Ezgulikning shakl-u shamoyili ham chiroyli


Saqlash
15:03 / 31.01.2022 1043 0

Keyingi paytlarda qalami o‘tkir zukko adib Abdulla Qahhorning ko‘chada yo‘l qoidasini buzgan kishilarni militsioner hushtak chalib to‘xtatadi yoki ogohlantiradi-yu, nima uchun til qoidasini buzganlarga hech kim indamaydi, degan fikri kunda necha bora yodga tushadigan bo‘ldi. Sababi – aksariyat katta-yu kichik yo qiziqish, yo o‘rganib qolganimizdan, yoki biror bir ma’lumot izlab ijtimoiy tarmoqlarga kiramiz.

 

Har bir gapni aytishdan oldin uning nechog‘lik to‘g‘ri-noto‘g‘riligiga javobgarlikni, jamiyatning turli tabaqalari tomonidan qanday talqinlar qilinishi mumkinligini his etib, ya’ni insoniylik va jurnalistik madaniyatga rioya qilgan holda ko‘pchilikka biror xabar yoki ma’lumotni havola etishga o‘rganganlar va ularni o‘qib, tinglab yurgan odamlar, to‘g‘risi, ayrim postlarga ko‘z yugurtirib vahimaga tushib qolishi, qo‘rqib ketishi yoxud uyatdan yerga kirgudek holatga tushishi yangilik emas. Uzoqqa bormaylik: ikki kungina oldin respublikamizning barcha hududlarida kutilmaganda chiroqlar o‘chib, elektr toki bilan bitadigan ishlarimiz taqqa to‘xtadi. Yosh bolalar-ku, bilim va tajribasi yetmagani uchun bu holatning  sababini tushunmasligi mumkin. Lekin kattalar, hatto oliy ma’lumoti bo‘lmaganlar ham elektr energiyasi ishlab chiqarilishi texnika, texnik jihozlar bilan bog‘liqligini, tizimda yuz bergan kutilmagan sabab tufayli shunday oqibat kelib chiqqan bo‘lishi ehtimolini ozmi-ko‘pmi biladilar-ku!

 

“Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga” degandek, qo‘lidan hech ish kelmasa-da, ayrim blogerlar vahimachilikda poyga o‘ynashdi: “Shoshilinch xabar, vaziyat og‘ir...”, “Falon joy portlab ketdi...”, “Endi uch kun chiroq, suv bo‘lmaydi”, “Shamlarni g‘amlab oling”, “Bu ishning tashkilotchilari falonchilar ekan” va hokazo. Besh soat o‘tar-o‘tmas xonadonlarimiz, do‘konlarda chiroqlar yona boshladi. Lekin shu fursat ichida bozor-u do‘konlardan kimlar necha yilga yetgulik shamlar xarid qildi, ba’zilar ro‘zg‘orda bir necha kunga yetadigan qilib suv g‘amlab olishdi. Ayrimlar endi “Qator idishlardagi suvlarni qachon ishlatib tugatamiz-u, uyimiz yo‘lagi qachon bo‘shaydi”, deb kulib gapirishyapti. Bunaqa ortiqcha ovoragarchilig-u isrofgarchilikning yuzaga kelishida salla desa, kallani olib kelishga suyagi qotib borayotgan blogerlarning hissasi katta bo‘ldi, desak hecham mubolag‘a emas.

 

Agar biror davrada og‘ziga kuchi yetmaydigan, gapirganda haddini bilmaydigan kishi bo‘lsa, atrofdagilar nigohlari, so‘zlari, imo-ishoralari bilan uni ogohlantirib, “qolipga solib” turadilar. Ammo ayrimlar so‘z erkinligini niqob qilib olib, qaysidir bir burchakdan, o‘zlarining studiyalaridan turib ijtimoiy tarmoq orqali yo‘llayotgan xabar, ma’lumotlari ming-minglab odamlarga yetib borishini, bu xabar yoki ma’lumotlari jamiyat hayotiga, yoshlar tarbiyasiga qanday ta’sir qilishini o‘ylab ham ko‘rmaydilar, nazarimda. Men bu gapni blogerlar tayyorlayotgan postlarning mavzulariga chegara qo‘yish kerak, degan ma’noda aytmayapman. Mayli, ular hayotimizning hamma sohasini yoritsinlar, mulohaza bildirsinlar, maqtasinlar, tanqid qilsinlar – faqat rostni asoslab, oqibatning sabablarini xolis ochib, yaxshiliklar ko‘payishi va kamchilig-u xatolar tuzalishiga xizmat qilsinlar.

 

Aytilgan so‘z – otilgan o‘q. O‘z sha’ni, obro‘sini asragan odam xatosini tan olishdan qo‘rqmaydi va shu fazilati bilan ham hurmat topadi. 25-yanvar kuni shomga ham yetmay respublikamiz hududlarini elektr quvvati bilan ta’minlash boshlandi. Bu jarayon shaxsan Yurtboshimizning nazoratlarida ekani xalqqa ma’lum qilingandayam, yolg‘onlariga layk bosishni so‘rab yotganlar oz emasdi. Tevarak-atrofimizda charog‘on derazalar soni ortib borgani sayin ataylab yana kuzatdim – bundan bir necha soatgina “Endi uch kungacha svet, suv bo‘lmaydi”, deb og‘iz ko‘pirtirganlar suvga nom-nishonsiz cho‘kib ketgandek edi: noto‘g‘ri ma’lumot, vahima tarqatganlari uchun na uyaldilar, na uzr so‘radilar!

 

Postlar matnlaridagi imloviy xatolar-ku aytsang-aytmasang, tilingniyam, dilingniyam kuydiradi. Ba’zilarning so‘kinishlari... ayrimlarning juda tor hududga taalluqli shevadagi “nutq”lari endi tili chiqayotgan bolakayning chuldirashini eslatadi-yu, lekin bolaning shirin, zavqli tilidan farqli o‘laroq asabingizga o‘ynaydi. O‘zgalar sha’niga haqorat-u bo‘hton yog‘dirganlarni “Falonchi qo‘rqmay haqiqatni aytdi!” deb ommalashtirayotganlar haqiqat, adolat, ezgulikning shakl-u shamoyili ham chiroyli bo‘lishi shartligini unutmasinlar.

 

Mana shularni kuzatar ekansan, beixtiyor Abdulla Qahhorning yuqorida keltirilgan fikrlari nechog‘lik o‘rinli, jonkuyar adibning takliflari bugungi kunda yana ham dolzarbroq bo‘lib qolganini e’tirof etasan.

 

Muhtarama ULUG‘OVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 117
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//