ma’naviy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizdan oziqlangan iqtisodiy taraqqiyot yo‘li jamiyatimiz hayotiga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganining yorqin ifodasidir. Eng muhimi, yurtimizda moddiy va ma’naviy jarayonlarning o‘zaro mutanosib tarzda rivojlantirilayotgani siyosiy-ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning mustahkam garovi bo‘lib xizmat qiladi.
Furqat JO‘RAQULOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining
birinchi o‘rinbosari, siyosiy fanlar doktori
“Xalq so‘zi” gazetasi, 2022-yil 2-fevral, 24-son
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q