Safarimiz tahlikali vaziyatga toʻgʻri keldi. Ozarboyjonning janubiy qoʻshnisi Eron osmonida raketalar tutuni hali tarqamagan edi. Shimoldagi gegemon davlat bilan munosabat ham taranglashgan palla. Postsovet mamlakatlariga siyosiy bosim oʻtkazish uchun mehnat muhojirlariga zoʻravonlik qilinishiga koʻnikib qolingan. Odatda bunaqa nayranglarga yon beriladi, kuch tomoni gʻarazli niyatiga erishadi. Biroq Bokuning dadil javobi barchani shoshirib qoʻydi (otdan tushsa-da, egardan tushmayotganlarni ham), usul eskirganini ochiq-oydin koʻrsatdi. AQSH xavfsizlik nuqtayi nazaridan oʻz fuqarolariga Ozarboyjonni tark etishni tavsiya etayotgani sizdirildi. Xullas, vaziyat qaltisligi haqida toʻgʻri-notoʻgʻri xabarlar urchiyotgan bir paytda “shamollar shahri” tomon ishonch bilan parvoz qildik. Ishonchimizga asos bor edi...
Umid muallimning dardi dunyosi
Bizni Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda hali koʻpimizga notanish Umid muallim kutib oldi. Oʻrni bilan aytib ketay: uning kasb-kori oʻqituvchilik emas, balki bu oʻlkada ilmli va hurmatli zotlarni ismiga “muallim” sifatini qoʻshib eʼzozlaydilar.
– Siz oʻz uyingizga keldingiz! Ozarboyjon Sizning ham vataningiz! Qaysi eshikni qoqmang, Sizga aqrobolaringiz peshvoz chiqadi.
Umid muallimning ilk soʻzlaridanoq koʻnglimizdagi mubhamlik, begonasirash hislari tumanday tarqadi. Bir haftalik safarimiz davomida uning gapi shunchaki mulozamat emasligiga bot-bot ishonch hosil qildik.
Aeroportdan chiqishimiz bilan yoʻl chetlarida hilpirayotgan Oʻzbekiston va Ozarboyjon bayroqlari qadrdonlik hissini chandon oshirdi. Koʻk, qizil, oq va yashil ranglari, oy va yulduzlari... tilimiz, dilimiz, dinimiz, tariximiz va tomirimiz birligini taʼkidlab turardi.
Shahar koʻchalaridagi saranjomlik va ayni paytda maxsus xizmatchilarning muhim hodisa arafasidagi besaranjomligi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrifi kutilayotgan edi. Ozarboyjon xalqining siyosiy faolligiga qoyil: koʻcha-koʻyda, yoʻlda-choʻlda kirakash, sotuvchi, oshpaz, yoʻlovchi, olim, shoir, yozuvchi... rasmiy-norasmiy kishilar bizni voqealardan xabardor qilib bordi. “Prezidentingiz ham bugun Bokuga kelar ekan-ku!”, “Oʻzbekiston elchixonasining yangi binosi ochildi”, “Oq shahar mavzesida “Oʻzbekiston” bogʻiga tamal toshi qoʻyildi”, “Shavkat Mirziyoyev hozir Xonkendi shahrida!”, “...Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida qatnashyapti”. Biz eshitgan shu kabi xabarlar oddiy odamlarning samimiy his-tuygʻulariga yoʻgʻrilgani bilan yanada qiymatli edi.
Ayniqsa, Oʻzbekiston tomonidan 2023-yili Fuzuliy shahrida qurilgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktab tillarda doston. Eslamagan odam qolmadi. Bir bor borib koʻrmaganlar ham ogʻzidan bol tomib maqtadi. Qorabogʻdagi eng yirik umumtaʼlim maskani ekan. Yuzlab ozar bolalari oʻqiyapti, kelajakka oppoq orzular qilyapti. Ozarboyjonning qudrati bunday binolardan mingtasini qurishga yetadi, albatta. Gap shundaki, ishgʻoldan ozod etilgan hududda qardosh mamlakat tomonidan maktab barpo qilinganida juda katta ramziy maʼno koʻrilmoqda. Oʻzbek xalqining tinchlikparvar, maʼrifatparvar qalbini tamsil etib turibdi bu oshyon!
Qorabogʻ manzili maktab darsliklarimizdan Amir Temur nomi bilan bogʻliq holda hammamizga tanish. Keyingi oʻttiz-oʻttiz besh yilda Ozarboyjonning dardi dunyosiga va sharaf-shoniga aylanib ketdi Qorabogʻ. Fatorat topgan qizil imperiya eng soʻnggi fitnalaridan birini shu yerda amalga oshirdi. Oqibatda bugun mamlakatda biror oila yoʻqki, koʻnglida Qorabogʻ fojiasidan qora dogʻ qolmagan boʻlsa. Ozar elining har bir suhbati borib-borib, albatta, Qorabogʻ xotiralariga ulanadi. Shahidlar yodga olinadi: kimning otasi, kimning akasi, bolasi...
“Biz ham maʼnan shahidmiz! Ichdan shahidmiz!” deganida Umid muallimning shoir yuragi haqida oʻylab qoldim. U 1961-yili Fuzuliy rayonida tugʻilgan. 1982–1987-yillari Moskvadagi Adabiyot instituti poeziya boʻlimida tahsil olgan. Soʻng Ozarboyjon Yozuvchilar ittifoqi nashri – “Adabiyot va injasanʼat” gazetasiga ishga kiradi. Mamlakatda algʻov-dalgʻovli kunlar boshlanib, millatga shoirdan koʻra jangchi koʻproq zarur boʻlib qoladi. Vatan sendan qon, jon soʻraganida “gul”ga “bulbul”ni qofiya qilib yurish yarashmaydi.
Sobiq Ittifoqning parchalanishi asnosida etnik mojarolar avj olgani yodimizda. Oʻsha fojialar bizda siyosiy qurolga aylantirilmagani oqilona qaror boʻlgan. Xalqqa tez-tez eslatilib, izzat-nafsi bilan oʻynashish yaxshilikka olib bormasdi, albatta. Kavkazda ham muammolar yetarli edi. Mintaqa 1813-yili boshida oqpodsho taʼsiriga oʻtgach, ikki yuz yil mobaynida diniy va milliy qarama-qarshiliklar “parvarish” qilib kelindi. Zaqqum ogʻochi XX asr adogʻida zaharli mevalar tugdi. Umid Mirzayevning koʻz oʻngida milliy fojialar zanjiri roʻy berdi. Ozarboyjon tarkibidagi Togʻli Qorabogʻ muxtor viloyati mustaqil respublikalikni daʼvo qildi. Mamlakat hududiy yaxlitligiga darz ketdi. Soxta davlatcha gegemon kuchlar koʻmagida qoʻshimchasiga yana yetti rayonni bosib oldi. Etnik tozalash, milliy qirgʻin uyushtirildi. Ayniqsa, Xoʻjali qabohati butun dunyoni larzaga soldi. Ishgʻol etilgan hududlardan yarim million aholi uy-joyini tashlab, bosh olib ketishga majbur boʻldi. 1994-yili Ozarboyjon sarhadlarining beshdan birini boy bergan edi.
Umid muallim haqsizliklarni koʻrib turar, biroq xorij ommaviy axborot vositalari teskari maʼnoda xabarlar tarqatayotganiga hayron boqardi. Jahon afkor ommasiga oqni qora, mazlumni zolim deb taqdim etishlariga chiday olmasdi. Ammo chorasiz edi. Jurnalistika faqat nazariy kitoblarda xolislikni saqlashi, amalda esa manfaatlar oʻyiniga xizmat qilishini angladi. Axborot katta kuch ekanini tanasida his etib koʻrdi. Axiyri 1992-yili Xalqaro Yevroosiyo matbuot fondiga asos soldi. Turli davlatlardan jurnalistlarni jalb qilib, Qorabogʻ fojiasining atroflicha yoritilishiga, ichkaridagi asl vaziyat haqida xalqaro doiralarda haqqoniy tasavvur shakllanishiga hissa qoʻshdi. Nodavlat fond bugun keng qanot yoygan, faoliyat doirasi va jugʻrofiy koʻlami ham kengaygan. BMT tuzilmalari, Yevropa Komissiyasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning doimiy hamkori hisoblanadi.
– Judayam qiyin kunlarni boshdan kechirdik. Rosti, avvaliga yolgʻizlanib qoldik. Yosh mustaqil davlatlar oʻz muammolari bilan andarmon edi, toʻgʻri tushunish mumkin. Biroq qardosh mamlakatlar hamisha yonimizda ekanini his etdik. Ayniqsa, oʻzbek xalqi doim biz bilan birgaligini ham rasmiy, ham norasmiy doirada namoyon etib keldi. Bu yurtning yetakchilaridan tortib, oddiy aholi vakillarigacha har qancha taʼzim qilsak arziydi.
Eʼtirof etish lozim, Ozarboyjonning hududiy yaxlitligiga erishish yoʻlidagi oʻttiz yillik mujodalasi va 2020, 2023-yilgi gʻalabalarida hukumat, mudofaa va boshqa soha vakillari qatori Umid muallim singari ziyolilarning ham alohida oʻrni bor. Millat oydinlarining missiyasi gʻoyani tirik saqlash, xalqning qalbidagi choʻgʻni oʻchirib qoʻymaslik, buning uchun takror-takror aytish, yozish, chizish... ijod qilishdan iborat.