Jaloliddin Manguberdining manglayiga, ming afsuski, Anushteginiylar sulolasining so‘nggi vakili bo‘lish qismati bitilgan ekan. U umrini mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashga bag‘ishlab, 1221-yildan 1231-yilgacha Xuroson, Eron, Iroq, Ozarboyjon, Gruziya, Afg‘oniston, Shimoliy Hindiston, Kirmon hududlarida jang-u jadal ichra yashar ekan, ne ajabki, ba’zida eng yaqinlaridan ham pand yedi.
Sulton Jaloliddin 1227-yili Isfahon sharqida, yarim kunlik yo‘lda as-Sin degan qishloqda mo‘g‘ullarning 150 mingdan ortiq qo‘shiniga qarshi 100 mingdan ziyod lashkar bilan jang qiladi. Shihobiddin Muhammad Nasaviy muhorabani shunday tasvirlagan:
“Sulton jang uchun belgilangan kunda qo‘shinini saflantirdi. Uning qo‘shin markazi zulmatli tunday qop-qora edi. O‘ng qanoti tog‘dan tushayotgan suv kabi shiddatli, chap qanoti esa kulrang otlar mingan lashkar bilan to‘lib-toshgandi. Qilich va nayzalarga tushgan quyosh nuri yaraqlab ko‘zga tashlanardi. Ikkala tomon ham bir-biriga yuzma-yuz kelgan paytda G‘iyosiddin Sulton qo‘shinlari safini tark etdi. U o‘zi bilan birga lashkarini va Jahon Pahlavon Elchi boshchiligidagi qo‘shinning bir qismini ham olib ketdi. Sulton haddan tashqari bandligidan, o‘zining izidan quvish va ta’qib etish imkoniyati yo‘qligidan foydalanib qochdi. G‘iyosiddin ushbu xatti-harakati bilan ikki dunyoda yuzi qaro bo‘ldi. Bularning hammasi o‘sha paytda ular o‘rtasida Nusratiddin o‘limi tufayli yuzaga kelgan nizo sababli ro‘y berdi”.
G‘iyosiddin Pirshoh va uning lashkari Jahon Pahlavon Elchi bilan birga Isfahon yaqinidagi jang oldidan Jaloliddin qo‘shinini tark etib qochgach, Fors ko‘rfaziga yaqin nuqtada joylashgan Xuziston tomon yo‘l oladi. U vaziri Karim ash-Sharqni Bag‘dod xalifasiga elchi qilib jo‘natadi. O‘zining Fors Irog‘ida hukmdor bo‘lib turgan paytda Oliy devonga qarashli mulklar egalari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatida bo‘lgani, taqiqlangan ishlarni qilmagani, o‘zaro hurmat-izzatni saqlagani, akasi Hindistondan qaytib kelgach, odatdagi ahvol barham topgani, uning xalifalik mulklariga hujum uyushtirgani, natijada o‘rtada ziddiyatlar yuzaga kelganini bildirdi. Agar xalifalik akasi o‘zidan tortib olgan yerlarni qaytarib olishda, mamlakatni qaytadan qo‘lga kiritishda yordam bersa, sodiq qul kabi xizmat qilishga tayyorligini yetkazadi.
Elchi xursand holda qaytib keladi. Xalifa ko‘plab va’dalar bergan, hukmdorlik taxtini qayta egallashida yordamini ayamasligini bildirgan va 30 ming dinorni xayriya sifatida yuborgan edi. Bu davrga kelib xalifalik taxtini, 1225-yili vafot etgan Nosirning o‘rnini ukasi Zohir egallagan, u ham o‘zidan oldingilarning an’anasini davom qildirib, Xorazmshoh Jaloliddinga qarshiman degan har qanday odamga yordam berardi. Ayniqsa, G‘iyosiddinning Jaloliddinga qarshi chiqishi xalifani nihoyatda quvontirgan edi.
Mo‘g‘ullarning Fors Irog‘i va Xurosonni qo‘lga kiritolmay, Isfahondan qaytib ketishi, Jaloliddinning yana qaytadan paydo bo‘lishi G‘iyosiddinni jiddiy tashvishga soladi. Xuzistondan Alamutga yo‘l oladi. Biroq bu yerda ham ko‘p turolmaydi. Sulton jangdan keyin mo‘g‘ullarni ta’qib qilib Royga qadar keladi. Lashkarini Roy va Abxaz chegaralariga qadar yuboradi. Natijada Alamut hamma tomondan Jaloliddin lashkarlari bilan o‘raladi. Bundan G‘iyosiddinning ahvoli yanada og‘irlashadi.
Alamut hukmdori Olovuddin Muhammad III Sulton huzuriga elchi yuborib, G‘iyosiddinga omonlik berishni, uni yana o‘z xizmatiga olishni iltimos qiladi. Jaloliddin bu taklifga ko‘nadi. Alamut elchisi yoniga mulklar mushrifi Tojulmulk Najibiddin Yoqub al-Xorazmiy va tashtdor Jaloliddin Farruxni elchi sifatida qo‘shib yuboradi. Ular G‘iyosiddinni Sulton yoniga olib kelishi va Olovuddin Muhammad III ga o‘rtadagi yarash munosabatiga hissa qo‘shgani uchun minnatdorlik bildirishi kerak edi.
Bu voqeani tarixchi ibn al-Asir boshqacharoq tarzda yozadi. “Jaloliddin G‘iyosiddinning Alamutga, ismoiliylar huzuriga qochganini bilganidan keyin ulardan ukasini berishni talab etadi. Aks holda, hujum qilish niyatini bildirib noma yuboradi. Ismoiliylar hukmdori Olovuddin unga javoban “Ukang bizlarning yonimizdan panoh topgan. U ham sulton va sultonning o‘g‘li. Bizlar uni senga berolmaymiz. O‘z yonimizda olib qolamiz. Sening qo‘l ostingdagi mulklardan biriga ham yuborolmaymiz. Biz sening unga mehr-oqibatliroq bo‘lishingni iltimos qilamiz va bu xususda va’da berishingni kutamiz”, degan javob yo‘llaydi. Jaloliddin ularning talabiga ko‘nadi”.
Ibn al-Asirdan ko‘ra Shihobiddin Muhammad Nasaviyning ma’lumotlarini asosli deyish mumkin. Chunki Alamut hukmdori Jaloliddinga tobelardan biri hisoblanadi. Sultonga yiliga ma’lum miqdorda pul to‘lash hisobiga davlatni boshqaradi. Shu bois uning Jaloliddin talabiga rad javobini berishi haqiqatdan yiroq.
Elchilar Olovuddin huzuriga kelganda G‘iyosiddin Sulton yoniga qaytishdan voz kechadi. U bundan ko‘ra mamlakatlar bo‘ylab maqsadsiz kezib yurganim xavfsizroq deb o‘ylaydi. Alamut hukmdoridan o‘zi va yuklarini tashib ketish uchun ot topib berishda yordam so‘raydi. Olovuddin unga 400 bosh ot hadya qiladi. Ular Alamutdan chiqqanidan keyin Sultonning bu shahar yaqinida joylashgan silahdor Tavashiy Jaba boshchiligidagi qo‘shin bo‘linmasi hujum qiladi. Jahon Pahlavon Elchi boshchiligidagi lashkar ularni asir tushishdan saqlab qoladi. G‘iyosiddin qochib Kirmonga, o‘zining noibi Baroq hojib huzuriga yo‘l oladi. Sobiq noibim menga hurmat-izzat ko‘rsatar, deb umid qiladi.
Baroq uni cho‘lda, Abarko‘h yaqinida 4 ming lashkari bilan kutib oladi. Kirmonga kirishda noib shahzodaning onasiga uylanish fikrini bildiradi. G‘iyosiddinni “aziz o‘g‘lim” deb ataydi. Ona va bolaning keskin qarshiligiga qaramay, ularning ahvoli og‘irligidan foydalanib malikaga uylanadi. Oradan bir muddat o‘tganidan so‘ng ularni o‘ziga suiqasd uyushtirishda ayblaydi. Baroq G‘iyosiddinning onasini, u bilan birga vazir Karim ash-Sharqni, Jahon Pahlavon Elchini qatl qildiradi. Shahzodaning o‘zini esa qal’alardan biridagi zindonga tashlaydi.
G‘iyosiddinning so‘nggi kunlari haqida har xil ma’lumotlar mavjud. Ba’zi muarrixlar uni Baroq o‘ldirtirgan desa, ayrimlari asirlikdan qutulib Isfahonga borganda Sulton buyrug‘iga ko‘ra qatl etilgan, deb yozadi. Aslida esa Baroq hojib G‘iyosiddinning boshini kesdirib, uni “Sizning ikki dushmaningiz bor edi – Jaloliddin va G‘iyosiddin. Ulardan birining kallasini sizga jo‘natdim”, degan noma bilan mo‘g‘ul hukmdori O‘qtoyga (1227-yili Chingizxon vafot etganidan keyin o‘g‘li taxtga o‘tirgandi) yuboradi. Bu ham Baroq hojibning xiyonatkorlardan biri sifatida mo‘g‘ullardan panoh izlaganini ko‘rsatadi.
Baroq hojib Iroq noibi Sharafiddinga yo‘llagan maktubida ham G‘iyosiddinni o‘ldirtirgani to‘g‘risida so‘z yuritadi. Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy bu maktubni Jaloliddin ham, keyinchalik o‘zi ham o‘qiganini e’tirof etadi. Muarrix Ibn al-Fuvatiy G‘iyosiddin Baroq hojib farmoniga muvofiq uning quli Botirqush tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirilgan, degan ma’lumotni beradi. Jaloliddin Xorazmshohning so‘nggi ukasi G‘iyosiddinning hayoti shu tariqa poyoniga yetadi.
Kamol MATYOQUBOV
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q