“Bor ekan-da, yo‘q ekan...” iborasiga yashiringan borliq va yo‘qlik haqida


Saqlash
16:12 / 04.02.2022 2534 0

O‘zbek xalq ertaklarining kirish qismida ko‘p qo‘llanadigan “Bir bor ekan” iborasi xususida folklorshunoslar bir qator e’tiborga molik fikrlarni bildirib o‘tishgan.

 

“Bu initsial formula ertakda bayon etiladigan voqealarning bo‘lib o‘tganligini tasdiqlash, shu bilan birga, shu yerning o‘zida realligini rad etish holatida ko‘rinadi. Formula fikrni qarshilantirish orqali ifodalash asosiga qurilgan bo‘lib, u so‘z o‘yini yo‘li bilan ertakda ifodalanishi lozim bo‘lgan voqealarning uydirma, fantaziyalarga asoslanganligiga ironiya (qochiriq) qiladi. Ikkinchi tomondan, “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan” jumlasi orqali ertak aytuvchi eshituvchilar diqqatini aytilishi lozim bo‘lgan ertak voqealarga jalb etadi” (Jalolov F. O‘zbek xalq ertaklari poetikasi. – Toshkent: Fan, 1976. – B.131).

 

“Ertakning “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan” deb boshlanishidan ko‘rinadiki, undagi voqelik turli badiiy to‘qimalar ongli uydirmalar asosida bayon etiladi. Voqealar haqiqatdan yiroq bo‘lib, fantaziyaga keng o‘rin beriladi. Bu hol oldindan ma’lum, chunki ular ongli insonlar, voqelikning haqiqat yoki haqiqat emasligi tinglovchi uchun muhim bo‘lmay, u estetik zavq olish, ma’naviy dunyosini boyitish uchun ertak tinglaydi” (Rahmonov T.L.Qadimgi miflar o‘zbek folklori epik motivlarining o‘zagi sifatida: Filol.fan.nomz...diss. – Toshkent,1997. – B. 41).

 

Folklorshunos Jamila Asqarovaning fikriga ko‘ra, boshlamalarda doimiy takrorlanuvchi shakllar mavjud: antonim, juft so‘zlar – bor-yo‘q, och-to‘q; assimetrik tengliklar – bakovul-yasovul, qaqimchi­chaqimchi, karnaychi-surnaychi va hokazo. Bu shakllar barcha tipdagi ertaklarda takrorlanadi. Bu o‘ziga xos ohangdosh figuralarni nima bog‘lab turadi? “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan...” jumlasidagi “bir”  so‘zi o‘rniga nega “Ikki bor ekan, uch yo‘q ekan” deyilmaydi? Olimaning fikricha, dunyoda har bir voqea-hodisa, odamzod, hayvonot, nabotot va koinot olamidagi jami narsalar taqdiriga faqatgina bir marta bor bo‘lmoq bitilgan. Tarixda hech bir davr ikki marta takrorlangan emas. Dunyoning yozuviga ham bir marta bor bo‘lmoq va bir marta yo‘q bo‘lmoq bitilgan.

 

Ammo fizika qonunlari bor narsaning yo‘q bo‘lishini inkor etadi. Mifologik tafakkurga ko‘ra, umuman o‘lim yo‘q. Faqat mohiyatning, jon (ruh)ning bir shakldan ikkinchi shaklga o‘tishigina bor.

 

Eng qadimgi e’tiqodlardan biri bo‘lmish animizmning mohiyati ruhning abadiyligiga bo‘lgan ishonch bilan belgilanadi. Ruh, abadiy o‘lim bu hayotning intihosi emas, balki boshqa ko‘rinishdagi mavjudlikning ibtidosi kabi tasavvurlar animizm natijasidir (Rahmonov T.L.Qadimgi miflar o‘zbek folklori eptk motivlarining o‘zagi sifatida: Filol.fan.nomz...diss. – Toshkent, 1997. – B. 20-21).

 

Biroq olim Shomirza Turdimovning fikricha, yo‘l chetidagi ko‘rsatkich – belgilar yo‘lovchining manziliga adashmay borishiga yordam beradi. Doston boshlamalari ham – ko‘rsatkich. Ular tinglovchini asar voqeligi, voqealariga olib kiradi. Dostondagi qisqa, lo‘nda, boshlama syujet uchun poydevor, ayni paytda asar zamiriga singgan ma’nolar qatlamini ochuvchi o‘ziga xos kalitdir. Bu kalit siz-u bizni necha­necha avlodlar ko‘ngil tubida pishib, tinib, saralanib sayqallangan so‘z, obraz, motiv timsollar mulkiga eltadi. Kishi kalitni topib, timsollar mulki qopqasini ochsa, Xizr xazinasiga yetishadi.

 

Ertaklar matni qog‘ozdagi bitiklarga emas, yodaki bilimlarga asoslanadi. Og‘zaki nutq qisqalikni yoqtirgani bois yillar o‘tishi bilan jumladagi muayyan bo‘laklar tushib qolishi shubhasiz. Darhaqiqat, bugun ham kundalik hayotimizda hech kim “Mashinaning ruli qarshisidagi o‘rindiqqa o‘tirdim”, demaydi, balki “Rulga o‘tirdim” qisqa jumlasi bilan cheklanadi. Aytmoqchimizki, muayyan vaqtlarda “Bir bor ekan...” jumlasining mazmuni qo‘shimcha tafsilotlarsiz ham barchaga tushunarli bo‘lgan. Ammo yillar o‘tishi bilan uni yuzaga keltirgan omillar unutilgach, anchayin sirli va mavhum ko‘rinish hosil qilgan.

 

Ertaklarning kirish qismidagi “bir” so‘zi mavjudlik va kemtiklikni bildiruvchi ikki so‘z – “bor” va “yo‘q”ni birlashtirib kelar ekan, o‘z tadrijiy taraqqiyotida bir necha bosqichlardan iborat serqatlam timsollar hosil qilgani shubhasiz. “Ertaklarning an’anaviy formulalardan iborat boshlamasida qadimgi miflarning izlari bor, albatta. Qadimgi miflarning asosiy funksiyasi etiologizm (izohlash)dan iborat bo‘lgan. Ulardagi voqelik bayoni koinot va tabiatdagi turli hodisalar va narsalarning kelib chiqishini izohlashga qaratilgan bo‘ladi. Voqelik miflarga xos ilk davr – mifologik zamonda kechadi. Olamning yaratilishi zamon va makonning ibtidosi sifatida tushuniladi. Shuning uchun ham bu tushunchalar mifologik tasavvurga ko‘ra muqaddas sanaladi” (Rahmonov T. L. Qadimgi miflar o‘zbek folklori epik motivlarining o‘zagi sifatida: Filol.fan.nomz...diss. – Toshkent, 1997. – B. 42).

 

Qadimgi ajdodlarimiz ularni o‘rab turgan, ko‘zlari ko‘rib turgan narsalar qachonlardir mavjud bo‘lmaganini his etgan va anglaganlar. “Yo‘q ekan” kalimasi aynan butun olamdagi kemtiklikni ifodalaganiga ishongimiz keladi.

 

Qadimgi Misr mifologiyasiga ko‘ra, eng avval ko‘zimizga ko‘ringan olam o‘rnida xaos – tartibsizliklar (yoki yo‘qlik) bor edi. Xaosni dengiz va ummonlar po‘rtanasi egasi – Nun deb tasavvur qilganlar. Ummonda ilk tepalik – Yer vujudga kelgan. So‘ng o‘sha yerda Lotos – Nilufar guli ochilgan va undan Quyosh tangrisi – Ra tug‘ilgan.

 

Qadimgi ajdodlarning tasavvuriga ko‘ra, dunyo Opsu degan chuchuk suv va Tiamat degan sho‘r suv timsoli urg‘ochi bir devdan paydo bo‘lgan. Undan keyin ko‘k tangrisi Opu, havo tangrisi Enlil, dengiz tangrisi Eo o‘zlariga taalluqli qismlarni yaratganlar (Murot O‘roz. Turk asotirlari: Turkchadan M. A’zam tarjimasi. Sirli olam. 1991. №1. – B. 18-20).

 

Boshqa afsonalarga ko‘ra, Qoraxon avval suvlarni, keyinroq  dunyo va insonlarni yaratgan. Umuman olganda, “olamning avvali suvdan iborat bo‘lganligi haqidagi mifologik tasavvur dunyo xalqlari folkloridagi samoviy afsonalarning mushtarak talqinlaridan biri”dir (Jo‘rayev M. O‘zbek samoviy afsonalari. – Toshkent. Fan, 1996. – B. 12).

 

Qo‘shrabotlik Melixol Boliqulovadan yozib olingan afsonada bayon qilinishicha, dastlab bu olamda yolg‘iz xudodan bo‘lak hech narsa bo‘lmagan. Xudo avvaliga bir gavhar yaratibdi. Bir kuni o‘sha gavharga xudoning nazari tushgach, u erib, suvga aylanibdi. Shunda xudoning hafsalasi pir bo‘lib, qo‘lini silkitgan ekan, yengining hilpiraganidan shamol paydo bo‘lib, suvni to‘lqinlantiribdi. Suv to‘lqinlanganidan ummon ko‘pirib, suv yuzida ko‘pik hosil bo‘libdi. Xudo ana shu ko‘pikdan yerni, ko‘pik quyuqlashayotganda ko‘tarilgan tutundan esa osmonni yaratibdi. Xudoning qudrati bilan ko‘k zamindan ajralibdi. Yer bilan suv bir­biriga aralashib ketmasin uchun tog‘larni zaminning har yer-har yeriga qoziq qilib qoqib qo‘yibdi (Jo‘rayev M. O‘zbek samoviy afsonalarining tarixiy asoslari: Filol.fan.dokt...diss.. – Toshkent. 1996. – B. 63-64).

 

Islom manbalariga ko‘ra, avvaliga Odam Atoning ham sherigi bo‘lmagan. Shu sabab “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan”ning mohiyatini “Dastlab Odam Ato bor ekan-u, Momo Havo bo‘lmagan ekan” tarzida tushunish ham mumkin.

 

Tangrining ilk yaratiqlari xususidagi ma’lumotlar turkiy asotirlarda ham o‘z aksini topgan. Folklorshunos olim Jabbor Eshonqulovning yozishicha, birinchi inson Odam Ato va Momo Havolarning ismi turk asotirlarida boshqacha kelsa-da, mazmun jihatdan aynan ularga o‘xshaydi... Qur’oni karimda keltirilgan umumolam haqidagi barcha voqealar haqiqat ekanligi, odamzod maymundan kelib chiqmay, Alloh tomonidan yaratilgani, avval er, uning qovurg‘asidan ayol bunyod etilgani, tangriga qarshi chiquvchi shayton va yovuz kuchlar mavjudligi, odamzod gunohlari uchun jahannamga tushishi, pok iymonlilar Yaratuvchining marhamatiga erishishi haqidagi hikmatlar turkiy asotirlarda ham qadim-qadimdan mavjud edi.

 

Bugun biz ko‘rib turgan narsalarning hammasi juft holatda. Qadimgi ajdodlarimiz tasavvuricha, avvaliga bunday mutanosiblik yo‘q edi. Keyinchalik hammasi o‘zgacha ko‘rinish olgan. Qarama-qarshi qutblar, bir-birini inkor etuvchi timsollar paydo bo‘ldi. Mazkur qarama-qarshilik esa jism va ruhdagi barcha og‘riqlarning, armon to‘la achchiq ko‘z yoshlarning sababchisiga aylandi. Shundan buyon ezgulik va yovuzlik o‘rtasida ayovsiz kurash davom etadi. Bu kurash insonning zohir-u botinida birdek namoyon bo‘ladi. Bashariyat til va dil, so‘z va amal bir bo‘lgan lahzalarga qaytmoq – murod-u maqsadiga yetmoq istaydi. Ertak voqealari shu yo‘ldagi harakatlardan so‘zlaydi.

 

Ertaklarning boshlamasiga qaytib shuni ta’kidlash mumkinki, boshlamada voqelikning haqiqat emasligiga ishora qilinishi ertakning ongli badiiy ijod sifatida maydonga kelganligidan darak berish bilan birga, u o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmay, balki qadimgi miflarning boshlamasidan diffuziya hodisasi natijasida o‘sib chiqqanini ko‘rsatadi. Bir so‘z bilan aytganda, epik boshlamalar qadimgi mif tabiatida kechgan diffuziya hodisasi natijasida shakllanib, an’anaviy formulalar ko‘rinishida ertaklardan mustahkam o‘rin olgan.

 

Ildizi mif va afsonalarga tutashib ketgan sehrli ertaklar vaqtining “qadim-qadim zamonlar” tarzida belgilanishidan maqsad ham aslida aytilajak voqeaning zulmat va yovuzlik qabih, yuzini ilk marta ko‘rsatgan, o‘lim sovuq basharasini tanitgan bir paytda yuz berganini ta’kidlashdir aslida. Och va to‘q so‘zlari esa insoniyatning kundalik mayda tashvishlarini ifodalaydi. Ya’ni, dard bor-u darmon yo‘q, istak bor-u imkon yo‘q, ishtaha bor-u yegulik yo‘q.

 

Elbek JUMANOV

O‘zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2021-yil 3-son

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//