“...hayotim shirasi o‘zing rafaellam...” – Xorazm telekanallari faoliyati yuzasidan monitoring o‘tkazildi


Saqlash
21:02 / 02.02.2022 1658 0

Bugungi global vaziyat mafkuraviy jihatdan har doimgidan ko‘ra ko‘proq ogohlikni talab qilayotir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” asarida ta’kidlaganidek, ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalar, g‘arazli axborotlar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar, yoshlarni zalolatga boshlovchi “jozibador” tasvirlar va media mahsulotlar tarqalishining oldini olishga qaratilgan ishlarning natijadorligi sezilmayapti. Shu ma’noda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan TTV, 8 TV,  “S-Iqbol”, ETV kanallari faoliyati yuzasidan monitoring o‘tkazildi.

 

Avvalo, e’tirof etmoq joiz, keyingi yillarda Xorazm viloyatida media sohasida bir qator yutuqlarga erishildi. Viloyat teleradiokompaniyasi zamonaviy binoga ko‘chib o‘tdi, zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi. “S-Iqbol” hamda 8 TV teleradiokanallari dasturlari oldingi yillarga nisbatan sifat va mazmun jihatidan ancha boyidi.

 

Xorazm teleradiokanalining “Ma’rifatnoma”, “Assalom, Xorazm”, “Moziydan sado”, “Ma’naviyat saboqlari”, “Javohirnoma”; “S-Iqbol” telekanalining “Ma’naviyat studiyasi”, “Unutilmas qahramonlar”, “Otam – davlatim, onam – jannatim” kabi dasturlari, 8 TV telekanalida mumtoz kuy-qo‘shiqlarga qaratilayotgan e’tibor xalqimizning madaniy-ma’rifiy salohiyatiga ijobiy hissa qo‘shayotir. Xorazm viloyat ma’naviyat va ma’rifat kengashi hamda “S-Iqbol” teleradiokanali hamkorligida bir necha yirik loyihalar amalga oshirildi.

 

Xorazm viloyati teleradiokanallari chinakam san’at asarlarini targ‘ib etish bilan birga yosh ijodkorlar uchun ham o‘z iste’dodini ko‘rsatish uchun minbarga aylanganini ta’kidlagan holda efirga uzatilayotgan ayrim ko‘rsatuvlar, kliplar mazmuni, qo‘shiqlar matni, reklama hamda e’lonlardagi imlo xatolari jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘layotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. “Xorazm haqiqati” gazetasida bu haqda bir necha marotaba bong urildi, mavzu keng jamoatchilik orasida muhokama etildi. Ayrim telekanallar saviyasiga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda ham jiddiy e’tirozlar kuzatildi.

 

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyat bo‘limi mazkur masalada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKAga murojaat qilgan edi. Olingan javob xatiga ko‘ra, 2021-yilning 1-mart – 15-aprel kunlari monitoring qilingani, telekanallar rahbarlari bilan suhbat o‘tkazilib, tegishli tavsiyalar berilgani bildirilgan bo‘lsa-da, afsuski, saviyasizlik va e’tiborsizlik holatlariga hanuz chek qo‘yilmagan.

 

 

Shu yilning 5–6, 12–22-yanvar kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Xorazm viloyat bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan monitoring asnosida telekanallardagi musiqiy chiqishlarning ba’zilarida milliy va ma’naviy qadriyatlarimizga zid, behayolik va fahshni targ‘ib qiluvchi tasvirlar, sayoz va mantiqsiz jumlalar, she’riyat talablariga to‘g‘ri kelmaydigan holatlar mavjudligi aniqlandi.

 

TTV telekanali misolida ko‘rsak, 2022-yil 5-yanvar kuni soat 14:00 dan 15:00 gacha efirga uzatilgan musiqiy dasturda Bunyodbek Otajonov kuylangan “Kim, bu kim” qo‘shig‘ida velosipeddagi besh-olti yigit yelkasi ochiq kiyingan qizning izidan:

 

 

Oyoqda baland koblok, yurib galyotir arang,

Gap yo‘q tarifina hech, qomati shundin tarang, –

 

kabi tuturiqsiz gaplarni takrorlagancha yuradi. 6-yanvar ertalabki dasturda Doston Ibodullayev kuylangan “Shoqqi” qo‘shig‘i shunday boshlanadi:

 

Shoqqi dasam shonqildab, ketib qolding to‘nqildab.

So‘llashmisan qor atib, angak tiklab jo‘nqildab.

 

O‘sha kuni soat 11:05 da efirga uzatilgan xonanda Farrux tomonidan kuylangan “Koroleva” qo‘shig‘ida ham mentalitetimizga xos bo‘lmagan holatlar uchraydi. Aktyorlar bunda aqalli sahna odobiga ham rioya qilishmagan.

 

Toshvaqaning ustidin toshmi yuraging sani,

yo shunchalik bo‘lolmimanmi garaking sani,

yoningga zangi qo‘yib chiqqidin-ku, osmondasan,

yo aslzodamisan, oqmi sugaking sani.

Taralalalilam, o‘y, o‘y, korolevam,

hayotim shirasi o‘zing rafaellam.

 

Afsuski, bunday holatlar Xorazm san’atining ulug‘ shoni va sharafiga katta dog‘ bo‘layotganini nafaqat mutaxassislar, balki oddiy tomoshabinlar ham ko‘p bora ta’kidlamoqda.

 

 

22-yanvar kuni ertalab soat 7:30 dan 8:00 gacha uzatilgan reklama va e’lonlar dasturida “Erkaklik quvvatini oshirish” va “Bepushtlikni davolash” mazmunidagi dori vositalari hamda xususiy klinikalar targ‘ib etilishi milliy mintaletimizga ziddir. Telekanallarni xususiy klinikalar va dori vositalari reklamalari bilan shug‘ullanuvchi targ‘ibot maydoniga aylantirishga chek qo‘yish kerak. Shuningdek, e’lonlar matnida va ko‘ngilochar dasturlardagi titrlarda yo‘l qo‘yilayotgan imloviy xatolar har qanday tomoshabinni ranjitishi turgan gap.

 

 

8 TV telekanali orqali efirga uzatilgan xonanda San’atbek Atayevning “Mozzi-mozzi” qo‘shig‘ida umuman mazza-matra topib bo‘lmaydi. “Green grand garden” sanatoriyasi hamda “Hordiq” chipslari reklamalarida erkaklar ayollar kiyimida rol ijro etishi esa milliy g‘ururimizga umuman to‘g‘ri kelmaydi.

 

 

“S-Iqbol” telekanalida ham efirga uzatilgan ko‘rsatuv, reklama va kliplar kuzatilganda imlo xatolari ko‘p kuzatildi. “Og‘aynilar shou” ko‘rsatuvining 2-sonida “Rasma tushibarali” deb ayol kishining 50 ming so‘mga begona erkak bilan rasmga tushishi taklifi esa inson nafsoniyatini yerga uradi. Navro‘z Sobirovning “Go‘rishali”, Begzod Ismoilovning “Yalpildap” qo‘shiqlari kliplarida suratga tushgan qizlarning libosi va qiyofasi axloq me’yorlaridan nihoyatda uzoq.

 

 

“ETV” (Ellikqal’a) kanalida Ravshanbek Baltayev ijrosida “O, Mariya” qo‘shig‘iga ishlangan klip efirga uzatildi. Asosiy rolda suratga tushgan qiz ochiq-sochiq kiyimda. SMS orqali efirga yo‘llanayotgan tabriklar tanishuv vositasiga aylanib qolmoqda.

 

 

Shu kabi kamchiliklar bugun katta xatodek tuyulmasligi, jamiyat tomonidan normal qabul qilinayotgani achinarli. Xalqimiz asta-sekin bundan ham badtar “teleloyqa”larga ko‘niktirib borilishi oqibatida ommaviy madaniyatning domiga tobora chuqurroq sho‘ng‘ishi hech gap emas. Bu esa o‘zlikdan mosuvo bo‘lishga olib keladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, “Kim o‘zini bir qavmga o‘xshatsa, bas, u o‘sha qavmdandir!”

 

Bekzod ABDIRIMOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining

Xorazm viloyat bo‘limi rahbari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 117
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//