Turizmning taraqqiyotida o‘rta osiyolik sayyoh olimlarning o‘rni katta. Jumladan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Nosir Xisrav, Mahmud Koshg‘ariy, Zamaxshariy, Yoqut Hamaviy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Zahiriddin Bobur, Ahmad Donish, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi allomalarni faxr bilan tilga olish mumkin. Ular nafaqat O‘rta Osiyo, balki jahon ilm-fani taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan mo‘tabar olimlardir.
Sharqshunos mutaxassislarning yozishicha, Beruniy hayoti davomida 180 ta kitob yozgan. U sayohati davomida ko‘rgan va kuzatganlarini o‘zining “Osori boqia” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”), “Hindiston” kabi tarixiy va qimmatbaho asarlarida yozib qoldirgan. U mazkur tarixiy asarlarni nafaqat geografiya, balki turizmning rivojlanishiga, sayyohlarga qo‘llanma sifatida ham tavsiya etgan. Beruniyning “Geodeziya” kitobini to‘la ma’nodagi sayyohlik qo‘llanmasi desa bo‘ladi. Chunki unda aholi manzilgohlari, sayyohlik obyektlarining koordinatalari, ularning xususiyatlari bayon etilgan va o‘zi globus tayyorlagani ta’kidlab o‘tilgan. U “Hindiston” asarida sayyohlar uchun kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni, ya’ni Hindiston davlatining tabiati (iqlimi, relyefi, tuproqlari, o‘simlik va hayvonot olami, gidrografiyasi) haqida qimmatbaho ma’lumotlar keltirib o‘tgan. Beruniy fan tarixida birinchilardan bo‘lib globus tayyorlagan va dunyo xaritasini yaratgan olim sifatida dunyoga ma’lum va mashhurdir. Qolaversa, yuqorida nomlari zikr etilgan olim va ajdodlarimizning ham sayyohlik sohasiga qo‘shgan xizmatlari beqiyosdir. Marhum professor, geografiya fanlari doktori H.H.Hasanov Muhammad Xorazmiy haqida: “Muhammad Xorazmiy O‘rta Osiyoning geograf olimigina emas, balki Sharq geografiyasining asoschisi, uzoq Ispaniyadan to Qoshg‘argacha barcha tabiatshunos, geograf sayyoh olimlarga ilhom bergan, namuna bo‘lgan yo‘lboshchisi hamdir” (Hasanov H. Sayyoh olimlar. – T.: “O‘zbekiston” 1981, 19-bet), degan edi.
Yaqin o‘tmishimiz, ya’ni XIX asr oxirlaridan XX asr oxirigacha davom etgan rus mustaklakachiligi davrida yashab ijod qilgan (jadid) allomalar faoliyatining ayrim sahifalari ham turizmning rivojlanishiga ma’lum ma’noda katta hissa qo‘shdi. Jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniylar rus mustamlakachilarining keskin qarshiligi, tazyiqi va bosimiga qaramay o‘z e’tiqodi, qarashlarini o‘zgartirmadilar.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1899-yilda, ayni 24 yoshida Kavkaz, Turkiya orqali muqaddas haj safariga boradi. O‘zining ta’kidlashicha: “1318-sanai hijriyasi tavofi Baytullog‘a Kavkaz yo‘li Istanbul va Misr al-Qohira vositasi-la borib edim. Muddati safarim sakkiz oydan ziyoda cho‘zilib edi” (Behbudiy M. Qasdi safar. “Oyina” j., 1914-yil, 31-son).
Behbudiyning hayoti va ijodini chuqur o‘rgangan jadidshunos olim B.Qosimov: “Mahmudxo‘ja 1903-1904-yillarda Moskva, Peterburgga boradi, 1906-yilda Qozon, Ufa, Nijniy Novgorodda bo‘ladi. Bular sayohat emas, xizmat safari edi. Masalan, Nijniy Novgorodda 1906-yilning 23-avgustida Rusiya musulmonlarining turmush va madaniyati muammolariga bag‘ishlangan qurultoy chaqiriladi. Behbudiy bu qurultoyda turkistonliklar guruhini boshqaradi va katta nutq so‘zlaydi” (Qosimov B. Karvonboshi. // Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tanlangan asarlar. – T.: “Ma’naviyat”, 1997. 10-bet. Qosimov B. Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik. – T.: “Ma’naviyat”, 2002, 219-bet), deb yozadi. Bugungi kun turizmining sayohatchini maqsad va manfaatiga ko‘ra bilish va o‘rganish, sog‘lomlashtirish va sog‘liqni tiklash, savdo, kasbiy (xizmat), diniy va sport turlariga bo‘linishi nuqtayi nazaridan qaraganda Behbudiyning muqaddas haj safariga borishi va qurultoyda ishtirok etishi uning jasur sayyoh olim bo‘lganligidan dalolatdir.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1914-yilda uchinchi bor sayohatga bordi. Bu sayohat Behbudiy hayotida eng samarali, qiziqarli bo‘lishi bilan birga, o‘ziga xos kashfiyotlarning, yangicha dunyoviy tafakkurning shakllanishiga olib keldi. Mazkur sayohat 1914-yilning 29-mayidan boshlangan. Sayohat yo‘nalishi quyidagicha bo‘lgan: Samarqand – Bayramali (hozirgi Marv, Turkmaniston) – Ashxobod – Ko‘ktepa (Turkmaniston) – Krasnovodsk (Turkmanboshi) – Boku – Mineralnie Vodi (Stavropol o‘lkasi) – Yessentuki (Stavropol o‘lkasi) – Pyatigorsk (Stavropol o‘lkasi) – Jeleznovodsk (Stavropol o‘lkasi) – Rostov (Rostov obl.) – Odessa (Ukraina) – Istanbul (Turkiya) – Adirna (Turkiya) – Istanbul – Izmir (Turkiya) – Bayrut (Livan) – Shom (Damashq-Suriya) – Bayrut– Quddus (Isroil) – Xalil al Rahmon – Quddus – Yofa – Port Said (Misr) – Qohira (Misr). Lekin uning qaytish yo‘nalishi va sayohatning qancha davom etganligi aslida noma’lum.
U “Oyina” jurnalining 1914-yildagi 31-sonida: “Oqibat qaror berildiki, Kavkaz va Qrim vositasi-la Istanbulg‘a, aynan Yunonistong‘a kirib, Rum eli temir yo‘li Bulg‘oriston, Avstriya va Bayrut tariqi-la Misral-Qohiraga borib, yana qaytishg‘a Istanbulg‘a kirib, Rum eli temir yo‘li ila Bulg‘oriston, Avstriya va Berlin tariqi-la vatani azizimiz Rusiya va Turkistong‘a avdat etilsa, ikki-uch oydan beri ushbu safarning tahiyyasi (duo, salom)da eduk. Bul asnoda Peterburg‘da bo‘lg‘uchi Milliy majlis mashvaratig‘a bormoq uchun Duma vakili janobi Taklikufdan taklif tiligrofi va savolnomalar keldi. Savolnomalarig‘a keraklik javoblar yuborilib, ma’attaassuf (afsuski), borishg‘a safar mone’ bo‘ldi. Emdi safarg‘a azm etduk” (Behbudiy M. “Oyina” j., 1914-yil, 31-son. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tanlangan asarlar. T.: “Ma’naviyat”, 1997, 54-bet), deb yozadi. Behbudiyning ushbu gapi uning Misr al-Qohiraga borganligi va qaytishda qaysi yo‘nalish bo‘ylab kelganligini mavhumlashtiradi. “Oyina” jurnalida uning Port Saidgacha borganligi va u yerdan Misr al-Qohiraga borishi lozimligi bayon etiladi, xolos. Masalaning yana bir jihati, sayohat xotiralarining davomi jurnalda bosilganmi yoki yo‘qmi, bu yog‘i ham qorong‘u. Shu bilan birga “Oyina”ning qolgan sonlarini topish mushkul bo‘lishi bilan birga, jurnal 1915-yilning iyun oyigacha nashrdan chiqqan, xolos.
Behbudiy qay yurtga sayohat qilmasin, borgan joylari, ko‘rgan-kechirganlarining eng ibratga arzigulik jihatlarini qalamga oladi, ona yurti Turkiston bilan solishtiradi, masalan, Rusiya yoki Turkiyadagi sivilizatsiya belgilarini ko‘rganda shu kabi madaniyat belgilarini o‘z vatanida ham ko‘rish orzusini qiladi. U borgan shaharlarida albatta matbuotga ham qiziqib ko‘radi, tahririyatlarga borib, ijodiy jamoa bilan tanishadi. Buni Behbudiy “Oyina” jurnalining bir necha sonida e’lon qilgan “Sayohat xotiralari”da uchratishimiz mumkin.
Xulosa qilib shuni aytib o‘tish mumkinki, O‘rta Osiyo olimlari ilm-fan taraqqiyotiga, shu bilan bir qatorda turizmning shakllanishi va rivojlanishiga ham katta hissa qo‘shganlar. Sababi, ular o‘zlarining sayohati natijasida yaratgan asarlari bilan ommani bilishga, intilishga, o‘rganishga chorlaganlar hamda jahonda ilm-fan taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shganlar. Ular sayyohlar uchun kerakli ma’lumotlar aks etgan qo‘llanmalar yozganlar. Jahon turizmi tarixida O‘rta Osiyo turizmining shakllanishiga munosib ulush qo‘shganlar.
Munira ISOMIDDINOVA,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti katta o‘qituvchisi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q