Ilohiy muvozanat buzilganda


Saqlash
17:02 / 31.01.2022 1439 0

Adabiyotshunos  olim  Rahmon QO‘CHQOR

bilan  suhbat

 

– Fozil jamiyatda davralarning to‘ri boyonlarga emas, ziyolilarga beriladi. Ammo bugun zamon tarozisida ma’rifatdan ko‘ra manfaat og‘irroq tosh bosayotir. Bozor talotumlari ta’siridamikan, jamiyatimizda ziyoli ahli xiyla kampisand bo‘lib qoldi. Yurt-u millat taqdiriga daxldor masalalarda so‘nggi so‘z aytmoq huquqi ham sarmoyadorlarga peshkash qilingandek. Ziyolilarning bu holga tushish sababi ne? Intellektual qatlam nega o‘z so‘zini ayta olmayapti? Yo, zamona yo‘rig‘i shu ekan deya, ahli tujjorning oshig‘i olchi bo‘lganini tabiiy hol tarzida bilmoq kerakmi?

 

– O‘zbek tilida ixlos degan so‘z bor. Biron bir jiddiy natija, muvaffaqiyatga uningsiz erishib bo‘lmaydi. Qarangki, ixlos-la ish tutmoq quvvati ham kishining iste’dodiga bog‘liq. Boshqacha aytganda, iste’dodsiz odamlarda ixlos tuyg‘usi o‘ziga yarasha – haminqadar bo‘ladi.

 

O‘tgan asrning 80-yillari miyonalaridan 90-yillar o‘rtalariga qadar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yig‘inlariga respublika bosh rahbarlari, mafkura bo‘yicha kotib-u kotibalarining “o‘z oyoqlari bilan” kelishi, ijodkorlarning dard-u hasratiga quloq tutishi odatga aylangan edi. O‘sha yig‘inlarda nafaqat yozuvchi-shoir, balki mamlakatning ko‘zga ko‘ringan fan darg‘alari – ekologlardan tortib kimyogarlargacha jon kuydirib nutq irod qilardi. Mashvaratlar millatning eng og‘riqli dardlari xususida bo‘lar, yozuvchi-shoirlar shaxsiy tashvishi – dalahovli ololmayotgani-yu avtomashinaga muhtojligi masalasini o‘rtaga tiqishtirishni xayoliga ham keltirmas, agar biron bir qalamkash qursoq masalasida og‘iz juftlasa, o‘sha zahoti ko‘pchilikning achinish va nafrat qorishiq nigohiga duch kelar, darhol uzr so‘ray-so‘ray “joyini topib” o‘tirar edi.

 

Nega?

 

Chunki u yig‘inlarda Said Ahmad, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov, Norboy Xudoyberganov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Shukur Xolmirzayev, Halima Xudoyberdiyeva, Ahmad A’zam, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf singari rahmatli ustozlarimiz, Umarali Normatov, Omon Matjon, Gulchehra Nurillayeva, Usmon Azim, Xurshid Do‘stmuhammad, Xurshid Davron, Mirzo Kenjabek kabi yoniq va yorqin iste’dod sohiblari ota mamlakat, ona millat dardi atrofida ixlos-la jipslashar, rahbarlarni o‘z so‘zini eshitishga majbur qilardi...

 

Endi o‘sha nuqtadan turib, ayni ko‘lamga solishtirib, bugungi intellektual qatlam holiga nazar tashlaylik. Kimlarni va nimalarni ko‘ramiz?

 

Afsuski, ko‘rajak holimiz Abdulla Qahhor o‘z avlodi ustidan o‘qigan ushbu beayov hukmni yodga soladi: “Bularning bir qismi yozish-chizishga bo‘lgan havasini talant deb o‘ylagan, shuning uchun adabiyotga yanglish kirgan odamlar. Yana bir qismi adabiyot qalbning bir chekkasini emas, hammasini talab qilishini bilmagan kishilar. Uchinchi bir qismini g‘urur-manmanlik kemirib-yeb, safdan chiqarib tashladi. Bular besh-o‘nta o‘quvchi orttirar-orttirmas kekkayib, o‘qimay qo‘ydi, o‘sishdan to‘xtadi. To‘rtinchi bir qismini o‘z hayotini tartibga solmaslik, yashay bilmaslik xarob qildi”.

 

Keyingi yillarda bu kabi voqeliklar soni ortsa ortdiki, aslo kamaygani yo‘q. Mansab-martaba, mukofot-unvon, yumshoq o‘rindiqli xizmat mashinalari hamda birdan dimog‘ni shishirib yuboradigan salqin kabinetlar bir guruh iste’dodlarni komiga tortdi. Bilimli insonlarning kattagina qismini esa bozor atalmish yuho, tirikchilik tashvishi o‘z changalida ezib-yanchib tashladi. Yarim litrlik shisha bankada ishxonaga ko‘tarib kelinadigan – kechqurungi ovqatdan qolgan nasiba ziyolining tushlik rizqi bo‘lib qoldi. Iste’dodli, ammo “propiskasiz” yoshlarning qancha-qanchasi yillab vatani poytaxtida mirshab qo‘liga tushishdan qochib, ishlab topgan arzimas qalam haqini ham ijarador qo‘liga tutqazib kun o‘tkazdi. Ularda xotirni jamlab o‘qib-o‘rganishga, bafurja mushohada yuritishga, olam va odam xususida insoniyat kelayotgan xulosalar bilan tanishishga na-da vaqt, na-da tuzukroq imkon bo‘ldi. Bunday sharoitda kishi tiynatida oydin dardlar, yorug‘ mushohadalar, umidli intilishlar emas, balki alamzadalik, hafsalasizlik, dunyo ishlaridan bezishdek yemiruvchi kayfiyat hukmronlik qilib, uning ortidan zamona ziyolilari orasida bir-biriga g‘ayirlik, o‘zaro yotlashuv muhiti yuzaga keladi.

 

Xo‘sh, shunday vaziyatda umumziyolilarning el-u yurt dard-tashvishi tegrasida birlashishi, ilmiy va estetik tafakkurning hali ishga solinmagan cheksiz imkoniyatlarini kashf etishi xususida o‘ylab, orzu qilib bo‘ladimi?

 

Eslatganingiz – bozordagi tujjorlar muhitida esa buning butkul teskarisi. Birida yo‘q molning o‘sha zahoti ikkinchisidan topib berilishi, bir xaridorning ko‘nglini bittasi olsa, boshqa xaridor istagini uning hamkori bajo keltirishi, biznes sheriklarning birgalikda va oilaviy dam olishi, sayohat-u safar uyushtirishi o‘zaro hamjihatlik ko‘rinishlaridir.

 

Mana shu ahvolda jamiyat, omma ko‘ziga ko‘proq kim tashlanadi? Ayniqsa, yoshlar kimga ko‘proq ergashadi, kimni ideal deb biladi-yu kimga ixlos-la taassub qiladi?

 

O‘z maqsad-muddaosi, mo‘ljal-manzillari sari intilishda intellektual qatlam vakillari tujjorlar soyasida qolayotgan bo‘lsa, buning ildizlarini avvalo o‘zimizdan qidirmog‘imiz kerak. Chunki biz boya bir qismi sanab o‘tilgan qutqularga dosh berolmadik; birimiz unisining, boshqamiz bunisining domiga tushdik. Qolaversa, bu holga tek qarab turishdan boshqaga yaramayotgan jamiyatning umumiy madaniy-ma’rifiy saviyasi ham, tan olaylikki, o‘ziga yarasha.

 

– Adabiyot ila davlat munosabati borasida ikki yondashuv keng tarqalgan. Bir toifa davlat qalam ahliga mudom g‘amxo‘rlik ko‘rsatmog‘i lozim degan fikrda. Boshqasi esa, davlat adabiyotga homiylik qilmagani ma’qul, negaki, hatto iste’dod egalari ham “yegan og‘iz uyalar” tutumida qasidago‘ylikni kasbga aylantiradi deb hisoblaydi. Sizningcha, adabiyot va davlat robitasi qanday bo‘lmog‘i lozim?

 

– Avvalo, davlatning davlatdan farqi bor. Dunyoning ilg‘or demokratik mamlakatlarida ijodkor zoti siyosat-u mafkura yo‘rig‘iga, hukumatning qosh-qovog‘iga qarab qolgan emas. Deylik, “Oskar” yoxud Kann festivali mukofoti kimga berilishiga AQSh yoki Fransiyaning rasmiy idoralari aralashmaydi. Ijodkorlarning turli uyushmalari erkin faoliyat yuritadi, qonunlar ularni nafaqat mamlakat ichida, balki xorijda ham himoya qiladi. Ijod ahlining moddiy-maishiy ahvoli o‘z harakatiga, asarlarining e’tirof etilish miqyosiga bog‘liq. Ular davlat beradigan yordam va mehribonchilikdan umid ham qilmaydi.

 

Bizga yoqadimi-yo‘qmi, Karl Marks xo‘b aqlli odam bo‘lgan. Sho‘roviy rahbarlar esa uning yo‘l-yo‘riqlarini amaliyotga joriy etishda obdon hafsala ko‘rsatgani ma’lum. Jumladan, “Shoirlar mehribonlikka muhtojdirlar” degan o‘gitga qat’iy amal qilib, ayni shu yo‘l bilan ne-ne iste’dodlar mafkuraga xizmat ettirildi. Bunday minnatli mehribonchilikni inkor etganlarning holi ne kechganini yaxshi bilamiz.

 

Shaxsan men ijod ishi, ijodkor faoliyatiga davlatning aralashuvini, har qancha aqlli bo‘lmasin, turli idoralarda o‘tirgan mas’ul shaxslarning iste’dodga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishini ma’qul, maqbul hol deb hisoblamayman. “Iste’dod” deya urg‘ulayotganim bejiz emas. Chunki bu ilohiy ne’matdan bebahra kishilar nafaqat davlat, balki oddiy dastyorning ham himmatiga ko‘z tikib yashashga mahkum; hozir gap ular xususida borayotgani yo‘q. Navoiy va Boyqaro, Nodira va Umarxon, Markes va Kastro munosabatlari noyob istisno ekanini, harqalay, hamma bilsa kerak.

 

Yegan og‘izning uyalishi esa, ayniqsa, Sharqda va yana ayniqsa, bizda ayni haqiqat! Yeb uyalish bir uyatli holat bo‘lsa, yeyishdan umidvor bo‘lib uyalishga doimiy tayyorlar safining uzunligi yanada sharmandalidir. Shuning uchun, keling, muqaddasotni “vositai joh”ga aylantirganlarni nari qo‘yib, ijodni, xususan, shoir va yozuvchilikni bola boqish, tirikchilik o‘tkazish dastagi emas, balki qismat deb bilgan chin ijodkorlardan ibrat olaylik. Eslasak, o‘shalarni eslaylikki, ko‘nglimiz ravshan, ruhimiz baland bo‘lsin.

          

– Naql qiladilarki, xalifa Umari Odil ayollarga tortiq etiladigan mahr miqdori ortib ketayotgani uchun erkaklarga yengillik bermoqchi bo‘lib, bir majlisda shuni cheklashdan gap ochibdi. Yig‘inda hozir bo‘lgan ayollardan biri “Ey mo‘minlar amiri! Olloh taolo o‘z Kalomida “Garchi ularga haddin ortiq mahr bergan bo‘lsangiz ham” deb marhamat qilgan. Demak, mahrni cheklashga haqqingiz yo‘q!” deya e’tiroz bildiribdi. Shunda xalifa “Ayol to‘g‘ri aytdi, Umar xato qildi” deb yanglishganini mardona tan olibdi. Rub’i maskunni idora etib turgan hukmdorning bir ojiza tanbehini so‘zsiz qabul qilishi bugun cho‘pchak bo‘lib tuyuladi. Negaki, asrlar mobaynida mezon-u nizomlar butkul o‘zgarib ketgan...

 

To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi, deydi xalqimiz. Amal otiga mingan zamondoshlarimiz orasida ham haqiqatga tik boqib, rost so‘zni hazm qilabiladigan mardi mardon kam topiladi. Jamiyatimizda ko‘p uchrayotgan hol: OAVda biron tanqidiy maqola chop etilsa, hokimliklar muammoni hal etish o‘rniga journalist-u blogerning shaxsi bilan “shug‘ullanadi”, matbuot xizmati ham vaziyatni xaspo‘shlash uchun o‘trik to‘qishga tushadi. Bir suhbatingizda “Amaldorlar xizmat mashinasining qoraytirilgan oynasidan hayotni teran ko‘rolmaydi” degan edingiz. Xo‘sh, ishboshilarimizni haqiqat e’tirofiga qay yo‘l bilan o‘rgatsa bo‘ladi?

 

– Chinakam xalq shoiri Omon Matjon 1978-yilda “Yurtimdagi vazmin odamlar” degan she’r yozgan edi. Unda shunday satrlar bor:

 

Sal tuprog‘i yengil jonlardan

El ozmuncha ko‘rganmi g‘amlar?!.

 

Afsus... bu jarayon hali-hanuz davom etayotir. Davlat idoralarida tun-u kun tinim bilmay mehnat qilayotganlar nomiga dog‘ tushirib, zimmasiga yuklangan vazifani do‘ndirib bajara olmasligining alamini boshqalar, aksar holda oddiy xalqdan olishga urinayotgan katta-kichik amaldorlar qilmishlaridan uyalamiz. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi: ayrim mansabdorlarning fermerga, o‘qituvchiga, mahalla oqsoqoliga, onasi tengi ayolga, journalist-u blogerga... qilayotgan qo‘poldan-qo‘pol muomala-munosabatini butun respublika, hatto xorijdagilar ham ko‘rmoqda, eshitmoqda.

 

Kamina bu holni nihoyatda og‘ir, malollik bilan qabul qilaman. Nima bo‘lyapti bizga? Shu ahvolimizda endi biz kimmiz? Kunimiz shularga qoldimi? Ishingni eplay olmayotgan ekansan, jirillamay, eplaydiganga topshirib ketmaysanmi?! Yopishib olgan kursichang tafti ko‘ngli muzlatilgan insonlar sha’nidan azizroqmi? Ko‘pchilik oldida o‘qituvchiga o‘shqirayotgan, fermerni haqorat qilayotgan, haq so‘zni aytayotgan jurnalistni jismonan mahv etish bilan tahdid o‘tkazayotgan “zoti oliylar” o‘zini kim deb fahmlaydi, tobora shishib borayotgan dimog‘ini qaysi shamollar ko‘tardi-yu kim ularga izn-ixtiyor berdi?!

 

Nomaqbul qilmishlaridan yozg‘irganimiz amaldordan izoh so‘rasangiz, aksari to‘tiqushdek bir gapni takrorlaydi: “Nima, men uyimdagi ish uchun kuyunyapmanmi? Shaxsiy vazifamni bajarsin deb so‘kibmanmi? Xalqning ishi deb urishdim-da! Mendayam asab bor, men ham odamman, axir!”

 

Darhaqiqat, shunday, siz ham odamsiz, birodar. Ammo oddiy emas, xalq ishonib, vazifa berib qo‘ygan mas’ul odamsiz! Modomiki, shu mas’uliyatni bo‘yningizga olgan ekansiz, biz singari oddiy odamlardan farqli o‘laroq, endi sizning yurish-turishingiz ham, gap-so‘zingiz-u muomala-munosabatingiz ham o‘n chandon, yuz chandon namunali bo‘lmog‘i talab etiladi. Zero, siz to‘rt ulfati bilan choyxonada o‘tirib, dastyor bolaga “jizzani ber, choyni yangila” deydigan oshxo‘r emas, balki davlat idorasida, uning nomidan ish ko‘radigan mas’ul xodim, xalqning xizmatkorisiz! Choyxonadagi mijoz turfa istagi bajo etilishi uchun yonidan pul to‘laydi. Siz esa byudjetdan, demakki, mehnatkash xalq to‘laydigan soliqlar hisobidan maosh olasiz. Gapning xullasi shuki, choyxonadagi dastyorga ish buyuradigan xo‘randa siz emas, xalqdir! Afsuski, siz va sizga o‘xshagan ayrim oyog‘i yerdan uzilganlar xalqni hali-hamon choyxonadagi yugurdak bola xayol qilmoqda; unga ne buyursak, qachon va qanday buyursak – bajarishga majbur deb, nihoyatda xato o‘ylayapti.

 

Agar biz ham demokratik davlatlar safiga kirib, shu yo‘lda sobit turmoqni astoydil istasak, dunyoqarashimizni, ishga, odamlarga bo‘lgan munosabatimizni tubdan o‘zgartirmog‘imiz darkor. Bundan boshqa yo‘l yo‘q! Shu haqiqatni qancha tez anglasak, amalga aylantirsak – shuncha soz.

 

– Kuyunchak publitsist Karim Bahriyev korrupsiyaga qarshi kurashda aksar holda tadbirbozlik bilan cheklanayotganimiz, eng xatarlisi, sabab emas, oqibat bilan kurashayotganimiz haqida maqola e’lon qildi. Ustoz Xurshid Do‘stmuhammad jurnalimizga bergan intervyusida qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik qon-qonimizga singib ketgani azaliy va “ardoqli” mezon ekani, shu bois ham qonun ustuvorligiga erishish mushkul kechayotganini ta’kidladi.

 

Rahmon aka, bir necha yildan beri huquqshunoslik dorilfununida saboq berib kelasiz. Yurtimizda korrupsiya ildizini qirqishning eng maqbul yo‘li nimada deb bilasiz? Servantesning shamol tegirmoni bilan jang qilgan mashhur qahramoni holiga tushmaslik uchun bu borada qanday chora qo‘llagan ma’qul?

 

– Bundan ikki yil avval Adliya vazirligi e’lon qilgan “Biz, yoshlar – korrupsiyaga qarshimiz” mavzusidagi insholar tanlovida hay’at a’zosi sifatida qatnashishga to‘g‘ri keldi. Unda g‘oliblik namanganlik kollej o‘quvchisiga nasib etdi. Zukko qizimiz inshosiga nomi unchalik mashhur bo‘lmagan ovrupolik bir ziyolining mana bu fikrini epigraf qilib tanlabdi: “Chivinlar o‘ldirilmaydi, botqoq quritiladi!”

 

Dono gap, to‘g‘rimi?

 

“Falon tuman hokimi o‘rinbosari, piston universitet prorektori... pora olayotganida qo‘lga tushirildi” degan hisobotlar “bir-ikki chivinning o‘ldirilishi”dan boshqa narsa emas, nazarimda. Botqoq bor ekan, chivin yashayveradi. Tuzum va tizimda porasiz ish bitmas, aniqrog‘i, ish bitkazish uchun pora olish mumkin bo‘lgan yoriqlar – “huquqiy bo‘shliqlar” mavjud ekan, bir martalik choralar bilan jiddiy o‘zgarishga erishib bo‘lmaydi. Bir chivin o‘rniga ikkinchisi... o‘ninchisi kelib, g‘ujg‘on o‘ynayveradi. Zero, tabiatda ham bulbul yoki ohudan ko‘ra, botqoqnishinlarning xili-yu urug‘i ko‘p.

 

Demak, botqoqni quritish lozim! Bu – iqtisodiyotda bozor tizimiga, davlat, jamiyat boshqaruvida demokratiya va kuchli fuqarolik institutlari tizimiga butkul o‘tmog‘imiz; e’tiqod, ijod va fikr jabhasida to‘liq erkinlikka erishmog‘imiz darkor degani. Chala bozor va yarim markazlashgan ma’muriy boshqaruv tizimi omuxtasi bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Bunday sharoitda rahbarlarning past-baland saviyasi, jiddiy sinovdan o‘tmagan bilim va tajribasi, har kun o‘zgarib turuvchi kayfiyatiga qarab ish ko‘rishdan, muammolarni yechish emas, yechilgandek qilib ko‘rsatishdan nariga o‘tolmaymiz.

 

Ham ishlab chiqarish hajmi va ko‘lami, ham aholi talab-istaklarining rang-barangligi borasida bizdan ancha peshqadam Finlyandiya hukumatini qirqqa ham kirmagan ayol bemalol boshqara olayotgani sababi nimada? Biz sanagan omillar – iqtisodiyotda bozor tizimi, davlat va jamiyat boshqaruvida demokratiya va kuchli fuqarolik institutlari tizimiga o‘tilgani; e’tiqod, ijod va fikr jabhasida to‘liq erkinlikka erishilganida! Bunday davlatlarda muammolar bir-ikki shaxsning ixtiyoriga ko‘ra emas, balki qonunga ko‘ra hal etiladi. Buni obrazli tarzda ifodalash mumkin: mirishkor dehqon paykalda shunday egat oladiki, o‘qariqdan oqayotgan suv yuzlab ariqchalar bo‘ylab bir tekis taqsimlanib, ekinni birdek yashnatadi. Biror joyda suv (moddiy boyliklar deb o‘qing) to‘planib, botqoq hosil bo‘lib chivin bosmaydi, boshqa bir joyga esa suv yetib bormay, ekin (mehnatkash xalq deb o‘qing) qurib-qaqshamaydi. Xo‘sh, bunday ochiq va tekis dalada – davlatda, jamiyatda kim, nima uchun pora berishi kerak deysiz!..

 

– Mamlakatimiz ta’lim tizimi islohga muhtoj ekani oliy minbarlarda ham bot-bot ta’kidlanmoqda. Bu jabhada mutaraqqiy dunyo tajribasiga tayanib katta o‘zgarishlar qilinayotgani quvonarli. Ammo sifat emas, son ortidan quvish, mohiyat qolib, shaklga yopishish illatidan hamon qutula olganimizcha yo‘q. Oliy o‘quv yurtlari talabalaridan bo‘yinbog‘ talab qilish yoki maktab o‘quvchilarining sochini millimetrlab o‘lchash kabi “olamshumul” choralar o‘sha daqqi qarashlar asoratidir. Yurtimiz ta’lim tizimini tanazzul botqog‘idan xalos etish borasidagi takliflaringizni bilsak.

 

– Ta’lim tizimining hozirgi ahvoli bir-ikki sabab natijasi bo‘lganida edi, o‘shalarni tezda bartaraf etish orqali soha oyoqqa turg‘azib yuborilardi. Afsuski, ta’lim-tarbiya sohasini abgor qilgan eski va yangi sabablar nihoyatda ko‘p...

 

O‘tgan asrning 80-yillari oxiri. Biz – yosh o‘qituvchi va ilmiy izlanuvchilar Talabalar shaharchasidagi oilaviy yotoqxonada istiqomat qilamiz. Qo‘shni xonada nomzodlik dissertatsiyasi bo‘yicha ishlayotgan fizik va matematik ukalarimiz turadi. O‘zbekning oddiy, lekin chinakam olim bo‘lish siyoqi bor yigitlari! Kunlarning birida fizik ukamizdan ilmiy ishi haqida so‘radim. U mavzuning nomini aytdi-yu, lekin mazmun-mohiyati maxfiyroq sohalarga daxldor ekanini ta’kidladi. Ayni choqda, tadqiqotning “grajdanka”da ham qo‘llash mumkin bo‘lgan foydali jihatlari bor ekan – o‘shalarni bir-bir sanab berdi.

 

Oradan ikki yil o‘tdi. Bu orada men boshpanamni o‘zgartirdim. Qishning qorasovuq kunlari edi. Ertaga yangi yil degan kuni kechqurun Oloy bozoridan ul-bul xarid qilib yon darvozadan chiqib ketayotgan edim, katta temir stol qo‘yib olib mandarin sotayotgan odam ko‘zimga issiq ko‘rindi. Egnida eski paxtalik kalta to‘n, boshida kuya yegan telpak. Yaqinroq borib qarasam, o‘sha fizik ukamiz. Sovuqdan ko‘kariblar ketibdi. Savdosiga xalal bermaslik uchun qisqagina hol-ahvol so‘radim. “Aka, ishim bitib bo‘lgan, faqat VAKning (Oliy attestatsiya komissiyasi) ming bitta talabi orasida markazdagi jurnalda maqola chiqarish degan joyi ham bor ekan, dedi yigit. – U yoqlarga maqola olib borish uchun yo‘lkira, mehmonxona haqi, sovg‘a-salom degandek... Shunga bir savdogarga yollanganman. Pul topmasam bo‘lmaydi...”

 

Yaqinda Milliy universitetga yo‘lim tushib, yana o‘sha yigitni ko‘rdim. Endi bafurjaroq suhbatlashdim, doktorlikni yoqlagan-yoqlamaganini so‘radim. Bu safar uning javobi qisqa bo‘ldi: “Nomzodlikni yoqlaguncha ko‘rganlarim yetarli! Ko‘ngil sovib ketdi, aka”.

 

Oliy o‘quv yurtlarida ilmiy ishni yozishdan ko‘ra uni yoqlash yo‘lidagi mantiqsiz talablardan bezgan, ko‘ngli sovigan qancha pedagoglarimiz dars beryapti ekan?..

 

Darvoqe, bugun boyagi talablar yanada zamonaviylashgan. Scopus va boshqa xalqaro ro‘yxatlarga kirgan jurnallarda maqola chiqarmasangiz, sizning ilmiy ishingizni – o‘zingiz Iskandar, ustozingiz Arastu bo‘lmaydimi! – birov sariq chaqaga olmaydi. Birgina yengilligi – o‘zingiz ko‘rmagan va bilmagan boyagi majallalarni qidirib ovora bo‘lmaysiz: taxminan besh million so‘m to‘lasangiz, O‘zbekistondagi obro‘si haminqadar jurnaldan qaytgan maqolangizni ham chop etib berishadi. O‘z ilmiy jurnallarimizni o‘sha ro‘yxatlarga kiritishga harakat qilishdan ko‘ra, yuzlab bo‘lg‘usi olimlarning asabini qaqshatadigan shunday “oqilona” yo‘l ma’qul ko‘rilgan...

 

Ta’limning ahvoliga o‘ta salbiy ta’sir etgan yana bir omil haqida ikki og‘iz. O‘tgan asrning 80–90-yillarida oliy ta’limda sirtdan o‘qish keng tarqalgan, bo‘lg‘usi pedagoglar yarim yilda bir marta, bir hafta-o‘n kun auditoriyada ko‘rinish berar edi. Kunduzgida o‘qiydigan talaba kamida yarim yil o‘qiydigan fan asoslarini sirtqichilar ikki-uch kunda “o‘zlashtirar”, sanoqli kunlarda o‘nlab predmetdan baho olishga ham ulgurar edi. U yog‘i kelgusi yarim yilgacha fanga ham, kitob-u darslikka ham xayr-xo‘sh! O‘tgan 25–30 yildan buyon maktablarimizda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning salmoqli qismini, afsuski, shu taxlit ta’lim olganlar tashkil etdi. Natijani esa ko‘rib turibmiz.

 

Bunday sabab-omillarni yana ko‘p sanash mumkin. Nikolay Chernishevskiydan meros mashhur savol esa hamon javob talab qilayotir: nima qilmoq kerak? Mutlaq haqqoniyatga da’vo qilmagan holda ayrim takliflarimni bayon etsam:

 

– maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga xorijiy til bilan birga o‘zbek tili ham malakali pedagoglar tomonidan, xorij tiliga ajratiladigan soatlardan kam bo‘lmagan tarzda mukammal o‘rgatilishi kerak;

 

– umumta’lim maktablarining 5-sinfidan e’tiboran sinflarni muayyan fanlarni chuqur o‘rgatishga ixtisoslashtirish, o‘quvchining qiziqish va qobiliyati, ota-onaning istagi asosida taqsimlab o‘qitish tizimini joriy etish maqsadga muvofiqdir;

 

– akademik litsey, kasb-hunar kolleji va texnikumlardagi ta’lim-tarbiya tizimini isloh qilib, har yili o‘rtacha yarim million nafarga ko‘payayotgan yoshlarning bir guruhi chuqur bilimli, boshqa katta qismi esa zamonaviy bozor talabidagi hunar egasi bo‘lib chiqishiga erishmoq zarur. Aks holda, oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari har qancha oshirilmasin, mamlakatdagi ishsizlar sonini kamaytirish, ayni yeyman-ichaman, oila qurib uyli-joyli bo‘laman deb turgan millionlab yoshlarimizning xorijga qora mehnatga chiqib ketishidek xavfli tendensiyaning oldini olib bo‘lmaydi;

 

– Oliy attestatsiya komissiyasi degan, dunyodagi bir-ikki davlatdagina qolgan, ilm-u fan rivoji yo‘liga to‘g‘anoq bo‘layotgan byurokratik idora xizmatidan voz kechib, ilmiy faoliyatni boshqarish, ilmiy unvon va darajalar berish huquqini oliy ta’lim muassasalari ixtiyoriga to‘liq o‘tkazish kerak.

 

– Rahmon aka, suhbatimiz koronavirus atalmish ofat butun dunyoga mo‘rmalaxdek yopirilib, insoniyatni tang ahvolda qoldirgan kunlarda kechmoqda. Yaqin va olis tarixda ko‘plab mushkulotlardan omon chiqqan bashariyat Yaratganning madadi ila bu imtihondan ham o‘tgusi, inshoolloh! Ammo pandemiyadan keyin odamzodning hayoti, axloqi ham jiddiy o‘zgarishga uchrashi tayin, shunday emasmi?

 

– Abdulla Oripovning “Ona sayyora” she’ridagi ilk satrlarni eslaylik:

 

Qarshimda Yer sharin suvrati turar,

Salmog‘i Quvaning anoricha bor...

 

Insoniyat o‘zining temir panjasi ila o‘sha “Quva anori”ni ezib-mijiqlab, tobora o‘tkirlashib borayotgan tishlari bilan uni teshib, sharbatini ochofatlarcha yutoqib ichayotir...

 

Boya eslaganimiz – “yegan og‘iz uyalar” degan xalqning “yemoqning qusmog‘i bor” tarzidagi hikmati ham mavjud. Ilohim, bu jarayonning cho‘zilib ketishidan, begunohlarning aziyat chekishidan O‘zi asrasin!

 

Falokatning qachon tugashi, u ariganidan keyin hayot qanday tus olishini hech kim aniq aytib bera olmayotir. Odamzod yirik vulqonlar, ulkan suv toshqinlari, dovul-u bo‘ron, zilzilalarni ilm vositasi-la avvaldan bashorat qiladi, ulardan saqlanishning tezkor chorasini ko‘radi. Hozirgi yov esa mutlaqo ko‘rinmasligi, xiylagina vaqt sezilmasligi bilan ham g‘oyat xavfli, o‘ta makkordir. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, butun odamzod hatto kulgili holga tushgan: uning shuncha kuch-qudrati, qurol-yarog‘i-yu boyliklari, ming xil ilmiy ishlanmalari, robotlari, son-sanoqsiz nou-xaulari jimitdekkina tanacha qarshisida ojiz-u lol qolgan!..

 

Dunyo mumtoz adabiyoti va san’atining jamiki qahramonlarini bepisand chetga surishda bir-biridan o‘taman degan supermenlar ham, o‘rgimchak odam-u betmenlar ham jim-jim, sayyoralararo urushlar qilib yurgan qahramonlar esa to‘rt metrli hovlisiga ham o‘ylab chiqadigan bo‘lib qoldi. Xuddi real hayotda bo‘lgani singari, adabiyot va san’atda ham kimning kim ekani, insoniyatga beradigan foyda-zarari nechog‘li ekani ancha ravshanlashib qoldi. Zero, ommaviy san’at qahramonlariga mahliyo bo‘lgan bugungi kun iste’molchisi, masalan, Alber Kamyu ogoh etgan “Vabo”dagi doktor Rieni, Chingiz og‘a dunyoga sog‘ingan Edigeyni tanimay qolgan edi...

 

Bugun odamzodning jism-u joni karantin – uzlatga olingan. Biroq aql-u tafakkurni ihotalab bo‘larkanmi! Aksincha, ma’lum bo‘lmoqdaki, ayni shu sharoitda insonning tafakkur qilishi, mushohadaga berilishi, o‘z-o‘zini taftish etish imkoniyati ham, majburiyati ham oshar ekan. Bugungi voqelik bizni, hayot tarzimizni, dunyoqarash va mo‘ljallarimizni hozirga qadar tutib turgan tushunchalar, qarashlar, mezonlarga qayta nazar solish, ularni maydako‘z elakdan o‘tkazishga undamoqda.

 

Xohlaymizmi-yo‘qmi, dastlab Xitoyning olis bir shahrida yuz ko‘rsatgan koronavirus infeksiyasining ikki-uch oy ichida butun dunyoga tarqalib ketishida kimdir alqab, kimdir qoralayotgan globallashuv muhim omil bo‘ldi. Afsuski, odamzod nima evaziga huzurbaxsh hayot kechirayotganini unutib qo‘ygan edi.

 

Muttasil harakatlanayotgan yuz minglab havo va ummon laynerlarining ulkan motorlaridan, bir daqiqa to‘xtamay ishlashi lozim bo‘lgan son-sanoqsiz issiqlik elektrstansiyalari mo‘rilaridan zaharli gazlar chiqayotgani;

 

ulkan megapolislarda har kuni millionlab tonna axlatning okean, daryo va boshqa suv havzalariga oqizilishi;

 

“Tezroq, ko‘proq, arzonroq” shiori ostida parranda-yu darranda, o‘simliklar genida tajribalar o‘tkazilishi, ularning inson organizmida ne o‘zgarishlar yasashi mumkinligini oxirigacha o‘ylamaslik;

 

chiroyli terisi qay bir multimillioner nikohsiz yetaklab yurgan oyimchaning yalang‘och yelkasida selkillab turishi uchun Afrika dashtlaridagi kamyob qoplonning otib o‘ldirilayotgani;

 

o‘z ismini to‘g‘ri yozish tugul, qalamni eplab ushlolmaydigan korchalonning barmog‘ini bezatish uchun mangu tog‘lar bag‘ri portlatilib, o‘yib-teshilib olmos-u javohirlar qidirilishi...

           

Bir so‘z bilan aytganda, insoniyat olamdagi BUYUK MUVOZANATga ortiq darajada daxl qilmoqdaki, oqibatda halokatlarning zanjirsimon reaksiyasi yuzaga kelishi hech gap emas.

 

Qarangki, odamzodning nihoyatda aqlli vakillari ilohiy nizom – muvozanatga qarshi borib, inson zotining jinsini o‘zgartirish, uni hayvon bilan chatishtirish, jonivorlar genini duragaylashtirish, o‘z hamjinsi bilan oila qurishga... o‘zini haqdor sanamoqda. Xudo ko‘rsatmasin-u, bu singari kirdikorlar oqibati o‘laroq yuzaga chiqajak ofatlar ko‘lami, dahshati oldida koronavirus balosi ham hech gap bo‘lmay qolishi mumkin!

 

Bugungi taraqqiyot uchun globallashuv shu qadar zarur ekan, butun insoniyat bir tan-u jon bo‘lishi kerakmi, yo‘qmi? Hozirgi holida odamzodni shunday – bir-birovi bilan hamkor, hamnafas umrguzaronlik qilayotir deb bo‘ladimi? Afsuski, yo‘q!

 

Dunyoning bir burjidagi ishratparast boylar haddan ziyod to‘qlik sabab yana qanday sho‘xlik o‘ylab topish haqida bosh qotirayotgan bo‘lsa, boshqa burjida millionlab norasidalar och-nahor onasining sutsiz ko‘kragini tishlagancha, o‘ziga qaratilgan kamera ekraniga javdirab boqayotir.

 

Bir zamonlar ertaklarga aylangan (“Bag‘dodda hammayoq tinch, hammayoq tinch!..”), dunyo tamadduniga onabag‘irlik qilgan ko‘hna shaharlarning bugun o‘liklarga to‘lib ketgan quchog‘idan qochib borarkan, nomard otgan o‘qdan yuztuban yiqilgan bolajon “Hammasini Yaratganga aytib beraman!..” deya jon taslim etayotir. Dunyoning boshqa bir chetidagi ma’mur shaharda esa puldor er-xotin biriga qimmatbaho frak va mo‘jaz shlyapa, boshqasiga brilliant qadalgan qirmizi ko‘ylakcha kiydirilgan kuchuklarini yetaklagancha, navozish bilan restoranga oshiqmoqda...

 

Voqelik eski o‘zanga qaytgach, shoyad al-Miysoqni unutib, Yaratuvchisiga isyon qilgan odamzodning aql-u hushi, imon-u insofi, taqvo-yu sabri o‘ziga qaytsa!.. Zero, bugungi sinov odamzodga berilgan so‘nggi imkoniyatlardan biri bo‘lishi mumkin. Agar shundan keyin ham “Kerak bo‘lsa, Yer yuzini falon marotaba yo‘q qilib tashlashga qodirmiz!” deb karillayotgan zotlar hushiga kelmasa... ochig‘i, u yog‘ini tasavvur etmoqqa ham qo‘rqadi kishi! Yaratgan insoniyatni sog‘lom aql-u tafakkurdan judo etmasin deng.

 

Sobirjon YOQUBOV

suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 2-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 125
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22033
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//