Urushlar va yirik toʻqnashuvlar taqdirini faqatgina lashkarning koʻpligi yoki jangchilarning mahorati belgilamaydi. Tarix bizga isbotlaganidek, zafarning yarim kaliti dushmanning har bir qadamini oldindan bilishdadir. Shu bois, tarixiy harbiy qoʻllanmalarda, xususan, Faxriddin Muborakshohning bizgacha yetib kelgan “Odob al-harb va shujoat” asarida qoʻshin xavfsizligini taʼminlash va yashirin axborot toʻplash masalasi davlat xavfsizligining eng oliy nuqtasi sifatida eʼtirof etilgan. Asardagi nafaqat aygʻoqchilik va josuslik, balki barcha harbiy ish masalalari moʻgʻullar bosqinigacha boʻlgan davrni ifodalaydi. Muallif asarni 1236-yili Dehli sultonligida, fors tilida yozgan.
Biz bugun “xavfsizlik xizmati” yoki “tezkor kuzatuv guruhi” deb ataydigan tuzilmalarni oʻsha davr harbiy burch egalari “aygʻoqchilik boʻlinmasi” deb yuritishgan. Bunday maxsus birliklar forslar tilida “taloya” yoki “didbon” deb nomlanib, ular mohiyatan butun bir lashkarning himoyachisi va asosiy qoʻshinning koʻzi hamda qulogʻi hisoblangan.
Mazkur asarda lashkar xavfsizligini taʼminlash uchun tuziladigan eng mukammal va samarali aygʻoqchilik boʻlinmasi esa 40 kishilik tarkibda boʻlishi lozimligi yoziladi.
Agar oliy qoʻmondonlik tomonidan oʻta muhim va kechiktirib boʻlmaydigan tezkor topshiriq yuklatilsa, u holda maqsadli hududga joʻnatiladigan boʻlinma son jihatdan oz, ammo harakatlanishda shiddatli shamol kabi chaqqon va tezkor boʻlishi kerak. Ular kerakli narsani yoki strategik axborotni qoʻlga kiritib, ortiqcha vaqt yoʻqotmay, zudlik bilan ortga qaytib kelmogʻi lozim boʻlgan.
Umumiy armiya tizimida qoʻshinlarning eng yaxshi holatda va boshqarish uchun maqbul soni 4 000 (toʻrt ming) kishidan iborat boʻlgani hisoblanadi. Shu bilan birga, “tarix tajribasi shuni koʻrsatadi-ki, agar bir-biriga chin dildan sodiq boʻlgan va maqsadi bir nuqtada mushtarak boʻlgan 12 000 (oʻn ikki ming) otliq jangchi birlashsa, ularni dunyodagi hech qanday kuch va hokimiyat yenga olmaydi” deyiladi asarda.
Ilgʻor aygʻoqchilik boʻlinmasi joʻnatilayotganda, jangchilarning otlari alohida nazoratdan oʻtkazilishi, bu otlar puxta sinovlardan oʻtgan, tez yuruvchi, hech qanday qaysarligi va itoatsizligi yoʻq hamda tuyoqlari har qanday togʻ-u tosh va notekis yoʻllarga bardosh beradigan darajada mustahkam boʻlishi zarur edi. Aygʻoqchilik maqsadida yoʻlga chiqqan boʻlinma har qanday holatda ham oʻzi bilan ortiqcha yuk olib yurmasligi va oʻzboshimchalik qilib dushman bilan jangga kirishmasligi ham eng muhim jihat hisoblangan. Ular faqat oʻzlariga zarur boʻlgan qurol-aslaha, quruq oziq-ovqat va suvni meʼyorda, yaʼni faqat ehtiyoj darajasida olib yurishlari lozim boʻlgan.
Aygʻoqchilik boʻlinmasiga rahbar (komandor) tayinlashda ham oʻziga xos jihatlari boʻlib, kam sonli boʻladimi yoki koʻpmi – bundan qatʼi nazar, boʻlinmaga rahbar sifatida albatta hayot tajribasiga ega, har qanday kutilmagan vaziyatda hushyorlikni yoʻqotmaydigan va sinovlardan oʻtgan tajribali yoʻlboshchi tayinlanmog‘i lozim. Bunday maxsus boʻlinma oddiy qoʻshinlar kabi oddiy harbiy saf tartibida yurmasligi, jangchilar vaziyatga qarab baʼzan baland tepaliklarga chiqib atrofni kuzatishi, baʼzan esa sezdirmaslik uchun otdan tushib, piyoda yurishi zaruriyat hisoblangan.
Agar uzoqdan dushman koʻzga tashlansa va xavf payqab qolinsa, darhol oʻzaro bir-ikki belgi orqali imo-ishora bilan ogohlantirish, hech qanday shovqin-suron koʻtarmay va chang-toʻzon chiqarmay, jimgina ortga chekinish lozim boʻlgan.
Dushman koʻringanda vaziyatni boʻlinmadagi boshqa oddiy askarlardan mutlaqo sir tutgan holda, boʻlinma ichidan faqat bir yoki ikki nafar fahm-farosatli, aqlli askarni oldinga yuborib, bosh qoʻmondon va hukmdorgagina voqeani xufiyona yetkazish kerak boʻlgan. Chunki qoʻshin ichidagi hech kim bu xabardan vahimaga tushmasligi uchun ushbu sirdan ogoh boʻlmasligi muhim sanalgan.
Agar aygʻoqchilar tomonidan shoshqaloqlik qilinib, oʻz qoʻshini turgan oʻrdugoh (harbiy lager)da behuda shovqin va asossiz xavotir uygʻotilsa, bu butun qoʻshinda tartibsizlik boshlanishiga olib kelishi mumkin va tarixda aynan mana shunday vahima sabab koʻplab yirik qoʻshinlar urushsiz magʻlub boʻlgan. Aygʻoqchilik boʻlinmasining tajribasizligi, behuda qiy-chuvi va notoʻgʻri, tartibsiz harakatlari oqibatida, koʻpincha asosiy qoʻshindagi askarlar ruhan singgan, qoʻrquvga tushgan va ommaviy ravishda qochishi magʻlubiyatga olib kelgan holatga aylanmasligi asosiy maqsad qilingan.
Agar aygʻoqchilik boʻlinmasi dushman hisoblangan kuchlarning yaqinlashayotganidan mutlaqo bexabar qolib, kutilmaganda jang boshlanib qolsa, ayniqsa, oʻrmon ichida yoki notekis, togʻli yerlarda qoʻrquvga tushib darhol qochib ketish qatʼiyan man etilgan va bunday vaziyatda mardlik bilan jang qilib, asta-sekin ortga chekinmogʻi kerak boʻlgan.
Toʻsatdan jang boshlangan favqulodda holatda, boʻlinma tarkibidan bir yoki ikki askar zudlik bilan bosh qoʻmondon va hukmdor huzuriga yugurib borishi, u yerda maydondagi ogʻir ahvolni qisqa fursatda yetkazib, markazdan tezkor yordam soʻrashi va yana kechiktirmasdan oʻz boʻlinmasi bagʻriga qaytib, jangga kirishi burch hisoblangan.
Oʻrta asrlar harbiy tizimida faqatgina ochiq toʻqnashuvlar emas, balki parda ortidagi koʻrinmas kurashlar ham davlatlar taqdirini hal qilgan. Bu jarayonda maxsus topshiriq bilan harakat qiluvchi josuslarning oʻrni beqiyos boʻlgan. Ular zimmasiga qoʻyilgan bosh talab – dushman qoʻshini ichiga mutlaqo feʼl-atvorini bildirmay, sezdirmay kirish va xuddi shunday bildirmasdan u yerni tark etish edi. Josusning shaxsiyati va u bajarayotgan sirli amaliyotdan lashkardagi oddiy askarlar emas, balki faqatgina hukmdor va bosh qoʻmondon xabardor boʻlishi kifoya qilgan.
Faxriddin Muborakshohning “Odob al-harb va shujoat” asarida aygʻoqchilik, shuningdek, josuslik faoliyati va ularga qoʻyilgan talablar haqida ham soʻz boradi. Lekin ularni muallif ham “aygʻoqchilar” ham “josuslar” deb, aralash holatda nomlaganini koʻrishimiz mumkin.
Bu xavfli vazifani bajarish davomida kutilmagan holatlar yuz berganda tezkor moslashuv talab etilardi. Agar dushman oʻrdugohida (harbiy lagerida) josusni kimdir shubha bilan koʻrib qolib, soʻroqqa tutsa, u haqiqiy maqsadni yashirish va raqibni chalgʻitish uchun, hatto aytayotgan gaplari asl voqellikka zid boʻlsa ham, faqat yaxshi va tinchlantiruvchi xabarlarni aytishi lozim edi. Biroq oʻz hukmdori huzuriga qaytganda, josus mutlaqo aqlli va rostgʻy boʻlishi, eshitgan va koʻrgan yaxshi-yomon barcha maʼlumotlarni boshligʻidan yashirmay yetkazishi shart edi. Shundagina oliy rahbar real vaziyatni toʻgʻri baholab, oqilona qaror qabul qila olgan.
Harbiy tizimda axborotning aniqligi qoʻshinning ruhiy holati uchun juda muhim hisoblangan. Zero, lashkar ichida ishonchsizlik va shubha paydo qilish juda oson, lekin armiyaning barqaror jangovar ruhini saqlab turish gʻoyat mushkul ish sanalgan. Xalq orasida “Yiqitish oson, ammo tiklash mushkul” deyilganidek, qoʻshindagi psixologik muhit juda nozik boʻlgan. Shu sababli, shaxsiy manfaat yoki qoʻrqoqlik tufayli qasddan yolgʻon va soxta xabar tarqatib, askarlar orasida vahima uygʻotgan yoki oʻz safdoshlarini xiyonat koʻchasiga boshlab, xavf ostida qoldirgan kimsalar qattiq jazoga tortilgan. Bu jazo boshqalar uchun ibrat boʻlishi va har bir jangchi o‘ylab ish tutishni oʻrganishi uchun qo‘llanilgan.
Jang maydonidagi bevosita aygʻoqchilik boʻlinmasining harakatlanish hududi (areali) ham qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Ular asosiy qoʻshinning oldi, orqasi va ikki yon tomoni boʻylab doimiy nazorat olib borishlari, ammo harbiy qarorgohdan 2 yoki 3 farxasdan, yaʼni taxminan 12 – 18 kilometr masofadan ortiq uzoqlashmasliklari zarur edi. Agar aygʻoqchilik boʻlinmasi tarkibidagi jangchilar soni oz boʻlsa, ular bir nuqtada turib qolmasdan, toʻrt tomonni tinimsiz aylanib, dushmanning harakat yoʻnalishi va joylashuvini aniqlashlari kerak boʻlgan.
Raqib bilan toʻqnashib qolganda keladigan xabarlarning xolisligi ham qatʼiy nazorat qilingan. Tasodifan dushman bilan kichik toʻqnashuv yuz bersa, boʻrttirishlarsiz va soxta maqtanchoqliklarsiz aniq axborot berish talab etilgan. Masalan, shon-shuhrat ilinjida “Dushman otlilarini uchratdik, ularni yengib quvib chiqdik, hatto ularning lagerigacha yetib bordik” kabi asossiz daʼvolarni toʻqish qatʼiyan man etilgan. Bunday uydirma soʻzlar boshqa askarlarga salbiy taʼsir koʻrsatib, ularni kuzatuvchilarning soxta shon-shuhratiga aldanishga, hushyorlikni yoʻqotib, lagerni beparvo tashlab chiqishga va oqibatda dushman qoʻliga asir tushishga undagan. Buning uchun har qanday sharoitda yolgʻondan tiyilish va faqat haqiqatni soʻzlash lozim boʻlgan. Ishni toza niyat bilan, Yaratganning nomi bilan boshlash ularning asosiy eʼtiqodi boʻlib, bu ularni balo-qazolardan himoya qiladi, deb ishonilgan.
Intizom – qoʻshinning ustunidir, shu bois kuzatuvdagi jangchilarga hech qanday holatda may ichish (spirtli ichimliklar nazarda tutilmoqda) va gʻanimlarga nisbatan nooʻrin muomalada boʻlmaslik majburiyati yuklangan. Tarixda koʻplab qoʻshinlar aynan ichimlikka ruju qoʻyish va mastlik oqibatida gʻaflatda qolib, magʻlubiyatga uchragan va asirlikka tushgan.
Ushbu asar muallifi Faxriddin Muborakshoh oʻz faoliyati davomida bu kabi ayanchli fojialarni oʻz koʻzi bilan koʻrganini alohida bayon etadi. Bunday ogʻir vaziyatga tushmaslik uchun har kuni maʼlum bir gal va navbat bilan dushman tomonga yangi kuzatuvchilar boʻlinmasi yuborilgan. Bu tizim jang boshlanishidan oldin askarlarning jismonan charchab qolmasligini taʼminlagan va ular berilgan topshiriqni yuksak burch, kerak boʻlsa quvonch bilan bajarishgan.
Aygʻoqchilik va kuzatuv vazifasiga joʻnatilayotgan har bir kishiga masʼuliyatli safar oldidan albatta ruhlantiruvchi yaxshi soʻzlar aytilgan va ularga munosib mukofotlar vaʼda qilingan. Agar biror oʻta strategik vazifa yuzaga kelsa, buning uchun eng maʼquli 400 (toʻrt yuz) nafar otliqdan iborat kuzatuvchilar boʻlinmasini safarbar etish boʻlgan va ular harakatda shiddatli shamoldek tezkor boʻlishlari lozim edi. Bu boʻlinma aʼzolarining barchasi yagona bir boshliqqa yoki amirga soʻzsiz boʻysunishi shart boʻlib, bu tizim buyruqlarning darhol va aniq ijro etilishini taʼminlagan. Boʻlinma jangchilari oʻzaro mukammal totuvlik va hamfikrlikda harakat qilishlari kerak edi.
Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida boʻlinma toʻxtaydigan joy (lager) sifatida atrof yaqqol koʻrinib turadigan baland tepaliklar tanlangan va u yerdan nazoratni kuchaytirish uchun otliqlar ikki tomonga kuzatuvga joʻnatilgan. Kundalik tushlik va nonushta vaqtlari ham oʻta tartibli ravishda, navbatma-navbat tashkil etilgan: boʻlinmaning yarmi ovqatlanayotgan vaqtda, qolgan yarmi qatʼiy navbatchilik (qoʻriqchilik) vazifasini bajargan. Namoz vaqtida ham guruh-guruh boʻlib navbat bilan namoz oʻqishgan va namoz oʻqimayotgan boshqa guruhlar namozxonlarni oʻzaro bir-birlarini himoya qilgan holda qoʻriqlab turganlar.
Kuzatuvchilar boʻlinmasi qayerga borsalar ham, zarracha boʻlsa-da ehtiyotkorlik va beparvolik qilishlariga yoʻl qoʻyilmagan. Aholi yashaydigan osoyishta hududlardan va qishloqlardan oʻtayotganda, mahalliy xalqdan hech kimga ozor yetkazilmasligi va ularning mol-mulkiga daxl qilinmasligi shart boʻlgan. Agar biror oziq-ovqat yoki mahsulotga zarurat tugʻilsa, hech narsa tortib olinmasdan, pul toʻlab sotib olingan. Harakat davomida kuzatuvchilarning oʻzlarini shu yerlik (mahalliy) aholi qilib koʻrsatishlari, yaʼni niqoblanishlari eng foydali usullardan biri hisoblangan. Notanish joyda yoʻl soʻrash kerak boʻlsa, oʻta muloyimlik bilan soʻralib, shubha uygʻotmaslik uchun: “Biz ana u yaqin atrofdagi qishloqdanmiz, bu yerda bizga yer ulushi ajratilgan”, deb aytish tavsiya etilgan.
Joylardagi kambagʻallar va muhtojlar bilan samimiy muomalada boʻlish, har qanday ishlarda Xudoga tavakkal qilish ichki tartib-qoidasi edi. Borilgan hududda agar qulay va xavfsiz imkoniyat boʻlsa, biror xayrli ish yoki kuzatuv vazifasi bajarilgan, aks holda, agar vaziyat murakkab va xavfli boʻlsa, oʻz hayotini behuda xavfga qoʻyib oʻtirmasdan, darhol ortga – markazga qaytish talab etilgan. Agar yaqin atrofda baland togʻ tizmalari mavjud boʻlsa, u holda togʻning etagidan (pastki qismidan) yashirinib qaytish lozim boʻlgan, biroq harakat davomida har bir soatda baland tepaliklarga chiqib, atrofni sinchiklab kuzatish va oliy darajadagi hushyorlikni saqlash harbiy majburiyat hisoblangan.
Xulosa qilib aytganda, Faxriddin Muborakshohning “Odob al-harb va shujoat” asari moʻgʻullar bosqinigacha boʻlgan davr harbiy sanʼatida aygʻoqchilik, josuslik va qoʻshin xavfsizligini taʼminlash davlat mudofaasining eng ustuvor va tizimli yoʻnalishi boʻlganini, gʻalabaga erishish va qoʻshin barqarorligini saqlashda esa qatʼiy intizom hamda axborotning xolisligi bosh omil sanalganini koʻrsatadi.
Akobir TOIROV,
O‘zR FA Tarix instituti ilmiy xodimi
Foydalanilgan manba:
Faxriddin Muborakshoh. Odob al-harb va shujoat. Ahmad Xonsoriy nashri. Tehron. “Sepehr” nashriyoti. Shamsiy 1346-yil (milodiy 1967-yil). (فخرالدین مبارکشاه. آداب الحرب و الشجاعه. به تصحیح احمد خوانساری. تهران. چاپخانه سپهر. ۱۳۴۶ شمسی (۱۹۶۷ میلادی))
Til
Jarayon
Tarix
San’at
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q