Qaqnus: attorona, navoiyona


Saqlash
20:52 / 08.02.2022 11212 1

Salaf va xalaf: Fariduddin Attor ham (“Mantiq ut-tayr”), Alisher Navoiy ham (“Lison ut-tayr”) Qaqnus timsoliga murojaat qilgan. “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”da “Qaqnus – afsonaviy qush nomi” deya qisqa izoh berilgan. “Navoiy asarlari lug‘ati”da esa batafsilroq ma’lumotga ega bo‘lamiz: “Qaqnus   – forscha-tojikcha. Mavhum bir qush. Afsonaga ko‘ra, tumshug‘ida juda ko‘p teshiklar bo‘lib, bu teshiklardan chiqqan ovozlardan go‘yo muzika o‘ylab chiqarilgan emish”. Biroq bu so‘z forscha-tojikcha emas. Chunki forsiyda “q” tovushi yo‘q va agar bu tilda shu tovush ishtirok etgan so‘z uchrasa, aniqki, u boshqa tildan olingan bo‘ladi. Boshqa bir inobatli lug‘atda bu so‘z “yunoncha” deb ko‘rsatilgan (Farhangi zaboni toҷikӣ. Iborat azdu ҷild. Ҷ. 2. Moskva, Советская энциклопедия, 1969. Sah. 684).

 

Fariduddin Attor dostonining 17-maqolasida o‘qiymiz: “Qaqnus – Hindistonda uchraydigan bir qush. Uzun tumshug‘i bor. Unda naydagidek teshiklar ko‘p. Har teshikdan alohida sado chiqadi. Ming yilcha yashaydi. Qachon o‘lishi unga oldindan ayon bo‘ladi. Umri poyoniga yetayotganini sezgach, bir joyga xas-xashak, cho‘p-o‘tin yig‘adi. Keyin o‘zi yiqqan shu xirmon ustiga chiqib, jonidan ayrilayotgani qasdiga shunday dard-fig‘on chekadiki, buni eshitgan barcha parranda-yu darranda atrofiga yig‘iladi. Bu noladan ta’sirlanib, ko‘plari bu dunyodan voz kechib yuboradi, bir qanchasi shu yerdayoq jon taslim qiladi, ayrimlari behush bo‘lib yiqiladi. So‘ng qaqnus qanotlarini silkitishga tushadi. Shunda birdan o‘t chiqib ketadi. Bu olov xirmonga tutashib, katta gulxanga aylanadi. Bu otashda qaqnusning o‘zi ham yonib ketadi. Xirmon cho‘g‘, cho‘g‘ esa kul bo‘lib qoladi. Kul soviganidan keyin esa kutilmaganda uning ichidan bir jo‘ja chiqib keladi. Qaqnusning jufti yo‘q edi, nasli yo‘q edi, tanho yashab o‘tgan edi. Kuyib, kulbo‘lganidan keyin o‘rniga qaqnusbacha paydo bo‘ldi.

 

Hudhud ushbu hikoyatni so‘zlar ekan, nasihatga o‘tadi: “Ajaldan hech kim qochib qutula olmaydi. Bundan qutulishga hech bir hiyla-yu tadbir kor qilmaydi. Bu dunyoda hech kim o‘limdan mosuvo emas. Shuning uchun hayotda non izlash kerak. Biroq non izlash zahmati juda og‘ir” (Shayx Fariduddin Attor. Mantiq ut-tayr (Qush tili). Forsiydan Jamol Kamol tarjimasi. Toshkent, “Fan”, 2006. Bundan keyin shu nashrdan olingan matnlar sahifasi qavsda berib boriladi).

 

Ushbu hikoyat orqali muallif kamida uch g‘oyani ifodalaydi. Birinchisi: o‘lim   – haq, undan hech kim qochib qutula olmaydi, shuning uchun undan qo‘rqmaslik kerak. Ikkinchisi: o‘limdan keyin qayta tirilish bor (bu g‘oya kuldan qaqnusbacha chiqishi orqali ifodalangan). Uchinchisi: tiriklikda non izlash kerak. Bu yerda non ramziy ma’noga ega. Ya’ni: tiriklik chog‘i o‘limga tayyorgarlik ko‘rish, oxirat uchun zaxira yig‘ish lozim. Qaqnus ham umrini bekor o‘tkazmadi – xas-xashak, cho‘p-o‘tin yig‘di. Xirmon kuydi. Unda o‘zi ham yondi. Kul paydo bo‘ldi. Kuldan yangi qaqnus chiqdi. Hayot to‘xtab qolmadi.

 

Dostonda qaqnus qissasi – bir savolga javobni hayotiy misol bilan isbotlash uchun keltirilgan besh hikoyatning biri, xolos. Qolgan to‘rt hikoyatda o‘lim bilan bog‘liq mushohada davom ettiriladi. “Bir bolaning otasi tobuti oldiga tushib yig‘lagani” hikoyatida dunyoga kelgan har inson tirikligida o‘z boshiga o‘zi tuproq sochishi, chunki bu dunyodan kishi, baribir, bo‘m-bo‘sh qo‘l bilan ketajagi; “Naychidan ahvol so‘rashgani” hikoyatida bir umr nay puflab o‘tgani bilan u ham yerostiga kirishi, bu dunyoni hamma – ko‘kka o‘q otgan mergan ham, jahonni qo‘lida tutgan shoh ham tark etishi, go‘r avvalgi manzil ekani; “Isoning ariqdan suv ichgani” hikoyatida Iso alayhissalomning bir ariqdan totli suv ichgani, keyin shu ariqdan bir kishi ko‘zasini suvga to‘ldirib, payg‘ambar alayhissalomga tutgani, ichib ko‘rsa, ko‘zadagi suv taxir ekani, hayron qolib turganida ko‘za tilga kirib: “Men bir paytlar odam edim, keyin o‘lim topdim, shuning achchig‘i hamon ketgani yo‘q, mendan ko‘za yasashdi, suvi taxir bo‘ldi” degani, shunga ko‘ra Hudhud qushga “Sen o‘zingni yo‘qotibsan, joning chiqmasidan burun o‘zingni izla, top, o‘lganingdan keyin uni topa olmaysan”, deb nasihat qilgani; “Buqrot hakimning aytganlari” hikoyatida esa mashhur hakim o‘lim to‘shagida yotganida undan shogirdi qayerda dafn etishlarini so‘ragani, alloma “Men uzun umrimda o‘zimni topmadim. O‘tganimdan keyin sen uni topa olarmiding? Shuning uchun meni qayerda dafn etishingning hech ahamiyati yo‘q” degani haqida so‘z yuritilib, xulosa qilinadi: “Bu hayotning o‘zi – ranj, o‘lim – yana bir ranj. Shu ikki ranj orasida sen o‘zingga ganj izla. Ganj esa – simurg‘, boshqa hamma narsa – ranj. Shunday ekan, umrni zoye ketkazmay, simurg‘ni izlash kerak”.

 

Navoiy bolaligidayoq “Mantiq ut-tayr”ni to‘liq yodlab olgan edi. Shuning uchun Attor dostonidagi qaqnus timsoli ta’sirini “Lison ut-tayr”dangina qidirish bir tomonlamalik bo‘lur edi. Binobarin, “Farhod va Shirin”da ham qaqnus timsoliga duch kelamiz: dostonning xamsanavis ustozlar vasfidagi 6-bobida shoir Dehlaviyni dastlab “to‘ti” deb ta’riflaydi. So‘ng ruju’ san’ati asosida (bu san’at shartiga binoan, oldin bir fikr aytilib, keyin inkor etiladi va pirovardida undan ham kuchliroq fikr keltiriladi) o‘z ta’rifidan ikki marta “tonib”, avvaliga uni bulbulga qiyoslaydi, sal o‘tmay bu fikridan ham qaytadi: “Dema bulbul, de oni qaqnusi zor, / Topib lahnidin oning qaqnus ozor (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. 8-t. Toshkent, “Fan”, 1991. 28-bet). Navoiy salafini madh etib deydiki, “agar qaqnus yuz nola chekib, jonini kuydirsa, Dehlaviy ming nola o‘qi bilan dillarni tikadi, ammo sen ularni o‘q emas, har birini chaqmoqdek chaqnagan oh deb bilki, ular bir sakraganda (ya’ni chaqnaganda) Yer ostidagi baliqdan to osmondagi Oygacha yetadi, bu chaqmoqdan chiqqan o‘t faqat o‘zining emas, hatto olamning xirmonini ham kuydirib yuboradi!”

 

“Sab’ai sayyor” dostonining 14-bobida esa Dilorom chalgan musiqa ta’sirida xud-bexudona turfa-turfa ovozlar chiqarayotgan shoh Bahrom qaqnusga o‘xshatiladi. Shoir yozadiki, qaqnus – behad xushovoz qush va uning tumshug‘idagi 360 teshikdan 360 xil ovoz va ohang chiqadi; aslida musiqa ohanglari qaqnus ovozidan olingan... Oshiq shoh ham qaqnusning yo‘lini tutib, o‘z ohanglari bilan olamga o‘t solgudek bo‘lar edi. Navoiy Dilorom va Bahromni dastlab jo‘rovoz kuylayotgan tovus va qaqnusga, so‘ng yana ruju’ vositasida bulbul va qaqnusga o‘xshatadi (Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 10-t. Toshkent, “Fan”, 1992. 99-100-betlar).

 

Navoiyning har ikki dostonidagi qaqnusga oid tasvirlarda “Mantiq ut-tayr” ta’siri seziladi.

 

Endi “Lison ut-tayr”ga qaytsak. Dostonda Attorga javob qismi tugab, lirik qahramonning o‘z dardi bayoniga o‘tishi uchun badiiy halqa vazifasini o‘tagan 174-bob bor. Hikoya qilinishicha, Hindistonda qaqnus degan bir ajoyib qush bo‘lar emish. U boshqa qushlarga o‘xshamas, qushning har pati bir boshqa rangda tovlanar ekan. Tumshug‘ida juda ko‘p teshiklar bo‘lib, ularning har biridan bo‘lak bir navo yangrar, agar u kuylagudek bo‘lsa, eshitganlar hushdan ketar ekan. Qaqnusning jufti ham, farzandi ham bo‘lmas, bu dunyodan yakka-yu yolg‘iz yashab o‘tar ekan. U daraxt tepasida sayrab o‘tirganida Fisog‘urs (Fisog‘urs – miloddan avvalgi 571497-yillarda yashagan mashhur yunon allomasi Pifagorning sharqona nomi) o‘tib ketayotib, tasodifan bu afsonaviy qushni eshitib qolibdi va qaqnus navosidagi xilma-xil ohang-u sadolardan musiqa fanini yaratgan ekan. Demak, “Farhangi zaboni tojikiy”dagi “qaqnus” so‘zining yunoncha ekaniga oid qayd ham bekorga emas ekan. Rus manbalarida “feniks” yoxud “foynik” deb ataladigan bu qush haqida G‘arb adabiyotida bir-biriga o‘xshagan-o‘xshamagan ko‘p-ko‘p rivoyat mavjud. Ularning aksariyatida bu qushning vatani Sharq bilan, aniqrog‘i, Arabiston-u Misr bilan bog‘lab ko‘rsatiladi (Мифологический словарь. Москва, 1990. Стр. 556).

 

G‘arbona talqinlarni qo‘ya turaylikda, yuzni sharqona – navoiyona talqinlar sari buraylik...

 

Qaqnus haqida chala bilimga ega bo‘lish ko‘p xatolarga yo‘l ochadi. Bir maqolada Navro‘z qaqnusga o‘xshatiladi: “Navro‘z... Afsonaviy qaqnus qushga o‘xshatging keladi uni. Majusiylar kufr e’lon qilib, o‘tga otdilar. Yonmadi” (Navro‘zi olam bugun. Toshkent, 1989. 3-bet). Bu yerda qaqnus o‘tda yonmaydigan qush yanglig‘ tasavvur qilinyapti. Tarixiy va adabiy manbalarda samandar degan afsonaviy jonzotning o‘tda yonmasligi bayon etiladi. Samandar aslida qush emas, kaltakesakka o‘xshagan bir hayvon. Qaqnusni “o‘tda yonmaydi” deb aytish bu qush haqidagi eng muhim jihatni buzib talqin etishdan boshqa narsa emas. Axir, qaqnus aynan ana shu o‘tda kuyib, kul bo‘lishi, undan keyin kul ichidan uning bolasi chiqib kelishi bilan mashhur-ku! Bu timsol so‘z san’atiga, xususan, tasavvufiy adabiyotga xuddi shu jihati – o‘tda yonib, jismini ado qilishi bilan kerak bo‘lgan-ku!

 

Boya hikoya qilganimizdek, qaqnus umri adosida necha yil zahmat chekib ho‘l-u quruq yiqqan xirmoni ustida shu qadar hazin ohanglar ila nola tortib kuylar ekanki, uni eshitgan jamiki qushlar-u hayvonlar uning atrofiga to‘planib kelar, ba’zilari hatto kuy ta’sirida jon ham taslim qilarmish.

 

Navoiy Shayx Fariduddin Attorni avvalgi qaqnusga o‘xshatadi: u ham qaqnus kabi navo chekdi, uning mungli navosidan qancha darranda-yu parranda o‘sha xirmon-u uning egasi kabi kul bo‘ldi. Endi navbat kuldan chiqqan qaqnusbachaga keldi. Bu qaqnusbacha – Foniy, ya’ni Navoiyning o‘zi! U ham kuldan o‘tda kuymas jonzot – samandardek chiqib, avvalgi qushdek umr bo‘yi bisot jamladi, hayoti poyonida tumshug‘idan yuz xil navo chiqarib, Yaratganning yashirin sirlaridan kuyladi, bu kuyidan o‘ziga ham, xirmoniga ham, hatto boshqalarga ham o‘t qo‘ydi.

 

Foniyning umr poyonida kuylagan, xirmoni, o‘zi va boshqalarga o‘t qo‘ygan navosi – “Lison ut-tayr” edi! Shoir o‘zini Fariduddin Attorning o‘g‘li deya ta’riflaydi. Ammo darhol o‘z ta’rifidan go‘yo “himoyalanadi” ham. Chunki, axir, Attordek avliyoga o‘zni teng qo‘yish qandoq bo‘ladi? Attorni shohi oliysifat, o‘zini esa qul hisoblash ma’qulroq emasmikan: “Men demonkim, ul – atodur, men – o‘g‘ul, Ul – shahi oliysifot, men – banda, qul”. Bu – kamtarona bir ta’rif. Zero, shoir bundan keyingi baytlarda ustozni yana bevosita “otam” deb ataydi. “Chunki, deydi u, hech kim barcha olamga o‘t solgan Attordan menchalik so‘z topmadi, men qush tilidan shu’lalar chiqarib, ham o‘zim kul bo‘lishni bilib oldim va ham el kul bo‘lishni (mendan) o‘rgandi”.

 

Attor va Navoiy, qaqnus va qaqnusbacha, baqo va fano!.. Qanchalar vobasta tushunchalar bular.

 

Qaqnus – tasavvuf aqidalariga tabiatan naqadar uyg‘un kelgan go‘zal bir timsol. Chunki unda o‘zni o‘rtash, jismni kuydirib, undan voz kechish, ruhning o‘lmasligi, baqoga yetish, adabiy tiriklik maqsadlari jo bo‘lgan.

 

Bu yerda boshqa – bundan-da muhimroq bir masala ham bor. Albatta, “Attor – qaqnus, men – qaqnusbacha” deyish bilan muallif, bir tomondan, “Mantiq ut-tayr” va “Lison ut-tayr” munosabatini ifodalash uchun muvofiq tashbeh topgan. Biroq Foniy qo‘llagan bu majoz faqat “Lison ut-tayr”gagina tegishlimikan? Bu tashbeh sof adabiy muhokamalar doirasidan chiqib, sof tasavvufiy masalalar girdobida ham aylanmayotirmi? Ochiqrog‘i, Foniy “menda Attor ruhi qayta jilvalandi” qabilidagi fikrni ustakorlik, suxandonlik bilan sizdirmayaptimikan? Shu asnoda shoir o‘ziga nima uchun “navo” so‘zi bilan bog‘liq taxallus tanlagani sababi ham ochilganday bo‘lmaydimi? Attorning ruhi umr bo‘yi Navoiyni tark etmagan, hatto tarbiyalagandirki, u hayotining oxirida o‘sha bolaligida yodlagan kitobiga o‘z tilida “tarjuma rasmi bila” javob aytdi.

 

Xo‘sh, ikki yarim asr ilgari o‘tib ketgan avliyo – Fariduddin Attorning ruhi qanday qilib kelib Alisherga tarbiya berishi mumkin? Biz uchun bu tamoman g‘ayritabiiy bir tasavvur emasmi?

 

Tasavvuf avliyolar ruhi tirikligini – o‘lmasligini tan oladi. Inson ruhini kamol toptirishning umumbashariyat jamiyati tarixidagi eng oliy darajasi bo‘lgan tasavvuf ta’limoti qat’iy qoidasiga ko‘ra, solik, ya’ni so‘fiy bir pirning etagini tutib, unga murid tushishi shart. Masalan, Navoiyning o‘zi rasman mavlono Abdurahmon Jomiyga murid tushgan. Ammo shunday ham bo‘ladiki, qay bir so‘fiyni ilgari zamonlarda yashab o‘tgan boshqa bir ulug‘ pirning ruhi kelib tarbiyalaydi. Bunday tarbiyat topganlar uvaysiy deb ataladi (q.: Olim S. Uvaysiy ham uvaysiymidi? Yoki Bahouddinning pirlari kim? // O‘zbekiston adabiyoti va san’ati, 1992, 13-noyabr).

 

Demak, qaqnus timsoli tasvirida Foniy ustoz Attordan uzoqlashib ketmagan. Biroq qaqnusni Attor boshqa ma’no-mazmun, maqsad-muddao bilan, Foniy tamoman boshqa ma’no-mazmun, maqsad-muddao bilan qalamga olgan. U “Lison ut-tayr”da katta bir timsolga aylanadi, keng talqin etiladi. Shu tariqa mazkur timsol ikki dostonni o‘zaro chambarchas bog‘labgina qolmay, salaf va xalafni ham bir-biriga vobasta aylaydi.

 

Navoiy ijodi faqat forsiy yoki turkiy emas, balki o‘zigacha bo‘lgan kulli Sharq, loaqal, XV asrgacha bo‘lgan musulmon xalqlari so‘z san’atining o‘ziga xos sintezi, ana shu boy merosning barcha fazilatlari o‘zlashtirilib, eski o‘zbek (chig‘atoy) tili imkoniyatlari zamirida rivojlantirilgan, jahon adabiyoti uchun ham cho‘qqi darajasidagi fenomen tarzida baholanishi kerak. “Lison ut-tayr”ni ich-ichiga kirib tahlil qila boshlagan har qanday tadqiqotchi albatta shu xulosaga keladi.

 

Murod HOSHIMOV

 

Tafakkur” jurnali, 2019-yil 3-son

1 Izoh

Firdavsbek

01:10 / 17.10.2023

Juda zo'r chiqibti, rahmat

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//