Prezident xalq qabulxonasi: besh yilda qanday tizimli muammolar hal etildi


Saqlash
16:10 / 28.01.2022 1079 0

Bugun plastik kartadagi mablag‘ni barchamiz hech bir muammosiz naqd qilib olamiz. Bunga ko‘nikib ham ulgurdik. Vaholanki, besh yil avval oylik, nafaqa, pensiya yoki stipendiya hisobiga kun ko‘radigan insonlarning qo‘li deyarli pul ko‘rmasdi. Ishlaydigan bankomatning o‘zi yo‘q edi. Eng yomoni, bozor yo do‘konda plastik karta orqali mahsulot sotib olmoqchi bo‘lgan odam 15-20 foiz qimmat to‘lashiga to‘g‘ri kelardi.

 

Davlatimiz rahbari xalq bilan muloqot tizimiga asos solgach, dastlabki besh oyning o‘zida Prezident virtual qabulxonasiga bu masalada kelib tushgan 7 mingdan shikoyatlar ham tahlil qilindi, o‘rganildi va albatta, mazkur soha isloh etildi. Natijada mamlakatimizda narx-navoning naqd pul va naqd pulsiz shakli o‘rtasida farq qolmadi. Shu bois ham 2018-2021-yillarda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga pensiya va boshqa ijtimoiy nafaqalar odamlar roziligisiz plastik kartochkaga to‘liq o‘tkazib yuborilayotgani haqida deyarli murojaat kelib tushmadi.

 

Albatta, bu – Xalq qabulxonalari instituti amalda berayotgan natijalarga birgina misol, xolos. Xalq bilan muloqotning bu noyob tizimi tufayli murojaatlar bilan ishlash masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Har bir yurtdoshimiz va xorijlik fuqarolar uchun bevosita davlat rahbariga murojaat etish imkoniyati paydo bo‘ldi.

 

2017-2021-yillarda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 5 million 780 mingdan ziyod murojaatlar ko‘rib chiqildi, shundan 3 million 288 mingdan ortig‘i qanoatlantirildi. Murojaatlarning to‘liq, o‘z vaqtida va qonuniy o‘rganib chiqilishi natijasida ularni qanoatlantirish darajasi ham yil sayin oshib bormoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich 2017 yilda 47,5 foiz, 2018 yilda – 53,9, 2019 yilda – 60,9, 2020 yilda 60,4 foiz bo‘lsa, 2021 yili 86,7 foizni tashkil etdi. Hal bo‘lgan har bir murojaat ortida esa nainki bir kishi, balki bir qancha oilalar taqdiridagi o‘zgarishlar mujassam.

 

Murojaatlar tahlili dasturlar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini shakllantirishga asos bo‘la boshladi. Murojaatlar tahlili asosida so‘nggi besh yilda chegaralar ochilishi, yaqin qo‘shnichilik aloqalari tiklanishi, fuqarolik, propiska tizimlari, afv etish, pensiya, valyuta siyosatini isloh qilish, buziladigan ko‘chmas mulk ob’yektlari mulkdorlariga kompensasiya berish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish va boshqa masalalar bo‘yicha qabul qilingan muhim hujjatlar xalqning davlatdan rozi bo‘lishiga, tizimli muammolar hal qilinishiga xizmat qildi. Qator masalalar bo‘yicha murojaatlar deyarli barham topgan bo‘lsa, o‘nlab sohalar bo‘yicha murojaatlar keskin kamaydi.

 

Yana bir masala – fuqarolik olish masalasida ham ko‘plab arizalar kelib tushardi. Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston fuqaroligini olish tartiblari yengillashtirilgani esa shu masalada murojaat qilgan 100 mingdan ziyod oilalarni rozi qilish imkonini berdi.

 

Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari ish boshlaganda, valyuta konvertasiyasi bo‘yicha juda ko‘plab shikoyatlar kelib tushardi. Chunki uzoq vaqt O‘zbekistonda valyutaning erkin konvertasiyasi bo‘lmagani aholiga, ayniqsa, tadbirkorlarga katta qiyinchilik tug‘dirgan. Bu boradagi murojaatlar tahlilidan so‘ng davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan har qancha og‘ir-murakkab bo‘lmasin, valyuta bozori liberallashtirildi. Konvertasiyaning yo‘qligiga bog‘langan iqtisodiyotning eski modelidan butunlay voz kechildi. Natijada, valyuta konvertasiyasi bo‘yicha 2017 yilda 22 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2018 yilda 124 tani, 2019 yili 156 tani, 2020 yilda 101 tani, 2021 yilda esa 33 tani tashkil qildi.

 

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida “propiska” tizimi tubdan isloh qilinishini ko‘plab yurtdoshlarimiz ko‘p yillar nihoyatda intiqlik va orziqish bilan kutgani rost. Birgina shu tizimdagi islohotlar o‘z davlatimizda emin-erkin harakatlanishimiz, yashash va ishlash joyimizni ixtiyoriy tanlashimiz mumkinligi barobarida, konstitusiyaviy huquqlarimiz og‘ishmay ta’minlanishini ham kafolatlab berdi.

 

Aholi murojaatlari asosida yo‘lga qo‘yilgan yana bir mexanizm tufayli so‘nggi besh yilda 11 ming 70 nafardan ziyod uy-joysiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogironligi bor shaxslar, Mehribonlik uylari bitiruvchilari, og‘ir ahvoldagi xotin-qizlar imtiyozli kredit yoki doimiy foydalanish huquqi asosida uy-joy hamda doimiy ish bilan ta’minlangani inson qadrini yuksaltirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor, aholining ehtiyojmand qatlami vakillariga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr-g‘amxo‘rlikning oliy namunasidir.

 

Prezident virtual qabulxonasida har kuni har bir masala shu murojaat egasining rozilik-minnatdorlik xati asosida nazoratdan yechiladi. Shu ma’noda bugunga qadar qanoatlantirilgan 3 million 288 mingdan ortiq murojaat zamirida muammosi hal bo‘lgan shuncha odamning hayotdan, davlatdan roziligi mujassamdir.

 

Albatta, hayot shiddati, o‘zgarayotgan davr talabi, davlatimiz rahbari belgilab bergan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi xalq bilan muloqotning yangi-yangi ufqlarini belgilamoqda. Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davri asosini tashkil qilayotgan “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili bugun Prezident Xalq qabulxonalari faoliyati uchun ham dasturilamalga aylangani har bir mahallaga, har bir xonadonga, har bir oilaga kirib borish, har bir inson qalbiga yo‘l topishga xizmat qilmoqda. Xalq qabulxonalari xalq ovozini ifoda etadigan jamoatchilik nazoratinining o‘zagiga, xalq nazorati mexanizmiga aylanmoqda. Odamlar roziligini esa faqat va faqat amaliy ishlar bilan qozonish mumkin.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23617
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//