Iste’dodlarni ro‘yobga chiqarish mexanizmi


Saqlash
11:02 / 07.02.2022 1087 0

Iste’dodsiz bola bo‘lmaydi, balki o‘z vaqtida e’tibor qaratilmagani bois qobiliyatini yuzaga chiqarolmagan insonlar uchraydi, xolos. Imlosi haminqadar, muayyan teorema yoki kimyoviy unsurlar xossalarini eslab qololmaydigan, sodda tenglamani ham yolchitib yecholmaydigan, chet tilini so‘zlashuv darajasida ham o‘zlashtirolmaydigan, o‘quvchilar tili bilan aytganda, “ikkichi” bolaning vaqti kelib, hayotda o‘z yo‘lini topib, qaysidir kasbda mohir usta bo‘lib yetishgani – ko‘p uchraydigan hodisa.

 

Ota-onalar, ustozlar hech bir bolaga befarq bo‘lmasdan, qaysi sohaga qiziqishini aniqlab, shu o‘zanga yo‘naltirishi kerak. Davlatimiz rahbari 2021-yil 19-yanvarda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida “Biz uchinchi Renesans poydevorini yaratishda, avvalo, uning 5 ta muhim ustuni va halqasini belgilab oldik. Shu halqaning eng muhim bo‘g‘ini, hech shubhasiz, ijodkor ziyolilarimiz, xususan, ma’naviyat vakillaridir. Ular “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan milliy yuksalishni amalga oshirishda barchaga, avvalo, yoshlarga o‘rnak bo‘lishlari zarur”, deb ta’kidlagan edi.

 

Bu sinchkov e’tibor va hassos e’tirof zamiridagi teran ma’no oradan ko‘p o‘tmay davlat darajasidagi xalqona maqsadga ko‘chdi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5040-sonli qaroriga ko‘ra maktablarda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim muassasalarida madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning ijodiy iqtidorlarini aniqlab, ro‘yobga chiqarish hamda yanada rivojlantirishga qaratilgan.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamda Yozuvchilar uyushmasining 2021 yil 20 apreldagi “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimini joriy etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaroriga asosan, o‘sha oyning o‘zidan umumta’lim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar (0,5 shtat birligi) ish boshladi.

 

Bugungi kunda respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 9729 nafar ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchining 599 nafari (5,8 %) yozuvchilar, 911 nafari (9,3 %) shoirlar, 824 nafari (8,4 %) jurnalistlar, 1981 nafari (20,3 %) Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari a’zosi bo‘lmagan ijodkorlar, 486 nafari (5 %) madaniyat xodimlari, 3105 (32 %) nafari esa ona tili va adabiyot o‘qituvchilari hamda 1823 nafari (19 %) boshqa fan o‘qituvchilaridan iborat.

 

Soha yangi bo‘lgani sababli faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy qo‘llanmaga ehtiyoj sezilayotgani inobatga olinib, muammoning yechimi sifatida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi va Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda o‘tgan yili 22-23-noyabr kunlari ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar ishtirokida amaliy seminar-trening o‘tkazildi. Sohaning yetuk mutaxassislari, malakali trenerlar, taniqli yozuvchi-shoirlar mahorat darslari o‘tdi, ma’ruza va taqdimotlar tashkil etildi.

 

Mashg‘ulotlarda targ‘ibotchilar faoliyati bo‘yicha qo‘shma qarorda belgilangan lavozim vazifalari – o‘quvchilar iqtidorini izchil rivojlantirish, ota‑onalari bilan hamkorlik qilish yo‘llari, oilada alohida qobiliyatli bolalar bilan qanday ishlash bo‘yicha o‘rtaga tashlangan tavsiya va maslahatlar muhokama etildi. Ishtirokchilar tomonidan muhokamaga tashlangan taklif va mulohazalar talaygina. Ularni birma-bir sanab, o‘quvchining vaqtini olmaslik maqsadida barini umumlashtirib munosabat bildirib o‘tishni joiz topdik.

 

Xususan, qo‘shma qarorda targ‘ibotchining haftalik ish soati 20 soat deb belgilangani, ijodkorlarning asosiy ish joyi borligi sababli, bunga ulgura olmasdan faoliyatini to‘xtatish holatlari kuzatilayotgani dolzarb masala edi. Qisqacha tahlil qilsak, bugungi kunda bir stavka o‘qituvchilik shtat birligi yuqori sinflar uchun – 20, boshlang‘ich sinflar uchun 18 soatni tashkil qiladi. Ko‘rinib turibdiki, targ‘ibotchining gardaniga ikki baravar yuklama tushyapti. Qolaversa, boshqa o‘qituvchilar muayyan sinflarga, ya’ni o‘zi yaxshi bilgan o‘quvchilarga dars bersa, targ‘ibotchi esa butun maktab bo‘yicha o‘quvchilarga motivasiya berishi kerak.

 

Katta maktablarda o‘quvchilar soni 2 mingdan ziyod ekanini inobatga olsak, masalaning qanchalik murakkabligi o‘z-o‘zidan oydinlashadi. Gap har bir bolaning iqtidorini vaqtida payqash va ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish uchun unga kerakli yo‘l-yo‘riq – motivasiya berish haqida borar ekan, targ‘ibotchi har bir sinfga kirib, har bir bolaning sirdoshi bo‘lib ijodiy suhbat o‘tkazishi, pirovardida iqtidoriga qarab to‘garaklarga jalb etishi kutilgan natijani berishi mumkin.

 

“Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimini joriy etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror qabul qilinganiga bir yil bo‘lyapti. Agar bu yo‘nalish – tubdan yangicha ta’lim tizimi va uzoq muddatli reja ekanini inobatga olsak, o‘tgan muddatni tayyorgarlik ko‘rish va ishga kirishish davri sifatida baholash mumkindir.

 

O‘tgan muddat bizga asosli fikrlarni to‘plab, jo‘yali taklif va mulohazalarni umumlashtirib, bafurja mulohaza yuritishni taqozo etayotir. Nisbatan qisqa fursatda Xalq ta’limi vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va Yozuvchilar uyushmasining takliflari, shuningdek, joylardan bildirilgan qimmatli fikr-mulohazalar jamlanib, uslubiy qo‘llanma loyihasi tayyorlandi va joylarda seminarlarda approbasiyadan o‘tkazildi. Endi yanada mukammallashgan holda chop etilib, targ‘ibotchilarga tarqatiladi. Shuningdek, targ‘ibotchilar o‘rtasida har yili “Yilning eng namunali ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi” tanlovini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

 

Aytish joizki, ushbu lavozim joriy etilgach, maktablardagi ijodiy-ma’naviy muhit yanada jonlandi, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashning aniq mexanizmlari yaratildi. Mamlakatimizdagi maktablarning barchasida “Yosh ijodkorlar” to‘garaklari faoliyat yuritmoqda. To‘garak qatnashchilarining ijod namunalari mahalliy va markaziy ommaviy axborot vositalari orqali yoritilmoqda. Yutuqlar yomon emas, ammo ayrim tanaffuslar (pandemiya, ta’tillar) bilan kechayotgan muddat “Ishlar zo‘r” deyishga izn bermaydi.

 

Kasaba uyushmalari uyushtirgan “Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovida aynan ana shu to‘garak a’zolaridan 5 nafari ryespublika bosqichida ishtirok etishib, g‘oliblar safidan o‘rin egallashdi.

 

Targ‘ibotchilar tomonidan tuman (shahar)dagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari orasida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy-badiiy kechalar, ijodiy tanlovlar, mushoiralar, yangi kitoblar taqdimotlari, o‘quv-seminarlari ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga xizmat qilishi tabiiy. Tahlillarga ko‘ra, birgina yanvar oyida targ‘ibotchilar va ularning o‘quvchilarining faoliyati bilan bog‘liq tadbirlar ryespublika bo‘yicha 30 dan ziyod teledasturlarda yoritilgan, 150 dan ortiq maqola va esselar gazeta-jurnallarda chop etilgan. Yangicha ta’lim yo‘nalishidagi 250 dan ko‘proq ilg‘or tashabbuslar yangilik sifatida ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan. Bularning barchasi ushbu yo‘nalishda sezilarli jonlanish bo‘lganini tasdiqlaydi.

 

Har bir hududda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilarning telegramm guruhlari (masalan, “Andijon targ‘ibotchilari”, “Xorazm targ‘ibotchilari” va hokazo) ochilib, a’zolari soni bugungi kunda 8542 nafarni tashkil etayotir. Ushbu guruhlarda kundalik yangiliklar, uslubiy ko‘rsatma va tavsiyalar, o‘zaro tajriba almashish, faoliyatni OAVda yoritish kabi yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

        

Mamlakatimiz milliy ta’lim tizimiga kiritilgan mazkur ijodiy-ma’naviy yangilik tez fursatda o‘z mevasini berishiga ishonamiz. Sohadagi bundan keyingi faoliyat hamma-hammasiga: dastlabki muammolar yechimlariga ham, tashabbus va takliflar nechog‘lik o‘rinli ekaniga ham, mavjud ijtimoiy-ma’naviy muhit oldimizga yana qanday talablarni qo‘yishiga ham oydinlik kiritadi. Demak, mavzuga yana qaytamiz.

 

Safar OLLOYOR,

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 193
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19176
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 16003
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi