Onlayn ta’lim: asosiy muammo nimada?


Saqlash
18:01 / 24.01.2022 3645 0

 

Bugun, 24-yanvardan boshlab mamlakatimizdagi barcha oliy (davlat, nodavlat, xususiy hamda xorijiy filiallar) va professional ta’lim muassasalari, akademik liseylar va umumta’lim maktablarida o‘qitish bir oy davomida masofaviy (onlayn) shaklda olib boriladi. O‘tgan hafta oxirida ushbu xabar tarqalishi bilan o‘zbek afkor ommasi yana bosh-adoqsiz bahsga kirishib ketdi. Oyina.uz esa bu haqida mutaxassislar fikriga quloq tutishni afzal bildi.

 

 

Bahodir Karim,

filologiya fanlari doktori, professor:

 

– Ta’lim jarayoni sharoitga ko‘ra masofaviy bo‘lsa, har kim bundan biror hikmatni, yaxshilikni izlashi kerak. Ta’limning har qanday turida ikki tomon ishtirok etadi: muallim va talaba. Maqsad – talabaning biror bir sohada yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi, albatta. Yuzma-yuz (oflayn) ta’limda insofli, bilimli, talabchan muallim talabalarning diqqat-e’tiborini o‘ziga qaratib, ba’zan tanbeh ham berib, saboq jarayonini mahorat bilan boshqarib turadi. Qiziquvchan va ilmga chanqoq talabalar auditoriyada bemalol o‘zlari tushunmay qolgan jumboqlarni, hatto shaxsiy savollarini istagan mahali muallimdan so‘rab olishlari mumkin.

 

To‘g‘risi, masofaviy ta’limda ba’zan imkoniyatlar cheklangan va texnik muammolar bo‘lishi ham kuzatildi. Albatta, bular umumiy bir manzara. Holat. Aslini olganda, har qanday ta’lim yo‘sinida ham bilim olish birinchi navbatda talabaning o‘z “men”ini, o‘zligini anglashi bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Agar dars jarayoni yuzma-yuz bo‘lsa-yu, talabaning o‘zi loqayd, beparvo va nima uchun o‘quv yurtiga kelganini anglamasa, auditoriyaga genial olim, boringki, akademik kirib saboq bersa ham, ko‘pincha natija chiqmasligi mumkin.

 

O‘zini anglagan, o‘zi tanlagan soha mashg‘ulotlarini zavqli bir holatga aylantira olgan talabalar masofaviy ta’lim jarayonida ham tirishib, izlanib, ba’zan muallimlarga qo‘ng‘iroq qilib o‘ziga kerakli ozuqani oladi.

 

 

Isroil Tillaboyev,

Respublika ta’lim markazi direktor o‘rinbosari:

 

– YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 200 milliondan ko‘p bolalar maktablar yopilsa, masofaviy ta’limdan qolib ketishi mumkin. Bu, albatta, davlatlarning avvalo iqtisodiy, ijtimoiy ahvoliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Yodimizda bor, O‘zbekistonda 2020-yil 16-martdan karantin e’lon qilingan bo‘lsa, atigi 14 kun ichida O‘zbekiston onlayn ta’limni tezkorlik bian yo‘lga qo‘ya oldi. Hali hech qanday tajriba va katta resursga ega bo‘lmagan vaziyatda bu o‘ziga xos yutuq edi.

 

Onlayn ta’limda ham dars bergan o‘qituvchi sifatida o‘zim sezgan yutuq va kamchiliklarini sanab o‘tmoqchiman. Avval kamchiliklari:

 

Onlayn ta’lim o‘quvchiga psixologik ta’sir ko‘rsatadi, bolani jamiyatdan ma’lum ma’noda uzib qo‘yadi, o‘z tengdoshlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni to‘sadi.

 

Ushbu ta’lim turida nazoratchilar soni ko‘payishi talab qilinadi. Maktab vaqtida sinf rahbari va fan o‘qituvchisi nazoratni ushlab turgan bo‘lsa, bola uyda onlayn ta’lim olayotgan paytda bu vazifa ota-ona zimmasiga ko‘proq tushadi. Tabiiyki, ota-onalar boshqa sohada mehnat qilishi va yoki o‘zlarining bilimi talab darajasida bo‘lmasligi mumkin.

 

Onlayn ta’lim asosan internet vositasiga tayanishi, dars olish va vazifalarni yuborish internet bilan amalga oshishini hisobga olsak, aloqa vositalari O‘zbekistonning hamma joyida bir xil ishlamasligi ko‘plab muammolarni keltirib chiqardi. O‘tgan karantinda tomga chiqib dars o‘tgan o‘qituvchilarni ham ko‘rdik.

 

Har bir ma’ruzachi elektron ta’lim platformasidan qanday foydalanishni o‘rganishi kerak. Afsuski, bu ham pedagoglarimizdagi kamchilik ekani ko‘rinib qoldi.

 

Endi onlayn ta’limning yutuqlarini sanab o‘tsak:

Qulay texnologiyalardan foydalanish tufayli yuqori samaradorlikka erishish mumkin. Taqdimotlar, testlar, video chat, ekran almashish va darsni qayta-qayta ko‘rib chiqish imkoniyati taqdim etilishini nazarda tutmoqdaman.

 

Har bir o‘quvchining bilim samaradorligini kuzatish osonroq. Chunki o‘quv dasturlari buning uchun qulay testlar va statistikani taklif qiladi.

 

Elektron ta’lim pulni tejaydi. Masalan, pedagoglar yoki o‘quvchilar kundalik yo‘l xarajatini sarf qilmasdan uyda ta’lim berish va ta’lim olish imkoniyatini egallashi mumkin.

 

Siz har qanday joyda mashg‘ulot o‘tkazishingiz mumkin. Yoki kamerani butunlay o‘chirib qo‘yib ham dars o‘taverasiz.

 

Xulosa qilib aytishim mumkinki, masofaviy ta’lim an’anaviy ta’lim o‘rnini bosolmaydi, lekin karantin yoki tabiiy ofat vaqtida o‘quvchilarning bilim olishdan ortda qolmasliklari uchun yaxshi chora.

 

 

Shahnoza Nazarova,

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti doktoranti, filologiya fanlar buyicha falsafa doktori:

 

– Onlayn ta’limning ijobiy va salbiy tomonlari bor, albatta. Ayniqsa, bu jarayonga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilmagan bo‘lsa. Universitet o‘qituvchilari pandemiya boshlangandan buyon ancha-muncha tajriba oshirdi. Videodarslar, taqdimotlar, tarqatma materiallar, nazorat savollari jamlanmasi yaratildi. Zaruriy adabiyotlarning elektron shakli ancha avvalroq tayyorlangandi. Zoom platformasida darslar o‘tildi. Umuman olganda, barcha imkoniyatlar yaratilganda va tomonlar teng tayyor bo‘lganida masofaviy ta’limning hech bir salbiy jihati yo‘q. Ammo qars bir qo‘ldan chiqmaydi...

 

Zoomda dars o‘tamiz, talabalar yuzini ko‘rsatmaydi. Sababi – aloqa yaxshi emasligidan yo tomda, yo biror tepalikda o‘tirgan bo‘ladi; yashash muhitini ko‘rsatishni istamaydi; o‘zini tartibga keltirmagan bo‘ladi; javob berishdan qochadi. Chaqirsak, umuman boshqa ish bilan shug‘ullanayotgani seziladi. Savollarga yonida o‘tirgan oila a’zolari javob qaytaradi, ularning ovozlari kelib turadi. Internet aloqa sifatidan ko‘ra talabaning ma’naviy tomondan tayyor emasligi dars samaradorligini tushirib yuboradi. O‘qituvchi faqat o‘z tasviriga qarab o‘tirib ma’ruza o‘qiydi. Bunday sovuqqonlikni jonli dars muhitida, auditoriyada yengib o‘tish mumkin, pedagog turli usullar bilan 130 talabani 130 xil xayol ko‘chasidan yig‘ib keladi.

 

Talabalar bir semestr o‘tgach, universitet auditoriyasiga moslashadi. Masofaviy ta’limda esa oliy ta’lim tizimiga singisha olmaydi. Ko‘plari buni istamaydi ham. Mustaqil o‘zlashtirish, mustaqil izlanish, mustaqil o‘qishga deyarli kuch sarflashmaydi. Aslida, o‘qituvchi mavzu uchun reja, adabiyotlar ro‘yxatini berishi, yangi mavzuning asosiy nuqtalari bilan tanishtirgach, qiziqtirish uchun fan muammolarini qo‘yishi kerak. Masofaviy ta’lim pandemiyadan so‘ng ham ma’lum shakllarda davom etadi. Uning afzalliklaridan foydalanish uchun faqat o‘qituvchilarni qamchilayvermay, ota-ona va talabada ham tushuncha, intilish hosil qilish kerak. Pedagoglar saviyasiga keladigan bo‘lsak, auditoriyada qoyillatmagan o‘qituvchi masofaviy ta’limda ham yaxshiroq bo‘lib qolgani yo‘q.

 

 

Sohiba Mullayeva,

O‘zJOKU o‘qituvchisi:

 

– Pandemiya sabab yaqin ikki yilda onlayn ta’lim tushunchasi kirib keldi. Aslida bu tajriba jahonda anchadan beri bor va o‘zini oqlamoqda. Rivojlangan ko‘plab mamlakatlarda o‘quv dasturining 60-70 foizini mustaqil izlanish tashkil etadi. Qolaversa, yirik internet platformalarida turli kasb va sohalarni chuqur o‘rgatadigan onlayn kurslar talaygina.

 

Onlayn ta’limning ijobiy va salbiy tomonlarini ikki nuqtai nazardan aytish mumkin. Birinchisi, o‘quvchilar uchun. Ikkinchisi esa talabalar uchun. Sababi, umumta’limda bolalarining masofadan o‘qishi va fanlarni o‘zlashtirishida faqatgina ustozlar emas, balki ota-ona yoki boshqa mas’ul shaxslarning ham yordami zarur bo‘ladi. Talabalar esa nisbatan mustaqil.

 

Maktab o‘quvchilari uchun, afsuski, onlayn ta’limning salbiy tomonlari ko‘proq deb o‘ylayman. Ayniqsa, boshlang‘ich sinfda bu juda katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bolalarga jonli auditoriya, jonli muloqot kerak. O‘tish davridagi o‘quvchilar uchun ham oflayn ta’lim afzalliklari ko‘proq tosh bosadi.

 

Ammo tanganing ikkinchi tomoniga qarasak, onlayn ta’lim jarayonida fursatdan foydalanib qolish ham mumkin. Masalan, ko‘proq kitob o‘qish, turli to‘garaklarga qatnash va hokazo. Bu har bir oilada yo‘lga qo‘yilgan tartib va ota-onaning quntiga bog‘liq. 2-sinf farzandi bor ona sifatida nima bo‘lgan taqdirda ham boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilari uchun oflayn ta’lim, maktab nihoyatda kerak deb hisoblayman.

 

Oliy ta’limda shunday yo‘nalishlar borki, onlayn o‘qitish samaradorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bular tibbiyot, farmaseftika, balki pedagogikani ham kiritsak bo‘lar. Qolgan yo‘nalishlarni masofaviy tarzda ham o‘zlashtirish mumkin. Agar onlayn ta’lim uchun sifatli kontent yaratilsa, albatta. Talabalar yo‘l uchun pul va vaqt sarflamasdan kunining ko‘p qismini kutubxonalarda o‘tkazishi, yangi bilimlarni egallashi, o‘z ustida ko‘proq ishlashi mumkin. Ayniqsa, IELTS kabi xalqaro imtihonlarga tayyorlanib yurganlar uchun onlayn ta’lim ayni muddao.

 

Afsuski, o‘zimizga xos va o‘zimizga mos shart-sharoit va xususiyatlarimizni inobatga olmasak bo‘lmaydi. Birinchidan, onlayn kontent sifati maqtanarli darajada bo‘lmasligi mumkin. Ikkinchisi va asosiysi, talabalar unchalik mustaqil va mas’uliyatli emas. Aksariyatida onlayn ta’limga yengil munosabatni ko‘ramiz. “Semestr oxirida kirib, u yoq-bu yoq qilib, bahomni olib ketaman. Baribir, yiqitishmaydi”, deb hisoblaydiganlar darslarga mas’uliyat bilan qaraydiganlardan ko‘proq. Qishlog‘iga qaytib ketganlarning aksariyati “Zoom” orqali o‘tiladigan mashg‘ulotlarga deyarli qatnasholmaydi. Chiroq va internetni bahona qilishadi. Balki shu muammo barchasida rostdan ham bordir. Lekin aloqa yaxshi bo‘lmagach, talabalarning ham, domlalarning ham masofaviy ta’limdan hafsalasi pir bo‘lgan.

 

 

Shokir Yo‘ldosh,

O‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti, metodist:

 

– Onlayn ta’limning yaxshi tomoni ob’yektiv va sub’yektiv sabablarga bog‘liq. Ya’ni ta’lim oluvchi hamda ta’lim beruvchining ishtiyoqi birinchi o‘rinda bo‘lsa, shart-sharoit ikkinchi o‘rinda ta’sir qiladi.

 

1. Effektivlik jihati. Onlayn ta’limda o‘qituvchida ko‘proq imkoniyat bo‘ladi. Ma’lumotlarni turli shakllarda taqdim qila oladi. Video, audio, pdf kabi. Bu esa talabaning qiziqishini oshirishi tabiiy.

 

2. Zamon va makon erkinligi. Onlayn darslarda o‘quvchi va o‘qituvchi zamon va makonni ancha erkin tanlashi mumkin. Bundan tashqari, birdaniga ko‘plab tinglovchilarni jalb qila olish imoniyati ham paydo bo‘ladi. Shuningdek, onlayn ma’ruzalarni yozib olib saqlash mumkin. O‘quvchi esa istagan vaqt o‘qituvchining ma’ruzasiga qayta oladi.

 

3. O‘rganishga mosligi. Har qanday o‘quvchining o‘rganish uslubi turlicha. Onlayn ta’lim vizuallar uchun ham, audiolinguallar uchun ham, o‘qirmanlar uchun ham birday takliflarni bera oladi. Ya’ni o‘ziga qulay usulda o‘qish mumkin bo‘ladi. Guruh bo‘lib o‘qishni xushlamaydiganlarga ham onlayn ta’lim ayni muddao.

 

Onlayn ta’limning muammoli tomonlari bizning sharoitda asosan resurslarga kira olishning cheklangani (internet, texnikaning yetishmasligi) hamda o‘quvchilarning ishtiyoqsizligiga borib taqaladi. Shunday bo‘lsa-da, boshqa “minus”larni ham sanash mumkin.

 

1. Salomatlikka zarar. Onlayn ta’lim xohlaymizmi-yo‘qmi, bizni ekran oldiga hamda stulga mixlab qo‘yadi. Bu ko‘z hamda umurtqaga zararli bo‘lishi mumkin, ayniqsa, uzoq muddatli mashg‘ulotlar.

 

2. Fokus yo‘qolishi. Onlayn ta’lim jarayonida o‘quvchining ijtimoiy tarmoqlarga, darsga taalluqli bo‘lmagan boshqa narsalarga chalg‘ich ehtimoli keskin ortadi. Diqqatni jamlashga qiynaladiganlar uchun bu katta muammo.

 

3. Majburlashning yo‘qligi. Shunday o‘quvchilar borki, tepasida tergab turadigani bo‘lmasa, umuman o‘qimay qo‘yadi. Onlayn ta’lim esa nazoratni susaytiradi. Bunda o‘quvchi to‘la mustaqil harakat qilishi kerak bo‘ladi. Jamiyatimizdagi eng katta muammo ham shunda – og‘ziga chaynab solmaguningizcha ma’lumotni qabul qila olmaydiganlar juda ko‘p. Bu onlayn ta’limning eng katta muvaffaqiyatsizligi deb o‘ylayman.

 

Nodira IBROHIMOVA,

oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 5
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19136
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15873
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi