Savol dabdurustdan g‘alati tuyulishi mumkin. Ammo yeb-ichish, mehnat qilish, harakat, uxlash, dam olish inson uchun qanchalar zarur bo‘lsa, ruhiy-ma’naviy intilishlar, tuyg‘ularni muntazam oziqlantirish ehtiyoji ham undan kam ahamiyatli emas. Insoniyatning ongli hayot tarzi shakllana boshlaganda ibtidoiy taqlidiy ohang – musiqa, harakat – raqs, devoriy suratlar; keyinroq qiziqchilik, ashula, muqallidlik, tomosha o‘yinlar; yozuv va toshbosma kashf etilgach – kitob, gazeta-jurnallar shu xil ehtiyojga javob o‘laroq paydo bo‘lgan. Hozir esa bu vazifa asosan televizor, qo‘ltelefon, planshet, noutbuk va hokazolar zimmasida. Ular beshikdan tor qabrga qadar insoniyatning ajralmas yo‘ldoshi bo‘lib qolgandek.
Bugun mazkur vositalar orqali inson bahramand bo‘lmog‘i talab etilgan, moddiyat mezonlari ila o‘lchanmaydigan san’at o‘rnini mo‘may daromad manbayiga aylantirilgan san’atning olqindisi – ommaviy, aniqrog‘i, olomon madaniyati hodisasi egalladi; bu hodisa daqiqa sayin ming-millionlab ko‘payib boradigan virus kabi olamni qamrab olmoqda. U endilikda qonga batamom so‘rilib, butunboshli jamiyat kori-a’moliga aylanarak, insondek zoti sharifni ne bir abgorlik suvratida sharmisor etmoqda. Shahrimiz markaziga olib boradigan shohko‘chalar bo‘ylab asta yursangiz, o‘ng-u so‘ldagi anvoyi reklamalardan ko‘zingiz qamashadi: “Basta”, “Million”, “Millenium” va hokazo. Bularning bari tomosha-ermak, shou cho‘pchak, ko‘ngilxushi. “Mana senga olam-olam gul, etagingga siqqanicha ol!”
Endi asosiy mavzuga qaytsak: xo‘sh, kino san’atmi yoki?..
Harqalay, mengacha va men mansub avlod kinoni san’at hodisasi deb bilardik. Yig‘lardik, kulardik; ekrandagi voqealarni hayajon ichra, yurak o‘ynog‘ida kuzatardik. Aytishingiz mumkin: hozirgilaridan ham xuddi shu holga tushadi-ku! To‘g‘ri, yig‘latishi, kuldirishi, hayajon uyg‘otishi mumkin. Ammo... ammo asl san’at beradigan taassurot shamoldek yelib o‘tuvchi holat emas. U qalbni o‘rtab, ongda taloto‘p yasaydigan va o‘sha kechinmalardan butun jism-u joningizda yuksak ma’naviy mulk, ruhoniy bisot barpo etadigan hodisa. U o‘rni-o‘rni bilan yurish-turishingiz, gap-so‘z va muomala-munosabatingizda, har turli faoliyatingizda namoyon bo‘ladi. U sizning tiynat-tabiatingizga ta’sir ko‘rsatib, mag‘rurroq qiladi, ilmda, ijodda, harakatda yangi-yangi izlanish, intilishlarga undaydi. U go‘yo tog‘larning sof havosiga, chashmalarning ziloliga o‘xshab – ruh, qo‘r, quvvat va qudrat bag‘ishlaydi; hayrat ko‘zlarini ochib, dunyoga teran va tiyrak nazar bilan qarashga o‘rgatadi...
Ne baxtki, biz asl san’atga oshufta, oshno bo‘lib, shunday san’at muhitida tarbiya topdik. Garchi endi biroz eskicharoq, biroz jo‘n va biroz kulgili, uvadaroq ko‘rinsak-da, shuni hayot va san’at aqidasiga aylantirib olganmiz. Kamina komil ishonch bilan tasdiq etamanki, ha, kino – san’at, san’at bo‘lganda ham chin insoniy fazilatlarni tarbiyalaydigan, badiiy tafakkur va didni shakllantiradigan, ma’rifat hamda ibrat tashiydigan, inson qalbini yumshatib, fikratga mayoq beradigan, qiyosi kam, takrori dushvor san’at!
Endi shu mezonga tayanib so‘nggi yillarda o‘zimizda yaratilgan tarixiy-badiiy filmlarga nazar solaylik. Ikki-uch yil oralig‘ida “Islomxo‘ja”, “Imom Iso at-Termiziy”, “Berlin–Oqqo‘rg‘on”, “Elparvar”, “Said bilan Saida”, “Qo‘qon shamoli”, “Avloniy”, “Is’hoqxon Ibrat”, “Ilhaq”, “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i”, “Rangsiz tushlar” kabi badiiy filmlar tomoshabin e’tiboriga havola qilindi; “Muhabbat bahori” (Hamid Olimjon va Zulfiya) filmi deyarli tayyor bo‘lib qoldi. Sanab o‘tilganlarning aksariyati eshiklar turmini buzadigan ommaviy tomoshabin nuqtayi nazaridan, balki o‘ziga ohanrabodek tortavermaydigan kamtarona tajribalardir. Navbatdagilarini ham, ehtimolki, shunday qismat kutayotir. Ularning barini katta san’at me’yorlari bilan tahlil etib, baholash biroz mushkul; ustiga ustak, tomoshabinning ko‘p-kamligini mezon biladigan munaqqidlar urchiganida rost. Biroq, unutmaylikki, mazkur filmlarning o‘z tomoshabini bor, ijtimoiy tarmoqlardagi baland-past gaplar ham mezon emas. Qolaversa, jahon kinosi buyuklari – Tarkovskiydan Abuladzegacha, Parajanovdan Sokurovgacha – ne-ne ulug‘lar yaratgan durdonalar ham, harchand reklama qilinmasin, o‘rtamiyona estrada xonandasi yo biron bachkana shou yig‘adigan auditoriyani yig‘olmasligi bor gap.
Ishonchim komilki, “Islomxo‘ja” badiiy-publitsistik filmidan so‘ng “Ilhaq”qa kirishgan va uni bir yillik zahmatli mehnat samarasi o‘laroq yakunga yetkazgan kinorejissyor Jahongir Ahmedov o‘z ijodiy guruhi bilan dastlabki tajribadan keraklicha saboq olib, ijodiy mahorati yuksala borayotganini ko‘rsatdi.
Buyuk muhaddis Imom Termiziy, Amir Umarxon-u Nodirabegim, Islomxo‘ja, Abdulla Avloniy, Is’hoqxon Ibrat, Said Ahmad-u Saida Zunnunova nomlari bugun badiiy film shaklida o‘zbek xonadoniga kirib borayotgan ekan, uning millat ma’rifati va ma’naviy dunyosi uchun nechog‘li zarur, nechog‘li muhim ekanini izohlab o‘tirishga ortiqcha zarurat yo‘qdir-u, lekin o‘ylayman: biz millat, xalq o‘laroq o‘z tariximizni bor buyukligi, bor murakkabligi bilan idrok eta olish darajasiga yetdikmi? So‘zdan ishga, nazariyadan amaliyotga o‘ta oldikmi? O‘tmish voqeligini, shu manzarada ijtimoiy o‘zlikni anglash ma’rifati tomon yuz burdikmi?
Ha, bu so‘roqlar og‘riqli, ularga yorug‘ yuz bilan baralla ijobiy javob aytish hozircha xiyla dushvor. Sabab shuki, tarixni anglash uchun ma’rifiy chora-tadbir, vositalarimiz hali ancha takomil topmog‘i zarur. Shunday ekan, nega ma’rifat kasb etishning san’atkorona yo‘llarini izlamay, ommaviy madaniyat yo‘sinidagi ur-sur, ot, qoch-quvla, yoqalash-tepalash... kabi hollivudona usullarga tanda qo‘yishimiz kerak?
Hollivud-ku buning obdon hadisini olgan, ularga tenglashish dushvor; unga ko‘r-ko‘rona ergashish esa beo‘xshov taqlid bo‘lib qolaveradi. Buning yorqin va achchiq misoli – Bollivud. Biz ma’naviy bahra olib, san’atidan mutaassir bo‘lib, ko‘zyoshlar to‘kkan; his-tuyg‘ular chandon jo‘sh urib, qani edi shunday muhabbat sohibi bo‘lsam, shunday do‘st bo‘lsam, deya ibrat olgan “Bavju Bavra”, “Devdas”, “Daydi”, “Janob 420”, “Sangam”, “Simladagi muhabbat”, “Changda qolgan gul”, “Yangi Dehli”, “Tosh va gul”, “Hamroz”, “Sadoqat” kabi o‘nlab mumtoz hind filmlari o‘rniga faqat tijorat maqsadlarini ko‘zlagan minglab taqlidiy blokbasterlar butun hind kino olamini ishg‘ol etdi. Bu filmlarning tomoshabinni xayoliy manzaralar bilan chalg‘itib, vaqtini o‘ldirib beradigan, ko‘ngilochar ermaklar ekani hech kimga sir emas. Ha, yoqimli ermak mablag‘ talab etadi; ko‘ngil ochib, huzurlanish uchun pul to‘lash kerak. Kino dunyosi bir to‘da ishbilarmonning boylik orttirish uchun tushgan raqobat maydoni – serhasham kino saroylari, kino shaharchalari, kino bozorlari bo‘lib qoldi...
Xo‘sh, biz qaysi yo‘ldan boramiz? Buyuk Shekspir qahramoni aytmoqchi, “Yo hayot, yo mamot: masala shundoq!” Bu savolga javob izlab uzoqqa borish shart emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 20-yanvar kuni Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqida aniq javobni aytdi: “Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan so‘zlarini takror va takror aytishdan charchamayman. Nega deganda, bu fikr bugungi kunda har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega ekanini unutmasligimiz lozim...”
Tarix – buyuk murabbiy. Har qanday millat tarixni anglasa, o‘zini anglaydi. Hazrat Navoiy aytadilarki, olamdan nokomil o‘tish – hammomga kirib, nopok chiqmoqqa o‘xshaydi. San’at, jumladan, kino san’atiga oshnolik ham insonni ma’rifat va hayrat tuyg‘usi bilan poklaydi, kamolot sari yetaklaydi. Arastu aytmoqchi, har qanday san’atning pirovard maqsadi – katarsisdir (tozarish). Aks holda, odam san’atdan, kinodan noravo xulosa chiqarib, masalan, g‘animni o‘ldirish, raqibni sindirish, harom pul topish, o‘zidan soxta qahramon yasash, g‘orat etish... darslarini o‘rganadi. Muhabbat – oniy lazzat, vatan – qayerda huzur topib yashasa, o‘sha makon-ma’voga mustahkamroq o‘rnashish istagi o‘laroq anglanadi.
Tasavvur etingki, kompyuter texnologiyalarini haddi a’losida o‘rgangan zo‘r mutaxassisga vatan, millat tuyg‘usi begona. O‘sha ilm-u ta’lim nimaga yoki kimga xizmat qiladi? Albatta, ko‘proq aqcha tutqazganga. Aqchani esa dunyo o‘ziniki bo‘lmog‘i uchun intilayotgan manfur niyatli har qanday puldor kas ham taklif qilishi mumkin. 1945-yilda Xirosima va Nagasakini vayron qilgan, o‘tgan asrning 80-yillarida Chernobil fojiasini sodir etganlar (bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin) aynan o‘sha – vatan va millat tuyg‘usidan; mehr-muhabbat, qadriyat, oqibat, olijanoblik fazilatlaridan batamom mahrum bilimdonlar va mulkdorlardir. Bu – odamda butun Yer kurrasini ag‘dar-to‘ntar qilishga yetarli bilim, salohiyat bo‘lsa-yu, mehr-muruvvat, hamiyat, bunyodkorlik hissi bo‘lmasa, har qanday ilm-u iste’dod vayronkor kuchga aylanishining yorqin isbotidir.
Yana bir gap: bir zamonlar Albert Eynshteyn, Nils Bor, Andrey Saxarov kabi buyuk olimlarning umuminsoniyat taraqqiyoti yo‘lida qilgan kashfiyotlari g‘ayriinsoniy maqsadlar – urush, ommaviy qirg‘inbarot, zulm, zo‘rlik, istibdod uchun xizmat qildirilgan edi. O‘shanda ular chuqur ruhiy iztiroblar girdobida qolib, o‘z kashfiyotidan pushaymon bo‘lgani ham bor gap. Bu – o‘sha zotlarning ma’naviyati, odamiyati qanchalar yuksakligidan dalolat. Andrey Saxarovning o‘tgan asr 80-yillari SSSR xalq deputatlarining syezdida minbarga ko‘tarilib, har qanday zo‘rlik, kuch ishlatishga qarshi turli ommaviy qirg‘in qurollarini yo‘q qilish xususidagi nutq irod etgani bizning avlod xotirasidan hali o‘chgani yo‘q. Bu toifa odamlar nafaqat daho darajasidagi olim, balki buyuk gumanist bo‘lib ham jahon tarixiga kirdilar. San’at esa aynan o‘sha insondo‘stlikni – yo‘q joyda uyg‘otadigan, bor joyda mukammallashtiradigan, yuksaltiradigan kuchdir.
Shu o‘rinda kinoning g‘oyaviy-badiiy tarbiya vositasi o‘laroq ko‘rsatgan ta’siriga bir tarixiy misol. Bugungi o‘rta va katta yoshdagi kino ishqibozlari yaxshi eslaydiki, o‘tgan asr 30–80-yillari oralig‘ida Pushkin, Lermontov, Gogol, Belinskiy, Lev Tolstoy, Gorkiy kabi rus adabiyoti klassiklari; Musorgskiy, Rimskiy-Korsakov, Chaykovskiy kabi buyuk kompozitorlar; Surikov, Repin kabi musavvirlar; Popov, Mendeleyev, Siolkovskiy, Korolyov kabi ulug‘ olimlar hayoti, ijodi, faoliyati aks etgan badiiy-ma’rifiy filmlar sovet xalqi, ayniqsa, ruslarda umumma’rifiy madaniyatni tarbiyaladi. Hozir bu filmlar qo‘yilmaydi, hatto eslanmaydi ham. Ammo o‘z davrida zarur xizmatini bajardi. Bajardigina emas, Ikkinchi jahon urushida g‘olib bo‘lgan, dasht-u qo‘riq yerlarni o‘zlashtirgan, fazoni zabt etgan avlodlarni tarbiyaladi; mohiyati imperiyachilik, istibdod bo‘lgan sho‘ro saltanatini 70 yil barqaror qildi.
Hozir-chi? So‘nggi yillarda suratga olingan Sergey Yesenin, Vladimir Mayakovskiy, Maksim Gorkiy, Fyodor Dostoyevskiy kabi adabiy siymolar; marshal Jukov va Tuxachevskiy kabi harbiy sarkardalar; Brejnyev, Furseva kabi davlat arboblari; Lyudmila Zikina, Aleksandrov va Orlova, Vera Fyodorova, Vladimir Visoskiy, Lyudmila Gurchenko kabi san’atkorlar haqidagi kinoseriallar rus xalqida, ayniqsa, yoshlarda vatanparvarlik ruhiyatini shakllantirish va mustahkamlashda hazilakam ahamiyat kasb etyaptimi?! Bu filmlarni milliy vatanparvarlik tarbiyasi emas, sof san’at yoki kassaboplik nuqtayi nazaridan o‘rganib tahlil qilib, baholab ko‘ring-chi, qanday manzara namoyon bo‘larkan? Yoki shularni katta kinoteatrlarda namoyish etib ko‘raylik-chi, qancha tomoshabin chiqib ketib, qanchasi qolarkan?
Albatta, manzara, real holat voh deyarlik bo‘lmaydi. Ammo... ammo o‘ntadan, hattoki yuztadan bitta tomoshabin ko‘rsa ham, bu filmlar o‘z vazifasini bajaradi, sarf-xarajatni oqlaydi. Chunki mamlakat va xalqning taqdiriga daxldor vaziyatda o‘sha bir-ikkita sabr-toqatli yoki fikrlashga, o‘zligini anglashga intilayotgan ziyoli tomoshabinda ko‘pchilik zerikib, ko‘rmay chiqib ketgan film hosil qilgan ma’rifat favqulodda hal qiluvchi rol o‘ynashi yoki umummanfaatga doxil biron bir loyihaning tug‘ilishi, amalga oshishiga turtki berishi shubhasiz. Shu ma’noda atoqli kinodramaturg va kinorejissyor Andron Mixalkov-Konchalovskiyning fikrlari e’tiborga molik: “Faqat tentaklar o‘zgarmaydi... Globallashuv davlatlarning mustaqilligini mahv etmoqda... Bizning tomoshabinlar esa taassufki, borgan sari kinoamerikaliklarga aylanib borayotir. Ular kino namoyishi paytida bodroq yeydi. Nima uchun kinoda hozir shovqin ko‘p? Chunki hamma kavshanib, nimadir chaynab o‘tiradiganlar uchun kino yaratadi. Men esa kitob o‘quvchilar uchun film suratga olaman. Men o‘g‘limga ta’kidlab turamanki, kitob o‘qimayotganlarni kitob o‘qiyotganlar boshqaradi...”
Aynan shuning uchun ham kino vaqt o‘ldirar ermak emas, san’at, tarbiya va ma’rifatdir. Kinoda qiziqarlilik ma’naviy foydalilik tushunchasidan keyinroq kelsa va hatto ancha orqaroqda tursa-da, ziyon emas. Estrada yoki eng zamonaviy rep namunalariga ishqiboz muxlis mumtoz klassik musiqani eshitmasa, bu san’atdan voz kechilmaydi-ku?! Shu ma’noda san’atni biznes, tadbirkorlik, tijorat manbasiga aylantirish noravodir. Bu iste’molchilik kayfiyatini kuchaytiradi va oxir-oqibat insonlik sha’n-sharafiga nomunosib harakatlar eshigini ochadi, bora-bora insoniyatni ruhiy tanazzul sari boshlaydi.
Shu kunlarda butun insoniyatni tahlikaga solayotgan tojsimon virus ilohiy tartib-nizomlarga amal qilmaslik, hatto unga zid borish oqibati ekani ayon bo‘lmadimi? Endi ham ko‘zi ochilmasa, bani basharni yana ne xavf-u xatarlar kutayotgan ekan? Teran mushohada qilmoq, samimiy istig‘forlar aytmoq fursati yetdi. Ana shu pallada Olloh aql-u tafakkur, til, qalb, tuyg‘u, ijodkorlik kabi ne’matlarni baxshida etgan mavjudot – odamzodga borliqdagi o‘rni va vazifasini ma’rifiy kinolar vositasida ham anglatmoq darkor.
Alqissa, kino ermak ham, suvdek oqib keladigan daromad manbai ham emas. Kino – san’at, ma’rifat va ibratdir. U – tarbiyadir: fikr tarbiyasi, ko‘ngil tarbiyasi, tuyg‘ular tarbiyasi; olamlarni tutib turuvchi muvozanat mezonlaridan biri.
Qiziq, “Kino san’atmi yoki...” degan savolni qayta-qayta takrorlayapman-u, jo‘n bir mashg‘ulot bilan vaqtini behuda o‘tkazib o‘tirgan odam kayfiyatiga tushyapman. Nega? Negaki, bir yuz yigirma besh yil avval paydo bo‘lgan hodisaning alifbosiga bugun qaytib o‘tirishdan ne naf? Kimga kerak bu taxlit o‘y-mushohada?
Aka-uka Lyumerlar kashfiyoti biznesning batamom yangi shakli o‘laroq maydonga kelib, ne-ne takomil yo‘llarini bosib o‘tdi va tasavvur qamrab olishi dushvor miqyos kasb etdi. Kimdir uni ko‘ngilochar ermakka yo‘naltirib, million-million daromad topdi. Kimdir insonni va dunyoni tozartirmoq, tarbiyalamoq usuli o‘laroq yondashdi – ana shunda kino tasavvur, pokiza tuyg‘ular hosilasi o‘laroq mardlik, jasorat, olijanoblik, muruvvat madhiyasiga aylandi; boyidi, yangi mazmun va badiiyat ila jilolandi.
Yunon dramaturgiyasi antik mifologiya negizida tug‘ilib-rivoj topganidek, keyingi asrlardagi buyuk adabiy-badiiy obidalarning bari ertaklardan o‘sib chiqdi. Badiiy tafakkur ibtidoiy tasavvurdan koinot qadar yuksaklikka ko‘tarildi; ertaklarcha qiziqarlilikdan tuyg‘ular tahliliga, ruhiy holatlar tadqiqiga ko‘chdi; qalb atalmish xilqat cheksizliklarini kashf etdi. Inson ko‘z quvonchidan – qalb safosiga, vaqt o‘ldirishdan – vaqt qadrini his qilishga o‘tdi; o‘zini ma’nan taftish etib boyidi; ruhiy takomil tufaylidan o‘zini va Robbini tanidi; e’tiqodga yuz burib, umr mazmunini tayin etdi. Komillikni sog‘inib, Oliy xilqatga zarra o‘laroq qo‘shilib ketish umidini mahkam tutdi...
“Kino san’atmi yoki...” degan savolni boshqacharoq – “Inson ko‘z quvonchini tilaydimi yoki ko‘ngil safosinimi?” shaklida qo‘ymoq va javobini har bir odamning o‘z ixtiyoriga qoldirmoq ma’qul ko‘rinadi. Ya’ni yangi O‘zbekistonni bunyod etayotgan xalqqa qay biri muhim: Navoiy bobomiz aytmoqchi, hammomga kirdingmi – kirding qabilida ish tutmoqmi yoki poklanib, murod hosil etmoqmi?
Kundalik turmushda bir marta ishlatiladigan buyumlar bor. Bir gal ishlatasiz-u chiqindi qutiga tashlaysiz. Ulardan farqli ravishda ko‘p bora ishlatiladigan rasmona buyumlardan foydalanilgach, yuvib-tozalab olib qo‘yiladi. Ular ba’zan qimmatli atiqa o‘laroq tarix, qadriyat sifatida ham e’tiborda bo‘lib, asrab-avaylanadi. Yillar osha qadr-qiymati ham o‘sib boradi. Badiiy filmlarni ham shunga mengzash mumkin. Ur-sur, oldi-qochdi filmlar; achchiqichak misol uzun, yo‘lakay to‘qib boriladigan yengil maishiy seriallar o‘sha bir marta ishlatilib, chiqindi chelakka tashlanadigan anjomlarga o‘xshaydi. Binobarin, ota-bobolardan qolgan yoki o‘zim falon payt imkoniyatga ega bo‘lganimda sotib olganman deya qadrlanadigan, avloddan avlodga o‘tib boradigan buyumlar kabi asl san’at namunasi bo‘lgan kinofilmlar ham madaniy, ruhiy-ma’naviy qadriyatdir. Ularni kelajak avlodga beziyon, bezavol meros sifatida qoldirish, vaqt-vaqti bilan eng qadrli tantana va yig‘inlarda namoyish etish va mudom hayrat va hayajon manbayi o‘laroq e’zozlash lozim.
Tuyg‘ularni qitiqlaydigan oldi-qochdilarni ko‘rasiz, vaqtingiz go‘yo xush-xursand o‘tadi, unutasiz... Asl san’at esa ko‘ngil va tafakkurni sarosar etadi, o‘ylatadi, yig‘latadi-kuldiradi, xotiraga muhrlanadi, ma’naviy bisotga aylanadi... Endi siz avvalgidek emas, boshqasiz; bu o‘zingizga ham, o‘zgalarga ham asta-asta seziladi. Vaqti va o‘rni bilan o‘sha ma’naviy unsurlar hayotingizning ajralmas bo‘lagiga aylanar ekan, xayrli amallarga vasila bo‘ladi.
Shuhrat RIZO
“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 3-son
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q