Sarmishsoydan mengacha – millat bosib o‘tgan yo‘l


Saqlash
10:42 / 20.05.2026 24 0

Har bir inson qalbining tub-tubida o‘ziga va Ollohgagina ma’lum ardoqli o‘ylari, umidlari bo‘ladi. U bu ezgu hislarni birovga aytmaydi, yolg‘iz qolganida pichirlab, kulimsirab yodlab yuradi. Bu o‘ylar, umidlarning qachondir ro‘yobga chiqishiga qattiq ishonadi. Pinhon va go‘zal ushbu sir uning hayotiga ma’no, ruhiga qudrat bag‘ishlab turadi mudom. Va bir kuni bu umid amalga oshadi. Ana shu voqelik, shu odam umrining mag‘zi bo‘ladi. 

 

Xalqning ham xuddi shunday ezgu, birovlarga bergusiz, yashirin turgan milliy xazinalari bor. Uni hamisha ham hamma bilavermaydi. Shu ma’noda, Abdulhamid Cho‘lponning “Xalq dengizdir” degan tashbehi juda terandir. Bu dengiz qa’rida juda katta dafinalar bor. Uni bir kun kelib mohir g‘avvosgina olib chiqishi, xabarini o‘zgalarga yetkazishi mumkin.

 

* * *

O‘zbekiston davlatchiligi tarixida bemisl madaniy hodisa sodir bo‘ldi!

 

Toshkenti azimda Islom sivilizatsiyasi markazi qad rostladi. To‘qqiz yil muddatda, O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va qaroriga ko‘ra vujudga kelgan bu markaz o‘tmish va kelajak tutashgan, uch ming yillik davlatchilik tariximizni o‘zida jamlagan, chin ma’noda xalqimizning iftixori timsoli bo‘ldi desak, aslo oshirib yubormagan bo‘lamiz.

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi haqidagi xushxabar birinchi marta davlat rahbarining 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida jahon ahliga e’lon qilingan edi. Va nihoyat bugungi kunga kelib bu niyat amalga oshdi. Ezgu orzu ro‘yobga chiqdi.

 

10  gektarlik maydonda barpo etilgan markaz binosining uzunligi 161 metr, eni esa 118 metr bo‘lib, u uch qavatdan iborat. Markazdagi gumbaz balandligi 65 metr. Bino 1,8 gektar joyni egallagan, foydalanish hududi 42  ming kvadrat-metr.

 

* * *

Teshiktosh g‘oridan topilgan neandertal odam suyaklarining yoshi DNK tekshiruvlaridan keyin 70 ming yildan ziyod ekani aniqlandi. Shu g‘or topilguncha nafaqat yurtimiz tarixiga, balki Markaziy Osiyo xalqlari o‘tmishiga nisbatan G‘arbda bepisand qarashgan. Da’vo qilishlariga ko‘ra, asl tarix bizdan boshlangan, bizda sivilizatsiya paydo bo‘lganida boshqa joylarda hayotning asari ham bo‘lmagan degan oriylarcha qarash ilmiy doiralarda bot-bot takrorlanar edi. Biroq arxeolog Aleksey Okladnikov boshchiligidagi ekspeditsiya topgan bu g‘or va undagi ashyolar butun dunyo e’tiborini Markaziy Osiyoga, O‘zbekistonga qaratdi. Bu manzil-makonlarda ilk odamlar qadimdan yashagan ekan degan to‘xtam tan olindi va Zovtalashgan darasi fan tarixiga kirdi.

 

Bu so‘zlarni bita turib, uzoqda emas, shundoq Hazrati Imom majmuasi hududidagi Islom sivilizatsiyasi markazining mavjudligi kishiga yoqimli tush kabi tuyuladi. Ammo bu tush emas, ayni haqiqat. Bu manzilga butun xalqimizning bosib o‘tgan yo‘li, butun tariximiz yig‘ilib kelgan.

 

...Ey, Oks va Yaksart, Jayxun va Sayxun, Amudaryo va Sirdaryo... ey, nomi o‘zgarsa ham qismati o‘zgarmagan, suvlotidan dushmanlari suv ichsa-da, qurib qolmagan, muqaddas burchini unutmagan ona daryolar... Yuqori va quyi o‘zanlarida qadim ajdodlarim kapa tikkan, bobolarim davlat qurgan, o‘tmish karvonlari suv ichib, chanqovi qonib bugungacha yetib kelgan. Donishmand shoir Abdulla Oripov “Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq” deb yozgandi. Haqrost: ushbu daryolar bo‘yida yashab kelgan ajdodlarimizning qoni bugun ham shu daryolar kabi sharqirab oqmoqda.

 

Hazrati Imom majmuasining keng havoriga tarixning uch ming yillik yo‘lni bosgan vazmin karvonlari kelib to‘xtaganga o‘xshaydi hozir. Nafaqat uch ming yillik, balki odamzod atak-chechak bo‘lgan davrdan to bugungacha bo‘lgan vaqt hosilasi shu yerda to‘plangan.

 

Gulxan yoqib o‘tirgan neandertal bobodan tortib 80 ming yil avval yasalgan o‘q-yoylargacha (Obirahmat g‘ori. Bo‘stonliq tumanidan topilgan), 100 ming yil davom etgan Muste davri tasviri san’ati bo‘lmish Sarmishsoy qoya suratlarigacha, Islomgacha bo‘lgan qadimgi davlatlar – Baqtriya, Xorazm, So‘g‘d, Choch va Parkanadan (Dovon davlati. Farg‘ona) Islom dini kirib kelgandan keyingi taraqqiyot bosqichlarigacha...

 

So‘ngra jahon tarixiga birinchi renessans nomi bilan kirgan, Movarounnahr farzandlari dunyoga dovruq solgan shonli o‘tmish – o‘nlab ulug‘ nomlar, yuzlab jahoniy kashfiyotlar davri boshlanib ketadi.

 

“Miqyos an-Nil” qurilmasini yaratgan Farg‘oniy asarlarini chuqur o‘rgangan Xristofor Kolumb Amerikani topib borganiga tarix shohid bo‘lsa, Beruniyning Kolumb safaridan 462 yil burun yozilgan “Hindiston” asarida bu makon haqida aniq ma’lumotlar berilgan edi. Yer radiusini, meridianini, Oy va Yer o‘rtasidagi masofani XI asrdayoq aniqlagan bu alloma yashagan davrni zamonamizning yirik olimi amerikalik Frederik Star bejiz

“Beruniy asri” deb baholamagan.

 

Birinchi renessans davri shu qadar tig‘iz va boyki, bitta manzil-makonda, bir necha asrda bu qadar ulkan yuksalishlar bo‘lishiga insonning aqli bovar etmaydi. Zero, bepoyon vaqtning oldida uch-to‘rt asr degani soniyadek gap.

 

Muhammad Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Farg‘oniy, Forobiy, Buxoriy, Termiziy, G‘ijduvoniy, Yassaviy kabi zotlarning bashariyat xirmoniga qo‘shgan hissalari betimsoldir. Ularning har biri bitta ma’naviy yuksalish davrini boshlab berolgan.

 

Ikkinchi renessans davri Amir Temur bilan boshlanadi. Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma”sida bitilgani kabi tarixda tojdorlar ko‘p o‘tgan. Ammo eng obod, ma’rifatparvar imperiyani tuzish va urush hamda jaholat yo‘lini ezgulik tomon o‘zgartirish ularning hammasiga ham nasib etmagan. Shu ma’noda Amir Temur yagonadir. Temurdan boshlangan ikkinchi renessans davri Shohrux Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Shayboniyxon, Mirzo Bobur, Kamoliddin Behzoddek ajdodlar faoliyati bilan katta bir davrni qamrab oladi. Ayni paytda dunyoning 16 ta davlati hududida Amir Temur va temuriylar davridan qolgan obidalar aniqlangan.

 

* * *

Uzoq tarixni yodlab, o‘tmish zotlar va buyuk evrilishlarni xotirlab turib, beixtiyor ulug‘vor markazdagi zallarga kirib kelasiz. Xuddi tarix tulporidan tushib, bugunning hududiga kirgan kabi. To‘maris va Eron shohi Kirning tarixiy janglari manzarasi, o‘sha davrga oid eksponatlarni ko‘rasizmi, XX asrdagi ma’rifatparvar jadidlar jasorati aks etgan tasvirlar, ularning asarlarining asl nusxasiga duch kelasizmi, hamma-hammasi bizniki degan o‘y yurakni, tuyg‘uni balandlatadi, ko‘taradi.

 

Markazning asosiy eshigi ustida Alaq surasining 1-oyati – “Yaratgan Robbing nomi bilan o‘qi” so‘zlari bitilgan. Shunday ilohiy da’vat bilan boshlangan sayohat davomida inson juda katta davrni boshdan kechirgan kabi o‘zgacha holatga kiradi.

 

Markazdagi Sarmishsoy qoyatosh suratlaridan bugungacha – bizning davrgacha bo‘lgan yo‘l har qanday yo‘lovchini horitadi. Ammo bu horg‘inlik zamirida juda katta hordiq ham bor. Bu faxr-u g‘ururga, o‘zlikka qaytish, o‘zni tanish, tafakkur etish hordig‘idir.

 

Markazdagi asosiy zal – Qur’oni karim zali. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – VII asrda qo‘lda ko‘chirilgan, xalifa Usmon roziyollohu anhuning qutlug‘ qoni sachragan Usmon mus’hafi joylashtirilgan. Bu zal devorla­rida Mus’haf oyatlari tushirilgan sakkizta ipak gilam to‘rtta ravoqda namoyish etilgan. 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida 50 tonnalik yirik qandil o‘rnatilgan va u bir milliondan ortiq qimmatbaho tosh bilan bezatilgan. Bu yerda dunyo fondlarida saqlanayotgan O‘zbe­kistonga daxldor 114 Qur’on loyihasiga kiritilgan qo‘lyozmalar ko‘rsatilgan.

 

* * *

Tarix orqaga qaytib kelganday. O‘tib ketgan ajdodlar baayni hayotga qaytdilar. O‘rtadagi vaqt devori olib tashlangandek... Uch ming yillik bug‘u haykali ham, Ibn Sino asarining XV asrda ko‘chirilgan nusxasi-yu Saroymulkxonimning havodor libosi ham shu yerda. Shu yerda eng qadimgi shaxmat toshlari-yu jadid bobolarning asl ashyolari... paxtakor, pillakor, chorvador, yelkasi qavargan xalqning yaqin o‘tmishdagi hayotidan tasvirlar ham go‘shada mujassam.

 

Qancha bosqinlar va zulm ostida davr o‘tkazgan bo‘lmasin bu millat ulug‘ dengiz kabi o‘z qa’ridagi javharlarini asrab qololgan ekan. Bugun millat xazinasi o‘z o‘rnini, qimmatini, munosib joyini topdi. Yuzlab qo‘lyozmalar, osori atiqalar xorijdagi kutubxona va muzeylardan sotib olib kelingan. Hali tag‘in qanchasi olis o‘lkalarda turibdi. Masalan, Mirzo Ulug‘bekning nefrit piyolasi Britaniya muzeyida, Navoiyning ilk devoni (1465-yilda ko‘chirilgan) Rossiya milliy kutubxonasida, hazratning hayot paytida ko‘chirilgan “Xamsa” Buyuk Britaniyaning Bodlean kutubxonasida saqlanmoqda...

 

* * *

Markazning “Yangi O‘zbekiston – Yangi renessans” ekspozitsiyasi har bir tomoshabindan alohida e’tibor talab qiladiki, bunda mamlakatimizda so‘nggi to‘qqiz yilda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, erishilgan yutuqlar, tashqi va ichki siyosatning ustuvor yo‘nalishlari yoritib beriladi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, Islom sivilizatsiyasi markazi vatanimiz uchun tarixiy, siyosiy, diniy, ma’naviy jihatdan oltin uzukka qo‘yilgan ko‘zdek munosib, bag‘rida tarix ham, kelajak ham yashaydigan ulkan obida bo‘ldi.

 

Ming eshitgandan bir bora ko‘rgan afzal deganlaridek, bu markazni har bir eldoshimiz kelib ko‘rishi, ziyorat qilishi kerak. Zotan, vatan ziyorati har kundir!

 

* * *

Qachondir qilinishi kerak bo‘lgan, amalga oshirilmasa asl maqsadga yetishib bo‘lmaydigan, yurt istiqboliga daxldor ishlar bor. Har bir xalqning taqdirida bunday yumush-vazifa mavjud. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi ana shunday asriy orzular ro‘yobi, xalqimiz uzoq vaqtlardan buyon kutib yurgan ulug‘ ish, vazifa edi. Ana shu burch bajarildi.

 

Sobir JUMAYEV

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.

“Sarmishsoydan mengacha...” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//