Odamlarni “sevasan”, “gapirasan”, “bexato yozasan” qabilida majburlab bo‘ladimi? – Tilimizning muloqot doirasi torayib ketyapti


Saqlash
14:02 / 04.02.2022 1404 0

“Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha!” Abdurauf Fitratning mashhur “Tilimiz” maqolasi shunday boshlanadi. Ajabo! Eng boy va lekin eng baxtsiz... Fitrat bu g‘aroyib aksilmuvozanatning sirini ochib ham bergan. Uningcha, o‘sha davrda “turkcha” atalgan bugungi o‘zbek tilining boy ekani uch asosga ko‘radir: lug‘at, so‘z yasash imkoniyatining ko‘lamdorligi hamda lisoniy qoidalar mukammalligi. Baxtsizligi esa – boshqa tillar, jumladan, arab-fors bosimi ostida qolganidadir. Jadid bobomiz davom etib yozadiki, fors tili ham necha zamonlar “arab bo‘g‘uvi”da bo‘lgan, ammo bir silkinish bilan o‘zini qutqargan. Bu silkinish – olamshumul “Shohnoma” muallifining maydonga chiqishi edi. Fitrat o‘kinadiki, turkchamiz bora-bora forsiy tepkulari ostida ezilmish...

 

“Tilimiz”da o‘qiymiz: “Eronda arabcha hokim bo‘lg‘an birzamonda yozilg‘an “Shohnoma”da arabcha so‘zlar yo‘q darajada ozdir... Lekin bizning baxtsiz turkchamiz bir Firdavsiyni yetishtira olmamish”. Fitrat qadim turkiy so‘zlarni “tiriltirish”, yozma va og‘zaki nutqdagi ajnabiy so‘zlarni o‘shalar bilan almashtirish, ona tili imkoniyatlari asosida yangilarini yasash tashabbuskori bo‘lgan. Ma’lum bo‘ladiki, Fitrat til daraja-mavqeini, istiqbolini ko‘proq o‘z imkoniyatlariga tayangan sof til va badiiy adabiyot bilan bog‘liq holda, ma’naviyat sathlarida ko‘radi. Bu – jadid ma’rifatparvarlarining umumiy nuqtayi nazaridir. Bugungi ziyolilarimiz zehniyatida ham shu xil qarash ustundek.

 

Bizning chin Firdavsiyimiz bo‘lmish Alisher Navoiy jadidlardan besh asr ilgari turkiy til himoyasiga chiqqan, uning imkoniyatlarini “Muhokamatul-lug‘atayn”da nazariy asoslab, badiiy asarlari bilan amalda ko‘rsatib bergan. Shoiri zamonni ona tilida ijod qilishga ham, ikki til muhokamasiga ham undagan sabab, shubhasiz, turkiyning o‘z mavqeini boshqa lisonlarga berib qo‘ygani edi.

 

Til qayg‘usi yaqin o‘tmishimiz – sho‘ro davrida ham kun tartibidan tushmadi. “Ona tilim o‘lmaydi!” degan hayqiriq ishonchdan ko‘proq xavotir va umid hissini o‘zida jo etgandi. Xalq ruhini, asriy qadriyatlar bardavomligini ona tili timsolida ko‘rgan millatparvar ziyolilarning umumiy dardi edi bu. Ular goho nekbinlikning qirmizi pardalarini surib, haqiqatning yuziga tik qaradilar. Shunday choqlarda xom xayollarga berilmasdan, achchiq iqror ila “Ona tilim... sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz, Men ham to‘ti bo‘lib  qolaman” deya yozdilar.

 

Bu yil o‘zbek tili davlat tili maqomini olganiga 30 yil to‘ldi. Lekin hamon ona tilimiz mavqei va istiqbolini o‘ylasak, xotirimizga bitmagan ochiq yara suvrati keladi. Yo‘qsa, shu kunlarda imlo dardi yana qo‘zg‘alarmidi? Hukumat alohida qaror qabul qilarmidi? Maxsus-maxsus anjumanlar tashkil etilarmidi? Nega tilimiz hali-hanuz “eng boy va eng baxtsiz”? Jamiyatimizda hayot-mamot qadar dolzarb masalalar oz emas-ku. Unda yana nega til, nega yana imlo?

 

Tarix shahodatiga ishonsak, turkiy til miloddan ilgari ham mavjud bo‘lgan. Rivoyatlar esa uning ibtidosini “Odami soniy” atalgan Nuh alayhissalomning o‘g‘li Yofas – Abutturk nomi bilan bog‘laydi. Demak, bizning bobotilimiz yoshi insoniyatning jahon to‘fonidan keyin boshlangan yangi tarixi bilan teng. Kechmish asrlarda u tabg‘ach balosiga dosh berdi, arab-u fors haybati qarshisida qoyim tura oldi, o‘ris zug‘umidan omon chiqdi. Yo‘qolib-yitib ketmay, bizning zabonimizda-da sanduvoch kabi sayrab turibdi. Lekin xavotir negadir zamonlar bo‘yi u bilan yonma-yon yashab keldi.

 

Ha, tarixdagi turfa balolar tilimizni butkul mahv eta olmadi. Qanday yaxshi! Buning sababi ne, deymiz va yana Fitratdan o‘qiymiz: “Negakim boydir”. Faqat shuginami? Dunyodan boxabar bo‘lish osonlashgan bizning asrda bu javob bir oz qoniqtirmaydigandek odamni. Chunki ayrim faktlar til boy bo‘lgani uchungina yashab qolishi mumkinligini shubha ostiga qo‘yadi. Bir misol: nufusi 100 mingga yetar-yetmas eskimoslar bilan til boyligi borasida hatto jahonshumul ingliz-u fransuzlar ham raqobatlasha olmas; kamsonli bu elatda, deylik, faqat qorni ifodalaydigan yigirmadan ortiq so‘z bor ekan. Shu nodirligi bilan eskimos tili bugun yo‘qolish xavfi ostida turibdi. Demak, boshqa sabablar ham bor.

 

Asli, ibtidosi bo‘lgan har bir narsa-hodisaning intihosi bor – har ne mavjudot-u maxluqot shu qonuniyat hukmidadir. Odam, hayvonot, nabotot tug‘iladi va o‘ladi; tog‘lar yemirilib tekislikka aylanadi; dengizlar quriydi. Insoniy tuyg‘ular ham shunday. Kuni kelib yulduzlar va quyosh ham osmondan sidirib olinadi... Binobarin, tillar ham tug‘iladi va o‘ladi. Tilshunoslikdagi “o‘lik tillar” degan atama shundan dalolat. Insoniyat Yerda yashay boshlagandan beri qancha til o‘lib ketgan!

 

Xo‘sh, til barhayotligining aniq mezoni, sabablari bormi? Olimlar fikricha, bular – eng avval milliy mustaqillik va davlat tili maqomidir. Deylik, jahon xaritasida Isroil davlati paydo bo‘lishi bilan o‘lik tillar safiga o‘tib ketgan ivrit tili qayta tirildi. Kuzatuvlarga ko‘ra, mustaqil davlati bo‘lmagan xalqlarda (masalan, tatar va uyg‘urlar) til ham, millat ham yo‘qolib ketishi ehtimoli katta. Shukrki, bu tarafdan ko‘nglimiz to‘q.

 

Xo‘sh, unda til yashovchanligi boshqa yana qaysi omilga, deylik, foydalanuvchilar soniga ham bog‘liqmi? Bir jihatdan, ha. Chunki til avvalo aloqa-aralashuv, muloqot vositasidir. So‘zlovchilar soni qancha ko‘p bo‘lsa, tilning yashab qolish ehtimoli shuncha oshadi. Mutaxassislarga ko‘ra, kelajakda xitoy va hind tillari eng keng tarqalgan tillarga aylanadi. Bu o‘sha xalqlar nufusiga bog‘liq emas, deb ko‘ring-chi! Hindlarning ko‘pchiligi o‘qish-yozishni bilmaydi – bu ma’lumot og‘zaki so‘zlashuv ham tilning yashab qolib, keng tarqalishiga sabab bo‘la olishini ko‘rsatadi. Shukrki, o‘nta, yuzta, mingta foydalanuvchisi bo‘lgan tillar dunyosida o‘zbek tilida 50 milyonga yaqin kishi so‘zlaydi.


Yana bir aksilfakt: ba’zan foydalanuvchisi kam bo‘lgan tillar qolib, foydalanuvchisi ko‘p bo‘lgan ayrimlari yo‘qolib ketish arafasida ekan. Bunga nima deysiz? Gap shundaki, o‘sha ko‘p sonli foydalanuvchilar asosan yoshi kattalar bo‘lib, til avloddan avlodga o‘tmas; yoshlar o‘z ichki quvvatini to‘la voqelantirish, shu orqali moddiy-ma’naviy ehtiyojlarni qondirishga imkon beradigan tillarni o‘rganishni ma’qul ko‘rar ekan. Bundan til yashovchanligi foydalanuvchilarning sonidan tashqari yosh toifasiga ham bog‘liq ekani ayon bo‘lmoqda. Bu jihatdan-da noliydigan joyimiz yo‘q.

 

Yuqoridagilar qatorida yozuvga egalik, internet tiliga aylana olganlik kabilar ham til hayoti bardavomligi, jahoniy mavqeining omili sanaladi.

 

Zohiran qaraganda, tilga doxil eng asosiy shartlar jihatdan o‘zbek tilini bemalol baxtli, umrboqiy tillar ro‘yxatiga kiritish mumkin. Ammo...

 

Bu dunyoning balosi yashirin ravishlari ham ko‘p ekan. Qilichposhsho buvim halim va qur’onxon ayol edi; rahmatli aytardiki: “Erishishdan ko‘ra saqlab qolish mushkul. Boshlashdan ko‘ra davomati qiyin”. Ushbularni yozaturib o‘sha sodda falsafa esimga tushib ketdi. Til barhayotligining asosiy kafolati – mustaqil davlat, deydigan bo‘lsak, unutmaylikki, milliy istiqlol biror xalqqa abadulabadga xatlab berilgan emas. Moziyda shaxslar-ku shaxslar, erkini boy berib, Yer yuzidan butkul supurilib ketgan qudratli saltanatlar qancha-qancha! Mustaqillikni saqlab qolish doimiy ogohlik va kurashni, oqilona siyosatni talab qiladi. Bunda eng muhim halqa – hukumat va xalq istak-irodasining uyg‘unligi, shu ikkisining amalda bir-birini qo‘llab-quvvatlashidir. Hurriyatini qo‘ldan berib qo‘yadigan zehni siniq o‘zbek endi yo‘g‘-u, lekin shunday xatar hamisha mavjud bo‘lib qolaveradi...

 

Professor Baxtiyor Mengliyevning yozishicha, “Davlat tili maqomi til va uning sohiblari uchun juda ulkan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, tarixiy, huquqiy ahamiyatga ega. U – milliy yaxlitlikni va bardavomlikni ta’minlovchi asosiy vosita. Biroq uning o‘zigina tilning yashab qolishi uchun yetarli emas”.

 

Yana bir xavotirli manzara bunday: ko‘pchilik odamlar ro‘zg‘ori but bo‘lishi, oila qurib bola-chaqa orttirish, elga aralashib yurish, yaqinlarini yo‘qlash, uy qurish, to‘y qilishni istaydi. Bularning bariga esa dastmoya kerak. Ushbu toifaning sog‘-salomat, badastir va xotirjam, orzu-havasda yashashdan boshqa tilagi bo‘lmaydi. O‘zbek tilida imlo qoidalari asosida yoziladimi yoki xatolar bilan yoziladimi – unga farqi yo‘q; muhimi – yetkazilmoqchi bo‘lgan mazmunni to‘g‘ri anglagani. Bu toifa – muhtaram olimlar qay alifboni joriy qilsa, o‘shani o‘rganib savod chiqaradi; yangisi chiqsa qayta o‘rganadi. Til – o‘sha ko‘pchilik uchun ongi va qalbida kechganlarini ifoda etish, aloqa-aralashuv vositasi, o‘zini ifoda etish shakli, xolos. U “ma’naviyat mavjud bo‘lishining birinchi sharti – odamning jismoniy mavjudligidir” degan ilmiy haqiqatni anglamasligi mumkin, lekin och tovuqning tushiga don kirishi, bo‘sh qop tik turmasligini hayotiy tajribadan biladi. O‘sha toifa o‘z yurtida ishlab kerakli dastmoyani topolmay qolsa, ish izlab boshqa o‘lkalarga ketadi. Majburlikdan chala-chulpa bo‘lsa-da, albatta, ish beruvchining tilida gapiradi. O‘z fikri, talabi, noroziligi, minnatdorligini atrofidagilarga yetkazishi kerak-ku. Til bilmasa, haqini oldirib qo‘yishi mumkin... Sirasi, ma’lum vaziyatlarda til hayot-mamot masalasiga aylanadi. Va axiyri u turmush jangchisi sarsonlig-u mashaqqatlardan saboq chiqarib, bolasiga o‘zi albatta kerakli deb bilgan tilni o‘rgatishga harakat qiladi. Aslida, o‘zingniki qatorida yana bir-ikki tilni bilish qanday yaxshi! Lekin gap boshqa yoqda.

 

“Tilimiz”da yozilishicha, Fitratning hamkasabalaridan biri adabiy tilni shakllantirishga oid suhbat asnosida arab-fors so‘zlarini himoya qilib “...biz bilim bitiklarimizdan (ilmiy kitoblarimiz) ilmiy so‘zlarni chiqarib, arobachilar so‘zini kirguza olmaymiz” degan ekan. Ana xolos! O‘n asr nari-berisidagi uzoq davrlarda turkiy tilni bitib-yo‘qolib ketishdan asrab qolgan xaloskorlar – o‘sha “arobachilar”, ya’ni ming-milyonlik oddiy mehnatkash xalq emasmi? Axir, ilmiy va badiiy asarlar arab-fors tilida yaratilib, azim-azim saltanatlar o‘sha tilda ish yuritgan davrlarda ming-milyonlab oddiy xalq daqqi-qo‘pol deb kamsitilgan o‘z turkiysida gapirib yuravergan; qo‘shiqlar-u dostonlarni shu tilda kuylab, topishmog‘-u cho‘pchaklarni bolalariga shu tilda aytavergan-ku!.. Lekin gap hozir bu haqda emas.

 

Bizni qiziqtirgani shuki, o‘sha “arobachilar”ning ham aksari bugun ish izlab bo‘lak yurtlarga ketyapti! Boshqa tilda gapiryapti.

 

Bolasini ham o‘zga tilli maktablarda o‘qityapti. Goho esa o‘g‘il-qizi ajnabiy xalq bolasi bilan turmush quryapti...

 

Shu taxlit ona tilimizda gapiradiganlar soni kamayib, muloqot doirasi sekinlik bilan toraymayaptimi? Tilimiz boy berilmayaptimi? Faqat milliy ruh, an’ana va g‘urur sharaflangan shiorlar rizq topish ilinjida o‘zga til muhitida yashayotganlarning qulog‘iga kiradimi? Axir, ularning hammasi ham olim, shoir yoki ziyoli emas-ku. Ularning aksari uchun til tirikchilik, tiriklik shartlaridan biri-ku.

 

Bir zamonlar ayrim o‘zbek yigitlari armiyadan boshqa millat qizlariga uylanib kelardi. O‘sha yangalarning aksari hozir bip-binoyi o‘zbekka aylanib ketgan. Bugun gardish teskari aylanmayaptimi?.. Mana, sizga aniq fakt: rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2018-yilda 25 ming nafar o‘zbek Rossiya fuqaroligini olgan.

 

Odamlarni til bobida – yurtdami, tashqaridami, farqi yo‘q – “sevasan”, “gapirasan”, “bexato yozasan” qabilida majburlab bo‘ladimi? Bu usul-uslub natija beradimi?

 

To‘g‘ri, teskari holat ham bor: O‘zbekiston bugun geosiyosiy o‘rni, tabiiy boyliklari bilan, qolaversa, katta bozor sifatida dunyoni o‘ziga jalb qilayotir. Milliy mustaqillik, xususan, so‘nggi siyosiy-ijtimoiy o‘zgarishlar bois poytaxt-u viloyatlarimizda xorijiy investorlar, firma-korxonalar soni oshmoqda. Lekin o‘sha kordonlar biz bilan qaysi tilda so‘zlashyapti? Aniq raqam keltirolmasman, lekin ko‘rgan-bilganlarimga ko‘ra aytishim mumkin: biz ular bilgan tilda yoki tarjimon vositasida muloqot qilyapmiz. “Bu qanaqasi, boshqa mamlakatlarga borsak, biz ularning tilini o‘rganamiz, o‘shalarning tilida gapiramiz-ku”, deya ko‘nglimiz og‘rishi aniq. Lekin gap kimning kimga hojatmandligida – tan olamizmi-olmaymizmi, haqiqat shu!

 

“Arobachi”lar tilni asrlardan asrlarga olib o‘tishdi-ku-ya, olim-u yozuvchilarimiz-chi? Donishmand Fitrat o‘kinadi: “...dunyoning eng buyuk hakimi bo‘lgan Ibn Sino turkdir. Ikkinchi Arastu atalg‘an Forobiy turkdir. Arab tilini mangulik tirg‘izib kelg‘an Javhariy turkdir.  “Vahdati vujud” falsafasining imomlaridan bo‘lg‘an Jaloliddin Rumiy turkdir. Forsiy adabiyotning “payg‘ambar”laridan bo‘lg‘an Nizomiy daxi turkdir. Shu yerlarda otlari yozilg‘an kimsalar-da yolg‘iz turki ulusini emas, butun dunyoning ulug‘ kishilarindan erurlar. Ikki turk ulusi bunlarning asarlaridan osig‘lanolmay qolmish, balki o‘zlarini ham yaxshig‘ina taniyolmay qolmishdir. Bunlar o‘z bitiklarini turkcha yozsalar edi, bugun turk ulusining holi, ehtimolki, boshqa turli bo‘lur edi”. Nachora! Bu ham achchiq haqiqat: bir zamon alloma bobolarimiz yozgan kitoblarni endi tarjimada o‘qiymiz...

 

Taassufki, bugunimiz ham maqtanarli emas. Hukumat azza-bazza e’zozlab, maoshlarini paydar-pay oshirib turgan qancha akademig-u qancha fan doktorlarimiz bor. Har yili “falonta monografiya chiqardik, falonta olim tayyorladik”, deb hisobot berishadi. Xo‘sh, fan olamida yangilik deya taqdim qilingan nechta dissertatsiyamizga xorijliklar qiziqish bildirib, asliyat yoki tarjimada o‘qib chiqdi? Maxsus izlanish olib borilsa, qanoatlanarli javob olishimiz mahol. Bugun bot-bot aytilayotgani kabi o‘zbek tili internet tiliga aylantirilganda ham, dunyo bizdan tarjima qilib olishga ehtiyoj sezadigan nimamiz bor?

 

Olamshumul kashfiyotlarni, dunyoga chiqishni, mayli, qo‘yaturaylik. Birgina milliy til to‘g‘risidagi qonun, imlo masalasida ziyoli-yu olim deganlarimiz xalqning ko‘z o‘ngida necha marta beburd bo‘ldi? Ular imlo o‘zgartirishning “tarixiy ahamiyati”dan tashqari ruhiy-psixologik jihatlari ham borligini bilmaydilarmi? Deylik, o‘zini buyuk millatparvar sanaganlar ne bir da’volarda “ng” va “sh” muhokamasida yoqa yirtishayotgan pallada maktab o‘qituvchisi shu millatning 6-7 yashar bolasiga ular shosha-pisha joriy qilgan alifboni o‘rgatayotgan bo‘ladi. Bir muddat o‘tib muallim bechora-ku, “undoq emas, mana bundoq” deb qayta o‘rgatar, lekin kechagina savodi chiqqan bolaning ruhiyatiga qanday ta’sir qilarkan bu? Kattalar-chi? Ular ruhiy bosimdan emindirlar, deb bo‘ladimi? Deylik, sahifaga bir ko‘z yugurtirib kerakli jumlani topib oladigan olim boshqa imloda shu ishga qancha vaqt sarflaydi? Bu uning ruhiyatiga, ish unumdorligiga, fikrlashiga qanday ta’sir qiladi? Psixologlar xulosasiga ko‘ra, o‘zga til muhitiga tushib qolgan odamda ijodiy fikrlash qobiliyati susayar ekan; balki yangilangan yozuv ham odamga shunday ta’sir ko‘rsatar? Millatning jahoniy, tarixiy manfaatlari nahot uning oddiy vakillari taqdiri, tirikchiligi, ruhiyatiga qarama-qarshi bo‘lsa? O‘sha manfaatlar inson haqida qayg‘urish, inson qalbini avaylashdan boshlanmaydimi? Deylik, alifboni puxta tayyorlab, keyin joriy qilsak; o‘tish davrini 30 yoki 50 yil qilib belgilasak, birov bizni urishadimi?

 

Milliy til qayg‘usidagi o‘ylar hayoti dunyoning iqror keltirish juda og‘ir bo‘lgan yana bir haqiqatini esga soldi: turmushi bundayroq odam g‘ayriixtiyoriy ravishda o‘zining boshqalardan kam emasligini isbotlashga urinadi. Boyoqish chirana-chirana umri o‘tib ketganini sezmay qoladi. Aslida nimani, kimga, nima uchun isbotlamoqchi –   o‘zi ham bilmaydi. Iqror etaylik, kezi kelsa xalq sifatida ham shundaymiz. O‘sha psixologiya dabdabali to‘ylar, hashamatli uylar shaklida voqelikka aylanmoqda. “Ma’naviyatli, shavkatli xalqmiz; hech kimdan kam emasmiz”, “tilimiz boy va go‘zal” deyish bilan o‘zimizni aldaymiz. Bizning bu taxlit faxrlanishlarimizga shiddatli taraqqiyot yo‘lidan ketayotganlar qayrilib ham qarayotgani yo‘q. Gap ko‘p, umr oz, deydi xalq. Zo‘r bo‘lsak, dunyo o‘z-o‘zidan tan oladi. E’tirof va ehtiromga hech kimni majburlab bo‘lmaydi, munosib bo‘lish lozim – shu, xolos. Nafsilamrini aytganda, hurmatga, o‘rganishga loyiq deb bilganlar ana o‘shanda bizga o‘z tilimizda gapiradilar. Misol desangiz, mana: dunyo nigohi hindlar yurti va tiliga rivojlangan tibbiyoti, xitoylarga tezkor va arzon ishlab chiqarishi tufayli ham qaratilmoqda-ku...

 

O‘zimizga savol beraylik: nufuzli jahon tillari bugungi iqtidoriga til-u imlo talashib yoqa yirtishlar evaziga; ko‘pchilik el o‘z tirikchiligi bilan bo‘lgani holda, faqat hukumat va mutaxassis toifaning sa’y-harakati bilan erishganmikan? Tilining olam aro mavqeini so‘zlarni “meniki, seniki”ga ajratish, talaffuz-imlo qoidalarini buzganlarni jarimaga tortish yoki ijtimoiy tarmoqdagi “chellenj”lar orqali yuksaltirganmikan?

 

Kim nima desa der, biz “yo‘q” deymiz. Tilning foydalanuvchisi butun el bo‘laturib, uni asrash va jahoniy o‘rnini tayin etish ayrim kishilar mas’uliyatida bo‘lishi mantiqdan ham, adolatdan ham emas. Milliy til butun elning ona tiliga ongli munosabatidan tortib, mamlakatning harbiy, iqtisodiy, intellektual salohiyati-yu demografik siyosatgacha bo‘lgan uyg‘un-mushtarak omillar negizida xalqaro minbarga ko‘tariladi.

 

Til nufuzi haqida so‘z ketganda, Navoiy, Bobur, Qodiriy kabi millat shariflarini bayroq qilguvchilar, aytaylik-chi, qay birimiz Shekspirni o‘qish uchun ingliz tilini o‘rganamiz? Yoki qay birimiz bolamizga Danteni o‘qishi uchun italyan tilini o‘rgatamiz? Yo‘q, farzandlarimizni biror tilga yo‘naltirgan bo‘lsak, avvalo nonini topib yesin deganmiz.

 

Ha, til masalasi avvalo yashash uchun kurash masalasidir.

 

Globallashgan dunyoda kimki odamdek yashash, yuksalishga asqotadigan ilm, intellekt va yuksak ishlab chiqarish, harbiy qudrat sohibi bo‘lsa, o‘shaning tili hukm yurgizadi. O‘shaning tilini bilishga intiladilar.

 

Qiziqki, shu omillar tilning faqat xalqaro emas, hatto mamlakat ichkarisidagi mavqe-e’tiboriga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shunday bo‘lmaganda, biz katta-kichik idoralarimizda bugun ham ona tilimizda gunohkor banda misoli qisilib-qimtinib, uyalib gapirmasdik. Ish qog‘ozlarimiz ikki tilda bo‘lmasdi. Bolalarimizni o‘zga tilli maktablarga bermasdik. Do‘kon-rastalarimizga, bozor-u qo‘rg‘onlarimizga, eshittirish-ko‘rsatuvlarimizga ajnabiycha nom qo‘ymasdik. Oliftalik bilan “Мы открылись!”, “I love Tashkent!” demasdik... Axir, o‘zimiz aytib qo‘yibmiz-ku: “Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham, boyning o‘g‘li gapirsin” deb.

 

Tilimizni umrboqiy etmoq, mamlakat va dunyo miqyosida mavqeini ko‘tarmoq faqat tilshunos olim-u shoir-yozuvchilar yoki hukumatninggina vazifasi emas. Tilimiz izzat-e’tibori har bir fuqaroning shaxsiy manfaatni umum manfaatning bir qismi o‘laroq anglashi, xo‘jako‘rsinchilikdan voz kechib, vijdonan faoliyat yuritishi bilan-da chambarchas bog‘liq. Ziyolilarimiz davlat tili bilan bog‘liq tarixiy hodisadagi xizmatlarini pisanda qilish, o‘rin-daraja talashishni to‘xtatib, avvalo muhimni nomuhimdan ajratib olmog‘i, yoshlarni ham, butun xalqni ham o‘z atrofida birlashtirmog‘i lozim. Anglamaganlarga til qayg‘usi butun elning umumiy qayg‘usi ekanini anglatib, ishontirish ham o‘shalarning zimmasidadir.

 

Shu anglash-anglatishdan so‘ng... mamlakat peshvolari shunday siyosat yurgizsalarki, millat bolasi rizq izlab har yerlarda uloqib yurmay, xudo bergan iste’dod va quvvati ortidan ota yurtida risoladagidek yashay olsa...

 

Iqtisodchisi kordon-u tadbirkor bo‘lsa. Mamlakatni bor imkoniyatlardan foydalangan holda, jadal taraqqiy ettirib, bo‘lak yurtlardan kelganlarni ham ishli qilsa...

 

Siyosatchisi birovning haqi ikkinchi birovning haqiga raxna solmaydigan adolatli jamiyat uchun kurashsa...

 

Olimi diplom-u maosh dardida emas, jamiyat va odamlar dardiga davo bo‘ladigan kashfiyotlar yo‘lida izlansa-yu jahonni o‘ziga qaratsa...

 

Ma’naviyat darg‘alari hisobot-u statistika ketidan chopmay, o‘z dasturini “odamiylik yo‘lidan og‘ishmay yashashimiz uchun men nima qilishim mumkin?” degan mazmunga muvofiq tuzsa...

 

Shoir-u yozuvchisi soxta nekbinlik va maddohlikdan hazar qilsa, qalamini tilanchilik bilan mukofot-u yorliqlar tamasida yurg‘izmasdan, o‘quvchisini tilning ruhiy qudrat berguvchi bir mo‘jiza ekaniga ishontirsa...

 

Muxtasar aytganda, katta-yu kichik o‘zi, oilasi, yaqinlari va undan keyin el-u yurt qayg‘usida sa’y-harakatda bo‘lsa... O‘shanda “Dunyoning eng boy, eng baxtli tili qaysi tildir?” degan savolga “O‘zbek tili!” deb dadil javob bersa bo‘ladi.

 

Nodira OFOQ

 

Tafakkur” jurnali, 2019-yil 4-son.

“Til qayg‘usi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19271
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16334
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi