Azaldan Sharq va G‘arb munosabatlari jahon ilmiy-ma’rifiy jamoatchiligining e’tibor markazida bo‘lib kelgan. “Quyosh – Sharqdan” iborasi bilan jami ezguliklar kun chiqish tarafdan boshlanadi tarzidagi tushuncha ham mavjud. Shunga ko‘ra doim Sharq dunyo e’tiborini o‘ziga tortib kelgan va uning sir-sinoatlarini o‘rganishga bo‘lgan sa’y-harakatlar uzluksiz davom etgan. Jumladan, Qoraqurum sahrolaridan boshlangan Chingizxon yurishining shov-shuvi xuddi qum bo‘roniga o‘xshab Yevropani ham qoplab oldi. Uning aks-sadosi tufayli Sharqqa qiziqish odatdagidan kuchaydi. Turli qiyofalar va maqsadlar bilan Sharqqa keluvchilar ko‘paydi. Shulardan biri Villem (Vilgelm, Giyom, Gilom) Rubruk (1220–1293) edi. U Botuxonning qarorgohigacha kirib bordi, hatto Qoraqurumda bir qish qishladi. Bir qarashda shunchaki qayd qilib quyiladigan bu tarix xiyla qiziq va sarguzashtlarga boy.
Yevropada katta mavqega ega bo‘lgan Rim papasi ko‘plab diniy-g‘oyaviy xatti-harakatlarning tashkilotchisi va rahnamosi bo‘lgani tarixdan ma’lum. Jumladan, Iso Masihning qabrini izlab topish maqsadida Sharqqa qilingan salib yurishlari ko‘plab qirg‘inbarotlarga sabab bo‘ldi. Shunday yurishlarning yettinchisi kutilmaganda juda muvaffaqiyatsiz chiqadi. Mo‘g‘ullar qarorgohigacha yetib borishi va kerakli ma’lumotlarni olishi lozim bo‘lgan Andre de Lonjyumo (u josusligini sir tutib, monax qiyofasiga kirib olgandi) topshiriqni uddalay olmadi, boz ustiga hayoti sirli ravishda yakun topdi (1253). Lekin maqsadga erishishdan umidini uzmagan Fransiya qiroli Lyudovik IX flamandiyalik monax Giyom Rubrukni chorlab, unga jiddiy topshiriq – Sharqqa yo‘l olish, Botu yoki boshqa Chingiziylar bilan uchrashish, ularning keyingi maqsad-muddaolarini aniqlash (ular mo‘g‘ullar bosqinidan juda xavfda edi) kabi vazifalarni yuklaydi.
Rubruk yettinchi salib yurishida Lyudovik bilan birga edi va bo‘lib o‘tgan voqealardan xabardor bo‘lgan. Bu safar tayyorgarlikni yana ham puxta qilib, 1252-yil bahorida yo‘lga chiqadi. Dengiz yo‘li orqali Konstantinopolga yetib kelgach muammolar paydo bo‘ladi va ular shu joyda bir yil qolib ketishadi. Keyingi yil 7-mayda Rubruk va hamrohlari Qora dengiz orqali Qrim janubidagi Sudak bandargohiga yetib keladi. Barcha ulovlar ekin-tikin yig‘im-terimida band bo‘lgani bois, ularga ho‘kiz qo‘shilgan ikkita arava beriladi. Guruh ikki oy yo‘l bosib, Botuxonning o‘g‘li Sarto‘qning qarorgohiga yetib kelishadi.
Uzun qora ridoli, bo‘yniga xoch osib olgan, qo‘lida uzun aso, beliga zunnor bog‘lagan monaxlar Injilni qo‘llarida ko‘targan holda nasroniy duolarni baland ovozda kuylab, xonzoda qarorgohiga yaqinlashadi. Izdihomni maxfiy kuzatib turgan Sarto‘q ularni qabul qilmaydi. Lekin monaxlar yalinib turib olgach (chunki topshiriq qattiq bo‘lgandi-da!), mehmonlar – Botuxon saroyiga jo‘natiladi. Vaziyatdan yaxshi xabardor qilingan Botuxon ham fransuz qiroli elchilari bilan muloqotni rad etadi va ularni ulug‘ xon – Munke qoon huzuriga yo‘llaydi. Rubrukning boshqa hamrohlari shu yerda olib qolinib, o‘zi bir nechta hamrohi bilan Qoraqurum sari yo‘l oladi. Uning asosiy maqsadi – nasroniylikni targ‘ib qilish, mo‘g‘ullarni shu dinga kirishga da’vat etish va, albatta, zimdan ularning keyingi rejalarini aniqlash edi.
G‘arbliklar karvoni 8-avgustda Volga (Itil) daryosi qirg‘oqlariga yetib keladi. Rubruk o‘zicha kattaligi jihatidan yer yuzidagi to‘rtinchi daryo deb ta’riflagan daryoda bir oydan ko‘proq suzib, Urol tog‘lari orqali Sirdaryo havzasiga yo‘l oladi. Shu yerdan yo‘l janubi-sharqqa buriladi. Shunisi aniqki, ziyoratchi-rohib qiyofasidagi ayg‘oqchilar hech narsani ko‘zdan qochirmaslikka harakat qilishar, bosgan qadamlarini kunma-kun qayd qilib, har bir unsur sharhini ham uning yoniga tirkab qo‘yishardi. Bu joylarning manzarasi Rubrukni lol qoldiradi. U “Havo mo‘tadil, yo‘l ketishda o‘ngda tog‘ va qirlar, chapda ko‘l yoki dengiz bor edi”, deydi va bu tog‘larni Kavkaz tog‘larining davomi deb noto‘g‘ri ma’lumot beradi. Aslida bu tog‘lar Talas Olatovi, chapdagi ko‘l esa Balxash edi.
Shu taxlitda Rubruk va hamrohlari yana 15 kun yo‘l bosib, 26-dekabrda Qoraqurum shahriga kirib borishadi. Albatta, shahar ular tasavvuridagi manzaradan tamoman o‘zgacha edi. Asosan, yalanglik; loydan tiklangan pastqam uylar, hamma joyda chorva mollari poda-poda bo‘lib yuribdi. Rubruk monaxlar odati bo‘yicha yalangoyoq bo‘lib olgandi. Uning oyoqlari mo‘mataloq bo‘lib, panjalari yorilib ketgandi. Bu hol e’tiqodi yuzasidan o‘ziga rohat bag‘ishlasa-da (xristianlardagi din yo‘lida qancha aziyat chekilsa, mukofoti shuncha yuqori bo‘ladi, degan aqidaga ko‘ra), mezbonlar bu holga tushunishmasdi.
Tasvirlanishicha, shahar devor bilan o‘ralgan, uning to‘rt darvozasi bor. Ikkita masjid va bitta cherkov bu shaharning asosiy ko‘rki bo‘lib, yevropalikka turfa dinlar ibodatxonalarining yonma-yon turishi o‘ta g‘ayritabiiy ko‘rinardi. Chunki u diniy e’tiqod borasida islomga xos bag‘rikenglikni tushunmasdi, qabul qila olmasdi. Ha, uning tabiatida o‘zga dinga yon bosish kayfiyati yo‘q va mo‘g‘ullarga nasroniy dini aqidalarini targ‘ib etish niyatida edi.
O‘sha kunlarda ulug‘ xon shaharda emasligi bois uni tog‘ bag‘ridagi xon qarorgohiga boshlab boradilar. Qabulga kirganda qalin kigizga yonboshlab yotgan, to‘la girdig‘um gavdali, qirraburun odamni ko‘radi. Munke qoon atrofida oltita burgut va boshqa qushlar tizilib turardi. Zarur marosimlar ado etilgach, suhbat boshlanadi. Mehmonga ichimliklar: aroq, qimiz, asal taklif etiladi, u odati bo‘yicha ichimlik ichmaydi. Rubruk xon saroyida o‘z millatdoshlari va nemislar asirda ekanligini ko‘radi. Mahbuslar qurol-yaroq va uy jihozlari tayyorlashga jalb qilingan edi.
Shu qish ichi Rubruk Qoraqurumda qoladi. Xitoy, koreys, manchjuriya yurtlari va xalqlari haqida birmuncha mavhum va noaniq ma’lumotlar to‘playdi. Ma’lumotlar tasdiqlayaptiki, missionerlik harakati ancha oldin boshlangan, bu joylarda yevropaliklarni uchratish odatiy hol bo‘lib qolgan. Hatto Rubruk Mo‘g‘ulistonda Rim papasi elchisi Ioann de Poliranoga duch kelgan. O‘zi bilan birga kelgan monax Bartolomeo esa shu yerdagi cherkovda qoladi.
Vilgelm Rubruk 1254-yil 6-iyunda Qoraqurumni tark etadi va kelgan yo‘lini biroz o‘zgartirib Volgabo‘yidagi Astraxan (Hoji tarxon)da to‘xtaydi. Sayyoh Darband va Arzrum orqali Kichik Osiyoga o‘tib, u yerdan O‘rta Yer dengizidagi Akka bandargohiga yo‘l oladi. U 1255-yil iyun oyida Kiprning Famagusta bandargohiga, ikki oydan so‘ng esa o‘z monastiriga yetib boradi.
Diplomatik nuqtayi nazardan Rubrukning bu safari fransuz qiroliga hech qanday naf keltirmadi. Chunki hamkorlik borasida gap ketganda ulug‘ xon qirolning rasman unga bo‘ysunishini talab etgan edi. Albatta, uning qalamiga mansub bitiklar tegishli doiralarda obdon o‘rganiladi. Lotin tilidagi asar 1589-yilda ilk marta “Sharq mamlakatlariga sayohat” nomi bilan nashr etiladi.
Kitob 53 bobdan iborat bo‘lib, unda sayohatchi barcha ko‘rgan-kechirganlarini batafsil aks ettirgan. Muallif nima ko‘rgan, eshitgan bo‘lsa, atroflicha bayon etadi. Masalan, “Uy tutumi, odatlar va boshqalar” degan 3-bob shunday boshlanadi: “Tatarlar uy qursa, eshikni janubdan ochadi. To‘rda xo‘jayinning xonasi bo‘ladi, undan chap tarafda, ya’ni quyosh chiqish yoqda ayollar bo‘lmasi joy oladi...” Shu xilda mo‘g‘ullarning yotib-turishidan tortib, ovqatlanishi, taomlanish paytidagi yeb-ichish tartiblari, ichimliklar va ovqatlar, ularning tayyorlanishi, erkaklar va ayollar kiyim-kechaklari, hatto soch oldirishning usullari va irimlari, xullas, hamma narsa haqida mufassal ma’lumotlar beriladi. Joylarning jug‘rofiy tuzilishi, daryolar, tog‘lar, boshqa manzillar haqida-ku ipidan-ignasigacha ta’riflar keltiriladi.
Rubrukning faoliyati ilmiy doiralarda munosib qadrlanib, ushbu kitob o‘rta asrlarning nodir jug‘rofiy durdonasi, deb ham baholanadi. Bu bejiz emas. Rubruk birinchi marta Kaspiy dengizini mufassal tasvirlab beradi va Markaziy Osiyo relyefida Markaziy Osiyo tog‘lar tizmasi mavjudligini ta’kidlab ko‘rsatadi. “Bu hududlarni birodarim Andre (Lonjyumo) janub va sharq tomondan aylanib o‘tgandi, men esa shimol va g‘arbdan kuzatib chiqdim”, deb yozadi u.
Rus shoiri Nikolay Zaboloskiy “Rubruk Mo‘g‘ulistonda” degan poema ham yozgan. “Sharqqa sayohat” kitobi A.Malyein tarjimasida 1911-yilda rus tilida nashr etilgan. Undagi ma’lumotlar Osiyo, jumladan, O‘rta Osiyoga uyushtirilgan keyingi ekspeditsiyalarda juda asqotgani shubhasiz. Kitob 1957-yilda Moskvada qayta nashr etilgan. Garchi V.Rubruk aynan bizning diyorimizda bo‘lmagan, u haqda ma’lumot bermagan bo‘lsa-da, ammo hududlari, tarixi tutash el-elatlar haqidagi bitiklari biz uchun ham qiziqarli. Chunki turmush tarzimizning ko‘p qirralari Rubruk ta’rif etgan hayot manzaralari bilan juda hamohang edi.
Olimshon BURXON
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q