Svetoforsiz ko‘chalar, qimmatlagan suv va talash bo‘lgan sham – elektrsiz “qora seshanba” taassurotlari


Saqlash
17:05 / 26.01.2022 1445 0

Kecha, 25 yanvar kuni soat 11:00 atrofida yurtimizning ko‘plab hududlarida birvarakayiga o‘chgan elektr va bugun tongga qadar davom etgan “qorong‘i seshanba” haqida ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar qizg‘in davom etmoqda. Elektr ta’minoti tiklanib, aloqa vositalari ishlay boshlashi hamonoq hamma mulohazayu taassurotlari bilan bo‘lishishga shoshildi. Hatto elektrga, shamga, energetiklarga atalgan she’rlar yozildi. Oyina.uz fikrlarni saralab, e’tiboringizga havola etadi. 

 

 

Behzod Hoshimov,

iqtisodchi:

 

– Bundan sal kam yigirma yil oldin, AQSHda dunyo tarixidagi eng katta elektr o‘chishi sodir bo‘lgan edi. Asosiy iste’molchilarga 7 soatda chiroq qaytdi, umuman olsak, barcha asoratlarini yo‘qotishga 4 kun ketdi. Buning sababi izchil o‘rganilgan, tadqiqot va tergov natijalarini o‘qisangiz bo‘ladi. Programmada, ya’ni softda muammolar ham bo‘lgan (inson faktori, noto‘g‘ri boshqaruv va dastur xatosi uchta asosiy sabab qilib ko‘rsatilgan). AQSH va Kanadaning 50 milliondan ortiq aholisi bir necha soat elektrsiz qolib ketishi kiber sabablarga ko‘ra sodir bo‘lgani, albatta, diqqatga molik masala. Bu o‘chishni natijasida juda ko‘p xatolar ustida ishlandi, Yevropa va AQSH elektr ta’minoti tizimlari kiberhujumlar va kiberxatolarga tekshirilishi kerakligi va doim stress testlardan o‘tkazish zarurligi haqida bir nechta qarorlarga kelindi. Kutilmagan kulfat oqibatida har xil sabablardan 100 nafar inson qurbon bo‘lgani ham qayd etilgan.

 

Xatolar ustida ishlash natijasida AQSH kongressi mashhur Energetik siyosat qonunini 2005 yili qabul qildi. Kyelajakda ham, terroristik yoki boshqa tahdidlardan, kiberhujumlardan, programma va inson xatolaridan svet o‘chishining oldini olish harakatlari aks ettirilgan. Muhimi, favqulodda vaziyatda qanday strategiya qilinishi kerakligi haqida rejalar tuzib chiqilgan. O‘sha voqealar asosida qabul qilingan qonun hali ham Shimoliy Amerikadagi energetik siyosatda qo‘llaniladigan sa’y-harakatlarni belgilovchi asosiy hujjatlardan sanaladi.

 

O‘ylaymanki, bizdagi bugungi voqealar paytidagi hukumatning tez va yaxshi shakllangan kommunikasiya taktikasi va kulfatning oldini olishga harakatlari kelajak uchun tayyorlanadigan qonunchilik  yaratilishida tajriba sifatida inobatga olinadi. Infratuzilma borasidagi qonunchilik – qurilish va ekspluatasiyaga oid masalalar, mavjud qonunchilikka amal qilinishi va bajarishdagi muammolar, elektr energiya narxlarini bozor siyosatiga hamohang qilish va eng muhimi, O‘rta Osiyo energiya tizimini, xuddi shunga o‘xshash tizim, Shimoliy Amerika tizimining asosi bo‘lmish NERC standartlariga qarab islohot etish, albatta, bu uzoq va uzun jarayon. Lyekin bugungi kun saboqlari bu masalalarga jiddiy e’tibor berishimiz kerakligini eslatmoqda.

 

Bunday favqulodda hodisalarda o‘z kuchi va g‘ayratini ayamay mehnat qilayotgan barcha xizmatchilar va mas’ul tashkilotlarda faoliyat olib boruvchilarga minnatdorchik bildirmoqchiman. Kutilmagan kulfatlar paytida oqilona choralar ko‘rib, asoratlarning iloji boricha oldini olishga harakat qilayotgan barcha insonlarga tashakkur aytmoqchiman. Haqiqatdan, shunday paytlarda davlat xizmatlari sifati qanchalik muhimligi va kerakliligi haqida inson o‘ylanib qoladi. Davlatning asosiy funksiyalari ham aynan shunday vaziyatlarda yaqqol seziladi.

 

 

Xushnudbek Xudoyberdiyev,

huquqshunos:

 

– Xotirjamlik uchun rahmat. To‘rtta katta chorrahadan o‘tdim. Tabiiyki, barchasida svetofor ishlamayapti. Lekin shunday bo‘lsa-da, YPX xodimlari nazoratni qo‘lga olgan. Nazorat yo‘q joylarda ham haydovchilarda g‘ayritabiiy tarzda xotirjamlik va tartibni ko‘rdim. Hayron qoldim, ochig‘i. Aksincha, odatiy kunlarda o‘sha chorrahalarda doim “bardak” bo‘lardi.

 

Barcha odamlar favqulodda holatni to‘g‘ri tushungan, sokinlik va ichki xotirjamlikni yo‘qotmagan, bir-biriga hurmat bilan muomala qilmoqda. Vahima va sarosima ko‘rmadim.

 

Favqulodda vaziyatda xotirjamligini yo‘qotmagan barcha yurtdoshlarimizga katta rahmat. Tezda o‘z kasbiy burchini bajarib, yo‘llarda nazoratni qo‘lga olgan YPX xodimlariga alohida respekt!

 

 

Barno Sultonova,

jurnalist:

– Men uchun chiroqning o‘chib qolgani, metroda yo liftda odamlarning qolib ketgandagi tahlikalari emas, musibatdan foydalanib shamni qimmat qilib sotgan olomon xavfli. Aytaylik, talabalar yoppasiga uyga ketayotganda yo‘lkirani osmon qadar ko‘taradigan olomon xavfli. Men o‘qigan badiiy asarlarda, men ko‘rgan xorij kinolarida bitta maqsad bor, ODAM har qanday vaziyatdayam ODAM bo‘lib qolish kerak. Aytaylik, insonning hayvondan farqi nimada bilinadi. Masalan, suvga tushib ketgan mushukni o‘zi cho‘kib ketish, shamollab qolish ehtimoli bo‘la turib qutqargan inson haqiqiy inson hisoblanadi. Yoki qo‘lidagi eng oxirgi bo‘lak nonini och odam bilan bo‘lishgan kishi haqiqiy insoniyligini yo‘qotmagan, saqlab qolgan sanaladi. Ayting-chi, o‘sha taksichilar, shamchilar shu qadar ochmi, uyi, mashinasi yo‘qmi, fursatdan foydalansa. Tasavvur qiling, kinolardagidek quyosh yo‘qolib qoldi va yerda hayot tugadi. Aniq bilaman, aynan shunday odamlar bir burda non uchun bir-birining go‘shtini yeydi. Kanniballarga, odamxo‘rlarga aylanadi. Afsuski, oramizda bunday och kimsalar ko‘p, judayam ko‘p. Musibatdan foydalanib foyda qilib qolishni o‘ylaydigan pastkashlar bilan rivojlanmaymiz.  

 

 

Nazokat Azim,

matbuot kotibi:

 

Soat 20:00. Svet yo‘q. Telefonda aloqa ham yo‘q. Har 10 daqiqada onamga telefon kilaverganim uchun quvvati ham tugayapti. Nihoyat, ulandi, ularga tushdim. Xayriyat, domlariga svet berishganiga yarim soat bo‘libdi. Kayfiyatlari zo‘r. Mahalladagi do‘konda sham uchun odamlar to‘polon qilishganini, qon bosimi ko‘tarilib uyga kirganlari, keyin qo‘shnining o‘g‘li sham olib kirib bergani gurungini qildilar.

 

Soat 20:30. Oldimizdagi 24 ta domdan iborat mahallaga svet berishdi. Ularning derazalariga havas bilan qaraymiz. Bizda hamon chiroq yo‘q. Telefonimning interneti arang ishlayapti. Uzilib, yana zo‘rg‘a ulanadi, telegramdangina ma’lumot olish mumkin. Energetika vazirligi kanalini tez o‘qib olaman. Tinishmayapti.

 

Soat 21:00. Elektr yo‘q. Telefonimning zaryadi tugadi. Shamda kitob o‘qishga harakat qilaman. Yo‘-o‘q, sham tugab qolsa-chi? Ertaga svet bo‘lmasa, keyin sham topolmasak. Xo‘jayin o‘qiyvering, pilik qilamiz, yog‘ bor-ku deydi, pinagini buzmay. Yo‘q, uy sasiydi undan... Shamni o‘chiraman. Uxlaymiz.

 

Soat 24 lar. Ko‘zimni ochsam, svet kelibdi! Ura! Energetika vazirligi Super Leo bo‘lib ketinglar-yey! Yaqindagina Energetika vazirligi matbuot xizmati shunday nomli kitoblarni kutubxonamizga sovg‘a qilib ketgandi. Xayolimga shu kelibdi. Qoyil! Baraka topinglar!

 

 

Aziza Qurbonova,

telejurnalist:

 

– Bugun hammamiz – ota-onam, aka-ukalarim oilasi va bizning oila (ota hovlimga qo‘shni bo‘lib yashaymiz) qo‘shilib, telefonsiz, televizorsiz kechki taom yedik. Bitta uyni isitish oson, 15 kishi bir uyda yig‘ilsa, sovuq ham sezilmaydi.

 

Hamma o‘zining bugungi ish kuni qanday o‘tganini aytdi, do‘kondan sham sotib olish, suv olish, benzinga navbatga turishganini gapirib berdi. Rosa kulishdik, rosa muhokama qildik, rosa o‘ylandik ham.

 

Archa ko‘chadagi xonadonlar azaldan ulgurji kola-fanta, suv sotadi. Akam yo‘l ustida to‘xtab, uyga ichimlik suvi olmoqchi bo‘libdi, bloklab suv yuklab kelgan furadan tushirishga ham ulgurishmay, odamlar qiy-chuv talashib ketganini aytdi. Ukam do‘konga chiqsa, ko‘tarasiga sham sotib olib, do‘kon atrofida ustiga narx qo‘yib pullayotgan chayqovchilar paydo bo‘libdi.

 

Yana bir ukam mashinada AYOQSHda 1 soat navbatda turgan payti qandaydir ikki mas’ul kelib, benzin berishni to‘xtatish kerakligini aytibdi. Odamlar mashinasidan tushib, “Nyega benzini bo‘lsa, bermasligi kerak, kimsiz o‘zi”, deb gapirganidan keyin boyagilar nari ketibdi.

 

Adamning aytishlaricha, agar ishdan vaqtida qaytmaganlarida juda yomon holat bo‘lishi mumkin edi. Svet o‘chganida gaz bosimi nihoyatda oshib ketgan. Hovlining bir qismini isitish tizimi OGV agregati yerto‘lada joylashgan.  Gaz gurillab yonib, temir uskuna erishni boshlagan... Onamning aytishlaricha, shuncha yil yashab energokollaps nimaligini birinchi marta ko‘ribdilar.

 

Shunaqa gaplar. Gʻalati bir avlod bo‘ldik. Dunyoning total karantini qanday bo‘lishini ko‘rdik, Toshkentda Interstellar epizodini ko‘rdik, endi mutlaq elektr toki bo‘lmasa, qanday bo‘lishi mumkinligini ham ko‘rdik.

 

Hammasi tezda iziga tushayotgani rost bo‘lsin. Telefonimda, poverbanklarda zaryadka oz qoldi, shamlar ham. Tez orada poytaxtdagi Uchtepa qishlog‘im chirog‘ini ham yoqib yuborishar, degan umiddaman.

 

 

Nurbek Alimov,

bloger:

 

– Tashakkur. Kechagi ishlar boshda bor ekan, ko‘z ko‘rdi. Bir qator pozitiv ham bor. Masalan, aloqa 2-3 soatda o‘chadi deyilgan bo‘lsa-da, shaxsan menda umuman uzilmadi. Toshkentdagi oilam bilan ham, Andijondagi jigarlarim bilan ham aloqani ushlab turdim. O‘zim o‘rtada qolib ketgan bo‘lsam-da.

 

Aeroportda kutish soatlari internetsiz juda zerikarli mashg‘ulotga aylangan bo‘lardi, ammo internetim ham umuman uzilmadi. Aloqachilarga ham katta rahmat.

 

Undan tashqari, melisa bratlaram hamma shaharlarda dam olishsiz rejimda ishlashdi. Ularni ko‘rib xotirjam bo‘lasan odam. Zimistondan foydalanib imi-jimida u-bu nomaqbul ishlar kuzatilmadi. Sovuqda yurishdi ko‘chalarda.

 

Eshitishimcha, Toshkentda naqd pulga suv savdolarini ham vahimaga yo‘l qo‘ymasdan yaxshi nazorat qilishibdi shu bratlar. Svetoforsiz yo‘llardagi nazorat ham a’lo darajada olib borilibdi.

 

Xullas, muhimi vahima bo‘lmadi, men-ku oilamning bag‘riga yetib oldim, ammo kecha uyiga kelmagan xizmatdagi bratlar qancha, ehye... Barchaga kuch-quvvat! Rahmat!

 

 

Qamariddin Shayxov,

jurnalist:

 

– Qayerga qarama, hamma shukr aytyapti. Saroylar, sitilar qurilishiga sarflangan pul va aql sovet davridan qolgan umumiy tarmoqdan ajralib chiqishga yetmaganiga shukr qilishimiz kerakmi? Tushunmadim?! Biz ko‘klarga ko‘targan mustaqillik elektrdan mustaqillikni ham o‘z ichiga olmaganiga achindim.

 

Elektrga shukr aytsak, nonga shukr aytsak, Moskopga odam jo‘natib, mardikorlardan kelayotgan pulga to‘y qilayotganimizga shukr aytsak… Ey voh, svet o‘chsa ham, shukr aytsak. Naqadar sershukr odamlarmiz.

 

Energetika vazirligi, hukumat schetchiklarni o‘zgartirish va shunga o‘xshagan boshqa mayda va ko‘proq kimningdir cho‘ntagiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan narsalar o‘rniga mana bunday global masalalar bilan shug‘ullanishi kerak emasmidi? Nega hamon 70-yildan qolgan eski tarmoqda o‘tiribmiz? Nega elektr energiyamiz mustaqil emas? Nega butun respublikaning knopkasi kimningdir qo‘lida?

 

Xavfsiz poytaxt, vaziyatlar markazi, kuzatuv kameralari… Bir deganda o‘chdi. Hovuz qurmay suzishni o‘rgatishning oqibati shu bo‘ladi.

 

Eng yomoni, iqtisodiyot katta zarar ko‘rdi. Nega? Boshqalarning xatosi uchun qaysidir tadbirkor kasodga uchrashi kerak? Nega go‘shtlar do‘konlarda sasib qolishi kerak? Nega sham narxi oshib, ajiotash boshlanishi kerak? Nega non korxonalarida dizel, suv zaxirasi, generatorlar yo‘q? Favqulodda holatlarda nega narigi tumanga non qidirib chopish kerak? Shularga shukr qilaymi men?

 

O‘ylaymanki, Prezident Shavkat Mirziyoyev aybdorlarni joyiga o‘tqazadi.

 

 

Muzaffar Akramov:

 

Ko‘pga kelgan to‘y.

Prezidentimiz boshchiliklaridagi juda katta komandaga chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman.

 

Bugungi texnogen vaziyatni bartaraf qilish va odatiy turmush tarziga qaytish uchun amalga oshirilayotgan tezkor choralar tahsinga sazovor.

 

Yaqindagina bu kabi holat MDHning eng rivojlangan davlatlaridan birida (nomini atayin ko‘rsatmadim) ham kuzatilgan natijada shu mamlakat fuqarolari to‘rt-besh kun chiroqsiz o‘tirgan edi.

 

Bizning hukumat esa bu muammoni 1 sutkaga ham qolmasdan deyarli hal qildi. Aholiga ko‘rilayotgan choralar haqida kun mobaynida batafsil ma’lumot berib borilgani xalqimiz orasida turli mish-mish va vahimalar tarqalishining oldini oldi. Xalq bilan muloqot va ochiqlik-oshkoralik siyosatining amaliy natijasi shu bo‘lsa kerak.

 

Hokimliklar, kommunal xizmat ko‘rsatish tuzilmalari, energetiklar va albatta, kollaps vaqtida chorrahalarda tartibni darhol qo‘lga ola bilgan ichki ishlar xodimlariga alohida tashakkur!

Faxrlandim!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//