Navoiy va jadidlar


Saqlash
15:02 / 07.02.2022 2113 0

So‘nggi besh yuz yilda tarix bizni kamida ikki marotaba o‘ta muhim tanlov qarshisiga qo‘ydi. XV asrda temuriylar davlati inqirozga yuz tuta boshlagach, uni saqlab qolish masalasi kun tartibiga chiqdi. Bu –   olamgirlik qahramonlik sanalgan zamonda g‘anim qarshisida zaiflanishga, qoloqlik va xo‘rlanishga, qullikka yo‘l bermaslikning asosiy sharti bo‘lgan. Zotan, Temur bunyod etgan shavkatli saltanat feodal anarxiya zamonidagi eng ilg‘or tuzilma, Turk xoqonligi davridan boshlab va undan keyingi asrlarda ijtimoiy tafakkur peshtoqida jilvalangan orzuning ro‘yobi, porloq tajassumi edi.

 

O‘tgan yuz yillikning boshlari biz uchun ikkinchi o‘ta muhim davr hisoblanadi. Dasturxonimizni o‘sha – besh asr oldin boy berilgan imkoniyatning achchiq mevalari to‘ldirib, qoloqlik, xorlik va qullik tahdidi zo‘raydi. Vazifa tag‘in-da mushkul: endi borini saqlab qolmoq emas, yangisini qurmoq lozim edi.

 

Qonuniyat shuki, tarixiy vazifa ijrochilarini har doim hayotning o‘zi maydonga chiqaradi. Chunonchi, XV asrda Alisher Navoiyning, yuz yillar oldin esa jadid ma’rifatparvarlarining umum manfaat yo‘lida olib borgan faoliyati ham tasodif emas, tarixiy zaruriyatning voqelanishi bo‘lgan. Mutafakkir shoir qarshisida parchalanayotgan ayanchli saltanat, sharafsiz turkiy til turadi. Ildiz otgan feodal qoloqlikni tugatish; hali na tarhi, na amalga oshirish dasturi aniq bo‘lgan mustaqil davlat barpo etish, xalqining yurar yo‘lini dunyo taraqqiyotiga uyg‘unlashtirish vazifasi esa jadidlar chekiga tushgan.

 

Til ham siyosat

 

Alisher Navoiy nomi bizning tafakkurimizda avval-boshlab til, turkiy til tushunchalari bilan yondosh turadi. Bunda ikki jihatni farqlash kerakdek. Dastlabkisi shuki, shoir tilning faqat insongagina ato etilgan “guhari sharif”, so‘zning qudratli qurol ekanini urg‘ulaydi. Ta’sir kuchiga shubha qilmaganidan, mangulikka daxldor yuksak insoniy ideallarini ham badiiy so‘z libosiga o‘rab taqdim etadi.

 

Ikkinchi tarafdan esa mutafakkir turkiy til mavqeini o‘z o‘rniga qaytarib qo‘ydi. U davrda ulkan hududdagi ko‘p sonli aholi o‘zaro turkiyda so‘zlashar, idoraviy va badiiy til – fors-tojikcha, ilmiy asarlar esa ko‘proq arabiyda bitilgan. Navoiy savqi tabiiy ila turkiy til imkoniyatlarini ko‘rsatish va darajasini ko‘tarish zaruriyatini anglardi, shu anglamga ko‘ra badiiy asarlarida ona tilining qudratini amalda, “Muhokamatul-lug‘atayn”da esa nazariy jihatdan asoslaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Nuh payg‘ambar zamonidan buyon, asosan oddiy xalqning kundalik muloqoti orqali bo‘lsa-da, yashab kelgan til ijtimoiy hayotning yuksak jabhalarida qo‘llashga ham yaroqli va munosib ekanini isbotlaydi.

 

Til muammosi XX asr boshlarida yana o‘rtaga chiqib, jadidlar ham xuddi Navoiy singari masalani avvalo ma’naviy-ma’rifiy sathda idrok etadilar. Ya’ni boshqa til unsurlaridan xoli bo‘lgan, o‘z lug‘at boyligi va imkoniyatlariga tayangan sof milliy lison uchun kurashga kiradilar. Buning yorqin   misoli 1919-yilda tashkil topgan “Chig‘atoy gurungi”dir. Binobarin, Navoiy zimmasiga turkiy tilning butun boyligi, go‘zalligi, qudratini namoyish qilish vazifasi tushgan bo‘lsa, jadid ma’rifatparvarlari uni ibtidoiy sofligida ko‘rmoq, o‘z imkoniyatlari negizida taraqqiy ettirmoqni ko‘zlaydilar. Ular, Navoiydan farqli ravishda, tilimizga chuqur o‘rnashgan arabiy-forsiy kalimalarni iste’moldan butunlay o‘chib ketgan eski turkiy so‘zlar bilan almashtirib, ajnabiy ifoda usullarini o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqadilar. Rus tili “bosqin”iga qattiq qarshilik ko‘rsatib, yangi tushunchalarning o‘zbekcha muqobilini topishga intiladilar. Sheva – adabiy til muxolifati ham ilk bora XX asr boshlarida farqlanib, adabiy tilni shakllantirishga qo‘l uriladi.

 

Ta’kidlash joizki, biz bugun shoir-yozuvchi sanaydigan jadidlarning aksari avvalo siyosiy-ijtimoiy g‘oyalar ila maydonga chiqqan; badiiy adabiyotni esa ana shu kurash yo‘lida qurol deb bilgan. Ular yaratgan asarlarning badiiy saviyasi adabiyotshunoslar tomonidan ko‘pincha yuqori baholanmay, bu hol bosh maqsad badiiy ijodgina bo‘lmagani bilan izohlanadi. Sirasi, madaniyat, maorif, matbaa, san’at, badiiy adabiyot singari tilga ham milliyatchilik, tarixiy o‘zlik, mustaqillik ko‘zgusidan qaralgan. Chunonchi, “Chig‘atoy gurungi” a’zosi bo‘lgan yosh Botu shunday yozadi: “Fitrat suhbat paytida har doim o‘zbek milliy madaniyatini barpo etish, aniqrog‘i, tiriltirish va mustaqil o‘zbek millatini yaratish masalasini ko‘tarib chiqardi... U derdi: avval – madaniyat, keyin – mustaqillik...”

 

Til bobida jadid ma’rifatparvarlari zamon taqozosi bilan Navoiydan bir qadam olg‘a ketdilar. XX asr avvali dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy, xususan, iqtisodiy munosabatlar kuchaya boshlagan, taraqqiyot yo‘liga tushib olish hamma sohalarda tig‘iz aloqalarni talab qilayotgan davr bo‘lgan. Zamon ruhini teran anglagan jadid ziyolilari hali-hamon bo‘z to‘qish-urchuq yigirish bilan mashg‘ul millatdoshlarini xorijiy tillarni o‘rganish, jahondagi ilg‘or ilm-u fan, sanoat yutuqlarini o‘zlashtirishga chaqiradi. Avvaliga Avaz O‘tar “Har tilni biluv emdi bani odama jondur” deb yozadi. 1913-yilda esa Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘sha mashhur “Ikki emas, to‘rt til lozim!” shiori bilan chiqadi. O‘zi to‘rt farzandini arab, rus, turk va fors tillarini mukammal biladigan darajada tarbiyalab voyaga yetkazadi. Is’hoqxon Ibrat rus, ingliz, fransuz, arab, fors, hind-urdu kabi o‘nga yaqin tillarni, eng qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlarini o‘rganadi; olti tilli (arab, fors, hind, turk, o‘zbek va rus) “Lug‘ati sitta al-sina”ni tuzadi. Davr taqozosi bilan jadid bobolarimizning aksari arab, fors, usmonli turk, tatar, ozarboyjon, ruschada bemalol muloqot qila olgan. O‘shanda ham xuddi hozirgi singari til bilish dunyo taraqqiyotiga uyg‘unlashuvning asosiy shartlaridan biri sanalgan.

 

Olam butunligining bir qanoti

 

Jamiyatda erkakka munosabat, uning o‘rni hamisha aniq. Ayolniki-chi? Odam bolasi dunyo hayoti erkak va ayol bir butunligida barqarorligini anglab, go‘zal qavm vakilalariga insondek munosabatda bo‘lguniga qadar nimalar ro‘y bermadi? Qadim Yunonistondagi geteralar, tug‘ilishi hamon ko‘mib yuborilgan arab qizaloqlari, buyumdek olib qochilgan yoxud hukmdorlarga tuhfa qilingan ma’sumalar, mag‘lubiyatdan keyin haram-haram bo‘lib g‘anim qo‘liga o‘tgan malikalar, jodugar deya tiriklay gulxanga otilganlar... Shu xil jaholatlar mavjud ekan, ayolga munosabat masalasi har qanday ilg‘or tafakkur yo mafkuraning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib kelgan.

 

Alisher Navoiy ayolni sevimli ma’shuqa, ona, yaratuvchi shaxs va do‘st-u anis sanaydi. O‘rta asrlar ojiza deb qaragan jins vakilalarini jamiyatning muhim bo‘g‘ini deb bilgan shoir “Mahbub ul-qulub”da alohida faslni ularga bag‘ishlagan (“Kadxudolig‘ sifati va xotunlar zikrida”). U xotinlar erkak kishining ijtimoiy faolligi, davlat va jamiyat oldidagi xizmatiga ta’sir qiladi deydi: “Muvofiq tushsa kadbonu, davlat va jamiyatga bo‘lmoqdurur hamzonu”. Agarda oqila bo‘lsa, turmush obodligi undan; hayotdan jafo yetganda   – do‘st-u hamdam, taqdirdan balolar yuzlanganda – g‘amdosh-u hamnishin; ular farishtalarga yaqin turadilar, bunday ayolga yo‘ldosh, turmushdosh bo‘lish – saodat, taqdirning muborakligi nishonasidir. Navoiy ayol siymosida eng qadrlagan sifat bu   – hayo, iffat, vafo va poklikdir. Shoirga ko‘ra, “Yuz tuman nopok erdin yaxshiroq / Pok xotunlar ayog‘ining izi”! “Mahbub ul-qulub”da esa shunday duo bor: “...ismat hullasidin yuzlarida burqa’, bu burqa’ni ul yuzidin haq yiroq qilmasun...” (ularning yuzlarida ma’sumlikning harir pardasi borkim, Haq bu pardani ularning yuzlaridan aslo ko‘tarmasin). Poklik shuning uchun ham muhimki, faqat shunday ayollardangina solih va yuksak fazilatli farzandlar dunyoga keladi: “Pokdomon zuafodin neki zoyanda bo‘lur, Ruhparvardur, jonbaxsh zihi xilqati pok”.

 

Alisher Navoiy ayolni ona sifatida behad ulug‘laydi, uni “roziqi marsum”, ya’ni “qonuniy rizq beruvchi” deydi. Ota va onani farzand hayotini ziyoga to‘ldirguvchi oy bilan quyoshga o‘xshatgan shoir ayolning o‘rnini erkakdan hech kam ko‘rmaydi. Uning nasihatnomalarida “otangga boshingni fido qilsang, onangga jismingni sadaqa ayla” qabilidagi go‘zal o‘gitlar bor. Olam podshosi bo‘lgan mahobatli Iskandar g‘ussalardan ezilganda, onasiga sharhi hol etib, “dunyogirlik vasvasasida yongandan ko‘ra, butun umr sening xizmatingni qilib o‘tsam bo‘lmasmidi, sening dargohing tuprog‘i bo‘lmaklik – shohlikdan yuksakroq martaba emasmi?” qabilida afsusnoma bitadi.

 

Lekin qiziqki, o‘sha davrning bu qavmga o‘ziga xos munosabati Navoiy darajasidagi shaxsni ham chetlab o‘tmagandek. Ayolni shu qadar ulug‘lagan, hukmdorlik martabasidagi Mehinbonu kabi timsolni yaratgan Navoiyning “Sab’ai sayyor”ida shunday lavha bor: tushida ko‘rgan go‘zalni axtarib yo‘lga tushgan shahzoda Farruxni Axiy ismli so‘fiy xor, behush holda topib oladi. Uyiga olib keladi. Ma’lum bo‘ladiki, yigit izlayotgan dilbar Axiyning iffatli xotini ekan! Er va rafiqasi bir-birlarini Layli-Majnun qadar sevar edilar. Ikki o‘t orasida qolgan xoja o‘ylay-o‘ylay, oxiri dod-u faryodiga qaramay ayolni taloq qilib, musofir yigitga nikohlab beradi...

 

Albatta, voqealar yaxshilikcha yakun topadi. Qaysidir adabiyotshunos bu lavhada balki e’tirozga sabab bo‘ladigan hech nima ko‘rmas. Axiyning harakatini futuvvat, jo‘mardlik, ramz kabi tushunchalar bilan izohlar. Lekin bizning idrokimiz buni aslo qabul qilgisi kelmas: fanniy atamalarni dastak qilib g‘ayriinsoniy munosabatni ma’qullash olimning ishimi? Na tuyg‘ulari, na xohish-istagini nazar-pisand qilmay, qonuniy nikohdagi sevimli ayolini buyumdek tuhfa qilib yuborish nimasi? Bunda badiiy shartlilikdan, tasavvufdan ko‘ra, o‘rta asrlardagi tutum-taomillarning izi chuqurroq, psixoanalitik in’ikos kuchliroq emasmi? Axir, Navoiydek buyuk taxayyul sohibi, istasa, e’tirozga mutlaqo o‘rin qoldirmaydigan bundan-da o‘tkirroq syujet o‘ylab topa olmasmidi? U balki hayotning bor haqiqatini g‘oyaga xizmat qildirgandir? Bundan tashqari, har qanday ulug‘ odam ham o‘z davrining kishisi-da qabilidagi e’tirof soxta ideal yasashdan ma’niliroq emasmi? Nahotki, haqiqat Navoiy siymosiga soya solsa?..

 

XX asrga kelib tasavvur, ideallar bir qadar yangilandi. Jadid ziyolilari talabicha, xotin kishi albatta o‘qimishli bo‘lishi lozim bo‘lgan. Zero, ma’rifat odamning oqilona hayot kechirmog‘i, atrof-muhitni o‘nglamog‘i, haq-huquqiga ega chiqmog‘i uchun kerak. Qodiriyning talqinicha, atrofidagilarning qariyb hammasi O‘zbek oyimning jaholati tufayli baxtsizlikka uchraydi. Cho‘lponning Zebi va Qurvonbibisi o‘z ma’rifatsizligining qurboni bo‘ladi. Ra’no otin oyining qizi va o‘zi ham o‘qimishli bo‘lgani uchun xonga qarshi chiqish qadar jasoratli. Alhosil, jadid adiblari ma’shuqaga mamlakat va millat taraqqiysi uchun kurashga bel bog‘lagan erlar ila hammaslak bo‘lish talabini qo‘yadilar. Sidqiy-Xondayliqiy “Yor damsoz agar bo‘lmasa sen birla soz, Ketmasa ul nari, san qochibon andin nari ket” deb yozadi. So‘fizoda aytadiki, maktab borib, kamol kasb etmagan go‘zalning o‘z jamolidan g‘ururlanishi asossiz, ilm-ma’rifat – mana ayolning haqiqiy ziynati! Hatto “tarbiyasiz xotunlar ulusning o‘limi uchun yo‘l ocharlar” (Fitrat, “Hind ixtilolchilari”) deyishgacha borilgan.

 

Ular ayol siymosida ulug‘ muallimni ko‘rdilar. Har qanday jamiyat uchun “yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasi” (Abdulla Avloniy) bo‘lmish tarbiyaning boshida esa millat onalari turadi, deb hisoblaydilar. Fitrat “Oila” asarida yozadiki, “Odam birinchi tarbiyani onasining bag‘rida oladi. Shu narsa muqarrarki, birinchi tarbiya (oila tarbiyasi) tarbiyaning eng muhimi hisoblanadi. Uning tabiati odam tarbiyasiga mustahkam o‘rnashadi”. U farzandlarimizni yaxshi xulq egalari, fidokor va g‘ayratli qilib tarbiyalashimiz lozim, toki ular din va dindoshlarini halokat va xarobalik jarligidan qutqarsinlar, deydi. Buning uchun esa “xotinlarimiz va qizlarimiz – millat onalari tarbiya va ilm olishlari lozim, axloq va bilimlarini kamolga yetkazishlari zarur”.

 

Ha, jadidlar dasturida oila, ma’rifatli ona va u tarbiyalagan farzandga ulkan ijtimoiy o‘zgarishlarning ibtidosi, taraqqiyotning hal qiluvchi kuchi sifatida qaraladi. Ayni choqda ayolning faoliyati oilada tarbiyachilik va erkakka ko‘makdoshlik bilan cheklanishi to‘g‘ri emas. Hayotning turli sohalarida faoliyat yuritishga uning kuchi ham, aqli ham yetadi; bu faqat uning o‘ziga emas, jamiyat uchun ham kerak. Shuning uchun ham Hamzaning Maryamxoni (“Zaharli hayot”) qizlar maktabi ochib dars berishni orzu qiladi. Fitratning Dilnavozi (“Hind ixtilolchilari”) sevgilisi bilan bir safda turib ingliz mustamlakasiga qarshi kurashadi. Demak, bugun urfga kirgan jozibador gender tengligi talabi bizda jadid bobolarimiz davridan kurtak otgan desak yanglishmaymiz.

 

Komil inson, ma’rifatli xalq

 

Umum baxtli yashaydigan jamiyat barpo etishda hal qiluvchi omil – inson. Bu nuqtayi nazar Alisher Navoiyning komil inson, jadidlarning ma’rifatli xalq konsepsiyasida tajassum topgan.

 

Navoiyning komil insoni haqida juda ko‘p va xo‘b yozildi. Agar o‘sha bitiklarni bir joyga to‘plasak shunday manzarani ko‘ramiz: komil inson olijanob fazilatlarni jamlagan, o‘zi bilan birga o‘zgalarni ham o‘ylaydigan fidoyi, jasoratli kurashchi, dunyoviy va diniy ilmlarni egallagan shaxsdir.

 

Bizningcha, Navoiyning komil insonga oid dasturida ikki muhim jihat bor. Birinchisi shuki, shoir komillik deganda odamni xarob qiladigan turfa illatlarni bilish va ulardan saqlana olishni nazarda tutgan. O‘rta asr mutafakkirining nuqtayi nazari bugungi kungacha ayni shu jihati bilan ham ahamiyatli. Chunki bizda shunday tasavvur borki, noshoyista illatlar hayotimizga go‘yo tashqaridan kirib kelmoqda. To‘g‘ri, globallashuv sharoitida ongni zaharlaydigan axborot, noravo mafkuralar, yovuzlikning manfur chaqirig‘i, qonun tusidagi g‘ayriinsoniy talablar, quyushqondan chiqqan da’volar odamni, Yer kurrasining qaysi nuqtasida bo‘lmasin, topib keladi. Ammo ming taassufki, inson fikratini, fitratini buzadigan turfa qusurlar o‘zimizning kechmishimizda ham, bugunimizda ham yetarlicha topiladi. Umuman, “farzandlarimiz o‘sha narsalarni eshitmasa-bilmasa, hammasi yaxshi bo‘ladi” qabilida fikrlash anoyilikdir. Insonni hech qachon g‘ofillik qutqarmaydi.

 

Navoiyona konsepsiyaning keyingi muhim nuqtasi shuki, unda har birimizning ichimizda istisnosiz mavjud bo‘lgan ezgulik va yovuzlik urug‘idan qay birining unib-o‘sishi uchun kurashamiz, qay biriga yo‘l bermaymiz; faqat o‘z kamolotimiz bilan cheklanamizmi va yo undan jamiyatni ham bahramand qilamizmi – komillik masalasi ayni shu tarzda qo‘yilgan.

 

Ayni choqda komillikka erishish Navoiyda umumdavlat, umumjamiyat emas, shaxsiy masala kabi ko‘rinadi. Uning qahramonlari ko‘p hollarda oiladagilar tashabbusi bilan tarbiya topadi.

 

Shoir “Mahbub ul-qulub”da jamiyatdagi barcha toifalarni tavsiflagan. “Sayldin tomg‘a nishast o‘lg‘anidek...” kabi misralar shundan dalolat beradiki, o‘zi yomg‘irdan uyining tomiga shikast yetadigan tabaqa vakili bo‘lmasa-da, shoir xalqning og‘ir hayotidan boxabar bo‘lgan. U xalq, el kabi so‘zlarni bot-bot tilga oladi. “Odami ersang demagil odami, Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”, “Naf’ing agar xalqqa beshakdurur...” deb yozadi-yu, biroq asarlarida oddiy xalq vakili timsoli deyarli uchramaydi; xalq obrazi Navoiyda ko‘proq yaxlit, umumiy manzarada; ancha kuchsizroq, sharpanamo ko‘rinadi. U o‘rta asr mutafakkiri sifatida ijtimoiy iqlimda ob-havoni hukmdor va uning atrofidagilar belgilaydi, tarix g‘ildiragi o‘shalar tufayli yuradi deb hisoblagan. Mamlakatning taraqqiy yo tanazzuli, daraja va maqomini yurt boshida turganlarninggina irodasiga bog‘lagan. Shoirning yozganlarida zolim va odil hukmdor mavzuyi markaziy o‘rin tutishi, qahramonlarining ko‘pi shoh-u shahzodalar, saroy ahli, davlat arkoni ekani shundan. Mutafakkirning tanqid-u tanbehi ham, nasihat va da’vati ham asosan o‘shalarga qaratilgan.

 

XX asr boshlariga kelib tarixiy vaziyat o‘zgaradi. Davlatchilikning monarxiya shakli eskirib, mustamlaka siyosatiga qarshi milliy ozodlik harakatlari kuchayadi. Dunyo yangilanayotgan, inson haq-huquqini taniyotgan, yo‘qsillar ommasi o‘zi bilan hisoblashish lozim bo‘lgan kuch ekanini ko‘rsatayotgan bir pallada Alisher Navoiy izdoshlari ham butunlay yangi nuqtayi nazarni o‘rtaga tashlaydilar:

 

Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir,

Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o‘chdir.

Xalq qo‘zg‘alsa, kuch yo‘qdirkim to‘xtatsin,

Quvvat yo‘qkim, xalq istagin yo‘q etsin.

 

Ha, jadid ziyolilari xalqni tarixning hal qiluvchi kuchi deb biladilar. 1921-yilda Abdulhamid Cho‘lpon tomonidan bitilgan bu misralar jadidona umumtasavvurni to‘la-to‘kis ifoda etgan. Xalq sifatida fitratimizga o‘rnashgan kamchiliklar, urf-odatlar, xato va adashuvlarimiz ularni qayg‘uga solib, qoloqlik va qullik sababini ham shundan axtaradilar. Elning to‘yparastligidan tortib ulamoning johilligigacha, boylarning hamiyatsizligidan tortib amaldorlarning noinsofligigacha   –   barchasi beayov tanqid qilinadi. Ular ijtimoiy tafakkurda ancha ilgarilab ketdilar. “Hind sayyohining qissasi”da Fitrat “Mansabdor hokimning xalq oldidagi vazifasi nimadan iborat, xalqning hokimga nisbatan huquqining darajasi qanchalik?” degan savolni o‘rtaga qo‘yadi. Bundan hokimiyat egalari va xalq yaxlit birbutunlikning bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydigan ikki tomonidir degan fikrni ilg‘ash mumkin.

 

Omma shunchaki to‘da bo‘lib qolmay, yengilmas va qudratli kuchga aylanishi uchun esa ong o‘zgarishi lozim edi. Fitrat “Rohbari najot” asarida “jahon xalqlari orasida musulmon olamining farsax-farsax orqada qolganligi” va biz turkistonliklarning “boshqa islomiy jamiyatlarga nisbatan dunyoyi jahon parishonlikka tushib, yo‘limizdan adashganimiz” sabablarini axtaradi. Na zamona kishilari, na kitoblardan ko‘ngil to‘lgudek javob ola bilmagach, so‘ng Qur’oni karimga yuzlanib, o‘zini to‘liq qoniqtirgan jumlalarga duch keladi: “Albatta, ne’mat berilgan qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha, Olloh ularning holini o‘zgartirmas”. Ha, Fitrat o‘rtaga tashlagan “Miya o‘zgarmaguncha, boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas” degan shiorning zamirida ana shu ilohiy ko‘rsatma yotadi. Zotan, har qanday tashqi o‘zgarishning mabdayi, boshlang‘ichi insonning o‘zidadir.

 

Butun bir xalqning hayotini, jamiyatni keskin o‘zgarishlar tomon burib yuborish hazilakam ish emas. Xo‘sh, nimadan boshlash kerak? Jadidlar avval-boshlab ahllarga qoloqligi, xor-u haqirligi sababini anglatish, xato-kamchiligini ko‘rsatish, keyin-keyin rivojlangan xalqlar hayoti bilan tanishtirish, zamonaviy taraqqiyotga rag‘bat va havas uyg‘otish, diniy va dunyoviy ilmlarni o‘qitib-tarbiyalash lozim degan to‘xtamga keladi. Ayni choqda bu ilg‘or g‘oya tarixda ko‘p kuzatilganidek hayotga tatbiq etilmay, xayolligicha qolib ketmagan. Ular o‘z hisobidan maktablar ochib, darsliklar yaratib, o‘qish-o‘qitish tizimini yangilab, teatrni yo‘lga qo‘yadi. Bu – maqsad yo‘lidagi ilk qadamlar bo‘lgan. Voqean, ma’rifat bilangina ish bitmas. Mutafakkir bobolarimiz ilgariroq borib anglaydilarki, butunlay yangilanish uchun harakat, kuch, birlik, kurash ham zarur. Shu bois ular “Haq olinur, berilmas” shiorini o‘rtaga tashlab, xalqni harakat va kurashga chorlaydi.

 

Abdulla Qodiriy istibdod changalida qolishimizni “ittifoqning ne ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb-ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar”dan ko‘radi. Mirzo Anvarning og‘a-inilari yordamida muqarrar qatldan qutulib ketishi voqeasida miqyosan kichikroq bo‘lsa-da, birlikning kuchini ko‘rsatadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston muxtoriyati tor-mor etilishidan atigi biror oycha oldin bong uradiki, “Biz hammamiz, ya’ni qirg‘iz, qozoq, o‘zbek, turkman, arab, fors, xullas, Qozog‘istondagi va Turkmanistondagi barcha musulmonlar va ham mundagi yahudiy va xristianlar birlashib, ittifoq ila shu muxtoriyatning amalg‘a kelishig‘a sa’y va ehtimom etmog‘imiz lozimdur”. Demak, Behbudiyga ko‘ra, maqsad yo‘lida millat va din ayirmachiligini ham chetga sursa bo‘lar, “hamma ham inson-ku, Xudoning yaratgan bandasi-ku” deb qarasa bo‘lar. Darvoqe, “musulmon bo‘lmagan qo‘shnida ham qo‘shnichilik haqi bor”, deb ta’lim bergan din vakili boshqacha gap aytishi mumkinmidi?..

 

Fitratning qahramoni Lolahardiyol (“Hind ixtilolchilari”) yurtidagi ahvoldan iztirobga tushadi: “Bu kun bu o‘lkada qo‘ydan ortiq odam kesiladir... Masjidda namoz uchun yig‘ilg‘anlar “siyosiy yig‘in” yasag‘an bo‘lib, to‘pg‘a bog‘lanar. Er bilan xotun o‘zaro ko‘brak gapurganda hukumatga qarshu bo‘lub dorga osilalar...” Nima qilmoq kerak? Albatta, harakat va kurash yo‘liga kirmoq lozim. “Ishga kirishingiz, tebraningiz. Tebranmas ekansiz, o‘limingizni kutingiz” deydi u yosh ixtilolchi do‘stlariga qarata. Adib aytadiki, mag‘lublarning, xo‘rlik tortayotganlarning “eng buyuk yozug‘lari kuchsizlikdir”.

 

Jadidlar alaloqibat anglab yetdilarki, davlat hokimiyati, boshqaruvni qo‘lga olmay turib jiddiy natijaga erishmoq dushvor ekan.

 

Nihoyat, mavzuning muhim nuqtasiga ham yetib keldik. Ikki o‘xshash tarixiy davr daholari idealidagi davlat tuzilmasi qanday bo‘lgan?

 

Milliy laylatulqadrimiz

 

Qadim Yunoniston va Rimdagi ibtidoiy demokratiya unutilgan, zamonaviysi esa hali ancha olis bo‘lgan tarixda yashagan Alisher Navoiy, tabiiyki, monarxiyadan boshqa xil davlat tuzumini tasavvur qilolmasdi. Uningcha, mamlakat iqlimini to‘laligicha yakka hukmdorning shaxsiyati va irodasi belgilaydi. “Mahbub ul-qulub”da shoir podshohni daryoga, uning qavm-u xayli, ya’ni qo‘l ostidagilarni daryodan suv oladigan anhorlarga o‘xshatadi. Basharti, daryoda qanday suv oqsa, anhor-u ariqlarda ham o‘sha suv oqadi. Zotan, “Ul achchig‘ – bu achchig‘; ul chuchuk – bu chuchuk; ul tiyra – bu tiyra; ul suzuk – bu suzuk”. Asarning odil va zolim sultonlar zikri bilan boshlanishi ham shundan dalolat. Albatta, Navoiy orzusidagi saltanatda adolat mezonlari poydor, zulmga o‘rin yo‘q, raiyat farog‘atda yashaydi. Uning bu boradagi dasturi mazmuni asarlarida batafsil bayon qilingan. Quyidagi ruboiyda esa Navoiy orzusidagi ideal saltanatning asosiy belgilari go‘yo kod-tezis shaklida tig‘iz ifoda etiladi:

 

To hirs-u havas xirmani barbod o‘lmas,

To nafs-u havo qasri baraftod o‘lmas.

To zulm-u sitam jonig‘a bedod o‘lmas,

El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.

 

Aziz mushtariylarimiz akademik Abdulla A’zamning “Buyuk armon” (“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 1-son) maqolasidan ham bu haqda mufassal ma’lumot olishlari mumkin. Olim davlat tutumiga oid shoir bayon etgan prinsiplarni birma-bir sanab, ularni “Navoiy kodeksi” deb ataydi...

 

XX asr boshlarida Turkiston xalqlari asrlar davomida quyuqlasha kelgan tanazzul va g‘aflat ichida yashar edi. Jadidlar bu hol daqqi tartibotlar va kolonial zulmning asorati ekanini to‘g‘ri anglab yetdilar. G‘arb u tartibotlardan allaqachon voz kechgan, mustamlaka o‘lkalarda milliy uyg‘onish kurashi boshlanib, insoniyatning yangi tarixi pallasi – zamonaviy davlat tuzish fursati kelgan vaqtlar. Madrasa ta’limini ko‘rgan, ham dunyoviy ilm-u fandan xabardor, aksariyati xorijda o‘qib kelgan, taraqqiyot yo‘nalishini teran anglagan ziyoli o‘laroq jadidlar ham xalqning o‘zi idora etadigan davlat tuzilmasini orzu qiladi.

 

Ideal jamiyat tushunchasi tarix uchun yangilik emas. U odamzodning shirin xayolotida goh fozil shahar, goh utopiya oroli, goh kommunizm suvratida yashab kelgan. Lekin hech qachon to‘la-to‘kis reallikka aylanmagan. Ba’zan xayoldan kechadiki, jadidlar ham ro‘yobi qariyb mumkin bo‘lmagan davlatni orzu qildilar. Bu tuzilmaning ma’naviy asosi – islom qadriyatlariga, tarhi va tutumi – zamonaviy demokratik tamoyillarga asoslanmog‘i lozim edi. Sharq va G‘arbni o‘zida ajoyib tarzda uyg‘unlashtirgan donishmand bobolarimiz oyoqni islom zaminiga mustahkam tirab, qo‘lni baralla cho‘zib, zamonaviy taraqqiyot, dunyoviy ilm-u fan halqasini mahkam tutmoq tilaydilar. Agar jadidlar orzusiga erishganida, jannatmonand bir maskan barpo bo‘larmidi? Afsuski, bunday davlat qurmoq baxti hozirgacha biron bir xalqqa nasib etmadi...

 

Albatta, ma’rifatparvar bobolar muvaqqat Turkiston muxtoriyatini barpo etishga muvaffaq bo‘ladilar. Muxtoriyat o‘z bag‘rida turli elat va din vakillarini birlashtirgan, boshqaruvida butun xalq ishtirok etadigan zamonaviy mustaqil davlat bo‘lgan. Quyidagi tarixiy faktning o‘ziyoq uning sof demokratik prinsiplar asosida tuzilganini tasdiqlaydi: “Millat majlisi 54 nafar a’zodan iborat bo‘lib, qurultoy qaroriga binoan “36 nafar musulmonlar va 18 nafar g‘ayri musulmonlardan saylanadur. 36 musulmon vakillari Turkistonning 5 viloyatidan bo‘lib: Farg‘ona – 10 nafar, Samarqand – 5 nafar, Sirdaryo – 9 nafar, Yettisuv – 6 nafar, Zakaspiy – 2 nafar;
4 nafar esa butun Turkiston shahar dumalari tarafidan tayin bo‘lurlar”. 18 nafar o‘rin esa o‘lkaning yevropalik tashkilot va fuqarolariga, jumladan, temiryo‘lchilar ittifoqi, ishchi va soldat deputatlari soveti, sotsial-demokratlar, dashnoqsutyun, yerlik juhudlar, yahudiylar, eserlar, ukrainlar, polyaklar vakillari va boshqalarga berilishi ko‘zda tutilgan edi” (Shamsuddinov R. Turkiston muxtoriyati va uning taqdiri /
http://e-tarix.uz).

 

Turkiston xalqining oddiy vakillaridan tortib peshqadam ziyolilarigacha – hamma-hamma Muxtoriyatni shod-u xurramlik bilan kutib oladi. U siyosiy lahjada aytganda – chinakam Xalq respublikasi, asriy istibdod va bosqinlar tug‘dirgan orzular tili bilan aytganda – Milliy laylatulqadrimiz (Fitrat) bo‘lgan. Charxning kajraftorligini ko‘ringki, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan tortib olgan bolsheviklar tomonidan Toshkentda tuzilgan Turkiston XKS milliy hukumatni qonundan tashqari deb e’lon qilarak, uning a’zolarini qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqaradi...

 

Muxtoriyatning mazmun-mohiyati ma’lum, faoliyat kundaligini kunma-kun bilamiz. Ayonki, tarixiy vaziyat taqozosiga ko‘ra, mag‘lubiyatga bir emas, bir necha omillar sabab bo‘lgan. Shu omillardan biri jadidchilar va qadimchilar o‘rtasidagi ixtilof ekani ham sir emas. Jadid bobolarimiz katta maqsadga turli-tuman ovoz va harakatlarni birlashtirish, andak bag‘rikenglik, o‘zgacha nuqtayi nazarga ozgina toqatlilik bilan erishilishini ko‘p bor uqtiradilar-u, orzu real voqelikka aylanganda, u jonso‘z chaqiriqlar unutilib, o‘zaro ittifoqqa raxna tushadi. Fitratimizda yerlashgan va asrlar bo‘yi mag‘lubiyatlarning negizi bo‘lib kelgan birlasholmaslik balosi, kuya singari bildirmay yemirgan izzattalab fe’limiz, ruhiyatimizni sindirib tashlagan davomli istibdodlar, zamonning alg‘ov-dalg‘ovi o‘z kuchini ko‘rsatib, oftobnamo umid nishonasi bo‘lgan Muxtoriyat mustahkam oyoq bosmay turib zavolga yuz tutadi. 1918-yilning 20-fevral sanasida “Ulug‘ Turkiston” gazetasi xabar berganidek, Qo‘qon o‘liklar shahriga aylanadi...

 

Tarixning Temur davlati tuzilishidan boshlab 1507-yilgacha davom etgan sahnasi 73 kunlik qisqa muddatda qayta takrorlangandek. Xayol edi, hayotga aylandi, boy berildi... O‘shanda ham Shayboniyxonga qarshi birgalikda kurashish uchun Murg‘obda yig‘ilgan mirzolar bir yoqadan bosh chiqarolmay, qat’iyat-u shijoat ko‘rsatolmaganidan murod hosil bo‘lmagan, buyuk saltanat quyoshi botgan edi.

 

Alisher Navoiy ham, jadidlar ham mafkurachi odamlar bo‘lgan. Ular tarix zimmalariga yuklagan vazifani bekam-u ko‘st ado etib – g‘oyaviy-nazariy dasturni o‘rtaga qo‘ya oldilar. Uni hayot voqeligiga aylantirmoq uchun zarur bo‘lgan siyosiy kuch, siyosiy iroda ham yo‘q bo‘lmagan. Mavjud davlat tuzumini saqlab qolish uchun ham, birini boshqasiga o‘zgartirish uchun ham qudratli mafkurani qudratli siyosiy kuch bilan birlashtirish shart edi... Biroq imkon qo‘lida bo‘lgan, chekiga muhim tarixiy mas’uliyat tushgan shaxslar keraklicha tilak va sa’y ko‘shish ko‘rsatmadilar. Aslida, bizning yozganlarimiz ham shunchaki bir mulohaza. Tarixning qorong‘i pardalari ortidagi voqealar qanday kechgan – oxirigacha aniqlash mahol. Yana kim biladi deysiz, hokimiyat qo‘lida bo‘lsa, odam bolasi balki boshqacha fikrlar?

 

Ming taassufki, ikki tarixiy davrda ham orzu orzuligicha, g‘oya g‘oyaligicha qolib ketdi. Axtarsa – sabablar ham, sababkorlar ham topilar, lekin mag‘lubiyatlarning sabablarini izlashdan, topishdan muddao shunchaki, tarix kitoblarini yozish emas, filhaqiqat, o‘sha xato qadamni qayta bosmaslik emasmi?!

 

Nodira OFOQ

 

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 3-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 108
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 20
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar

Vatandosh

11:03 / 27.03.2024 0 682
Azizaning qora va oq tuflilari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15372
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi