O‘g‘lini otgan ota tiynatiga nazar – chinakam yozuvchi-shoirlar millatning ruhiy-ma’naviy poklanishiga xizmat qiladi


Saqlash
11:53 / 03.02.2022 994 0

O‘quvchilik paytlarim televizorda rus tilida namoyish etilgan bir kinofilmni ko‘rganman. Voqea shunday edi: ulkan xarsanglar qalashib yotgan, tik jarlikdan iborat tog‘lik hududda qochoq bilan yollanma askarlar to‘dasi o‘rtasida otishma yuz beradi. Yarador qochoq askarlar ta’qibidan jonini qutqarish uchun qoya toshlar ortidan panalab hakkalab yo‘lini qishloqqa buradi.

 

Ochiq turgan hovliga so‘ramay-netmay kirib boradi. Hovlining oftobro‘y joyida cho‘zilib yotgan bolani ko‘rgach, unga ortidan askarlar quvlab kelayotganini va o‘zini yashirib qo‘yishini iltimos qiladi. Bola avvaliga rozi bo‘lmaydi. Biroq yarador qochoqda qochishga boshqa joy yo‘q. Halizamon askarlar izidan kelib qoladi. Ota-ona podalaridan xabar olishga ketishgan, hovlida shu boladan boshqa hech kim yo‘q edi.

 

Menga kinofilm voqealari qiziq tuyulgani bois, o‘shanda gaplariga tushunmasam ham, maqsadni anglayotganday edim. Yarador cho‘ntagidan pul chiqarib, bolani amallab ko‘ndiradi. Mezbon harakatga tushib, katta uyum pichan g‘aramida kovak ochib, qochoqni yashiradi va yaqindagina tuqqan mushukni bolalari bilan g‘aram ustiga joylab qo‘yadi.

 

Askarlari bilan kelgan serjant qochoqning shu hovliga kirganini biladi. Ammo u yoq-bu yoqni tintib, topa olmaydi. Oxiri nochor qolib, cho‘ntagidan kumush soatini olib, bolaning ko‘z oldida o‘ynatadi. Unga soat yoqib tushadi va qochoqdan olgan pulni esdan chiqaradi. Axiyri, askarlarga sotiladi. Qochoqning qayerdaligiga ko‘zi bilan ishora qiladi.

 

Bolaning miltiq ko‘tarib olgan otasi uyga qaytayotib askarlarni ko‘rib, hovlimda bir kor-hol yuz berdimi yoki o‘zimni izlab kelishdimi, deya xavotirga tushadi. Serjant nima bo‘lganini unga aytib beradi. Ota o‘g‘lining pulga sotilib, va’dasiga xiyonat qilganini bilib oladi. Alqissa, xoin o‘g‘lini uyidan uzoqroqqa olib chiqib, otib tashlaydi. Xiyonat aslo kechirilmasligi kerak, degan tuyg‘u o‘shanda tosh kabi yodimda o‘rnashib qolgan.

 

Oradan yillar o‘tdi. Dorilfununga o‘qishga kirib, bu  badiiy film XVIII asr boshlarida yashab ijod etgan fransuz yozuvchisi Prosper Merime qalamiga mansub “Matteo Falkone” novellasi asosida ishlanganini bilib oldim. Asarni o‘qib kinokartinada anglamaganlarimni tushunib yetdim. Ota xarakteri va uning metin irodasi meni hayratlantirdi.

 

Xiyonatga qo‘l urgan o‘g‘lini hech ikkilanmay otib tashlash... Insoniy nuqtayi nazardan qaralsa, hech qachon ota o‘z farzandiga bunchalik beshafqat bo‘lishi mumkin emas. Ammo adabiyotning badiiy to‘qimaga asoslangan maqsadi borki, shu orqali mahoratli adib o‘quvchilarga o‘ziga xos adab va tarbiya beradi. O‘shanda asl maqsadni tushunmagan bo‘lsam ham, o‘g‘lini otib tashlagan otadan negadir nafratlanmagan edim. Hatto bu ishini ichki shuur ila oqlaganman ham. To‘g‘ri qildi, xiyonatni kechirib bo‘lmaydi, degan xulosaga kelganman o‘zimcha. Bu novelladan chiqarilgan xulosa va yechimning bir jihati. Yana bir tomoni ham borki, ancha vaqt o‘tgandan keyin asarni qaytadan mutolaa qilish asnosida aniqlab olishga muyassar bo‘ldim.

 

Prosper Merime jahon adabiyotida novella ustasi degan nom qozongan taniqli va tan olingan adib. Novellalarida bir millatning hayotini tasvirlab, yutuqlari-yu ojiz jihatlarini ham ko‘rsata olgan. “Matteo Falkone” uning ana shunday mashhur va teran ma’noga ega asarlaridan sanaladi. Mutolaa asnosida tub mohiyatini anglab olish uchun o‘quvchidan fahm-farosat talab qilinadi.

 

Matteo Falkone o‘z farzandi qonida xiyonat va lafzidan kechish illati oqib, boshqalarga ham tarqalishini xohlamaydi. Eldoshlarini g‘ururli, bir so‘zli va lafzida turadigan kishilar qiyofasida ko‘rishni istaydi. Xalqining chinakam va haqiqiy millat bo‘lishini orzu qiladi. Xiyonatkor o‘g‘li timsolida o‘z millati tiynatidagi illatni ko‘rib muolaja qilishni o‘ylaydi. Sotqinlikni qondan so‘rib tashlamasa, boshqachasiga qutulib bo‘lmasligini yaxshi biladi. Adibning xulosasi shuki, bu illatni palak yoymasdan ildizi bilan yo‘q qilish va butkul barham berish kerak.

 

Fransuz adibining qahramoni Matteo Falkone qiyofasi va siymosini o‘quvchilik paytimda badiiy filmda ko‘rib, uning qat’iyati va irodasiga qoyil qolgan bo‘lsam-da, afsuski, uning tub maqsadini tushunib yetolmaganman. Oradan yillar o‘tib, mana endi shunday qat’iyat va irodaga ega kishilar hayot oqimining pok va toza holda oqishi, uning tiniq va musaffo bo‘lishini ta’minlab turishga xizmat qilishini tushunib bormoqdaman. Professional ijodkorlar xalq va millat manfaatini eng qimmatli narsalardan, hatto farzanddan ham ustun qo‘yishlariga amin bo‘ldim.

 

Bir xalqning ruhiy-ma’naviy tanazzul va inqirozga uchrashi oson bo‘lmaganidek, ruhiy-ma’naviy yuksalishi va poklanishi ham birdaniga amalga oshib qolmaydi. Millatning chinakam yozuvchi va shoirlari ijodi bilan ana shu yo‘lda xizmat qiladi. Ular o‘z missiyasini maromiga yetkazib uddalasa, maqsad hosil bo‘lishi mumkin.

 

Bobomurod ERALI

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 355
Millat qanday tarbiyalanadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21316
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//