Mo‘yqalamda yashagan titroq – Xurshid Davron ijodida lisoniy vizual tasvir


Saqlash
15:57 / 25.01.2022 2364 0

Jahon adabiyotshunosligining hozirgi kundagi eng katta muammolaridan biri san’atlararo sintezni o‘rganish bo‘lib qolmoqda. Zero, globallashuv davrida muayyan san’atni ikkinchi bir san’at turidan ayro holda o‘rganib, to‘laqonli tushunib bo‘lmaydi. San’at turlarining o‘zaro sintezi muayyan san’atni o‘zgasining ifodaviy imkoniyatlari bilan boyitib, badiiy obrazning estetik quvvatini oshiradi. Bugungi adabiyotshunosligimiz tomonidan badiiy adabiyotni tasviriy san’at, kino, teatr va musiqa bilan bir qatorda, ularning o‘zaro chog‘ishtirgan holda o‘rganilishi, avvalo, davrning talabidir.

 

70-80-yillarda, umuman, zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi lisoniy vizual tasvirda shoir Xurshid Davron ijodining o‘rni beqiyos. Uning she’rlari rangtasvir san’atiga boshqalardan ko‘ra ko‘proq yaqinlashadi.

 

Tasvirlari esa haqqoniy va ta’sirliroq chiqadi:

 

Yer ustida nurlar soyasi...

Oydin tun bu!

Go‘yo jodugar

Shahar uzra harir oq doka

Tashlab qo‘yib tomosha qilar

 

(Davron X. Bahordan bir kun oldin. T.: Sharq, 1997. – B. 15).

 

Shoir Xurshid Davronning 1980-yilda yozilgan “Samarqandda oydin tun” nomli she’rida yaxlit manzara tasvirlanadi. Ya’ni, she’rni o‘qirkansiz, ko‘hna Samarqandning tungi – oydin manzaralari ko‘z o‘ngingizda jonlana boshlaydi: Samarqand shahri... Tun... To‘lin oy shu qadar yorqinki, ko‘chada bino va daraxtlar  soya tashlagan... Ammo shoirning maqsadi faqatgina go‘zal manzarani tasvirlashdan iborat emas. Adabiyotshunos B.Nazarov X.Davron lirikasi haqida so‘z yuritib deydi: “Xurshidning aksar she’rlari ko‘pincha tabiat tasviridan tashkil topuvchi tiniq va bokira obrazlar uyg‘unligi bilan nafas oladi. Pirovardida, she’r finalida, biror ijtimoiy masalani yoritish darajasiga ko‘tariladi” (http://kh-davron.uz/ijod/adib/baxtiyor-nazarov-yuragimning-derazalari.html). “Samarqandda oydin tun” she’rida ham ayni shu jihatni ko‘rish mumkin. U o‘zi “chizayotgan” manzara qa’riga katta ijtimoiy dardni yashirgan. Keyingi bandlarda ijodkorning bu maqsadi yanada oydinroq ko‘rinadi:  

 

Osmon gulxan cho‘g‘lari tushib

Milt-milt etib yonayotgan shol.

Arvohlarning bezovta tushi –

Chinorlarni silkitgan shamol.

 

Osmondagi yulduzlar go‘zal istiora bilan cho‘g‘ga, osmonning o‘zi esa sekin-asta yonishni boshlagan sholga (bo‘yinga osib yoki teshigidan kiygizib qo‘yiladigan jazo taxtasi) o‘xshatiladi. Bu o‘rinda shoir mustabitning sekin-asta yemirilib, tugab borayotgan istibdodiga ishora etayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bezovta ruhlar esa ulug‘ ajdodlarimiz, buyuk o‘tmishimizga ishora. Lekin shoir bu ikki badiiy tashbehni-da muayyan tasvir asosida beradiki, siz she’rni o‘qib ramzlar tili bilan tasvirni emas, balki tasvir vositasida ramzlar tiliga kirib borasiz. “Samarqandda oydin tun” she’rida o‘tgan asrning 80-yillarida xalqimiz ziyolilari ichida yanada olovlangan istiqlol orzusining taftini his etish mumkin. Zero, shoir tasvirlayotgan manzaraning har bir detali istiqlol tuyg‘usiga ishora etadi. Ammo bu she’rda bizning e’tiborimizni tortgan eng muhim jihat asar ortidagi subyektning shoirga o‘xshamasligi, u ko‘proq o‘z hislarini tasvir asosida yetkazishga urinayotgan “musavvir” ekanligi bo‘ldi. Zero, musavvir o‘z tomoshabiniga nutqi vositasida so‘zlamaydi. U tasvir, bo‘yoqlar tilida so‘zlaydi.

 

Xurshid Davron she’riyatiga ta’rif berarkan, adabiyotshunos I.G‘afurov shunday yozadi: “Klod Lorren suvratlarini ko‘rganman. Ularda qasrlarning vayronalari juda qadim zamonlardan qissalar aytayotganday. Sokin ko‘rfazlar, qanotli maloikalar, ko‘pirib yotgan oq bulutlar, tonglar, tunlar, so‘lim choshgohlar... Xurshid Davronning she’rlarini o‘qiganda Klod Lorren suvratlari yodimga tushadi” (Davron X. Bahordan bir kun oldin. – T.: Sharq, 1997. – B. 3). Adabiyotshunos shoir asarlarini Lorren suratlariga o‘xshatarkan, quyidagi she’rni nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas:

 

Bulutlar yuzadi…

Oy boqar hayron… 

Bulutlar olovda yongan dalaning

O‘rtasida turgan qadim qal’aning

Devorlari kabi kuyuk va vayron

 

(Davron X. To‘marisning ko‘zlari. – T.: Yosh gvardiya, 1984. – B. 84).

 

X.Davronning lirikada ko‘proq tasviriylikka intilishi tasodif emas. Bunda, eng avvalo, voqelikni ko‘rish orqali estetik idrok etish qobiliyati talab qilinadi. Shoir o‘z his-tuyg‘ularini ifoda etarkan, bu ifoda ijodkorning estetik qobiliyatlari bilan hamohang tarzda kechadi. Deylik, shoirda musiqani his qilish (музыкальний слух) qobiliyati kuchli bo‘lsa, bu o‘z-o‘zidan uning she’riyatidagi musiqiylikni ta’minlaydi. Musavvirlarda va bu sohani tushunadigan, ranglarni his qila oladigan insonlarda esa estetik ko‘rish (эстетическое видение) oddiy odamlarga qaraganda bir necha bor ustunroq bo‘ladi. Ular oddiy ko‘z ilg‘amagan narsalarni “ko‘radi”. Estetik nigohi o‘tkir odamlar tabiatdagi ranglar uyg‘unligini ham, shakllarning boshqalar ko‘zidan pinhon mazmunini ham his qila oladilar. Bunday odamlarda taassurot olish va tasavvur qilish xususiyatlari ham boshqalarga o‘xshamagan tarzda kechadi. Ular tabiiy shakllarni biror narsaga o‘xshata oladilar. Osmondagi bulutlarni kemalarga, tog‘-u toshlarni turli hayvonlarga o‘xshata olishi ulardagi “ko‘rish”ning o‘ziyoq obrazlilikda kechishidan dalolat beradi.

 

Shoir Xurshid Davron yoshligida tasviriy san’at bilan jiddiy shug‘ullangan. Bu borada anchagina qobiliyatli bo‘lgan ijodkor keyinchalik ham ushbu san’at bilan yaqinlikni yo‘qotmadi. Ya’ni, uni nafaqat iste’dodli shoir, balki tasviriy san’at tarixi, nazariyasidan yaxshigina xabardor bo‘lgan musavvir sifatida ham tanish mumkin. U yoshligidan Alisher Mirzayev, Isfandiyor Haydarov va Shuhrat Abdurashidov kabi rassomlar bilan yaqin do‘st, maslakdosh bo‘lgan. Bu esa X.Davronning shoir sifatidagi ijodiy jarayonida ham tasviriy san’at bilan yaqinlikni his etishiga turtki bo‘ladi. Shu sababdan uning she’rlaridagi musavvirona nigohni payqash qiyin emas. X.Davron she’rlari xuddi suratday, shoirning o‘zi esa musavvirday go‘yo:

 

Dala...

Horg‘in bo‘z tuman

Suzib boradi

Jarliklarning ichida

Qalqib turadi

 

(Davron X. Bahordan bir kun oldin. – T.: Sharq, 1997. – B. 3).

 

U yaratgan obrazlarning aksariyati vizuallik xususiyatiga ega bo‘lib, she’rlarida tasviriylik yetakchi. Ijodkor tabiatning ma’lum bir manzarasini tasvirlar (chizar) ekan, bu real manzaraning aynan nusxasi bo‘lmaydi. Manzara shoir yoki rassom qalb qo‘rida qayta “ko‘riladi”, ishlov beriladi. Tasvir ta’sirdor obrazlar bilan boyitilar ekan, uni “ko‘rayotgan” o‘quvchi xuddi rassom chizgan surat qarshisidagi zavqni tuya boshlaydi:  

 

Hovuzda chaygancha kumush sochlarin,

Qush inida erimay yotgan qordek

Oqarib porlaydi daraxt uzra oy

 

(Davron X. To‘marisning ko‘zlari. – T.: Yosh gvardiya, 1984. – B. 92).

 

X.Davron ijodida faqat rangtasvirga xos xususiyatlarning aks etishini ko‘rib qolmay, balki bu san’at tarixi, uning namoyondalari, tasviriy san’at mohiyatiga bag‘ishlab yozilgan she’rlarni ham juda ko‘p uchratishimiz mumkin. Bunday she’rlar sirasiga “Behzod”, “Musavvir bo‘lmoq ersang”, “Musavvir ustaxonasi”, “Musavvir”, “Abulhay so‘zi”, “Van Gog” kabi asarlarni kiritish mumkin. Aynan shu she’rlar shoirning bu san’at borasida xaqiqiy bilimdon ekanligini ko‘rsatadi. Shoir yetuk musavvirlarday rangni his etadi, uning asl mohiyatini anglay oladi. X.Davron “Musavvir bo‘lmoq ersang” she’rida shunday misralar bor:

 

Musavvir bo‘lmoq ersang,

Tilingni sug‘urib ol

Va yaradan to‘kilgan

Qon rangiga quloq sol

 

(Davron X. Bolalikning ovozi. – T.: Adabiyot va san’at, 1986. – B. 141).

 

Rangtasvirning asl mohiyatiga olib boruvchi bu so‘zlar musavvir-shoir tilidangina aytilishi mumkin. X.Davronning rangtasvir bilan bog‘liq she’rlaridagi e’tiborli jihat ham shunda. Ijodkor shu mavzudagi deyarli barcha she’rlarida rangtasvirning xos xususiyatlarini teran mushohada etadi:

 

Rang tanish − hayotni anglamoq, bo‘tam,

Rang tanish − qo‘rquvdan bo‘lmoqdir ozod

 

(Davron X. Bolalikning ovozi. – T.: Adabiyot va san’at, 1986. – B. 9).

 

Shoir uchun chin rassomlargagina xos tuyg‘ular, kechinmalar (“San’at”, “Chyurlyonis”, “Biz shunday yashaymiz”) ham yot emas. X.Davron rassom ijodiy jarayoni va ilhomlangan san’atkor kechinmalarini musavvirona his eta oladi. Bu esa uning she’rlarida ham o‘z aksini topgan:

 

                   Derazada muzdan qatqaloq,

                   Rassom yig‘lar, ko‘zlari xira.

                   Uni qiynar olis xotira −

                   Mo‘yqalamda yashagan titroq

 

(kh-davron.uz/ijod/maqolalar/xurshid-davron-musavvir.html).

 

Shoirning rangtasvir san’atiga qo‘ygan muhabbati uning “Musavvir bo‘lmog‘ ersang” (kh-davron.uz/ijod/maqolalar/xurshid-davron-musavvir.html) nomli essesida yanada yorqinroq ko‘rinadi. Bu esse mashhur rassom Isfandiyor Haydarov ijodiga bag‘ishlangan. Esse biz uchun rassom va shoir o‘rtasidagi yaqinlikni yanada teran his qilishda juda katta qiymatga ega: “Isfandiyor Haydar she’rni juda ishtiyoq, his-hayajon bilan o‘qiydi. Go‘yo u chizayotgan suvratlarga ko‘chmagan yurakning botiniy sadolarini jaranglatishga imkon topganday, go‘yo u yana bo‘yoqlar sukunatiga qaytishdan qo‘rqayotganday baqirib-baqirib, iztirob bilan she’r o‘qiydi”, ‒ deb  yozadi shoir. Go‘yo u musavvirning she’riyatga talpinishidagi asl haqiqatni, sababiyatni ilg‘agandek. X.Davron rassom do‘stining suvratlarini she’rga o‘xshatadi. Uni sevib o‘qishini aytadi: “Isfandiyor chizgan suvratlarni ko‘rgan kishigina uning bu darajada kuyib-yonib she’r o‘qishi sababini anglaydi va unga ishonadi. Isfandiyor chizgan suvratlar ham she’rdek jaranglaydi. Men bu she’rlarni sevaman va sevib tinglayman”. Muallif bu esseda musavvirning ayrim suvratlarini shoirona nigoh bilan sharhlaydi. Ulardagi oddiy odamlar nigohidan pinhon go‘zalliklarni ko‘rishga, ranglar qo‘shig‘ini tinglashga urinadi. Masalan “Baxmalda kuz” (RASM) kartinasiga shunday ta’rif beriladi: “Baxmalda kuz. Daraxtlar gulxani borliqni chulg‘agan. Ostonada to‘xtab qolasan: Sochilib yotgan xazonlar shunday chiroyliki, bosib olmay deb xijolat tortasan. Hali yog‘ib ulgurmagan yomg‘irlar osmonda. Hali daraxt sehrgarlik bilan ovora. Hali yo‘llar yaqin. Hali kutish mumkin. Teraklar ulkan yong‘inning tillari kabi osmonga sapchib turibdi. Darvoza oldidagi ayol ‒ onam va qizaloq ‒ singlim qaytishimni kutib o‘tirishgandek...”

 

X.Davron she’riyatida tasviriylik faqatgina rangtasvir san’ati bilan uyg‘unlikda kechmaydi. Uning ijodida kino san’ati xususiyatlarini eks ettiruvchi asarlarini ham ko‘plab uchratishimiz mumkin.

 

Kino, albatta, insoniyatning buyuk kashfiyoti. Bu san’atda bir necha san’at turlarining sintezlashuv holatini kuzatish mumkin. Kinemotografiya olamni estetik ko‘rsatishi, u haqda informatsiyalarni boshqa tur san’atlardan ko‘ra bir qadar kuchliroq yetkazishi bilan insoniyatning chin ehtiyojidagi san’at bo‘lib qolmoqda. Hozirda kino ko‘rmaydigan, unga qiziqmaydigan odamlarni topish mushkul. Kino allaqachon hayotimizning bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan. X.Davron kinoning ana shu ahamiyatga molik ifoda usullaridan foydalana oladi. U obyektni lahzalik, qotib turgan holatinigina emas, balki bir qancha muddat davomida, ketma-ketlikda sodir bo‘luvchi voqea (kichik epizod)larni ham “tasvirga tushiradi”. Bunday she’rlar sirasiga “Ro‘mol o‘rab ko‘chaga chiqdi…”, “Javzo tuni…”, “Qush o‘g‘risi”, “Osmonda bulut yo‘q…”, “Eshik ochiladi...” kabi she’rlarni kiritish mumkin:

        

Eshik ochiladi,

Daydi it kabi

Orqaga chekinar nimqorong‘ulik…

Bir erkak chiqadi ko‘chaga esnab,

Go‘dak yig‘isini yashirar eshik.

 

Erkak qora rangli yomg‘irpo‘shining

Yozilgan yoqasin ko‘tarib olar,

Erinib izlaydi papirosini,

Shoshmasdan tutatar, o‘ylanib qolar.

 

Keyin derazaga qaraydi so‘lg‘in,

Ohista bosh silkib qo‘yadi unsiz.

Bir ayol oynadan silkitadi qo‘l

Va erkakni olib ketadi kunduz

 

(Davron X. Bolalikning ovozi. – T.: Adabiyot va san’at, 1986. – B. 24).

 

She’rda oddiy bir kishining kundalik yumushlariga otlanish payti tasvirlangan. Kichik bir epizodik tasvirda erkakning dardlari, bir zaylda davom etuvchi kunlarning azobi va shunga mahkum bo‘lgan inson taqdiri o‘ziga xos tarzda ifodalanadi. She’r to‘laligicha tasvir (harakatdagi tasvir) asosida yozilib, uning estetik ta’siri ham ana shu kinemotografik lavhaga singdirilgan. Bunda shoir hech qanday izoh va tavsiflarsiz bir necha soniyalik epizodni keltiradi. U aytmoqchi bo‘lgan fikrlarning bari o‘quvchi ko‘z oldida jonlanayotgan ana shu tasvir vositasida yetkaziladi.

 

Sa’dullo QURONOV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,

doktorant

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//