Odamzod hayoti mazmunini tashkil qiluvchi ikki bir butun: dunyoviylik va diniylik o‘rtasidagi muvozanat har qanday jamiyatning kelajagiga daxldor jiddiy mezon hisoblanadi. Ushbu muvozanatning yo‘qolishi dunyo mamlakatlarini jaholat-u to‘s-to‘polon girdobiga tortgan va hamon tortayotir. O‘rta asrlar Yevropasida hukm surgan, vahshiyona jazolar va qiynoqlar timsoliga aylangan inkvizitsiya buning yaqqol misolidir. Jordano Bruno, Nikolay Kopernik kabi mutafakkirlar jamiyat hayotida din va dunyoviylik o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi tufayli qurbon bo‘lgani ma’lum.
“So‘nggi jadid” nomini olgan zabardast olim Begali Qosimov “Milliy uyg‘onish” kitobida Turkistonni mustamlakaga aylantirgan chor Rusiyasining o‘lka xalqlariga nisbatan riyokor siyosatini fosh etuvchi ko‘plab ma’lumotlarni keltiradi. Jumladan: “Ismoilbek (Gasprinskiy) fikricha, Rusiya musulmonlari uchun bugun birinchi masala ma’rifatdir... Lekin millatning savodi o‘z tilida chiqmog‘i kerak. Milliy tarbiya, muqaddas g‘oyalar avlodning ong-u tafakkuriga ona tilida singmog‘i lozim. “Sut bilan kirgan” degan iborada gap ko‘p.
Bu fikrni Rusiya hukumati, rus ziyolilari qanday qabul qildilar? 1882-yildayoq mazkur mavzuga bag‘ishlangan yig‘ilish chaqirildi. Yig‘ilish 30-avgustda Toshkentda O‘qituvchilar seminariyasida o‘tkazildi. Ushbu seminariyaning direktori mashhur missioner N.Ostroumov edi. Yig‘ilishda general-gubernator A.Abramov vakolati bilan kelgan o‘lka yuqori ma’muriyati, oliy ruhoniylar, seminariya talabalarining ota-onalari ishtirok etdilar. Yig‘ilishda seminariyaning tarix va geografiya o‘qituvchisi M.Muropiyev ma’ruza qildi. Ma’ruzaning mavzusi: “G‘ayrirus musulmonlar maorifiga qanday bosh prinsiplar asos qilib olinmog‘i lozim?”
Notiq o‘z so‘zini asosan I.Gasprinskiy fikrlarini rad etishga qaratadi: “Agarda biz taklif qilingan loyihani (musulmonlarning o‘z tillarida, an’anaviy o‘quv vositalari asosida o‘qitish – B.Q.) qabul etsak, shu paytgacha mudrab yotgan musulmon mutaassibligini tiriltirgan va bu bilan qo‘ynimizda ilon asragan bo‘lamiz”.
“Shunday qilib, – deb xulosalaydi o‘z fikrini ma’ruzachi, – musulmonlarimiz maorifi uchun asos qilib olinishi shart bo‘lgan birinchi bosh prinsip ularni ruslashtirishdir”, “ikkinchi prinsip... islomni buzish, prozelitizmdan voz kechish, qisqacha aytganda, yot musulmonlarimizning, umuman, diniy jihatlarini buzishdir” (Какие главные принципы должны быть в основе образования русских инородцев-мусульман // “Туркестанский сборник”. Том 361. Стр.138).
B.Qosimov izoh beradi: “Rus shovinizmi “inorodes” (g‘ayrijins, g‘ayriinsoniy) tushunchasini yaratdi. Z.Validiy qayd etishicha, bu sohaning “bosh mutaxassisi” Muropiyev edi. Unga ko‘ra, “inorodes” musulmonlar, ya’ni turkistonliklar uchun maorif tashkil etishda ma’no yo‘q. Ularning qismati Amerikadagi qiziltanlilar bilan bir...” (Qosimov B. Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2002. 19-20-betlar). Darhaqiqat, juda ko‘p tarixiy, badiiy manbalar Muropiyev e’lon qilgan prinsiplar tizimli va qat’iy tarzda hayotga joriy etilganidan – o‘lkada ruslashtirish, islomni buzish, o‘lka aholisining diniy tushunchalarini izdan chiqarish harakatlari faol olib borilganidan dalolat beradi. Shundoq ham uch xonlik davrida jaholat domida yashagan o‘lka aholisi istilochilarning tizimli harakatlari natijasida ham dunyoviy, ham diniy ma’rifatdan bebahra tutildi; necha-necha avlod ongi va tafakkuri shu asosda shakllandi. Aholining maishiy, madaniy-ma’naviy hayotini esa o‘sha – qoloq ong va zanjirdagi tafakkur belgiladi.
“Mehrobdan chayon”da tasvirlanishicha, bir zamonlar “qubbati islomi din” sifatida e’zozlangan Buxoroda madrasa talabasi bo‘lmish Abdurahmon kechalari boyvachchalar ko‘nglini olish uchun boshiga soch taqib, “bachcha” rolini o‘ynaydi. Qanday jirkanch... “Juvonboz” hikoyasining bachchaboz qahramonlari esa “xudoga shukr, musulmonmiz” deya o‘zini alqaydi. G‘afur G‘ulomning o‘spirin Qoravoyini kissavurlikka o‘rgatuvchi salt eshonning o‘zini pokdomon-u balogardon qilib ko‘rsatishini; Shum bola “bobo” deb chaqirsa, “bobo emas, hoji bobo degin, haromi” deya jerkishni unutmaydigan “taqvodor” kimsaning masjid biqinidagi hujrada og‘ufurushlik bilan shug‘ullanishini chinakam islom e’tiqodi va axloqi bilan bir muqoyasa qilaylik! Yoxud Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar” qissasi, “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Mayiz yemagan xotin” singari hikoyalarida qalamga olingan jaholat ko‘lami, chorasizlik fojiasi-chi? Bularning bari millat va mamlakat tushib qolgan, to‘g‘rirog‘i, atay tushirilgan jarning tubsizligidan so‘zlaydi.
Afsuski, xalqimiz peshonasiga bitgan tarixning undan keyingi 70 yilida ham, ayniqsa, vijdon erkinligi, diniy ma’rifatdan bahramandlik bundan behroq bo‘lgani yo‘q. Xalq ozodligi, millatlar hamda dinlararo tenglik, e’tiqod erkinligini bayroq qilib ko‘targan bolsheviklar o‘z hukmronligining dastlabki kunidan boshlaboq aynan o‘sha qadriyatlarni ayovsiz toptadi. Din sosjamiyat uchun zararli sarqit, dushman hodisa deb uqtirildi; xudojo‘ylar esa qoloq va johil deb baholanadigan, qadamda mazaxlanadigan bo‘ldi. Ushbu hodisalar ko‘lami va dahshati Igor Bunichning “Partiyaning oltinlari” nomli kitobida atroflicha, chuqur aks etgan (Bunich I. Partiyaning oltinlari. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2016).
Sho‘ro hukumatining riyokorligi, vaziyat taqozo qilsa, har ne ikkiyuzlamachilig-u beburdlikka tayyorligi dinga, dindorlarga munosabatda ham namoyon bo‘ldi. Masalan, Ikkinchi jahon urushi yillarida – mamlakat xavf ostida turgan paytda dindorlar va dahriylar, davlat va diniy tashkilotlarni qarama-qarshi qo‘yish naqadar xatarli ekanini hukumat yaxshi bilar edi. Qolaversa, ko‘pchilik diniy uyushmalar, dindorlar fashizmga qarshi kurashning birinchi kunlaridanoq o‘z insoniy burchlarini amalda namoyish qila boshladilarki, buni sezmaslik va hisobga olmaslik mumkin emas edi. Shu bois tugatib yuborilgan pravoslav cherkovi patriarxligi 1943-yilda qayta tiklandi. Xuddi o‘sha yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil etildi, Buxoroda Mirarab madrasasi ish boshladi, musulmonlarga haj qilishga ruxsat berildi.
O‘sha kezlar O‘zbekiston xalqi nomidan frontga – jangchilarga yo‘llangan xatlarda ham ularning diniy tuyg‘ulariga alohida e’tibor qaratilib, dushman uning imon-e’tiqodiga, ulug‘lar mozoriga tajovuz qilayotgani, pokdomon qiz-u juvonlari iffatiga raxna solishga shaylangani, demakki, uni beomon qirish musulmon kishining muqaddas burchi ekanini eslatishga zo‘r berilgan edi...
Ammo millionlab dindorlarning ham juvonmarg umri evaziga g‘alaba qo‘lga kiritilgach, siyosat yana eski o‘zanga qaytdi. Ayniqsa, 1960-yillarga kelib vaziyat o‘ta jiddiylasha bordi, turg‘unlik davrida esa diniy birlashmalarni ro‘yxatga olish, dindorlarning konstitutsion huquqlardan foydalanishi nihoyat darajada cheklab qo‘yildi. Masjid yoki ibodatxonani ochish masalasi ham bevosita Moskvada hal qilindi. Yigirma besh yil (1961–1986) mobaynida mamlakatda musulmon diniy uyushmalarning soni 1546 taga kamayib ketdi (“Наука и религия” jurnali, 1987, 11-son).
1983–1989 yillar oralig‘ida respublika rahbariyati, ayniqsa, O‘zbekiston SSR KP Markazqo‘mining mafkura sohasidagi kotib-u kotibalari tomonidan tepaga yoqish uchun amalga oshirilgan ishlar nafaqat qonunsizligi-yu g‘ayriinsoniyligi bilan, balki mantiqqa zid va aqlga yotligi bilan ham odamni seskantiradi. Axir, Navro‘zdek uch ming yillik tarixga ega tabiat bayramini islom bilan bog‘lash, Ramazon va Qurbon hayiti kunlarida odamlarni ibodat maydonlaridan quvg‘in qilish, ro‘za kunlari davlat idoralarining katta-kichik xizmatchilarini yoppasiga suv ichishga majbur etish, ota-onasining janozasida qatnashgani uchun kommunist rahbarlarni ishdan haydash singari bedodliklarni boshqa qanday baholash mumkin?!
Yuzlab komsomollarning vodiy bozorlariga safarbar etilib, ularning o‘z ona va opalari boshidagi oq ro‘mollarni “din sarqiti” sifatida yulib olib, yoqib yuborganini unutib bo‘ladimi?! Yoki “nima uchun musulmon, xristian va yahudiylar alohida qabristonga dafn etilishi kerak? Axir, hayotda birga yashagan omma o‘lganidan keyin ham bir joyda yotishi kerak emasmi?” degan iddao bilan internatsional qabristonlar joriy etishdek tarixda misli ko‘rilmagan harakat aynan bizda boshlanganiga nima deysiz (mazkur hayotiy hodisalar “O‘rtoq Boykenjayev va boshqalar” videofilmi hamda “O‘rtoq Boykenjayev” badiiy filmida qiziqarli talqin etilgan)?!
Yana bir mulohaza: eski maktablar, masjid-u madrasalar xurofot o‘chog‘iga aylangan, keyinroq esa shular-da yopilgan va buzilgan, ulamolar quvg‘in qilingan, noyob ilmiy-ma’rifiy kitoblar yoqib, ko‘mib yuborilgan yoxud tashib ketilgan, imon-e’tiqod har joyda ta’qib ostiga olingan makonda kim diniy ma’rifat tarqatish bilan shug‘ullanadi-yu bu harakat qanchalik samara beradi?
Aslida, inson bolasi faqat moddiyat bilan cheklanishi mumkin emas. Uning ruhiyati, qalbi va ongi ham o‘ziga mudom ozuqa talab qiladi. Afsuski, zikr etilgan davrlarda odamlarning ruhiy-ruhoniy ehtiyojlari biryoqlama, chala-chulpa va hatto buzilgan tushunchalar hisobidan qondirildi, bu hol diniy ma’rifatdan ko‘ra jaholat va bid’atning, ko‘rqorilik va omilikning kuchayishiga sabab bo‘ldi. Odamlarning din-u diyonat to‘g‘risidagi tasavvurlari nihoyatda sayoz, aksar biryoqlama, ko‘proq afsona-yu cho‘pchaksifat hikoyatlar asosida shakllandi, g‘irt bid’atdan iborat daqqi qarashlarga diniy qadriyat niqobi kiydirildi.
Deylik, motam marosimlari shu qadar buzilib ketdiki, bir viloyatda hovlida ayyuhannos solib yig‘lab qolayotgan xotin-xalaj tobutning ustidan pul sochsa, boshqa viloyatda ta’ziya bildirish uchun kelganki odamning qo‘liga non va pul solingan tugun tutqazildi. Ayriliqqa uchragan xonadon egalari chekkaroq joylarda yuzlab, katta shaharlarda esa minglab odamlarni qayta-qayta chorlab “uch”, “payshanba”, “qirq”, “ellik ikki”, “yil” oshi berishni o‘zining musulmonlik burchi deb biladigan bo‘ldi. “Sunnat to‘yi” o‘tkazmoqchi bo‘lganlar eng avval to‘y dasturxoniga tortiladigan spirtli ichimliklar miqdori haqida o‘yladi. Muqaddas qadamjolar avval xarobaga, keyin shirk amallar o‘chog‘iga aylanib qoldi. Avliyolarga nisbat berilgan qabr, ko‘hna daraxt yoki buloqlar minglab odamlar nazr-niyoz ataydigan, atrofidagi yemakxonalarda osh-ovqat pishirib, yeyishdan oldin choynakka quyilgan spirtli ichimlikni “iloyo, ziyoratlarimiz, nazr-niyozlarimiz Xudo dargohida qabul bo‘lsin” deya “ixlos” qilinadigan joylar tusini oldi. O‘tgan asrning 90-yillari boshiga qadar yurtimizdagi vaziyat, taassufki, ana shunday edi...
Qaqragan yerga birdan kelgan sel bahra berish barobarida o‘sha yerning bag‘rini o‘yib, buzib ham ketadi. Binobarin, ma’rifatdan mosuvo etilgan jamiyatga diniy erkinlik joriy qilinishi ijobiy o‘zgarishlar bilan birga buzg‘unchi oqimlarning selday kirib kelishiga ham bahona bo‘ladi.
1991-yil 14-iyunda, hali sho‘ro mafkurasi hukmron bo‘lib turgan bir paytda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi. Bu – dinga munosabat masalasi davr kontekstida o‘tkirlashganidan dalolat beradi. Afsuski, berilgan imkoniyatlar suiiste’mol qilindi. Jumladan, masjid ochish ishi kampaniyabozlikka aylanib ketishi oqibatida qisqa vaqtda ularning soni 89 tadan 5 mingtagacha yetdi. Hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmagan, malakali imomlar bilan ta’minlanmagan, zarur sharoitlar bo‘lmasdan turib faoliyat yuritgani bois turli din “peshvo”lari ularning aksariyatini o‘z uyalariga aylantirishga harakat qildilar.
Voha viloyatlariga o‘sha paytda birodarkushlik urushini boshdan kechirayotgan Tojikistondan, vodiy viloyatlariga esa qo‘shni Qirg‘izistonning o‘z holiga tashlab qo‘yilgan shaharlaridan imomlikka da’vogar kimsalar kelib, masjid va “hujra”larga joylashdilar. Chala-chulpa diniy ma’lumotga ega ajnabiylar moliyaviy yordam ko‘rsatish bahonasida respublika hududidagi diniy tashkilotlar rahbarligini o‘z qo‘liga olib, buzg‘unchilik, teskari tashviqot bilan shug‘ullanishga kirishdi. Uzoq-yaqindagi musulmon davlatlarda yashovchi sobiq vatandoshlar ajratgan xayriya mablag‘lari hisobiga qurilgan ayrim masjidlarda ibodatdan ko‘ra ekstremistik tashviqotlar avj oldi, Olloh yodi bir yonda qolib, jihodga da’vatlar yangray boshladi. Diniy fundamentalizm va xalqaro ekstremizmning avj olish xavfi tug‘ildi.
Avval ko‘proq poytaxt Toshkent va vodiy, keyinchalik esa boshqa viloyatlarda paydo bo‘lgan hujralarda ekstremistik g‘oyalarni odamlar, birinchi navbatda, yoshlar ongiga singdirish uchun samarali-ta’sirchan metodlarga asoslangan holda mashg‘ulotlar olib borildi. Yashirin hujralar, ularning domlalari va “tolibi ilmlar”ning moddiy ta’minotini olis-yaqin xorijdagi uncha-muncha sodda odam tagiga yetolmaydigan “ruhoniy” markazlar va o‘zimizdagi “savobtalab” sarmoyadorlar – hukumat almashsa, yog‘liroq amallar tegib qolishidan umidvor mansabparastlar o‘z zimmasiga olgan edi.
Biz hujralardagi o‘qitish, o‘ziga og‘dirish usullarini bekorga g‘oyat samarali, ta’sirchan demadik. Zero, ularda davlat ta’lim muassasalarinikidan farqlanadigan quyidagi holatlar mavjud edi:
1) hujraga jalb etilganlar “bilim va tajriba” uchun pul to‘lamasligiga qo‘shimcha ravishda oziq-ovqat, kerak bo‘lsa, kiyim-bosh bilan ham tekin ta’minlangan (bu usul o‘tgan asrning 90-yillari boshida – respublikada oziq-ovqat va kiyim-kechak tanqisligi vujudga kelgan, odamlar zaruriy mahsulotlar bilan talon asosida, minimal darajada ta’minlanayotgan bir vaziyatda o‘ziga qanchalik jalb etganini tasavvur qilish qiyin emas);
2) davlat maktablari, OO‘Ylarda bitta o‘qituvchi bir fandan bir haftada bir-ikki soat mashg‘ulot olib borsa, hujralarda bir yoki ikki nafar “ustoz” besh nafargina tinglovchiga har kuni kamida to‘rt-besh soatdan ta’lim bergan – uning nafaqat aqliga, balki ruhiyatiga ham juda yaqindan, yuzma-yuz o‘tirib ta’sir qilish imkoniga ega bo‘lgan;
3) hujraga jalb etilganlar adabiyot, o‘quv materiallari, varaqa va boshqalar bilan tekin ta’minlangan, bu manbalar 2-3 yilda emas, nari borsa 3-4 oyda puxta o‘zlashtirib olinadigan hajm va mazmunda tuzilgan;
4) hujradagilarning nafaqat o‘zi, balki oilasidagilarga ham ko‘mak ko‘rsatish orqali ularning hushyorligi o‘g‘irlangan.
O‘rni kelganda aytib o‘tsam: mamlakatimiz OAVda, ko‘plab kitob, risolalarda turli norasmiy oqim va harakatlarga qo‘shilib ketgan yoshlarga aksar hollarda yoppasiga omi, g‘o‘r, savodi haminqadar, sodda va ishonuvchan, hatto go‘l deb ta’rif-tavsif berish odat tusiga kirib qolgan. Mazkur g‘oyaviy-mafkuraviy kurashning ayrim jabhalarini qo‘ldan boy berayotganimiz, muxoliflarimiz faoliyati samaraliroq bo‘lishining tub ildizida ayni shu hol – dushman tomon kuch va imkoniyatlariga yetarli baho bermayotganimizdek jiddiy qusurlar yotibdi.
Aslida esa ekstremistik oqim va harakatlar ichida bo‘lg‘usi a’zolarning butun hayoti, xarakter va temperamenti, qiziqishlari va bilim doirasi, imon-e’tiqod masalasiga munosabati, moddiy-ma’naviy ehtiyojlari, orzu-armonlarini puxta o‘rganadigan bilimdon mutaxassislar, kuchli psixologlar faoliyat olib boradi. Ular to‘plangan ma’lumotlarga tayangan holda bo‘lg‘usi “o‘ljalar”ning har biriga individual yondashadi va yo‘l-yo‘riq ishlab chiqadi. Ya’ni: kimning orzulari amalga oshmay turibdi, bunda davlat idoralari yoki jamiyatdagi mavjud holatning ta’siri nechog‘li; kim hatto otasiga qarshi turib bo‘lsa-da, “e’tiqod” himoyasiga chiqa oladi; kim har qanday tazyiq va qiynoqlarda ham guruh a’zolarini, uning rahbarlarini sotmaydi – o‘limga, jihodga tik bora oladi... mana shu kabi surishtiruvlar safga yangi a’zolar tanlanishida albatta inobatga olinadi.
Bilim va fikrlash quvvati haminqadar, tabiatan zaif, to‘rtta odamga gapini o‘tkazolmaydigan, ozgina mushkulotdan gangib o‘zini yo‘qotib qo‘yadigan kishilar bu guruhlarni qiziqtirmaydi. Bugina emas, “hujra”ga loyiq ko‘rilgan, o‘zlari og‘iz solgan kishining istiqboliga aynan kim chiqishi, u bilan dastlabki ishlovni kim olib borishigacha puxta o‘ylanadi. Sodda qilib aytganda, talabaga uning yaqin kursdoshi, olimga ilmdoshi, savdogarga bozordoshi, hunarmandga kasbdoshi ro‘baro‘ qilinadi.
Hujradagi darslar faqat nazariya, manbalarni o‘rganish bilan cheklanib qolmay, tiqishtirilayotgan g‘oyalarning hayot bilan bog‘lanishiga jiddu jahd ko‘rsatiladi. Ya’ni, chinakam musulmonlar yashaydigan jamiyat aslida qanday bo‘lishi uqtirilar ekan, ta’lim oluvchining nigohi hayotdagi o‘ta salbiy holatlarga, nuqsonlarga qaratiladi. Bunday holatlar esa, afsuski, jamiyatda har qadamda uchraydi. Masalan, ular ko‘cha-ko‘yda, jamoat transportida ochiq-sochiq yurgan, hashamatli to‘ylarda tanasini ko‘z-ko‘z qilib o‘rtani bo‘shatmay o‘yinga (raqsga emas!) tushayotgan qiz-juvonlarni ko‘rsatib, achchiq savollarni qalashtiradilar: “Shular musulmon millatimi, islomiy jamiyatda shunga yo‘l qo‘yiladimi, Yaratgan ayolni shunga buyuradimi, bularning eri, aka-ukasi bormi, agar bo‘lsa, endi ularning islomiy hukmi nima bo‘ladi?!” va hokazo.
Shu tariqa tuzoqqa ilingan “o‘lja”ning nigohi o‘zga “mas’ala-yu masoyillar” tomon buriladi. Odam o‘zi yashayotgan jamiyatga yotlashib, ich-ichdan zamondoshlariga nisbatan dushmanlik, ular qilib yurgan kori amalga qarshi nafrat hissi bilan to‘lib boradi. Qarabsizki, hujralarda uch-to‘rt yil obdon shunday “ta’lim-tarbiya olgan”, deylik, yosh adabiyotshunos olimning ko‘ziga “ajoyib kunlarning birida” tik boqib so‘raladi: “Boshlab qo‘ygan ilmiy ishingizning mavzusi nima edi? “Zamonaviy modern adabiyotining stilistik jihatlari”midi? Birodar, bir kun kelib Ollohning huzuriga borganingizda Yaratgan Egam sizdan yashaganing hayotda qanday ish qilib kelding, deb so‘rasa, nima deb javob berasiz? O‘sha ilmiy ishingizning nomini aytasizmi?..”
Xuddi shu yanglig‘ savollar talabaning ham, hunarmand-u savdogarning ham, ayol-u erkakning ham oldiga ko‘ndalang qo‘yiladi-yu “eng to‘g‘ri javob”ni topishda (jihodga da’vat yo‘li bilan) “xolis ko‘maklashib” yuboriladi...
Ana shunday kuch va imkoniyatlarga ega bo‘lgan ekstremistik oqimlarning harakat doirasi tobora kengayib, xatarli tus olayotgani borasida islom dunyosining eng yirik ulamolari ham jiddiy tashvish bilan bong urmoqdalar. Ulardan biri – Al-Azhar universiteti shayxi, nomi 2013-yilgi “Dunyoning eng ta’sirli 500 musulmoni” ro‘yxati avvalida qayd etilgan Ahmad Toyyib hazratlaridir. Olim 2015-yil fevral oyida Makka shahrida bo‘lib o‘tgan “Terrorga qarshi kurash va islom” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqida, jumladan, quyidagilarni uqtirgan edi: “Hurmatli ulamolar! Biz arab va musulmonlarni mo‘ljal qilgan va ularni batamom boshqa shaklga keltirishni hamda o‘z mamlakatlarida ularni parokanda qilishni xohlayotgan katta-katta xalqaro rejalarga to‘qnash kelib turganimizni yaxshi bilasizlar. Va yana islomga xayrixoh bo‘lmaganlar bilan qo‘lma-qo‘l va yelkama-yelka hamkor bo‘lib turgan, dunyoni yangicha mustamlaka qilish orzusida bo‘lgan kimsalar qarshisida turganimizni ham bilasiz.
Shuni ham unutmasligimiz lozimki, yangicha mustamlaka qilish yo‘lida foydalanilayotgan yagona vosita o‘tgan asrda amalda qo‘llangan ayni vositaning o‘zidir. U ham bo‘lsa, ularning “Bo‘lib tashla va hukmronlik qil” degan vahshiyona shiorlaridir. Ularning mazkur shiorlari bu safar mazhablar va toifalar o‘rtasidagi ixtilof, keskinlik o‘chog‘ini keltirib chiqarishga asoslanadi. Ming afsuski, shu safar ham bu ummatni xohlaganlariga o‘ynatishdi va xohlaganlaricha makr-hiyla, xiyonat hamda chetdan turib boshqarishni amalga oshirishdi. Bu makkor o‘yin natijasida Iroq boy berildi, Suriya o‘t ichida qoldi, Yaman parchalandi, Liviya esa barbod bo‘ldi. Yana ular ko‘z ostilariga olgan, Ollohning o‘zigina biladigan qanchadan-qancha mo‘ljal va rejalari bor” (Dunyo ulamolari murojaati. Toshkent, “Movarounnahr” nashriyoti, 2016. 61-64-betlar).
Bu gaplar bir tomonda Saudiya Arabistoni boshliq aholisining asosiy qismi sunniy, ikkinchi yoqda esa Eron boshliq shia mazhabiga mansub mamlakatlar o‘rtasida qo‘zg‘atilgan o‘ta xavfli ziddiyatlar va shu asosda arab dunyosida tobora avj olayotgan birodarkushlik urushlarini yodga soladi. Bu mamlakatlar shu ixtilofdan manfaatdor bo‘lgan yirik davlatlardan bir-birini otish uchun eng zamonaviy, qirg‘in kuchi oshirilgan ajal qurollarini tobora ko‘proq, bir necha yuz milliardlab dollar evaziga sotib olayotir...
O‘rni kelganda mushtariylar e’tiborini yana bir tarixiy parallelga qaratsak. Ulug‘ rus adibi Fyodor Dostoyevskiy “Бесы” (“Jinlar”) romanida ona yurti Rossiya hududiga chetdan kirib kelayotgan, yuzaki qaraganda go‘yo xalq baxti uchun kurashni oliy maqsad deb e’lon qilgan, aslida esa bepoyon o‘lka hududini ulkan tajriba – sotsialistik g‘oyalarning sinov maydoniga aylantirmoqni ko‘zlagan odam qiyofasidagi jinlarning asl basharasini ochib beradi. Asar qahramonlarining aksari Germaniyada o‘qib, xatarli g‘oyalar bilan qurollanib qaytgan nigilistlardir. Ular insoniyat baxtli, farovon va ozod yashashini ta’minlash uchun jamiyatlarni tag-tugi bilan qo‘porib tashlash, boshqaruvchilarni ayovsiz qirish, o‘tmish bilan bog‘liq jamiki qadriyatlarni ostin-ustun qilish, xalqlar, millatlar dunyoqarashini tubdan o‘zgartirish da’vosini ilgari suradilar. Ular nazarida har jihatdan qoloq, Yevropa sivilizatsiyasidan uzilib qolgan, boy-zodagonlari tomonidan talanayotgan Rossiya esa tajriba maydoni sifatida tanlanishi kerak...
Shunisi hayratlanarliki, bu vahshiy g‘oyaning bosh targ‘ibotchisi Pyotr Verxovenskiy tili bilan aytganda, “bor-yo‘g‘i yuz million odamning boshini uzish kerak bo‘ladi, xolos!” deya ish boshlagan “jinlar” qo‘llagan usullardan bugungi islom dunyosidagi diniy ekstremistik guruhlar ham deyarli o‘zgarishsiz foydalanmoqda. Xorij “sabog‘i” va yo‘l-yo‘rig‘ini olgan “jinlar”ning har biri besh kishidan iborat halqa tarzida yashirin faoliyat olib borgan bo‘lsa, butun dunyoni xalifalik boshqaruvigina baxt va iqbolga doxil etishini da’vo qiladigan hizbchilar ham har biri besh kishilik hujralar tizimini tashkil etdi. Ayni “halqa”larda obdon ishlov berilgan besh kishining har biri keyin “ustoz” sifatida o‘zi ham alohida beshlikni yig‘adi va bu jarayon to “muqaddas urush”ga ishora bo‘lgunga qadar kengayib boraveradi. Bamisoli maddalab boradigan saraton o‘simtasi yanglig‘...
F.Dostoyevskiy shaxsi va ijodini, g‘oya hamda qarashlarini V.Lenin ham, uning izdoshlari ham xushlamagani ma’lum. Buning bosh sababi shuki, ulug‘ yozuvchi asarlarida insoniyatga ogohlik qo‘ng‘irog‘i sifatida yangragan chaqiriqlar marksistik g‘oyalarga mutlaqo zid edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, adib asarlari Germaniyadagi siyosiy va harbiy doiralarning ta’siriga tushgan, Rusiya imperiyasida “inqilobiy harakat”ni vujudga keltirish va birodarkushlik olovini yoqish uchun o‘sha mamlakat moliya guruhlaridan allaqancha sarmoya olib turgan Leninning faoliyatini fosh etar edi.
Aynan Lenin tug‘ilgan 1870-yilda yozila boshlagan, ulug‘ yozuvchining bashoraticha, tez oyoqqa turib Rossiyani yoppa bosib kelayotgan siyosiy jinlar tajovuzidan ogohlantirish maqsadida bitilgan bu asarning ahamiyati hech qachon susaymaydi. Zero, bugun dunyoni bo‘lib olishga yangi urinishlar avj olgan davrda turli xalqlar, jumladan, o‘zbek yoshlarini o‘z “bag‘ri”ga chorlayotgan, Yer yuzining turli mintaqalarida tashkil etilgan mafkuraviy markazlarda ularni o‘z vatani, dini va millatiga dushmanlik ruhida tarbiyalayotgan kuchlar ilgari surayotgan quyidagi kabi g‘oyalar bundan 150 yil avval P.Verxovenskiy tomonidan xushta’m konyak sipqorgancha aytilgan boyagi fikrdan (“bor-yo‘g‘i yuz million odamning boshini uzish kerak bo‘ladi, xolos!”) deyarli farq qilmaydi: “Insonlar tabiatan urushni yomon ko‘rsalar ham va o‘zaro muammolarni tinchlik vositalari bilan yechishga urinsalar ham, o‘zlari yomon ko‘rgan narsaga majbur qilinishlari aniqdir. Shuning uchun ham insonlar bu urushlardan uzoqlashishga qanchalar harakat qilishsa ham ular o‘rtasida urush bo‘lishi muqarrar. Ular urushni to‘xtatishga qodir emaslar... Millatlar va xalqlar o‘rtasidagi hamda davlatlararo tinchlik, garchi unga intilish chiroyli ish bo‘lsa ham, lekin uni doimiy shaklda ro‘yobga chiqarishning imkoni yo‘q, balki urush bo‘lishi muqarrar, Shuning uchun biror insonning urushlarni man qilish haqida fikrlashi xatodir” (bu haqda batafsil qarang: O.Abbosxo‘jayev, N.Umarova, R.Qo‘chqorov. Mafkura poligonlaridagi olishuv. Toshkent, “Akademiya” nashriyoti, 2007. 58–75-betlar).
Teleko‘rsatuvlarni e’tibor bilan kuzatganda, noqonuniy guruhlarning jinoiy harakatlari uchun qo‘lga olinib, qilmishiga yarasha jazoga tortilgan a’zolari uncha-muncha ziyoli odamdan qolishmaydigan darajada mantiqli, aniq fikrlashi, mulohazalarini har jihatdan to‘g‘ri ifoda etishi bilan ajralib turishini sezmaslik mumkin emas. Demak, ularni nuqul omi va g‘o‘r deb o‘ylash, bizningcha, o‘ta biryoqlamalik, masalaga mas’uliyatsiz yondashuvdir. Tan olaylikki, ekstremistik tashkilotlar biz o‘ylaganchalik go‘l kishilar bilan uzoqqa borolmay, o‘zini o‘zi osongina fosh qilgan, saflarini bu qadar kengaytira olmagan bo‘lar edi. Shunday ekan, biz g‘oyaviy muxoliflarimiz – zamona jinlarining kuch va imkoniyatlarini to‘liq hisobga olib harakat qilsakkina, ko‘zlagan maqsadimizga erisha olamiz.
Rahmon QO‘CHQOR
“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 4-son
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q