Muxammas va taxmisning farqi, hozirgi o‘zbek she'riyatidagi taxmisnavislar


Saqlash
15:56 / 28.01.2022 3580 0

Bugungi turkiy tilli xalqlar orasida aruzda yozish an’anasi o‘zbek adabiyotida nisbatan ko‘proq uchraydi. Zamonaviy she’riyatimizda aruzga xos bir qator janrlar yanada takomillashib, yangidan yangi xususiyatlar bilan boyib, rivojlanib borayotir. Shular orasida eng ommalashganlaridan biri taxmis (muxammas)dir.

 

Mutaxassislar fikricha, mumtoz Sharq she’riyatining musammat turkumiga kiruvchi janrlaridan bo‘lgan mustaqil muxammas o‘zbek mumtoz adabiyotiga XIV asr boshlarida kirib kelgan. Dastlabki namunasi Hofiz Xorazmiy qalamiga mansub. Adabiyotshunos Hamid Sulaymonning ta’kidlashicha, shoir devoni XV asrning 30-yillarida kitobat qilingan.

 

Mustaqil muxammas har bir bandi besh misradan iborat she’r sifatida yozilsa, shaklan unga juda o‘xshash bo‘lgan taxmis aslida bir shoir tomonidan boshqa bir shoirning g‘azali baytlariga uch misradan orttirilib, har bir bandi beshlik shakliga keltirilgan she’rdir. Shuning uchun taxmis ko‘pincha ikki shoir qalamiga mansub bo‘ladi. Ba’zan shoir o‘z g‘azaliga ham taxmis bog‘lashi mumkin. Adabiyotshunos Yoqubjon Is’hoqovning ta’kidlashicha, “...taxmis usuli har bir shoir uchun mahorat sinovi, ilhomlantiruvchi kuch yoki biror muhim fikrni ro‘yobga chiqarish vositasi bo‘lishi mumkin”. Aytish lozimki, har ikki holatda ham bir janr (ko‘pincha g‘azal, ba’zan qasida yoki mustazod) asosida ikkinchi bir janr (taxmis) vujudga kelishi kuzatiladi. Manbalarda aytilishicha, taxmis yozishning har ikki usuli ham Alisher Navoiy ijodidan boshlangan va hozirgacha davom etmoqda.

 

Bugungi o‘zbek she’riyatida taxmisning asosan boshqa shoir g‘azaliga bog‘langan turi ko‘p uchraydi. Xususan, Alisher Navoiyga muxammaslar anchagina. Bunda barcha shakliy va mazmuniy jihatlarga alohida e’tibor qaratish, asos g‘azal baytlariga har jihatdan mos misralar qo‘shish talab etiladi. Aks holda, taxmis uchliklari asos g‘azalga tenglasha olmaydi va faqat shaklbozlik vujudga keladi.

 

Taniqli shoir Jamol Kamolning “Saylanma”si 1-jildi – “Asr bilan vidolashuv” to‘plamiga (2007) kiritilgan quyidagi band bilan boshlanuvchi taxmisni ushbu janrning ancha mukammal namunalaridan deya e’tirof etish mumkin:

 

Yo‘q, chaqindin ermas ul osmon qizil, sorig‘ yashil,

Yo shafaqdin har taraf raxshon qizil, sorig‘ yashil,

Yo chamanda lola-yu rayhon qizil, sorig‘ yashil,

Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorig‘ yashil,

Shu’layi ohim chiqar har yon qizil, sorig‘ yashil...

 

Taxmisda muallif qo‘shgan misralar shaklan ham, mazmunan ham Navoiy g‘azalining baytlariga hamohangligini ko‘rishimiz mumkin. Birinchidan, g‘azal aruzning “ramali musammani mahzuf” (foilotun, foilotun, foilotun, foilun) vaznida yozilgan, taxmis misralari ham shu vaznda. Ikkinchidan, Navoiy g‘azalining matla’sidagi misralar sabab va oqibat mazmunini anglatgan: “Jonon xil’ati (ust kiyimi) “qizil, sorig‘ yashil” ranglar bilan jilolandi, (buni ko‘rgach, o‘zimni tutib tura olmadim va) har tarafga ohimning qizil, sorig‘ yashil ranglardagi shu’lalari taraldi”. Jamol Kamol taxmis yozish an’anasiga muvofiq baytdagi sabab mazmunini teranlashtiradi, oqibatdagi ranglar taralayotgan makon tushunchasini osmon, chaman kabilar bilan oydinlashtiradi. Shoirning ta’kidlashicha, osmonning qizil, sorig‘ yashil ranglarda ko‘rinishi chaqindan yoki shafaqdan har tarafga taralayotgan yoki chamandagi lola-yu rayhonlar rangidan emas, balki jonon xil’ati ranglari bilan bog‘liq.

 

Jamol Kamol Navoiy g‘azali asosida tanlagan qofiyalar ham taxmis bandining shaklan mukammalligini ta’minlagan. Qofiya ilmiga ko‘ra Navoiy qo‘llagan “jonon”, “har yon” so‘zlari “murdaf qofiya”ning “ridfli muqayyad qofiya” turiga mansub. Bunda qofiyadosh so‘zlarning “raviy”si – “n” undoshidan oldin “ridfi asliy” hisoblangan “o” unlisi keltirilgan. Jamol Kamol tanlagan “osmon”, “raxshon”, “rayhon” so‘zlari ham qofiyaning shu turiga taalluqli. Yana bir holatga e’tibor qaratish zarur. Birinchi misrada ishlatilgan “osmon” so‘zi aslida “o-s-mon” tarzida cho‘ziq+qisqa+cho‘ziq (– V –) hijolardan tashkil topgan. Shoir uni ikki cho‘ziq hijo (– –) sifatida qo‘llagan. Bunday hol zamonaviy o‘zbek adabiyotiga mansub aruziy she’rlarda tez-tez uchrab turadi. Bandda ishlatilgan til birliklari ham Navoiy she’riyati tiliga mosligi g‘azal bayti va taxmis uchligining o‘zaro uyg‘unligini ta’minlagan.

 

Zamonaviy o‘zbek adabiyotida xorazmlik Shoira Shamsning “Samandar” (2019) she’riy to‘plamidan o‘rin olgan taxmislar mukammalligi bilan ajralib turadi. Ularning aksariyati Alisher Navoiy g‘azallariga bog‘langan. Shoira ulug‘ salafining g‘azallari mavzusi, badiiy-estetik g‘oyasi, poetik tili va badiiyatiga alohida e’tibor qaratadi. Navoiy misralarida ifodalangan mavzuni chuqurroq ochib berish, shoir aytmoqchi bo‘lgan fikrni yanada teranlashtirish, g‘azalda yoritilgan lirik manzarani yangidan yangi tafsilotlar bilan boyitish, g‘azal mazmuniga to‘liq mos keladigan badiiy tasvir vositalaridan unumli foydalanishga intiladi:

 

Turnalardek nola qildim, titradi aflok “dol”,

Keldi sensiz qolmish olam boshiga fasli zavol,

Furqating – diydor emdi, dard-u hijroning – visol,

Bog‘ mendek sorg‘orib, bulbul meningdek bo‘ldi lol,

Go‘yiyo mundoq bo‘lur bir guldin ayrilg‘ong‘a hol.

 

Mazkur taxmisga asos bo‘lgan g‘azal to‘qqiz baytli, taxmis ham to‘qqiz banddan iborat. Demak, shoira tazmini kull – to‘liq tazmin usulini qo‘llagan. Navoiy g‘azal matla’sida “bog‘ menga o‘xshab sarg‘aydi, bulbul meningdek lol (tilsiz) bo‘lib qoldi, go‘yo bir guldan ayrilgan (kishi) shunday holatda bo‘larmish” degan. Ko‘rinib turibdiki, asos bayt va qo‘shilgan misralarning shaklan va mazmunan to‘la uyg‘unligiga erishilgan.

 

Shoira Shams Alisher Navoiy misralaridagi bog‘, men, bulbul, gul poetik timsollarini turnalar, aflok, sen, olam kabi yangi timsollar bilan boyitib, asos bayt misralaridagi tashbehlar mazmunini yanada mukammallashtiradi. Shunisi diqqatga sazovorki, mazkur taxmisning har bir bandida ana shunday badiiy-estetik mukammallikni kuzatish mumkin.

 

Taxmisnavislik an’anasini davom ettirayotgan zamondoshlarimizdan yana biri surxondaryolik Otamurod Poyondir. “Tongdek tiniq tilaklar” she’riy to‘plamidan (2020) joy olgan muxammaslar (taxmislar)ning uchtasi Alisher Navoiy g‘azallariga bog‘langan. Otamurod Poyon taxmis bog‘lashga mas’uliyat bilan kirishadi. Asos g‘azal baytlariga yangi misralar qo‘shar ekan, mazmun va shakl, hatto uslubning uyg‘unlashishiga harakat qiladi. Har bir bandda asos baytda ishlatilgan badiiy san’atlar, til xususiyatlarining yanada yorqinroq aks etishiga erishadi. Quyidagicha boshlanuvchi taxmis bunga misol bo‘la oladi:

 

Yor uchun marg‘ub tamanno bo‘lsa harchand aylangiz,

Menga zulm-u kin etishni kori sudmand aylangiz,

Dargahin qatlim uchun qal’ai darband aylangiz,

Ul pari ko‘yida men devonani band aylangiz,

Band-bandim zulfi zanjirig‘a payvand aylangiz.

 

Alisher Navoiy qalamiga mansub misralarda mumtoz qofiyaning band, payvand kabi ridfi zoyidli murdaf qofiya turi qo‘llanilgan. Bunda qofiyadosh so‘zlar tarkibidagi a unlisi cho‘ziq talaffuz qilingan holda ridfi asliy, d undoshi raviy, ular orasidagi n undoshi esa ridfi zoyid (orttirilgan ridf) hisoblanadi. Mazkur baytga Otamurod Poyon tomonidan qo‘shilgan misralarda ham qofiyaning aynan shu turini yuzaga keltiruvchi harchand, sudmand, darband kabi so‘zlar qatnashgan. Baytga qo‘shilgan misralarning lug‘aviy tarkibiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda ham Alisher Navoiy asarlari tiliga xos marg‘ub tamanno, zulm-u kin, kori sudmand, dargah, qal’ai darband kabi ifodalardan mahorat bilan o‘rinli foydalanilganining guvohi bo‘lamiz. Taxmisning qolgan bandlarida ham shunday holatni kuzatish mumkinki, bu shoirning mahoratidan darak beradi.

 

Urgutda dunyoga kelgan shirinzabon aruznavis shoirlarimizdan biri Ochildi Qo‘ysun (Ochildi Azimmurodov) ham Alisher Navoiy she’riyati ixlosmandi. U dilbar g‘azallari, pandnoma fardlari va to‘rtliklari hamda muxammas va taxmislari bilan muxlislariga yaqindan tanish. Ayniqsa, taxmislari asos g‘azallarga shaklan va mazmunan juda mosligi, yangi tashbehlar, badiiy unsurlar va teran falsafiy mazmun va mushohadaga egaligi bilan alohida ajralib turadi. Shoir taxmislarining o‘ttizga yaqini Alisher Navoiy g‘azallariga bog‘langan.

 

Ochildi Qo‘ysun janr talablarini chuqur o‘zlashtirgan holda ijod qiladi. Eng avvalo, aruz vazni qoidalariga to‘la rioya etishga intiladi.

 

Qilg‘anim birla jadal, g‘am-qayg‘u jilgudek emas,

Hasratim ul bag‘ritosh bag‘rini tilgudek emas,

Ul pari maqsudi dil dardimni bilgudek emas,

Ey ko‘ngul, holingga ul oy rahm qilg‘udek emas,

Zorlig‘ birla ishim andin ochilgudek emas.

 

Asos bayt ham, taxmis uchligi ham aruzning ramali musammani mahzuf (foilotun, foilotun, foilotun, foilun) vaznida yozilgan. Ham shakliy, ham mazmuniy mutanosiblikka alohida e’tibor qaratilgan. Shoir qo‘shgan uchlik misralari asos bayt mazmunini yanada kengaytirib, lirik qahramon kechinmalarini to‘laqonli ochib berishga xizmat qilmoqda. Jilgudek, tilgudek, bilgudek so‘zlari Alisher Navoiy baytidagi qilgudek, ochilgudek qofiyadosh so‘zlariga to‘liq hamohang bo‘lib, bayt mazmunini oydinlashtirishda katta ahamiyat kasb etgan.

 

Albatta, bugungi taxmisnavislikda kamchiliklar ham yo‘q emas. Aruz vaznidagi g‘azalga barmoq vaznida taxmis bog‘lash, aruzda yozilganlarida esa cho‘ziq va o‘ta cho‘ziq hijolarni farqlamaslik kabi holatlar uchrab turadi. Bir maqola doirasida zamonaviy taxmisnavislikning barcha jihatlarini qamrab olishning imkoni yo‘q. Mazkur an’ana yanada kengayib, adabiyotimizga yangi-yangi nomlarning kirib kelishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa masalani adabiyotshunoslik nuqtayi nazaridan ilmiy tadqiqot darajasida o‘rganishni taqozo etadi.

 

Tolibjon RO‘ZIBOYEV,

Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘qituvchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//