“Qarg‘alar”, “Gʻayra-g‘ayra”, “Omon-omon” kabi mashhur qo‘shiqlarning qisqartirilmagan, o‘zgarmagan to‘liq matnini Oyina.uz birinchi marta o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etadi.
Xalq qo‘shiqlari – asrlik dard-u hasratlar, quvonch va iztiroblarning badiiy ifodasidir. Ularda oddiy inson hayoti, orzu-umidlari bilan birga butun bir millatning kechinmalari ham o‘z aksini topadi. Shu jihatdan qaraganda, xalq qo‘shiqlari nafaqat musiqiy meros, balki millat dardini avloddan avlodga yetkazuvchi ma’naviy ko‘prik hamdir.
Jadid taraqqiyparvarlari G‘ulom Zafariy va Elbeklar tomonidan 1925-yil Toshkentda chop etilgan “Ashulalar” to‘plami bugungi kun o‘quvchisi uchun yuz yil oldingi Turkiston xalqining o‘y va kechinmalari, dard-u armonlari, ijtimoiy hayoti hamda milliy ruhiyatini anglashda muhim manba vazifasini o‘taydi.
To‘plam yaratilgan paytda Elbek (Mashriq Yunusov) O‘zbekiston Jumhuriyatining Xalq maorif komissariyati huzuridagi Bilim kengashining boshlig‘i, G‘ulom Zafariy esa faol dramaturg sifatida qizg‘in ijod bilan band edi.
Xalq qo‘shiqlarining kishilar yodidan ko‘tarilib ketishidan qo‘rqqan Shokir Sulaymon 1923-yildayoq “Farg‘ona” gazetasida chop etilgan “Xalq adabiyoti” nomli maqolasida “Farg‘onada o‘tmish qo‘rboshilar, beklar, ularning kechirmish kunlari, xotiralari va shu zamonda hukumatga qarashlari, ularning tilaklari nihoyat o‘lishlari, bitishlari – hammasi aynan nuqtama-nuqta o‘zining usta, mahoratli to‘qig‘uvchilari tarafidan to‘qilib qolinmishdur va to‘qilmoqdadur. Bir necha yillar davom etgan o‘zining kuyli, jonli hazin ovozlari bilan Farg‘ona cho‘llarida, sahrolarida, tog‘larida, dalalarida eshitilar-da tarixning shoshig‘chiligi orqasida jonli kuylari, ismlari tez unitilur. Mana shu kun sayin, soat sayin har qishloqda, har shaharda chiqib turgan va turadurgan xalq adabiyotining kuylarin notaga oldirish qo‘limizdan kelmasa, bo‘ldira olmasaq ham, aqalli, so‘zlarin, qiymatli borliqlarin saqlab qolish biz yoshlar, qalam ahllari uchun farzi ayndir”, deb kuyinib yozgan holda, xalq qo‘shiqlarini kishilar og‘zidan yozib olishga da’vat etgan edi.
Shokir Sulaymonning chaqirig‘iga javob o‘laroq Elbek va G‘ulom Zafariylar tomonidan Bilim hay’atining bevosita homiyligida Farg‘ona vodiysi bo‘ylab ilmiy ekspeditsiya tashkil etildi hamda mahalliy aholidan bebaho qo‘shiqlar yozib olindi.
Biroq “Ashulalar” to‘plamining so‘ngi sahifasida keltirilgan izohga ko‘ra, kitob garchi 1923-yilda tayyorlanib topshirilgan bo‘lsa-da, ikki yil mobaynida nashriyotda yotgan. Qizig‘i shundaki, “Ashulalar” kitobi dastlab “El adabiyoti” nomi ostida chop etish uchun O‘rta Osiyo davlat nashriyotga topshirilgan. Nashriyot izohini o‘qiymiz: “El adabiyoti” O‘rta Osiyo davlat nashriyotiga bundan ikki yil muqaddam topshirilg‘an bo‘lsa ham, hozirg‘a qadar O‘rta Osiyo davlat nashriyoti uni bosdira olmag‘an. So‘nggi kunda O‘zbek ilmiy sho‘rosi mana bu kitobni 1922-yilda berilgan holida (!) bosdirilishini so‘radi. Biz ham ilmiy sho‘roning fikriga qo‘shilib, xalq ashulalaridan iborat bo‘lg‘an bu kitobni bosishni muvofiq topdiq”.
O‘rta Osiyo davlat nashriyotining izohidan ko‘rinib turibdiki, bolsheviklardan iborat tahririyat – birinchidan kitob nomini o‘zgartirish orqali uning ijtimoiy ta’sirini pasaytirishni, ikkinchidan uning ichidagi ba’zi xalq qo‘shiqlarini olib tashlashni talab qilgan. Harqalay, nashriyot tomonidan keltirilgan “1922-yilda berilgan holida (!) bosdirilishini so‘radi” izohi bizni shunday xulosa qilishga undaydi. Demak, kitob nashrga tayyorlanib, u chop etilguniga qadar ham parda ortida milliy ziyolilar va bolsheviklar o‘rtasida o‘zaro kurash ketgan.
“Ashulalar” to‘plamining kirish qismida Elbek so‘nggi chog‘larda Turkiston xalqi ichida boshlangan ilmiy izlanishlar jadal rivoj topayotgani, qolaversa, maktablarni turli o‘qimliqlar [darslik va kitoblar] bilan ta’min etish ishi dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib turgan bir paytda, el orasida kuylanib kelingan ashulalarning o‘z vaqtida to‘planib chop ettirilishi ham nihoyatda foydali bir ish ekanligini urg‘ulaydi. Bundan tashqari Elbek kirish so‘zida: “Albatta, biz uchun bundan so‘ng ham yanadan xalq adabiyotini to‘plash va to‘plang‘anlarini kechirtirmasdan bostira borish lozimdir. Tabiiy, bu ishlarni boshqarish uchun elimizning qiziqqon va mutashabbus (tashabbuskor) yigitlarning ko‘maklari kerakdir. Hozircha biz qo‘limizda bo‘lg‘on, el orasida aytilib kelmakda bo‘lg‘on qirqdan ortg‘on eski va yangi kuylarimizni to‘plab, bostira boshladiq. Tabiiy, bunda istar (xoh) tuzilishi, istar terilishi yog‘idan tub (asl) ashulaga qarshi bo‘lg‘on bir qancha satrlarni uchratarsiz. Biroq, biz munga qarab o‘ltirmadiq. Oldin bizga kitobning maydong‘a chiqishi shartdir. Kitob maydong‘a chiqg‘ach, uning yanglish yoqlarin sekin-sekin tuzata olarmiz”, deb yozadi. Elbekning kirish so‘ziga e’tibor qaratsak, muallif xalq ashulalarini oddiy ko‘ngilochar vosita emas, balki xalqning tarixiy xotirasi va ruhiy olamini ifodalovchi ma’naviy boylik sifatida baholab, bu ezgu ishni amalga oshirish uchun tashabbuskor yigitlarni yoniga chorlaydi hamda xalq adabiyotini yig‘ish va nashr qilish ishi umumxalq vazifasi ekanligini ta’kidlaydi.
Elbek “Oldin bizga kitobning maydong‘a chiqishi shartdir” so‘zlari bilan kitobni mukammallashtirishni kutib o‘tirmasdan, millat manfaatiga xizmat qiluvchi har qanday ma’rifiy ishni tezroq amalga oshirish zarurligini, bu ezgu ishni kechiktirish Turkiston xalqining zarariga ishlashini ham qistirib o‘tadi.
“Ashulalar” to‘plami. 1925-yil, Toshkent.
“Ashulalar” to‘plamida jami 28 ta qo‘shiq mavjud bo‘lib, ularning mavzusi xilma-xildir. Xususan, to‘plamda “Begijon ukam”, “Ajab yorlarim”, “Andijonga boray dedim bora olmadim”, “Lipimish”, “Aylanay yorlarim”, “Yallama yorim”, “Omon yor”, “Nor” kabi pok va samimiy muhabbat tuyg‘ulari kuylangan qo‘shiqlar bilan birga, “Qo‘zijon”, “Al-Omon”, “Mallaxon”, “Do‘st Xudoyim”, “Omon-Omon”, “Marg‘ilonda ishchi oling‘anda aytilgan” kabi tarixiy hamda ijtimoiy-siyosiy mazmundagi qo‘shiqlar ham yozib olingan. Elbek va G‘ulom Zafariyning to‘plamni tuzishdagi puxta ishlaridan yana biri, qaysi qo‘shiq nechanchi yilda aytilgani to‘g‘risida ham ma’lumot berib ketgan.
To‘plamni o‘rganish jarayonida biz bugungi kunda ko‘ngilochar bir qo‘shiq sifatida kuylab keladigan ashulalarimiz aslida Turkiston xalqining og‘ir ijtimoiy hayoti, mustamlaka zulmi, ayriliq, hijron va milliy dardlarini o‘zida mujassam etganiga, shuningdek ularning asl varianti hozirgi shaklidan tubdan farq qilishiga guvoh bo‘ldik.
Masalan, to‘plamdagi “G‘ayra-g‘ayra” qo‘shig‘iga e’tibor beraylik:
1
Qosh agar payvasta bo‘lsa,
O‘smani gardon qo‘yar,
G‘ayra-g‘ayra dam-badam
Shirin zabonimsan mening.
Yor agar nodon esa
Oshiqni sargardon qo‘yar.
2
Havoda parcha bulut,
Yomg‘ir yog‘ib o‘tg‘an yo‘q.
Dunyoda oshno tutib,
Murodiga yetg‘an yo‘q.
3
Qoshi qora qayrilma qosh,
O‘sma unga darkor emas.
Uyda yorim bor mening,
Begona yor darkor emas.
Bir adashim bor mening,
Begona hol darkor emas.
5
Men ketarman bosh olib,
Ikki qo‘lg‘a tosh olib,
Mehribonim qoldi, deb
Ikki ko‘zimga yosh olib.
Mazkur xalq qo‘shig‘i 1908-yilda kuylangan bo‘lib, garchi ushbu qo‘shiqda sevgi, hijron, sadoqat va ayriliq motivlari yetakchi o‘rin egallasa-da, ular orqali xalqning ruhiy olami, turmush tarzi hamda davr kishisining ichki iztiroblari namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, “Yor agar nodon esa, oshiqni sargardon qo‘yar” misralarida insoniy munosabatlardagi beqarorlik va ruhiy iztirob obrazli tarzda ifodalangan. Bu yerda “sargardon” obrazi faqat oshiq holatini emas, balki o‘z baxti va armoni o‘rtasida qolgan turkistonlikning kechinmalarini ham anglatadi.
Ikkinchi banddagi “Dunyoda oshno tutib, murodiga yetg‘oni yo‘q” satrlari esa xalqning hayotiy tajribasi va falsafiy qarashlarini aks ettiradi. Shoirona ifoda orqali inson orzu-umidlarining doimo ham ushalavermasligi, hayotning armon va sinovlardan iborat ekani ta’kidlanadi.
Umuman olganda, ushbu xalq qo‘shig‘i oddiy lirik kechinmalar doirasidan chiqib, Turkiston xalqining ruhiy dunyosi, ma’naviy qadriyatlari va tarixiy hayot tajribasini aks ettiruvchi badiiy manba sifatida ham katta ahamiyatga egadir. Yana bir gap: “G‘ayra-g‘ayra” qo‘shig‘ining xalq tomonidan kuylangan asl shakli [tan olib aytish joizki] bugungi biz bilgan “G‘ayra-g‘ayra”dan ancha saviyali badiiy mazmunga egadir.
To‘plamda e’tiborimni tortgan yana bir qo‘shiq “O‘rtoq” bo‘lib, u 1900-yilda xalq tomonidan aytilgan:
Yuring, o‘rtoq, dalaga, o‘rtoq jonim-o,
Qo‘ynimiz to‘lsin lolaga.
Aytinglar, aytaylik, o‘rtoq,
To‘lsa, to‘lsin lolaga,
Biz qolaylik baloga.
Yuring, o‘rtoq, o‘ynaylik.
Daryolarni bo‘ylaylik.
Baliqlarga roz aytib,
Biz Xudoga yig‘laylik.
Tegirmonning toshiman,
Qiz bolalar yoshiman.
Otam meni o‘qitsa,
Qirq yigitning boshiman.
Mazkur qo‘shiqda o‘zbek xalq og‘zaki ijodining an’anaviy poetik xususiyatlari mujassam bo‘lib, unda yoshlik zavqi, tabiatga yaqinlik, insoniy kechinmalar bilan birga Turkiston qizining ijtimoiy orzu-intilishlari ham badiiy jihatdan aks ettirilgan. Ayniqsa, qo‘shiq matnidagi “Otam meni o‘qitsa, qirq yigitning boshiman” misrasi ashulaning asosiy ijtimoiy g‘oyasini ochib beradi. Ushbu so‘zlar bilan Turkiston qizining ilm olishga bo‘lgan intilishi, o‘z salohiyatiga bo‘lgan ishonchi va jamiyatda munosib o‘rin egallash orzusi bo‘rtib ko‘rinadi. Qo‘shiqdagi “Qirq yigitning boshiman” iborasi xalqona mubolag‘a vositasi bo‘lib, agar imkoniyat berilsa, Turkiston qizlari ham yigitlardan qolishmagan holda katta ishlarni amalga oshirishga qodirligini urg‘ulaydi.
To‘plamda bizning e’tiborimizni tortgan yana bir qo‘shiq “Omon-omon”dir. To‘plam mualliflarining izohiga ko‘ra, u 1918-yilda Qo‘qonda Muxtoriyat hukumati yiqitilgach, armani dashnoqlar tomonidan xalq o‘ldirilgan chog‘da omonlik tilab aytilgan ekan. E’tiborli jihati shundaki, garchi arman dashnoqlari tomonidan Qo‘qonda dahshatli qatliom yuz bergan bo‘lsa-da, xalqning yuragini qo‘rquv butunlay egallab ololmagan. Hatto o‘lim xavfi qarshisida ham xalq o‘zligini, irodasini va Vatanni himoya qilishga bo‘lgan qat’iyatini yo‘qotmagan. Shu jihatdan qaralganda “Omon-omon” qo‘shig‘i oddiy omonlik tilab aytilgan ashula emas, balki Turkiston xalqining fojia qarshisida ham qulamagan metin irodasining aksi sifatida ko‘rilishi zarur. Shu ma’noda to‘plam mualliflarining ashulaga bergan izohiga ham ehtiyotkorona yondashish maqsadga muvofiqdir. Qo‘shiqdan parcha:
Bul tog‘lar baland tog‘lar,
G‘arib yo‘lini bog‘lar
Bul tog‘larda kim yotg‘an?
Askar yigitlar yotg‘an,
Yonboshig‘a tosh botg‘an, omon - omon,
Ohi xudog‘a yoqqan.
Asakaning yo‘lida,
Ilon ko‘rdim cho‘lida.
Ming jon bo‘lsa berarmiz,
Yurtimizning yo‘lida.
Eshigingda joy bormi,
Tojixo‘roz ekkali.
Qanday rahming keladir
Askarlarni so‘kkali?
Daryo toshqin, suvlar to‘lqin o‘tolmayman,
Otim oriq manzil uzoq yetolmayman.
Otginamni oriq qilg‘an shul mayda tosh,
Ranginamni sariq qilg‘on shul qalam qosh.
To‘plamdan o‘rin olgan yana bir muhim qo‘shiq “Marg‘ilonda ishchi oling‘anda aytilg‘an” ashulasidir. Ma’lumki, 1916-yilda imperator Nikolay II tomonidan “Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini harakatdagi qo‘shin tumanlarida, harbiy inshootlar va shuningdek davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish” farmoniga muvofiq Turkistonning barcha shaharlari qatori Marg‘ilondagi erkaklar ham mardikorlikka olingan.
Turkiston o‘lkasida mardikorlikka olish jarayoni juda og‘ir va keskin ijtimoiy oqibatlarga sabab bo‘lgan. Jumladan, Sirdaryo viloyatidan 87 ming, Samarqanddan 38 ming, Farg‘onadan esa 50 ming kishi majburiy mehnatga yuborish uchun belgilangan. Ushbu ko‘rsatkichlar har bir viloyat bo‘yicha aholiga taqsimlanib, bajarilishi shart reja sifatida qo‘yilgan.
Ayniqsa, Farg‘ona viloyatida mardikorlarni yig‘ish jarayoni yanada og‘ir kechib, har besh xonadondan bittasidan bir erkakni olib ketishga to‘g‘ri kelgan. Bu holat xalq hayotiga juda katta zarba bo‘lgan, oilalarning boquvchisiz qolishiga, aholining ochlik va qiyinchilikka yuz tutishiga olib kelgan.
Bundan tashqari mardikorlikka olish jarayonida mahalliy ma’muriyat vakillari tomonidan adolatsizliklarga yo‘l qo‘yilgan. Ro‘yxat tuzishda pora va tanish-bilishchilik kabi illatlar keng tarqalgan bo‘lib, badavlat oilalar ko‘pincha o‘z o‘g‘illarini pul evaziga ro‘yxatdan chiqarib yuborishga erishgan. Aksincha, kambag‘al oilalar esa og‘ir ahvoliga qaramay, hatto oilada yagona erkak bo‘lsa ham, majburiy ro‘yxatga kiritilgan. Ushbu qo‘shiq ana shu siyosatga isyon sifatida xalq tarafidan yaratilgan. Qo‘shiqda Saidahmad obrazi markaziy o‘rinda turib [aftidan u Chor hukumatining Marg‘ilondagi mahalliy vakillaridan biri bo‘lgan], u orqali yigitlarni urushga jo‘natish jarayonidagi adolatsizlik va zo‘ravonlik tanqid qilinadi. Qo‘shiqning umumiy ruhida motam, alam va isyon ohangi o‘zaro uyg‘unlashib, xalqning og‘ir ijtimoiy ahvoli jonli tasvirlanadi. Qo‘shiqdan parcha:
Saidahmad, toming baland-o,
Tomingdan noming baland-o,
Yigitlarga qo‘l qo‘yg‘an
Padaringa ming lanat-o,
Padaringa ming lanat!
O‘zini o‘zi chog‘lag‘an
Belini mahkam bog‘lag‘an
Nochor ketgan yigitlar.
Baxmal po‘stin og‘ir deb,
Otga solg‘an Saidahmad.
Yigitlarni yomon deb,
Xatga solg‘an Saidahmad,
Xatga solg‘an Saidahmad.
O‘zini o‘zi chog‘lag‘an-a,
Belini mahkam bog‘lag‘an,
Nochor ketgan yigitlar.
Suv ichiga cho‘p tushdi-yo,
Yigitlar xatga tushdi,
Onasini yig‘latib,
Yigitlar yo‘lga tushdi-yo,
Yigitlar yo‘lga tushdi.
Soy ichida suv oqar,
Suv tegida qum oqar.
Urushga ketgan yigitning
Onasini kim boqar.
Oq olma oqib keldi-yo,
Yigitlarga yesin, deb,
Oq podshodan xat keldi-yo,
“Talabgori kelsin!” deb-o,
“Talabgori kelsin!” deb.
Sandiq ustida bo‘xcha,
Yigitlar gulg‘uncha,
O‘lgur podsho qo‘ymaydir,
Gul bo‘lib ochulg‘uncha,
Gul bo‘lib ochilg‘uncha.
Va nihoyat to‘plamdagi yana bir muhim qo‘shiq “Al-omon”dir. To‘plam mualliflarining izohiga ko‘ra ushbu qo‘shiq xalq tomonidan 1905-1906-yillarda Andijonda aytilgan. Bu qo‘shiqning boshlanishini bugun har bir o‘zbek biladi: “Qarg‘alar uchsa qaraylik Marg‘ilonning yo‘liga…”. Ha, bu o‘sha biz bilgan mashxur qo‘shiq. Ushbu qo‘shiqqa to‘ylarda miriqib raqs tushganmiz. Afsuski, bu ashulaga qulochimizni keng yoyib raqs tushar ekanmiz, aslida vatan uchun aziz jonlarini bergan bobolarimizning jasadlari ustida “hirom etayotganimizni” bilmaganmiz.
Sovetning chirkin siyosati sabab qo‘shiq xalq tomonidan yaratilganidan so‘ng bir necha marotaba o‘zgarishlarga uchrab, milliy motam ruhidagi qo‘shiq raqspob ashulaga aylanib qoldi, uning asl matni butkul o‘zgarishga yuz tutdi. Xususan, ashula matnidagi qarg‘alar so‘zi turnalarga “aylantirib” yuborildi. Xo‘sh, Marg‘ilon sari xalqni qatliom qilish uchun uchib ketayotgan qarg‘alar kim edi o‘zi? Bu savolning javobini topish uchun Abdulhamid Cho‘lponning “Kuz chog‘i” she’rini o‘qisangiz kifoya.
Shu bugungacha qo‘shiqning asl matni yo‘qolib ketgan deb hisoblanar edi. Ammo Siz bugun taraqqiyparvar jadid bobolarimiz Elbek va G‘ulom Zafariylarning fidokorona xizmatlari sabab uning asl variantidan bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Elbek (Mashriq Yunusov).
Qo‘shiqning xalq tomonidan kuylangan asl matni quyidagicha:
Qarg‘alar uchsa qaraylik Marg‘ilonning yo‘liga,
Hidi kelsa mast bo‘laylik, handalakning bo‘yiga,
Al-omon, yo rabbano, qanday zamon bo‘ldi, darig‘.
Handalak bo‘yliginam, sen unda zor, men bunda zor,
Ikkalamiz to‘ti qushning bolasidek intizor,
Al-omon, yo rabbano, qanday zamon bo‘ldi, darig‘.
Intizorlik torta-torta, tanda toqat qolmadi,
Cho‘l chibindek sarg‘ayib ucharga holat qolmadi,
Al-omon, yo rabbano, qanday zamon bo‘ldi, darig‘.
Cho‘l chibinning holini o‘tgan yo‘lovchidan so‘rang,
Men g‘aribning holini aqli raso yordan so‘rang,
Al-omon, yo rabbano, qanday zamon bo‘ldi, darig‘.
Men g‘aribning holini aqli raso yor bilmasa,
Ko‘z yoshi daryo bo‘lib oqqan baliqlardan so‘rang,
Al-omon, yo rabbano, qanday zamon bo‘ldi, darig‘.
Muslimbek ALIJONOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Jarayon
Til
Tarix
Jarayon
Tarix
San’at
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q