“Diplom fabrikalari”: taʼlim sifatiga yashirin tahdid


Saqlash
11:44 / 19.05.2026 54 0

Bir necha hafta ichida, imtihonlarsiz va jiddiy oʻqish jarayonisiz universitet diplomini qoʻlga kiritish ayrimlar uchun jozibali imkoniyatdek tuyulishi mumkin. Ammo bu holat, aslida, oliy taʼlim tizimiga boʻlgan ishonchni yemiruvchi xavfli muammoning belgisidir.

 

Soʻnggi yillarda oliy taʼlim global miqyosda misli koʻrilmagan darajada kengaydi. Onlayn dasturlar sonining ortishi va universitetlarning xalqarolashuvi millionlab insonlar uchun taʼlim olish imkoniyatlarini sezilarli darajada yengillashtirdi va shubhasiz, yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Biroq shu bilan birga, taʼlim tizimining ishonchliligiga putur yetkazuvchi firibgarlik amaliyotlari uchun ham sharoit yaratdi.

 

“Diplom fabrikalari” nima?

 

Shunday amaliyotlardan biri — “diplom fabrikalari” (diploma mills) deb ataluvchi tashkilotlardir. Ular pul evaziga akademik jihatdan hech qanday haqiqiy qiymatga ega boʻlmagan diplom va sertifikatlarni taklif qiladi.

 

Bunday tashkilotlar, odatda, faqat internet orqali faoliyat yuritadi. Ular tezkor “sertifikatsiya”ni vaʼda qiladi, ammo talabadan na toʻliqonli taʼlim jarayoni, na bilimni baholaydigan biror-bir hujjat talab etadi. Rasman tan olinmagan boʻlishiga qaramay, ular oʻzini qonuniy taʼlim muassasasidek koʻrsatish maqsadida soxta akkreditatsiyalardan foydalanadi.

 

Akademik tan olish va taʼlim mobilligini qoʻllab-quvvatlovchi xalqaro ENIC-NARIC Network tarmogʻi maʼlumotlariga koʻra, bunday muassasalar yuqori mablagʻ evaziga bir necha hafta ichida diplom berishga tayyor. Bu esa nafaqat talabalarni chalgʻitadi, balki haqiqiy diplomlarning qadrsizlanishiga ham olib keladi.

 

Webster lugʻatida esa bunday muassasalar davlat nazoratisiz faoliyat yurituvchi va amalda hech qanday akademik qiymatga ega boʻlmagan firibgar tuzilmalar sifatida taʼriflanadi.

 

Sifat nazorati nega muhim?

 

Bu muammoga qarshi kurashda Yevropaning Oliy taʼlim sifatining kafolati reyestri — EQAR muhim ahamiyat kasb etadi. Reyestr ishonchli akkreditatsiya agentliklari roʻyxatini shakllantiradi va Yevropa oliy taʼlim hududida taʼlim tizimi yaxlitligini himoyalashga xizmat qiladi.

 

EQAR faoliyatining asosiy ahamiyati shundaki, u soxta taʼlim provayderlarining nufuz qozonishiga toʻsqinlik qilib, talabalar, universitetlar va jamiyatning taʼlim tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga yordam beradi.

 

Soxta universitetni qanday aniqlash mumkin?

 

EQAR oʻz tavsiyalarida “diplom fabrikalari”ga xos bir qator belgilarni keltiradi. Ularga quyidagilar kiradi:

 

— diplom yoki ilmiy unvonni oson “sotib olish” imkoniyati;

— tekshirib boʻladigan akkreditatsiyaning mavjud emasligi;

— oʻqituvchilar haqida ochiq maʼlumot berilmasligi;

— aniq jismoniy manzilning yoʻqligi;

— YUNESKO yoki Yevropa Kengashi kabi tashkilotlar tomonidan “tan olingani” haqidagi shubhali daʼvolar.

 

Aslida esa mazkur tashkilotlar universitetlarni akkreditatsiya qilmaydi.

 

Bundan tashqari, juda qisqa muddatda diplom berish, nufuzli universitetlar nomiga oʻta oʻxshash nomlardan foydalanish va ish tajribasi uchun haddan tashqari oson akademik kredit ajratish ham xavotirli signal sifatida baholanadi.

 

Koʻpqirrali muammo

 

“Diplom fabrikalari” haqidagi xalqaro qoʻllanmalarda bir qator muhim savollarga eʼtibor qaratish tavsiya etiladi:

 

diplomni pul evaziga olish mumkinmi?

oʻqish jarayonisiz faqat ish tajribasi inobatga olinyaptimi?

toʻlov miqdori mutanosibmi?

universitet rahbariyati va oʻqituvchilari haqida ochiq maʼlumot mavjudmi?

 

Bu savollar sodda tuyulishi mumkin. Biroq ular ortida tez moslashuvchi va doimiy ravishda takomillashib borayotgan firibgarlik mexanizmi yotadi.

 

Andorra tajribasi

 

Andorrada Oliy taʼlim sifati kafolati agentligi — AQUA mamlakatda akademik yaxlitlikni himoya qilish boʻyicha faol ish olib bormoqda. Agentlik Global akademik halollik tarmogʻi (GAIN) aʼzosi sifatida boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Biroq jamiyat xavfni anglamasa, hech qanday nazorat tizimi yetarli samara bermaydi. Shu bois masʼuliyat faqat sifat nazorati agentliklari zimmasida emas. Talabalar, oilalar, ish beruvchilar va davlat ham bu jarayonda faol ishtirok etishi zarur.

 

Chunki diplomning haqiqiyligini tekshirmasdan qabul qilish, shunchaki texnik masala emas. Bu mehnat bozori sifatiga, meritokratiya tamoyillariga va jamiyatdagi ishonch muhitiga bevosita taʼsir koʻrsatadi.

 

Ishonchni saqlab qolish masalasi

 

Globallashgan dunyoda tashqi koʻrinish osongina aldashi mumkin. Shuning uchun universitetning akkreditatsiya maqomini rasmiy manbalar orqali tekshirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Diplom fabrikalari” ham chekkadagi mayda muammo emas, bilim, mehnat va akademik nufuzga asoslangan tizim uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tahdiddir.

 

Bu tahdidni inkor etish taʼlim qadrsizlanishiga yoʻl ochadi. Ularga qarshi kurash esa aslida, oliy taʼlim sifati va jamiyat ishonchini himoya qilish demakdir.

 

Sarvar RAHIMIY tarjimasi,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//