“Oldinlari odamlar kam, orzular katta edi, hozir esa aholi ko‘p orzular mayda” – Chorrahadagi o‘ylar


Saqlash
11:02 / 02.02.2022 1286 0

Globallashuv dunyoni ham, odamlarni ham keskin o‘zgartirib yuboryapti. Goho zamondan orqada qolib ketdimmikan degan xavotirli o‘ylarga borib qolaman. Shunda qadriyatlar, an’analar, yashashdagi mezonlarning avval va hozir qandayligi haqida o‘ylab qolaman. Masalan, odamga yashashi uchun nimalar kerakligi yoki odamning yashashiga nimalar halal berishi  haqida  fikr qilaman.

 

Oldinlari odamlar bir-birining yoniga shunchaki, ishi bo‘lmasa ham  gurunglashish uchun boraverardi.  Hozir gurungga vaqt yo‘q. Ishi bo‘lmasa, birov-birovga qo‘ng‘iroq qilishi  ham amrimahol.

 

Oldinlari odamlarning to‘qson to‘qqiz foizida yig‘indi  pul bo‘lmasdi. Lekin qo‘rqmay yashayverardi. Hozir oddiy mardikorning ham ozmi-ko‘pmi yiqqan-tergani bor.  Agar yo‘q bo‘lsa, halovati ham yo‘q.

 

Oldinlari kimdir rahbar bo‘lib tayinlansa,  o‘sha kishini tanigan-tanimagan odamlar  g‘oyibona  “Juda yaxshi, xalqparvar odam ekan deyishayapti.  Xudo nazar qilgan kishi ekan-da. Bo‘lmasa katta bo‘larmidi?”  deb yaxshi gumon qilishar edi. Hozir esa endi ish boshlayotgan rahbarning yomon jihatini topishga urinish urfga kirib boryapti.

 

Oldinlari bir kishi kim bilandir ko‘rishishi kerak bo‘lsa, u bilan bir oy oldin ahdlashib qo‘ysa bas, o‘sha manzilga aytilgan vaqtda borar edi. Hozir telefonda yuz marta kelishilgandan keyin ham biror narsa to‘g‘ri kelmay qolib va’dalar buzilayapti.

 

Oldin qishdan bir juft poyabzal, bitta qalin kiyim bilan, yozdan ham oddiy satin yo chit ko‘ylak bilan o‘taverishardi. Hozir qishning qorli kunlari uchun, quyoshli kunlari uchun, shamolli fursat uchun alohida-alohida, bosh-oyoq liboslar bo‘lmasa, ko‘ngil joyiga tushmaydi. Bahor va yozni ham shunday kutib olib, shunday kuzatadilar. Imom Buxoriyday zotning bir juft libosi bo‘lgan ekan, agar uni yuvishga bersa, boshqa ko‘chalik libosi yo‘q ekan. Lekin u Imom Buxoriy bo‘lgan ekan. Bilmadim, kimniki to‘g‘ri…

 

 

Oldinlari uch-to‘rt xonali bir uyga ikkita kelin tushirib olishar va yangi qo‘shilgan ikki oila ota oilasi bilan birga yillar davomida ahil yashab, farzandlar ko‘rib yuraverishardi. Bu uyga mehmon ham kelar edi. Hozir yangi kelinga yangi uy bo‘lmasa bo‘lmayapti. Uning uyida yotoq, sep-u jihozlar turadigan xona, alohida hammom, alohida oshxona, xullas, alohida hayot bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa muammo chiqyapti.

 

Oldinlari qishloqlarda odamlar devorni oqlabgina qo‘yishardi. Uy shiftida to‘sinlar ko‘rinib turardi. Uy ahli o‘tiradigan xonalar devori qishloqlarda hatto loysuvoq bo‘lardi. Lekin bu uylarga mehmon ko‘p kelardi. Hozir Ramziddin ismli, umrining ko‘p qismi shaharda ustachilik qilib o‘tayotgan kishi uyning mehmonxonasini rosa 100 million so‘mga pardozlab bezab chiqibdi. Lekin bunday uylarda mehmon yo‘q.

 

Oldinlar farzandlarga “Bolam olim bo‘lsin, elga nafi tegadigan katta inson bo‘lsin!” deb duo qilishardi. Hozir yolg‘iz o‘g‘lidan boshqa kishisi yo‘q beva ayol ham “Bolam puldor bo‘lsin, prokuror bo‘lsin!” deb niyat qiladi.

 

Oldinlari muallimlar bolani urishsa, ota-onasi ham muallimni yoqlab, farzandiga tanbeh berar, hatto tarsaki ham tushirardi. “Muallim xato gapirmaydi, to‘g‘ri qilibdi” deyishar va “Ustozning urgan joyi qiyomatda kuymasmish”, deya matal ham aytib qo‘yardilar. Hozir esa biror muallim farzandlarimizni urishib qo‘ysa, uni sudga berishgacha boryapmiz.

 

Oldinlari bolalar mahalla ko‘chasida tamaki chekmasdi. Atrofdagi odamlar yuzxotir qilardi, aniqrog‘i, qo‘rqar, hayiqardi. Hozir bola o‘z mahallasida chekish va ichishni o‘rganishi mumkin. Bunga parvo qilishmayapti. Ha desang, demokratiya deydi.

 

Oldinlari ilmi bor kishilar namozini uyda o‘qirdi, hayit namozlarini ham ko‘pchilik bo‘lib mullaning yoki biror o‘ziga to‘qroq kishining hovlisida ado etishardi. Sirayam ekstremistik ruhdagi diniy sektalar yo‘q edi. Hozir masjidlar ochiq, turli shakldagi diniy targ‘ibot dasturlari ishlab turibdi. Har bir jamoat ibodatlari musulmonlarning xavfsizligi uchun militsiya inspektorlari, salomatligi esa tibbiyot xodimlari shayligida nazoratga olingan. Ammo dinni niqob qilib olgan guruhlar mavjud. Oldinlar Alloh taologa oddiygina uyda o‘tirib tashviqotsiz ham qattiq ishonishardi. Hozir esa ming bir tashviqotdan so‘ng ham ikkilanishayotganday.

 

Oldinlari odamlarning soni kam edi, orzular katta va ko‘p edi. Hozir esa aholi ko‘p, ammo orzular maydalashib qoldi.

 

 

Oldin yerga ekiladigan qovun-tarvuzlarga hech kim kimyoviy o‘g‘it bermasdi. Poliz ekinlari bo‘lganicha bo‘lib, g‘arq pishib yotaverar, kimdir palagiga dori sepsa, u sotsa kerak-da, dori beryapti deyishardi. Hozir palak ekkan kishi yerga urug‘ qadamay turib dori sepishni boshlaydi, to pishguncha. Ammo hosil avvalgidek emas. Hatto Chiroqchining lalmi dashtlarida yetilayotgan bug‘doy ham o‘g‘it sepilmasa o‘smay, rivoj qilmay turaveradi.

 

Oldinlari ko‘chada birovning mashinasi buzilib, egasi shu yerlik kishilarga tayinlab, ulovni qoldirib ketsa, bir yil bo‘lsa ham o‘sha ulovga hech kim teginmasdi. “Omonat!” deyilardi bu. Hozir garajda turgan mashinaning ham u yer-bu yerini yechib ketishyapti.

 

Odamlar oldinlari o‘zlariga kerak narsani olishardi. Hozir umuman keraksiz narsalarga o‘ch bo‘lib ketishdi.

 

Oldinlari yashash uchun yashardilar. Hozir pul topish uchun ishlashyapti. Yashash urfdan qolyapti.

 

Bilmadim, o‘zimni zamondan orqada qolganmanmi deb o‘ylayman goho… Lekin ajdodlardan meros eng muhim, o‘zgarmas, azaliy mezonlar, ezgu qoidalar bizga doimo tayanch bo‘lib qolishi kerak, degan xulosaga boraman.

 

                                                                                           Sobir JUMAYEV

 

                                                              Ma’naviy hayot jurnali, 2021-yil 3-son

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19247
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16107
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi