Turkistonning Sirdaryo o‘rta oqimi o‘ng qirg‘og‘idan boshlab, Choch (Toshkent) va O‘trordan kunchiqarga yoyilib Uzoq Sharqqacha borib yetadigan kengliklarida – Yettisuv, Sharqiy Turkiston, Oltoy, O‘rxun vodiysi, Kungay Sibir, Ordos o‘lkalarida milodiy birinchi mingyillikda kechgan siyosiy va etnomadaniy o‘zgarishlar turk-mo‘g‘ul ellari o‘tmishida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ayniqsa, miloddan oldingi III yuzyillikdan milodiy VII yuzyillikgacha davom etgan ko‘chmanchi sivilizatsiya tarixida “Do‘ng-hu”, “Syanbi” va “Tuyuhun” elatlari ayricha o‘rin egallaydi.
Bu elatlar o‘tmishi nafaqat siyosiy, tilshunoslik tomondan ham izlanuvchilar e’tiborini tortib kelgan. Ularning so‘zlashuv tili qanday bo‘lgani yuzasidan savollar haligacha to‘liq yechimini topmagan. Bir tomondan taniqli fransuz sharqshunosi P.Pelliot (1921) Tuyuhun tilini mo‘g‘ulcha deb qaragan bo‘lsa, ikkinchi tomondan amerikalik tilshunos A.Vovin (2015) ularni mo‘g‘ul asosiy tarmog‘iga emas, balki yarim-mo‘g‘ul , ya’ni mo‘g‘ul tiliga yaqin, biroq undan ayri bir qarindosh tarmoqqa kiruvchi til deb ajratgan. Bilamizki, xitan (qoraxitoy) tili ham shunday yarim-mo‘g‘ul tillardan biri sanaladi.
Xitoy yilnomalariga ko‘ra Do‘n-hu elatining Syanbi tarmog‘idan kelib chiqqan Tuyuhunlar milodiy IV yuzyillikdan boshlab Qinghai ko‘li tegrasida o‘z siyosiy uyushmasini tuzadilar. Shu mavzuda izlanishlar olib borgan turkiyalik tarixchi Zeki Tokning (2020) urg‘ulashicha, bizgacha Tuyuhunlardan biron yozma manba yetib kelmagan, ularning o‘tmishini xitoy yilnomalarida uchraydigan ba’zi ma’lumotlar orqali yoritish mumkin. “Song shu” (宋書, 488), “Wei shu” (魏書, 551–554), “Zhou shu” (周書, 636) va “Tang shu” (唐書, 945) kabi xitoy yilnomalaridan Tuyuhunlar borib taqladigan Do‘ng-hu, Syanbi va ular bilan qarindosh Toba, Shiwei, Moxe, Xitan (Qoraxitoy) elatlari to‘g‘risida birlamchi bilgilarga ega bo‘lamiz. A.Vovinning aytishicha, ushbu manbalar orasida “Song shu” Tuyuhunlar tilga olingan ilk xitoycha manba sanaladi; izlanishlarda “ilk o‘rta xitoycha (EMC)” o‘qilishiga tayanish kerak bo‘ladi (Vovin 2015).
Do‘ng-hular miloddan oldingi III yuzyillikda Xiungnular tomonidan tor-mor etilgach, ikki tarmoqqa bo‘lindi: shimolda Syanbilar, janubda Wuhuanlar. Syanbilar o‘z navbatida Murong (Mujung), Toba, Yuven, Chifu kabi tarmoqlarga ajralib ketdi. Ana shu Murong Syanbilarining bir bo‘lagi – Murong Tuyuhun (246–317) boshchiligida kunbotarga ko‘chib, Chinghai ko‘li atrofida o‘z davlatini quradi. Demak, Do‘ng-hu → Syanbi → Tuyuhun zanjiri bu elatlarning nafaqat tarixiy, balki til tomondan ham bir-biriga bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Mazkur maqolada shu zanjirning uch bo‘g‘ini – Syanbi, Toba Vey va Tuyuhunlarda uchraydigan so‘zlar eski turkcha va o‘zbek tili bilan solishtiriladi.
“Do‘ng-hu va Syanbilar”
Xitoy yilnomalarida “Sharqiy ko‘chmanchilar” deb tilga olingan Do‘ng-hular miloddan avvalgi III asrda Yevrosiyo kengliklaridan kunchiqarda, Liao daryosi tegrasida yashagan ko‘chmanchi elatlardan biri edi. Siyosiy-harbiy tomondan ancha kuch-qudratga ega bo‘lib, Siung-nu (Xun)lar uchun qiyinchilik tug‘dirib turgan. Biroq miloddan oldingi 209-yilda Xiungnu hukmdori Mete (冒頓) ularni tor-mor etgach, Do‘ng-hu elati uch tarmoqqa bo‘lindi: bir bo‘lagi Siung-nularga bo‘ysunadi, qolgan ikki tarmoq esa shimolda Syanbilar (鮮卑), janubda Wuhuanlar (烏) deya atalib, bu etnik atamani o‘zlari berkingan tog‘ nomidan oladi [Tok 2020: 20-21].
Syanbilar boshlang‘ichda kuchsiz bo‘lib, Xitoy bilan aloqa o‘rnatishga imkonsiz edi. Biroq Xunlar kuchsizlashib, milodiy I–II asrlarda tarqala boshlashi bilan Syanbilar kuchayadi va bo‘shatilgan yerlarni egallaydi. II asrda Tanshixuay (檀石槐, 136–181) boshchiligida Syanbi konfederatsiyasi – ko‘chmanchi urug‘lar birlashmasi tuziladi. Tanshixuayning o‘limidan so‘ng ushbu siyosiy uyushma parchalanib, Murong, Toba, Yuven, Chifu kabi mustaqil tarmoqlarga bo‘linib ketadi.
Syanbilarning tili bo‘yicha tortishuvlar olimlar orasida uzoq yillardan beri davom etadi. Atoqli ingliz-turk olimi G.Klauson (1960) Murong va Tuyuhunlarni turkiy tilda so‘zlashgan deb qaragan; Pritsak ham shu qarashni qo‘llab-quvvatlagan. Biroq Vovin (2015) va Shimunek (2017) bu qarashlarga qarshi chiqib, Syanbi tilini yarim-mo‘g‘ul, ya’ni mo‘g‘ul tiliga yaqin, biroq undan ayri bir tarmoq deb ajratganlar. Ayrim izlanuvchilar esa Syanbilar ko‘plab Xun (proto-turk) va Do‘n-hu (proto-mo‘g‘ul) urug‘larini qamrab olganini, ular orasida xunlarning salmog‘i yuqori bo‘lganini yozadilar [Boboyorov 2021].
Syanbichadan olingan so‘zlar salmog‘i ancha oz ekanini aytib o‘tish kerak. Shunday bo‘lsa-da, bor manbaga tayanib, mazkur tilning qaysi til turkumiga yaqin bo‘lganini ilgari surish mumkin. Syanbicha so‘zlardan biri “A-kan” so‘zi bo‘lib, 285-yilda Syanbi yo‘lboshchilaridan biri Murong Xui bilan bog‘liq bilgilarda uchraydi. U akasini kunbotar tomonlarga jo‘natib yuborishidan qayg‘uga cho‘mib yozgan to‘rtligi – “Syanbi akasining qo‘shig‘i”da tilga olingan yarim-mo‘g‘ulcha “aqa” (“aka”) bilan bitta negizdan bo‘lib, Tuyuhuncha “akan” ko‘rinishi ilk bor V-VI asrlar – Toba elatiga xos so‘zlar orasida uchraydi.
O‘rxun bitiktoshlarida “Tabγač” deyilganda Chin (xitoylik)lar va Chin yurti tushunilgan, biroq kelib chiqishiga ko‘ra turk va mo‘g‘ullarga yaqin bo‘lgan Toba elati Chinni egallab, chinliklar bilan aralashib ketgani uchun “Toba” (Tabg‘ach) o‘sha kezlarda “Chin o‘lkasi” ma’nosida qo‘llanila boshlagan. Tonyuquq bitiktoshidagi “Men, dono Tonyuquq, Tabg‘ach elida tug‘ildim. Butun turk eli Tabg‘ach qo‘l ostida edi” yozuvida turk ellarining Tabg‘ach (Xitoy)ga qaram bo‘lgan kezlariga urg‘u berilgani anglashiladi. XI yuzyillikda Mahmud Koshg‘ariy ham “Tavg‘ach”ni Xitoy ma’nosida qo‘llagan.
Toba Vey (Tabg‘ach)
Syanbi parchalanganidan so‘ng uning eng kuchli tarmoqlaridan biri bo‘lgan Toba urug‘i (eski turkchasi: Tabγač) janubga siljib, milodiy 386-yilda Shimoliy Xitoyni birlashtiradi va Toba Vey, ya’ni Shimoliy Vey (北魏) sulolasini tuzadi. Bu sulola 534-yilgacha, chamasi 150 yil bo‘yi Shimoliy Xitoyni boshqaradi. Ayrim izlanuvchilar tobalarni “turklarning bir tarmog‘i” deb qarasalar-da, xitoy yilnomalariga tayanilsa, ularning kelib chiqishi Do‘ng-hu → Syanbi zanjirining bir bo‘g‘ini ekani oydinlashadi. Chamasi, ko‘plab ko‘chmanchi urug‘lar bitta bayroq ostida birlasharkan, ular uchun til emas, siyosiy maqsad kuchliroq birlashtiruvchi tushuncha bo‘lgani, Toba siyosiy uyushmasiga kirgan urug‘larning ayrimlari turk, ayrimlari mo‘g‘ul, yo bo‘lmasa tungus-manjur tilli bo‘lgani anglashiladi.
Toba tilining qaysi til turkumiga kirishi yuzasidan olimlar orasida turlicha qarashlar bor. Boodberg Toba tilini “mo‘g‘ulcha atamalar ancha-muncha uchraydigan, biroq negizi turkiy bir til” deb ochiqlagan. Klauson esa Toba va Syanbilarning deyarli barchasini turkiy deb qaragan. Biroq vengriyalik turkolоg Ligeti Toba tilida uchraydigan ch’i-wan-chên “tilmoch” so‘zini mo‘g‘ulcha kälmärčin “tilmoch” so‘zi bilan tenglashtirib, bu so‘zning negizida mo‘g‘ulcha käl / kel “til” so‘zi yotishini o‘rnak o‘laroq keltirgan va shu orqali Toba tilining eski mo‘g‘ulcha ekanini ilgari surgan. A.Vovin ham Toba tilini mo‘g‘ulcha tarmoqqa tegishli deb ochiqlagan. Shu o‘rinda mo‘g‘ulcha kälmärčin bilan eski turkcha tilmač so‘zlari bitta negizdan ekanini ko‘zdan qochirmaslik kerak bo‘ladi.
Toba sulolasiga tegishli so‘zlar ko‘proq xitoy yilnomalarida saqlanib qolgan. Boodberg bu so‘zlarni xitoychaga mazmuniga solishtirish orqali ularning turkiy va mo‘g‘ul negizlarini aniqlagan. Biz ayrim izlanuvchilarning ishlariga tayanib namuna keltiramiz:
1. K’o-sun “qirolicha” – turk. qatun ~ qaγatun “xotun, malika, xonning bosh xotinining unvoni”;
2. K’o-po-chên “eshikogʻasi” – turk. qapaγčin “qapuqchi, eshikogʻasi”;
3. Ch’i-wan-chên “tilmoch” – mo‘g‘ul. kälmärčin “tilmoch”;
4. Pi-tê-chên “kotib” – turk. bitäkčin “bitikchi”;
5. Hsien-chên “pochtachi” – turk. yamči “yomchi, pochtachi”;
6. Tou-lu “qonuniy bo‘lmoq” – turk-mo‘g‘ul . törü “qonun, nizom”;
7. K’u-jen-chên (atoqli ot) – turk-mo‘g‘ul. qoyinčin / qoninčin “qo‘ychi, cho‘pon”;
8. A-kan (unvon) – mo‘g‘ul. aqan “aka, og‘a”. Bu so‘z eski turkchada aqa “aka” tarzida uchraydi;
9. K’o-han (unvon) – turk-mo‘g‘ul. qaγan “xoqon”;
10. Chih-chin (shahzodalar unvoni) – turk. tegin > mo‘g‘ul. čigin “shahzoda”;
11. Chih-chên (ichki amaldorlar unvoni) – turk. ič “ichki”;
12. Ho-la-chên “otliq jangchi” – turk. atlačin “otliq”;
13. To-po-chên “yayov jangchi, tug‘chi” – turk-mo‘g‘ul . tabaqčin “yayov qo‘shin”;
14. Hu-lo-chên “kamаrlarni saqlovchi harbiy amaldor” – turk. quraqči / qorči “qo‘rchi, kamаrchi”, mo‘g‘ul. xorči;
15. So-tu-chên (unvon) – turk-mo‘g‘ul. saγdaqčin “o‘q-yoy saqlovchi”;
16. P’u-ta-chên “hukmdor kiyimlarini ko‘riqlovchi amaldor” – turk-mo‘g‘ul. boγdaqčin “bo‘g‘chachi”;
17. Chê-hui-chên (unvon) – turk-mo‘g‘ul. jarγučï “tergovchi”;
18. A-chên “oshpaz” – turk. aščin “oshchi, oshpaz” [Boodberg 1936: 169-179; Boboyorov 2021].
Yuqorida keltirilgan Toba sulolasiga tegishli 18 ta so‘z va atamalar shuni ko‘rsatadiki, ularning ko‘pchiligi – 7 tasi – to‘g‘ridan-to‘g‘ri turkiy so‘zlar bilan tenglashtirilib, 9 tasi ham turkiycha, ham mo‘g‘ulcha negizda ochiqlanadi; a-kan va ch’i-wan-chên kabi 3 tasi esa mo‘g‘ul tillariga tegishliligini ko‘rsatib turibdi. Bu esa Toba urug‘lar uyushmasi qamrovida turkiy urug‘larning salmog‘i yuqori bo‘lganini, biroq boshqaruv tizimida mo‘g‘ul tilining ham kuchli o‘rin egallаganini ko‘rsatadi.
Tuyuhunlar
Syanbi urug‘lar uyushmasi parchalanganidan so‘ng Murong urug‘ining to‘ng‘ich o‘g‘li Murong Tuyuhun (246–317) boshchilik qismi kunbotar tomonlarga – bugungi Xitoyning Chinghai o‘lkasi (Sharqiy Turkistonning kunchiqardan qo‘shnisi)ga ko‘chib ketadi. Xitoy yilnomalarida keltirilishicha, bu bo‘linishning sababi ikki aka-ukaning – Tuyuhun va ukasi Murong Xuining – ot kurashlaridagi kelishmovchiliklari bo‘lgan. Biroq bosh sabab xoqonlik taxti edi.
Tuyuhun o‘z urug‘ini boshlab, bugungi Xitoy shimolidagi Yinshan tog‘lariga, so‘ngra Longxi yerlariga ko‘chib o‘tadi va u yerda yerli Qiang va Di elatlari bilan birlashib kuchli ittifoq tuzadi. Milodiy IV asrdan boshlab ular Chinghai ko‘li tegrasi (XXRning Chinghai o‘lkasi)da o‘z boshqaruvini o‘rnatadilar. Bu siyosiy uyushma boshqaruvi chamasi 350 yil – milodiy IV yuzyillikdan VII yuzyillikgacha yashaydi.
Tuyuhunlarning bizgacha yetib kelgan yozma manbalari yo‘q. Ularning tarixi faqat xitoy yilnomalari orqali o‘rganilishi mumkin. Yuqorida aytib o‘tilganidek, Vovinning urg‘u berishicha, bu manbalar orasida “Song shu” (宋書, 488-yil) Tuyuhunlar tilga olingan eng eski xitoycha yozmalardir. “Wei-shu” (魏書) esa keyinroq – 551–554-yillarda tuzilgan bo‘lsa-da, Tuyuhunlar to‘g‘risida ayri bir bo‘limni o‘z ichiga oladi [Vovin 2015: 159]
Tuyuhun tilining qaysi til turkumiga tegishliligi xususida olimlar orasidagi tortishuvlar uzoq yillardan beri davom etada. Yuqorida ta’kidlanganidek, Pelliot Tuyuhun tilini mo‘g‘ulcha deb qaragan, Klauson esa Tuyuhunlar Murong Syanbilaridan ajralib chiqqanligi sababli turkiy tilda so‘zlashgan deydi. Biroq Vovin bu ikki qarashga ham qarshi chiqib, Tuyuhun tilini yarim-mo‘g‘ul, ya’ni mo‘g‘ul tili tarmog‘iga emas, Xitan tili singari ayri bir tarmoqqa tegishli til deydi. Boshqa bir izlanishlarda esa “Do‘ng-hulardan kelib chiqqan Wuhuan, Syanbi, Tuyuhun, Rouran (Joujan) kabi elatlarning tili keyingi mo‘g‘ul til turkumiga kiruvchi til bo‘lganini bugungi kunda ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlaydi” deyiladi [Tok 2020: 113].
Xitoy yilnomalarida Tuyuhuncha o‘laroq keltirilgan so‘zlar o‘ta oz – bor-yo‘g‘i to‘rtta. Biroq Vovin ana shu to‘rtta so‘zni ilk o‘rta xitoycha (EMC) o‘qilishiga tayanib, Tuyuhun tilining yarim-mo‘g‘ulcha ekanini ilgari suradi:
1. 處 – čʰo “sen” (ikkinchi shaxs birlik olmoshi).
Xitoycha yozuvi 處 iyeroglifining EMC o‘qilishi tsʰʲwoᴴ. Vovin bu so‘zni mo‘g‘ulcha či (“sen”) bilan muqobillashtiradi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, xitoycha belgi unli tovush sifatida old yuqori “i”ni emas, balki o‘rta orqa “o”ni beradi. Demak, Tuyuhuncha “čʰo” mo‘g‘ulcha “či” bilan to‘liq uyg‘un emas. Bu esa Tuyuhun tilining yarim-mo‘g‘ul ekanini ko‘rsatuvchi bosh ko‘rsatkichlardan biridir [Vovin 2015: 159-160]. Eski turkchada bu olmosh “sän” ko‘rinishida bo‘lib, deyarli barcha turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilidagi “sen” buning yorqin o‘rnagidir.
2. 可寒 / 可汗 – qayan “xoqon” (unvon).
Xitoycha yozuvi 可寒 ning EMC o‘qilishi: kʰâᴮ-γânᶜ. Pelliot bu atamani to‘g‘ri aniqlagan bo‘lib, u “buyuk qan”, ya’ni “imperator” ma’nosiga ega. Vovinga ko‘ra, bu atamaning qaγa- qismi yeniseycha negizli bo‘lib, so‘z so‘ngidagi -n qo‘shimchasi Syanbi tilidan o‘zlashgan. O‘rta mo‘g‘ulchada “qaγan” ko‘rinishida saqlanib qolgan [Vovin, 2015: 160-161]. Eski turkchada ham bu atama qaγan ko‘rinishida O‘rxun bitiktoshlaridan boshlab keng qo‘llangan; o‘zbek tilida esa “xoqon” shaklida saqlanib qolgan.
3. 阿干 – akan “aka” (qarindoshlik atamasi).
Xitoycha yozuvi 阿干 ning EMC o‘qilishi: â-kân. Bu so‘z “Song-shu” (96-bob)da Syanbilar bilan bog‘lab keltirilgan. Vovin bu so‘zni mo‘g‘ulcha aqa (“aka”) bilan tenglashtiradi: barcha mo‘g‘ul tillarida uning so‘nggi tovushi -n yo‘q: aqa, ax, axa, axaa. Demak, Tuyuhuncha akan va Syanbicha “akan” yarim-mo‘g‘ulcha arxaik bir so‘zning qisqarganidir. Eski turkchada “aka” so‘zi aqa ko‘rinishida XIII yuzyillikdan oldingi manbalarda uchramaydi. Shuning uchun Vovin turkiy aqa so‘zining o‘zi ham yarim-mo‘g‘ul tilidan o‘zlashgan bo‘lishi mumkin deb qaraydi [Vovin, 2015: 161].. Turkiy tillar orasida eng ko‘p o‘zbek tilida “aka” ko‘rinishi bugungi kunda keng qo‘llaniladi.
4. 莫賀 – muoᶜ yâᶜ “ota” (qarindoshlik atamasi).
Xitoycha yozuvi 莫賀 ning EMC o‘qilishi: muoᶜ-yâᶜ. Bu so‘z “Song-shu” (96-bob, 3a)da “ota” anglamida keladi. Pelliot bu so‘zni yozma mo‘g‘ulcha abaγa (“amaki ota”) bilan bog‘lagan edi, biroq Vovin bu bog‘lanishni fonetik tomondan ishonchsiz deb qaraydi. U uning o‘rniga Xitan tilidagi “m.o ai” (“buyuk ota”) va taxminiy “m.o hor” (“buyuk kishi” = “ota”) so‘zlari bilan tenglashtiradi. Bu ham Tuyuhuncha bilan Xitan – qoraxitoycha o‘rtasidagi yarim-mo‘g‘ul yaqinligining yana bir ko‘rsatkichidir. Eski turkchada “ota” so‘zi “ata” ko‘rinishida O‘rxun bitiktoshlarida uchraydi; o‘zbek tilida “ota” shaklida saqlanib qolgan [Vovin, 2015: 162-164].
Ko‘rinib turibdiki, Do‘ng-hu, Syanbi, Toba Vey va Tuyuhun elatlarining tarixiy zanjiri til ko‘rsatkichlari orqali chuqurroq izlanshlarni talab qiladi. Bu zanjirning har bir bo‘g‘ini o‘zidan keyingi elatning tili, davlatchiligi va madaniyatiga ta’sir ko‘rsatgan. Miloddan oldingi III asrda Siungnu (Xun)lardan yengilgan Do‘ng-hulardan ajralib chiqqan Syanbilar o‘z navbatida, Murong, Toba, Yuven, Chifu kabi tarmoqlarga bo‘linar ekan til o‘zgarishlari yuz bergan bo‘lishi mumkin. Ana shu tarmoqlarning ikki muhim – Toba va Tuyuhun elatlari keyinchalik Markaziy Osiyo tarixida ayricha o‘rin egallaydi. Qizig‘i shundaki, keltirib o‘tilgan ushbu etnik atamalar V–IX yuzyilliklarda Sharqiy Yevropaga ko‘chib, bu yerda o‘z boshqaruvini o‘rnatgan turk el-uluslari bilan tenglashtiriladi: Syanbi ~ Sabir (Suvor), Wuhuan ~ O‘g‘ur, Murong ~ Mojor va boshqalar.
Til masalasida uchala elatning – Syanbi, Toba va Tuyuhunlarning tili yarim-mo‘g‘ul tarmoqqa tegishli ekani bugungi kunda ko‘pchilik izlanuvchilar tomonidan qabul qilinmoqda. Biroq bu tillarning so‘z tarkibida turkiy izlar ham kuchli ekani so‘zlar o‘rnagida aniq ko‘rinadi. Yuqorida ko‘rib chiqilganidek, Toba Vey sulolasiga tegishli 18 ta so‘zning 7 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri turkiy so‘zlar bilan tenglashtirilsa, 9 tasi ham turkiycha, ham mo‘g‘ulcha negizda ochiqlanadi. Bu esa Toba elati qaramog‘ida turkiy urug‘larning salmog‘i yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi.
Tuyuhuncha 4 ta so‘z – čʰo (“sen”), qaγan (“xoqon”), akan (“aka”) va muoᶜγâᶜ (“ota”) so‘zlari Vovin tomonidan ilgari surilganidek, bu tilning mo‘g‘ul bosh tarmog‘iga emas, Xitan tili singari yarim-mo‘g‘ulcha tarmoqqa tegishliligini ko‘rsatadi. Ushbu so‘zlarni eski turkcha va o‘zbek tilidagi ko‘rinishlari bilan solishtirish esa mazkur urug‘lar uzoq yillar bo‘yi turkiy elatlar bilan yon-yonma yashab, bir-birining tiliga ta’sir etganini ko‘rsatadi. Boshqa jihatdan bu kabi o‘xshashliklar ushbu tillar qarindosh bo‘lishi mumkinligi bilan ochiqlanadi.
Shunday qilib, Do‘ng-hu → Syanbi → Toba/Tuyuhun zanjiri nafaqat tarixiy, balki tilshunoslik tomonidan ham bir-biriga chambarchas bog‘liq elatlar silsilasi ekanini ko‘rsatadi. Eski turkcha va o‘zbek tilida saqlanib qolgan xoqon, aka, ota, törü kabi so‘zlar – uzoq muddatli til bordi-keldilarining bugungi kunga yetib kelgan izlaridir.
Alparslon BOBOYOR,
Chuvash davlat universiteti talabası
Qo ‘llanilgan adabiyotlar ro‘yxati
Birlamchi manbalar:
1. Song shu (宋書). 488-yil.
2. Wei shu (魏書). 551–554-yillar.
3. Zhou shu (周書). 636-yil.
4. Tang shu (唐書). 945-yil.
Ikkilamchi manbalar:
1. Babayarov, G‘. (2021). O‘zbek tili tarixi. Toshkent.
2. Babayarov, G‘., Kubatin, A. (2016). “Eski turk bitiklaridagi a-kan so‘zi haqida”. Sharqshunoslik, 32-36-betlar.
3. Boodberg, P. (1936). “The Language of the T’o-pa Wei”. Harvard Journal of Asiatic Studies, 1, 167-185-betlar.
4. Clauson, G. (1960). “Turk, Mongol, Tungus”. Asia Major, 8, 105-123-betlar.
5. Kane, D. (2009). The Kitan Language and Script. Leiden: Brill.
6. Ligeti, L. (1969). “Le Tabghatch, un dialecte de la langue Sien-pi”. Mongolian Studies.
7. Pelliot, P. (1921). “Note sur les T’ou-yu-houen et les Sou-p’i”. T’oung Pao, XX.
8. Shimunek, A. (2017). Languages of Ancient Southern Mongolia and North China. Wiesbaden: Harrassowitz.
9. Tok, Z. (2020). Tuyuhun Tarihi (M.S. III.–VII. Yüzyıl). Istanbul Universiteti. [Yuksak lisans tezi].
10. Vovin, A. (2015). “Some notes on the Tuyuhun (吐谷渾) language: in the footsteps of Paul Pelliot”. Journal of Sino-Western Communications, 7(2), .
11. Vovin, A. (2007). “Once Again on the Etymology of the Title qaγan”. Studia Etymologica Cracoviensia, 12.
12. Древнетюркский словарь [DTS]. (1969). Nadelyayev, V.M., Nasilov, D.M. va boshq. Leningrad: Nauka.
Tarix
Jarayon
Tarix
San’at
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q