O‘zbek xalqi jahon adabiyotining buyuk namoyandalaridan biri Alisher Navoiyning 1941-yil fevral oyida nishonlanajak 500 yillik yubileyiga katta tayyorgarlik bilan kelgan, hatto bu ulkan madaniy voqeaga boshqa ittifoqdosh respublikalarda ham tayyorgarlik ishlari avj olgan bir vaqtda Ikkinchi jahon urushi boshlandi. O‘zbekiston hukumati shunday mushkul bir vaziyatda Navoiy yubileyini o‘tkazishni lozim topmadi va o‘zbek xalqi intiqib kutgan yubiley urushdan keyingi yillarga ko‘chirildi.
Dushman shiddat bilan mamlakat ichkarisiga bostirib kira boshladi. Moskva va Leningrad viloyatlarining g‘arbiy hududlari front maydoniga aylandi. Moskva mudofaasiga favqulodda katta kuchlar tashlangani uchun dushman dastlab Leningradni zabt qilishga ahd qildi. 1941-yil 19-sentabrda 276 ta nemis samolyoti Leningradning havo chegaralarini yorib o‘tib, shahar ustiga 6-marta behisob bombalarni tashladi. Leningrad mudofaasi boshlandi. 20-avgustda nemis-fashist qo‘shinlari Leningrad–Moskva temir yo‘lini kesib, Chudovo shahrini egalladi. 21-avgustda Leningrad shahar partiya tashkiloti va ijroiya komiteti shahar mehnatkashlariga murojaat etib, ularni butun kuchi bilan Leningradni mudofaa qilishga da’vat etdi. 30-avgustda dushman Leningradni mamlakat bilan bog‘lab turgan so‘nggi temir yo‘lini kesib tashladi. 4-sentabrdan boshlab dushman artilleriyasi muntazam ravishda Leningradga o‘lim o‘qlarini yog‘dira boshladi. 8-sentabrda Shlissenburgning zabt etilishi bilan Leningradni mamlakat bilan bog‘lab turgan yagona hayot va najot yo‘li uzildi. Leningradning 900 kun davom etgan qamali boshlandi.
Urush arafasida butun dunyoga mashhur Ermitaj direktori akademik I.A.Orbeli oldida turgan favqulodda katta, davlat ahamiyatiga molik vazifa muzeyning asosiy fondini Sverdlovsk shahriga olib borib joylashtirish, qolgan va shahardagi boshqa muzeylarning eksponatlarini esa Ermitajning yer osti qismiga yashirish, bombardimondan saqlanadigan xonalarni barpo etish va shunday og‘ir sharoitda olimlar uchun ish sharoitini yaratish edi. Ermitajning yer osti qismida jon saqlagan olim va tarjimonlarning bir qismi Navoiy asarlarining ilmiy matnini tayyorlayotgan va uning asarlarini tarjima qilayotgan olim va shoirlar edi. Ular ochlikdan o‘lmaslik uchun yelimdan muzlama (xolodes) qilib yedilar. Vazelin, glitserin kabi dori-darmonlar ham oziq-ovqat vazifasini o‘tadi.
Elektr chiroqlari o‘chirilgan, suv quvurlari buzilgan, eng dahshatlisi, oziq-ovqat zahirasi tugagan Leningrad va leningradliklar hayotida o‘ta mashaqqatli davr boshlandi. Shahar transporti izdan chiqdi, Leningrad aholisi shimolning ayozli qishidan omon chiqish uchun muz-sovuq xonalarda o‘ralib-chirmanib yashadi, ochlik va xastalik minglab leningradliklarning yostig‘ini quritdi.
Shunday og‘ir sharoitda rus sharqshunoslik maktabi beshigi Leningrad shahridagi olimlar va tarjimon-shoirlar Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligini nishonlashga ahd qilib, ulug‘ shoir hayoti va ijodi bilan shug‘ullanishda mardona davom etdilar.
Leningrad, 1941-yil 12-iyun. SSSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining shu kuni bo‘lib o‘tgan Ilmiy kengashida Navoiy asarlarining tanqidiy matnini yaratish masalasi muhokama qilindi. Yig‘ilish Navoiy asarlari matnini arab yozuvida nashrga tayyorlash lozim, degan qarorga keldi. Professor A.A.Ramaskevich Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, A.N.Kononov “Mahbub ul-qulub”, X.G.Rafiqov “Mezon ul-avzon” asarlarini nashrga tayyorlash ishlari qanday borayotgani haqida axborot berdilar. Yig‘ilishda ishtirok eta olmagan Ye.E.Bertels esa o‘sha kunlarda “Muhokamat ul-lug‘atayn”ning tanqidiy matnini yakunlash arafasida edi.
Bu olimlardan tashqari, leningradlik sharqshunos-tarjimonlar ham Navoiy asarlarini rus tiliga tarjima qilishga katta ishtiyoq bilan kirishgan edilar. Ular nonsiz, oziq-ovqatsiz qolganlariga qaramay, harbiy qism va kasalxonalarda, korxonalarda ko‘plab ijodiy kechalar o‘tkazdilar, radio orqali aholining egilgan, singan ruhini tiklashga yordam beruvchi dil so‘zlarini aytdilar, she’rlar o‘qidilar.
Taniqli shoir va tarjimon Vsevolod Rojdestvenskiy fors-tojik adabiyotining ayrim namoyandalari ijodi bilan yaxshi tanish bo‘lgan. Lekin Navoiy ijodi uning uchun hali ochilmagan qo‘riq edi. U leningradlik olimlarning ulug‘ o‘zbek shoiri ijodi bilan shug‘ullanayotganlaridan xabar topib, shu xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shish istagini bildiradi. Vsevolod Rojdestvenskiy Navoiy ijodi bilan tanishgani sayin uning jahon adabiyotining daho siymolaridan biri ekanini kashf etib boradi. U dastlab Navoiy ijodi haqida maqola yozmoqchi bo‘ladi. Ammo do‘sti Nikolay Lebedevning shoir ijodidan qilgan tarjimalarini o‘qib, o‘zi ham Navoiy asarlaridagi badiiy latofatni rus kitobxonlariga yetkazishga kirishadi. Shu tarzda u ham shaxsiy tashabbusi bilan leningradlik olim va tarjimonlar safiga kelib qo‘shiladi. Ammo ko‘p o‘tmay, Rojdestvenskiy harbiy xizmatga chaqirilib, tarjimonlik qalamini miltiqqa almashtirishga majbur bo‘ladi.
1941-yil 10-dekabr. Erta tong... Botqoqli o‘rmondagi xandaq... Siyosiy bo‘lim vakili xandaqqa kelib, hordiq olib yotgan jangchi-shoirga murojaat etadi:
– O‘rtoq kapitan, sizni siyosiy bo‘limga chaqirishyapti! Zudlik bilan yetib borishing lozim!
Rojdestvenskiy bir zumda kiyinib, batalonning siyosiy bo‘limiga yetib boradi. Komissar shu zahoti uning qo‘liga bir parcha qog‘ozni tutqazib:
– Qayerga borishingni bilasanmi? Leningradga! – deydi havas bilan.
Kapitan hayron bo‘lib, qog‘ozga qaraydi. Qog‘ozda “Taklifnoma. Alisher Navoiy (1441–1941)” degan so‘zlar yozilgan edi. Jangchi-shoir qog‘ozning ikkinchi betini ochib o‘qiydi: “Davlat Ermitaji Sizni ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiy tug‘ilgan kunning 500 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishga taklif etadi. Tantanali yig‘ilish shu yil 10-dekabr soat 14 da boshlanadi. Naberejnaya ko‘chasi, 34-uy. Kichik yo‘lakdan kiriladi”.
V.Rojdestvenskiy o‘sha kuniyoq Leningradga yetib borib, yubiley kechasiga tayyorlana boshlaydi.
1941-yil 11-dekabr. V.Rojdestvenskiy Ermitajga yetib kelganida, muzey derazalari Nevaga qaragan kichik zalda qirqqa yaqin kishi to‘plangan edi. Ular qanday issiq kiyimlari bo‘lsa, shu kiyimlariga o‘rangan holda o‘tirardilar. Jangchi-shoir e’tiborini tortgan yana bir narsa shu bo‘ldiki, zalda tanish olim va shoirlardan, shuningdek, Ermitajning Sharq bo‘limi xodimlaridan tashqari, notanish kishilar ham o‘tirishgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, ular Navoiyga bag‘ishlangan tantanali anjumandan xabar topib, sovuq va ochlikka, o‘q-bombalar jalasiga qaramay, uzoq-yaqindan qiynalib bo‘lsa-da kelishgan ekan.
Kechani urush tufayli charchagani, asab xastaligiga duchor bo‘lgani va erta qarib qolganiga qaramay, akademik I.A.Orbeli kirish so‘zi bilan ochadi. U Navoiy ijodi misolida ajdodlarimiz yaratib qoldirgan madaniy merosning sovet xalqi tomonidan e’zozlanayotgani, uni har qanday balo-qazolarga qaramay, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash lozimligi haqida so‘zlab, tinglovchilarning madorsiz qarsaklari ostida Navoiy tavalludi 500 yilligining qamal qilingan Leningradda nishonlanishi fan va madaniyat dushmani fashizmga berilgan zarba ekanini aytadi.
Lirik chekinish. Shubhasiz, o‘sha favqulodda mushkul kunlarda Navoiy yubileyini o‘tkazish shartmikan, degan kishilar ham oz bo‘lmagan. Akademik I.A.Orbeli bunday qarashlarni keskin qoralab, ma’ruzachilar va tarjimonlarning anjumanga qanday tayyorgarlik ko‘rayotgani bilan muntazam ravishda qiziqqan, hatto ularga tanbeh ham berib turgan: “Navoiyga bag‘ishlangan anjumanning nafaqat katta ilmiy, balki siyosiy ahamiyatga ega ekanini anglamayapsizlar, chog‘i. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, anjumanni shunday o‘tkazaylikki, jahon qoyil qolsin. Fashistlarga sovet fanining, sovet fani namoyandalari – zabardast olimlarimizning kuch-qudratini, G‘alabaga bo‘lgan buyuk ishonchini amalda ko‘rsatib qo‘yishimiz kerak!”.
Mashhur olimning bu so‘zlaridan dalda olgan olimlar anjumanga jiddiy tayyorgarlik bilan kelgan edilar.
1941-yil, o‘sha kun. Kecha raisi “Navoiy yashagan davr” mavzuidagi birinchi ma’ruzani o‘qish uchun atoqli sharqshunos olim A.N.Boldirevga so‘z beradi. Ma’ruzachi buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy yashagan tarixiy davrni mukammal tavsiflab, uning behuda qon to‘kilishiga, xalqning zolim podsho va amaldorlar tufayli jabr-zulm ko‘rishiga qarshi chiqqan buyuk insonparvar shoir ekanligiga alohida urg‘u qaratadi. U ma’ruzasini: “O‘zbek xalqining insonparvar shoiri shu favqulodda og‘ir va mushkul kunlarda biz bilan birgadir”, degan so‘zlar bilan tugatganida, madorsiz qo‘llar qarsak chalishga talpinadi.
Lirik chekinish. Urushning dastlabki oylarida Lomonosov nomidagi Leningrad chinni zavodi mamlakat ichkarisiga ko‘chirilgan, zavod rassomi M.N.Mox esa ona shahrida qolib, Ermitajning qurilish-ta’mirlash brigadasida xizmat qilayotgan edi. U noyabr oyi o‘rtalarida Navoiyning 500 yilligiga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan darak topib, muzey direktori huzuriga kiradi va unga yubileyda qatnashish istagini bildiradi. Ruxsat olgach, kerakli asbob uskunalarni katta mashaqqat bilan topib, sovuqdan titrab turgan qo‘llari bilan “Sab’ai sayyor” dostoni motivlari asosida bezalgan chinni buyumlarni tayyorlaydi. Yubiley uchun shu mashaqqatli kunlarda maxsus ishlangan va anjumanning kichik ko‘rgazmasidan joy olgan bu buyumlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldiradi.
1941-yil, o‘sha kun. Birinchi ma’ruzadan keyin so‘z Alisher Navoiy g‘azallarini rus tiliga tarjima qilgan shoirlarga beriladi. Birinchi bo‘lib N.F.Lebedev minbar oldiga keladi, ammo bir necha kundan beri tuz totmagani uchun hushini yo‘qotib yiqiladi. Orada paydo bo‘lgan noxush vaziyatni bartaraf etish uchun yosh adabiyot muallimlaridan biri minbarga chiqib, Navoiy g‘azalini o‘z tarjimasida o‘qib, yig‘ilganlarni hayratga soladi. So‘ngra issiq choy ichib, o‘ziga kelgan N.F.Lebedev Navoiy g‘azallaridan tarjimalarini o‘qiy boshlaydi. Uning zaif ovozi tashqarida kechayotgan gumbur-gumburlar ostida o‘qtin-o‘qtin eshitilmay qoladi. Shunday bo‘lsa-da, Navoiy she’riyatining nafis musiqasi va poetik qudrati anjuman qatnashchilarini o‘zining ohanrabo doirasiga tortgan edi.
Ana shu to‘lqinda minbarga ko‘tarilgan kapitan Vsevolod Rojdestvenskiy ham o‘z tarjimalarini hayajon bilan o‘qib, qatnashchilarni o‘zbek shoirining go‘zal va boy badiiy olami bilan tanishtirishga munosib hissa qo‘shadi.
Qorong‘i tushib, dushman zambaraklarining xuruji yaqinlashayotgani haqidagi radio xabari anjuman ishini to‘xtatishga majbur etadi. Chetdan kelgan mehmonlar Ermitajdan chiqib, sekin-asta sovuq va qorong‘i shahar bag‘riga singib ketadilar.
1941-yil 12-dekabr. Akademik I.A.Orbelining taklifi bilan anjumanning davomi 12-dekabrga ko‘chirilgan edi. Shu kungi yig‘ilish professor B.B.Piotrovskiyning “Navoiy obrazlari va Qadimgi Sharq asotirlari” mavzusidagi ma’ruzasi bilan boshlanadi. Ma’ruzachi Navoiy dostonlaridagi qahramonlar obrazini Sharq mifologiyasidagi obrazlar bilan qiyosiy tahlil qilayotgan chog‘ida havo hujumi boshlanib zambaraklar tilga kiradi. Fashist samolyotlari zambaraklarning qaqshatg‘ich zarbasiga uchragan va orqaga qaytgan bo‘lsa kerak, ko‘p o‘tmay sukunat cho‘kadi. Anjuman o‘z ishini davom ettiradi. Ma’ruzadan keyin yana Nikolay Lebedev o‘z tarjimalaridan namunalarni o‘qiydi.
1941-yil 29-dekabr. Navoiyning 500 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar hali tugamagan edi. Leningradlik olimlar mashhur o‘zbek shoiri ijodini o‘rganish, asosiy ilmiy-nazariy va nasriy asarlarining tanqidiy matnini hamda Navoiyga bag‘ishlangan tadqiqotlar to‘plamini tayyorlash ustida ishlashda davom etadilar. Sharqshunoslik institutining Leningrad bo‘limida olib borilayotgan ishlarning dastlabki natijalari institutning 29-dekabrdagi ilmiy kengashida ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola qilinadi. Shu kuni ertalab soat o‘nda institutning Birja ko‘chasidagi binosida boshlangan ilmiy kengash akademik I.Y.Krachkovskiyning kirish so‘zi bilan ochiladi. Mashhur arabshunos olimning nutqidan keyin SSSR Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi Y.E.Bertels “Navoiy ijodi”, institutning katta ilmiy xodimi B.T.Rudenko esa “Navoiy va gruzinlarning “Bahromguriani” dostoni” mavzularida ma’ruzalar o‘qishadi.
Lirik chekinish. Buyuk o‘zbek shoiri 500 yilligining 1941-yilda qamal qilingan Leningrad shahrida nishonlanishi insoniyat madaniyati tarixiga leningradlik olim va shoirlarning katta jasorati sifatida kirgan. Ular Neva bo‘yidagi shahar aholisi ochlik va sovuqdan qirilib ketayotgan bir vaqtda o‘zlarida Navoiy va uning ijodiga hurmat bilan qarash, ijodini o‘rganish, asarlarini tarjima qilish uchun kuch va madad topdilar. Afsuski, ismi noma’lum adabiyot muallimlaridan biri, shuningdek, Lebedev va Rudenko o‘sha kunlarning o‘zidayoq ochlikdan vafot etdilar.
Porloq ilmiy hayoti mobaynida ko‘plab jahonshumul ishlarga daxldor bo‘lgan akademik I.A.Orbeli 1941-yilning 10-dekabrini alohida eslab, bunday degan ekan: “Zalda o‘tirgan kishilar orasida o‘zbek xalqi bilan chatishgan birorta ham kimsa yo‘q edi. Lekin buning hech qanday ahamiyati bo‘lmadi. Shu yerdagi yig‘ilish qatnashchilari uchun shu kuni chinakam bayram bo‘ldi. Bu hol ma’ruzalarning puxta o‘ylab tuzilganida, Navoiy g‘azallarini yoshgina rus muallimi yaxshi tarjima qilganida (u bayramdan keyin bir necha kun o‘tgach vafot etdi), chinnidan yasalgan badiiy buyumlarga Navoiy asarlari mavzulari asosida ishtiyoq bilan suratlar ishlanganida, zalda hozir bo‘lganlarning chehralari nurlanib ketganida ham sezilib turardi”.
O‘zbek xalqiga vujudidagi qonning biror zarrasi bilan bog‘lanmagan leningradliklarning o‘ta mushkul va fojiali bir davrda ulug‘ o‘zbek shoiriga shunday ixlos qo‘ygani va uning o‘lmas asarlarini o‘qib, Alisher Navoiyni jahon adabiyotining buyuk namoyandalaridan biri sifatida e’zozlagani biz Navoiyning avlodlari uchun hamisha buyuk ibrat bo‘lib xizmat etajak.
Naim KARIMOV,
akademik
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”
gazetasi, 2022-yil 14-yanvar, 3 (4661)-son.
“Leningradlik navoiyshunoslar” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
2 Izohlar
Saidmurod
12:01 / 01.01.1970
Navoiy -- har qanday davrda ham qadri baland fenomen.
Nargizaxon
12:01 / 01.01.1970
Havoiy har qanday davrda ham buyuk boʻlgan va buyukligicha qoladi.Ana shunday mashʼum kunlarda ham Buyuk NAVOIYga hurmat va ehtirom koʻrsatgsn rus olimlarini ham jasorat timsollari desa boʻladi