O‘rta Osiyoga tashrif buyurgan birinchi amerikalik diplomat, XIX asr hayoti bayon etilgan “Turkiston” kitobi


Saqlash
17:37 / 27.01.2022 1352 0

Amerikalik diplomat va jurnalist Yudjin Skayler O‘rta Osiyoga tashrif buyurgan birinchi amerikalik  diplomat, Turgenev va Tolstoy asarlarining birinchi tarjimoni, o‘zi ta’lim olgan universitetning ilk doktorlaridan va AQShning Ruminiya, Serbiya, Gretsiyadagi dastlabki elchisi edi. Uning tarjimayi holida bizning yurtimiz va shaharlarimiz alohida o‘rin tutgan.

 

Yudjin Skayler 1840-yil 24-fevralda Nyu-York shtatidagi Itaka shahrida tug‘ilgan. Uning ota-onasi asli gollandiyalik bo‘lib, otasi dorixonada  ishlar, onasi mamlakatda taniqli noshir Charlz Skradler avlodlaridan edi. 15 yoshida Yyolsk kollejiga kirdi, keyin universitetini tugatdi. U ko‘p kitob o‘qirdi, shundanmi, kelajakda yurist emas, qalamkashlikda ko‘proq shuhrat qozondi. “The Nateli” (Millat) jurnali bilan ijodiy aloqada bo‘ldi va bu ishni umrining oxirigacha davom ettirdi.

 

23 yoshda edi. Shahar gavanida uzoq vaqt Rossiyaning “Невский” eskadroni to‘xtab qoldi. U kemaga bordi, odamlar bilan gaplashdi, rus tiliga qiziqib qoldi va uni tezda mukammal o‘rganib oldi. Til bilishi Turgenevning “Otalar va bolalar” romanini inglizchaga tarjima qilish imkoniyati darajasida edi. Bu tarjima 1867-yilda kitob bo‘lib chiqdi va o‘quvchilar orasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Keyin fin tilini o‘rgandi, milliy epos – “Kalevila”ning nashrida muharrirlik qildi.

 

Yudjin xayollari cheksiz yigitlardan,  “Qirlar ortida, bulutlardan narida nima bor?” deb qiziquvchilar toifasidan edi. Shuning uchun dunyo kezishni istardi. 1864-yilda davlat departamentiga diplomatik ishga o‘tish  istagi borligini ma’lum qilib, ariza topshirdi. Uning murojaati 3 yil davomida ko‘rib chiqildi va Moskvaga borishga ruxsat tegdi.

 

Shunday qilib, salom, ko‘hna qit’a! Baden-Baden shahrida safarda yurgan Turgenev bilan uchrashdi, unga o‘zi tarjima qilgan romanini sovg‘a qildi. Bu yozuvchiga ma’qul tushdi va Yudjin Skarletga Tolstoy, Odoyevskiy, Tyutchev haqida so‘zlab, ularga xatlar yozib berdi. “Bu ziyolilar ma’rifatli amerikalikni, ayniqsa, rus romanining tarjimonini qanday kutib olishini ko‘rasan!” dedi ishonch bilan  Nikolay Sergeyevich.

 

Haqiqatan, “Urush va tinchlik”ni yozib tugatib, “yukdan qutilgan” Lev Tolstoy mehmonni xush kayfiyat bilan kutib oldi, Yasnaya Polyanada bir hafta mehmon qildi. Ulug‘ yozuvchi amerikaliklar hayoti, ayniqsa, ta’lim tizimi bilan atroflicha qiziqqan, ularning alifbosini ko‘chirib olgan. Yudjin muhtaram  yozuvchidan “Kazaklar” va “Sevastopol hikoyalari” asarlarini tarjima qilishga ruxsat oladi. “Nyu-York tayms” gazetasida hali okean orti uchun ancha sirli bo‘lgan rus hayoti, odamlari haqida reportajlar e’lon qiladi, birinchi bo‘lib “Urush va tinchlik” epopeyasidan xabar berib, u bilan tanishtiradi.

 

Y.Skayler xizmat safari bilan 1868-yil ilk marta bir savdogar hamrohligida O‘rta Osiyoga tashrif buyuradi. Volga daryosida paraxodda Samaragacha kelib, undan Orenburgga, Ural tog‘lari orqali esa Qirg‘izistonga keladi. Ko‘rganlarini mufassal qayd etib, xizmat ma’lumotlari tayyorlab boradi. Bu paytda Rossiya O‘rta Osiyoga o‘z bosqinchilik yurishlarini boshlagan, Buxoro amirligini egallab, Samarqand sari harakatlanardi.

 

Rossiyaga tayinlangan yangi elchi Endryu Kyortin bu mamlakat haqida kam ma’lumotga ega edi, u Y.Skaylerning sharhlari o‘ziga yoqqanligini ma’lum qiladi. Shu sabab bo‘ladimi, 1873-yilda Rossiyaning yangi mulklari bilan tanishtirishga mo‘ljallangan obro‘li xorijiy mehmonlar safida Yudjin Skayler ham bor edi. Safar davomida Skayler shu yil 23-mart kuni Saratovda “Nyu-York Gerald” gazetasi muxbiri Yanuariy Mak-Gaxan bilan uchrashadi. Mak-Gaxan Xivaga yo‘l oladi, Skayler esa Toshkent-Samarqand–Buxoro-Qo‘qon  yo‘nalishi bo‘ylab ketadi. Bu safar 8 oy davom etadi, sayyoh shundan keyin Sibir va Ural tog‘i orqali Sankt-Peterburgga qaytadi.

 

Yudjin Skayler ko‘rganlari asosida turli nashrlarga sharhlar e’lon qiladi. Ularni “Turkiston. Samarqand, Buxoro, Qo‘qonga safar” to‘plamida nashr etdi. Asosiysi, 1874-yilda  AQSh Davlat departamentida Turkistondagi ahvol haqidagi dokladi bo‘ldi. Unda general fon Kaufman tomonidan “tatarlar” – umuman, mahalliy aholiga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lingani qoralangan edi. Bu chiqish xalqaro doirlarda katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Hatto Rossiya hukumati e’tiroz bildirib, bundan oldin qora tanlilarga insoniy munosabat o‘rnatish muhimligini pisanda qiladi.

 

Y.Skayler missiyasini Turkiya, Ruminiya, Serbiya, Gretsiyada davom ettirdi, AQShga qaytib, ma’ruzalar o‘qidi. Keyin Italiyaga qaytib, faoliyatini davom ettirayotganda, bezgakka chalinib, 1890-yilda Venetsiyada vafot etdi.

 

Yudjin Skayler XIX asrdagi yurtimiz hayotini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va uni hujjatlar asosida badiiy aks ettrigan sanoqli ijodkorlardan biri. Uning 2 jilddan iborat “Turkiston” asari dunyo yuzini ko‘rgan, ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Kitobda jonli shohidning taassurotlari juda qiziqarli ifodalangan. Unda Turkistonning tabiati goh uning tog‘ va daryolari, tekislik va vohalari tasviri bilan boyitib tasvirlansa, goh odamlarining yurish-turishi haqida hayrat bilan (butunlay o‘zga muhitda ulg‘aygan odam uchun hamma narsa ajabtovur tuyulardi) so‘z yuritilgan. Eng asosiysi, kishilarning fe’l-atvori, odatlar va udumlar, maishiy hayot mayda unsurlarigacha batafsil aks ettirilgan. Bu hududda, asosan, uch elat: o‘zbeklar, tojiklar va qozoqlar yashashi haqida ma’lumot berilib, xalqlarning tarixi, etnografiyasi haqida ham to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, o‘zbeklar haqida so‘z yuritib, “bu xalqning 92 tarmog‘i (“familiya” – oila) bo‘lib, tarmoqlar yana mayda tarmoqlarga bo‘linib ketadi” singari aniq ma’lumotlar keltiriladi. Qolaversa, har bir tarmoqning fe’l-atvori, turmush tarzi yuzasidan ko‘plab tafsilotlarni bayon qiladi. Albatta, bunday dalillarning kerakli muassalarda o‘ziga xos katta ahamiyati bor edi.

 

Bu kitob ruscha nashridan tarjima qilinib, o‘zbek tilida ham chop etildi.  Garchi muallif ruslarning O‘rta Osiyoga kirishini umuman ijobiy baholagan bo‘lsa-da (qanday kuchlar ta’sir etgani mavhum), unda o‘tmishimizga doir qimmatli ma’lumotlar joy olgani shubhasiz. Shuning uchun Y.Skaylerning bu ikki kitobini originaldan, ya’ni inglizchadan o‘girib, zarur izohlar bilan nashr etish lozim. Negaki, “Agar tarixga daxldor bo‘lsa, otning taqasi ham qimmatli” deganlaridek, bevosita naqd  guvohning xotiralari juda ham qadrli.

Olimshon BURXON

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//