Olloh insonni qalb bilan yaratdi. Bu qalbga dard ham, quvonch ham jo bo‘ldi. Bu ikki qarama-qarshi tuyg‘u mudom kurashdadir. Ana shu kurash asnosida bulut va quyosh nurlarining to‘qnashuvida chaqin hosil bo‘lgan kabi dilning tub-tubida isyon ham, shukronalik tuyg‘ulari ham paydo bo‘ladi. Bu kechinmalar yurakka teran va sirli ilhomni tashlab o‘tadiki, bu goho she’r, gohida musiqa shaklida namoyondir. Iztirob va dard ma’lum ma’noda insonning inson ekanligiga dalil, uning mukarram zot ekani, bir so‘z bilan aytganda, uning mazmuni va mohiyatidir.
Inson shu bois oliy va yuksak xilqat, uning tuyg‘ularida kechayotgan dard va iztiroblar aslida qalbning isyoni, o‘zini izlash yo‘lidagi kurashlaridir! Muhabbat inson qalbining xaloskori, u tuyg‘ular og‘ushida evriladi, toblanadi va qayta-qayta yonadi. Bu evrilishlar nolalarga aylanib, inson qalbida musiqa taronalarini yaratadi. Inson qalbi shu taronalar orqali erkka talpinaveradi. Musiqa qalbning tili, so‘zga ko‘cholmagan dard-u quvonchning ifodasi. U qalbning nozik javhari, tirik hayotidir. Busiz ko‘ngillar qattiqlashadi, tuyg‘ular o‘limi avj oladi. Uzoq vaqt davomida falsafada musiqaga qat’iy ta’rif berilmadi va musiqa deganda tovushlarning tartibli ketma-ketligi (ritmi) tushunilib, bularning falsafaga aloqasi yo‘q degan qarash shakllandi. Yoki uning tarixiy-nazariy ta’limotlari unutildi. Falsafadan yiroqlashgan musiqa inson uchun maishiy, oddiy lazzat obyektiga aylandi. Achinarlisi, musiqaga ilm sifatida emas, ermak deb qaraldi.
Boshqacha aytganda, musiqa qo‘shiq nolalari bilan uyg‘unlashgan, texnik vositalarda sayqallangan joziba maydoniga tortildi. Biroq na musiqa, na adabiyot, na tom ma’nodagi har qanday san’at shunchaki ermak uchun mavjud emas, ular jamiyatning ancha chuqur ehtiyojlariga javob beradigan o‘z falsafasiga ega.
Musiqa va falsafa uyg‘unligi insonning ruhiy-ma’naviy dunyosini boyitish, ularda hayotiy maqsadlarni shakllantirish kabi muammolarni oydinlashtiradi. Musiqa navo bersa, falsafa g‘oya beradi. Ikkalasining uyg‘unligi esa qalbning tirik hayotidir.
Falsafa – tafakkur manbayi, g‘oya musiqa orqali inson ruhiy olamining qatlamlariga kirib boradi. Qalbni hayot realliklari bilan hamohang bo‘lgan muvozanatga yetaklaydi. Bunday yaxlitlik insonda yaratuvchanlik, sadoqat, adolat, mardlik va jasorat tuyg‘ularini uyg‘otadi. Musiqa nafaqat ohanglar va navolar majmui, unda inson qalbining chuqur va ba’zida o‘zi anglab yetmagan ichki kechinmalari yotadi. Yuzaga ko‘tarilgan his-tuyg‘ular esa falsafadan najot topadi.
Musiqa falsafasi olam manzarasi bilan bog‘liq hodisa, u qadimgi davr va hozirgi zamon faylasuflari nuqtai nazaridan ham alohida olingan san’at turidan ko‘ra kattaroq, chunki uning manbai olam borlig‘i, koinotning tubida mavjuddir. Ikkinchidan, musiqa san’ati hodisalari inson tomonidan yaratilgan tovush g‘oyalari bo‘lib, ular u yoki bu tarzda olam haqidagi tasavvurni ifodalaydi, tabiat va inson haqiqatini qamrab oladi.
Musiqiy tafakkur madaniyati ijtimoiy-tarixiy faoliyat subyektlari dunyoqarashining eng chuqur negizlari bilan bog‘liq. U dunyoning o‘ziga xos modeli sifatida harakat qilish imkoniyatiga ega. Dunyoqarash ma’naviy ijodkorlik va ayniqsa musiqa san’atini anglash jarayonidagi asosiy rolini tushunishga olib keladi. Musiqiy asarlar voqelikni va insonning o‘zini badiiy obrazlarda anglashga yordam beradi va shu bilan odamlar dunyoqarashiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. U rivojlanishning shunday yuqori darajasiga erishadiki, natijada dunyoni, insonni va uning dunyoga munosabatini ifodalash qobiliyatiga ega bo‘lib, falsafaning tarkibiy qismlaridan biriga aylanadi. Zotan, musiqa shaxsning o‘zini namoyon qilish usuli bo‘lib, bu o‘z navbatida falsafiy dunyoqarashiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Musiqa falsafasiga murojaat qilish dunyoning kosmologik va zamonaviy manzaralari nuqtayi nazaridan inson dunyoqarashi qiymatini tushunish demakdir. Biz, zamonaviy faylasuflar va san’atshunoslar uchun musiqa san’ati dunyoviy makonda xaos shaklning abadiy ifodalangan universal ritm va garmoniyasini ko‘ramiz. Bizning musiqamiz – koinotning umumiy qonuni, buyuk ritm, ongimiz tomonidan idrok etilayotgan ohanglar kompozitsiyalaridir. Zotan, har bir musiqiy asarda inson kamoloti rivojining o‘ziga xos ichki qonuniyatlari mavjud.
Antik davr faylasuflarining har qanday harakatlanuvchi narsa tovush chiqarishi kerak va tovush chiqaradi, dunyo tovush chiqaruvchi kosmosdir degan fikrlari eskirgani yo‘q. Qadimgi dunyoning naturfalsafiy manzarasida musiqa uyg‘un tashkil etilgan jarangdor koinot sifatida tasavvur qilingan. Ilk antik davrda olam manzarasi ilohiy uyg‘unlik tushunchasi bilan bog‘lanib, dunyoqarash tizimini tashkil etgan, unda musiqa falsafasi o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Musiqa vositasida tuyg‘ular va qalbning ruhiy tuzilishini boshqarish zarur deb hisoblangan, chunki musiqa koinotning kosmik ritmi va kosmik uyg‘unlikning timsoli bo‘lib, uning mohiyati insonning dunyoqarashini shakllantiradi.
Qadimgi davr olimlari nuqtayi nazaridan musiqaning mafkuraviy ta’siri avvalo insonda u yoki bu axloqiy munosabatlarni shakllantirishda deb qaraladi. Konfutsiy “Biror mamlakatning podshohligi obodmi, axloqi sog‘lommi, shuni bilmoqchi bo‘lsang, uning musiqasiga quloq sol” deydi. Musiqa nafaqat insonning ichki psixologik holatiga chuqur ta’sir ko‘rsatishi, balki uning mafkurasi va dunyoqarashini ham ifodalashi qadimdayoq kuzatilgan.
Musiqa insonning hissiy dunyosiga, uning tuyg‘ulariga, ongli va ongosti sohasiga hukmronlik bilan kirib borish, psixologik kayfiyatga ta’sir qilish qobiliyatiga ega san’at bo‘lib, uni juda keng diapazon chegaralarida ko‘rish mumkin. Insoniyat to‘plagan musiqiy boyliklarni tabiiy va to‘g‘ri tushunish va sevish ko‘pincha insonning hayot yo‘lida muqarrar ravishda yuzaga keladigan ko‘plab murakkab va qiyin muammolarga munosabatini belgilaydi. Dard va iztiroblarning inson qalbida isyonga aylanishi ham shundan. Binobarin, Bax va Chaykovskiyni sevmaslik uchun ruhiyatni anglamaslik kerak. Motsart bilan Glinkani yaxshi ko‘radigan va tushunadigan odam hech qachon axloq sohasida vijdonsiz va iflos bo‘lolmaydi. Maqom nolalaridan mast bo‘lgan inson doimo el qayg‘usi bilan yashaydi.
Falsafa va musiqaning o‘zaro bog‘liqligi masalasi bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. Endi u nafaqat falsafa, balki siyosat maydoniga ham kirib keladi. Aniqrog‘i, musiqaning kuchidan siyosiy maqsad yo‘lida foydalanish amaliyoti ishga tushiriladi.
Bu voqealar 1980-yillarda, sho‘ro davlati “kommunizm g‘alabasi sari shaxdam odimlayotgan” qattol davrlarda avjiga chiqadi. Bosqinchilik, zo‘ravonlik bilan erishilgan zafarlarni ko‘r-ko‘rona madh etuvchi baqiroq, jasoratga chorlovchi qo‘shiqlar yaratiladi. Ular partiya rahnamolariga sig‘inish, yaratilgan “erkinlik” uchun hamd-u sano o‘qishga qaratilganligi bilan G‘arb targ‘ibotidan ajralib tursa-da, muddaosi bilan katta farq qilmaydi.
“...Birlashtirdi mangu xalqlar ixtiyori,
Sovet ittifoqi, yasha va gulla!”.
Bunday qo‘shiqlar ohangi bizning milliy musiqamizga shu darajada yot ediki, o‘zligini tanigan har qanday inson bu holatdan nafratlanmasligi mumkin emas. Quyidagi misralarga e’tibor qiling:
Bepoyon yurtimning bir gulbog‘i,
Moskvadan nur olgan baxt mayog‘i,
Baxtlisan qardoshlik oilasida
Tepangda hilpirar erk bayrog‘i.
Bunday qo‘shiqlar orqali o‘z baxtini kuylagan yosh avlod baxtiyor ekaniga va bu baxt Moskov tufayli ekaniga aslo shubha qilmasdi va haqiqiy baxt nima ekanini bilmasdan o‘tib ketardi. Bu ko‘p jihatdan mustabid tuzum uchun o‘z samarasini berdi. Uning ortidan katta-katta “san’at arboblari” yetishib, butun bir qo‘shiq kuylovchi qullar armiyasi tashkil etildi.
Hayot to‘g‘risida ma’lum bir tasavvurga ega bo‘lmagan beg‘ubor bolalik davridanoq yoshlarni qullik ruhida tarbiyalash jamiyatning bosh maqsadi edi. Bu maqsadni ko‘ngildagidek amalga oshirish uchun barcha vositalar, jumladan, musiqa va qo‘shiq san’ati ishga solindi. Shoir va yozuvchilar, bastakorlar ushbu maqsadni amalga oshirishga safarbar etildi. G‘ariblashgan, asosiy qutlug‘ vazifasidan uzoqlashtirilgan musiqa siyosiy vosita sifatida ijtimoiy hayotimizning barcha jabhalariga kirib bordi. U bizni erta tongdan shavkatli mehnatga, bitmas va hech qachon ushalmas “istiqbol sari” da’vat etar edi.
Liverpulning afsonaviy “Bitlz” rok-guruhining tashkil etilishidan ko‘zlangan asl maqsad bugun hech kimga sir emas. Bu guruh “Bilderberg” yashirin klubi tomonidan yangi dunyo tartibotini yaratishga urinish samarasi bo‘lib, u ommaviy tafakkurni nazorat qilishda musiqani mukammal namuna vositasiga aylantiradi.
“Bitlz” shunchaki 1960-yillar boshidagi oddiy guruh emas. Bu shunchaki yoshlarning eski ijtimoiy tizimga qarshi o‘z-o‘zidan ko‘tarilgan isyoni ham emas, balki ingliz hukumati tomonidan puxta ishlab chiqilgan (Britaniya Psixologik urush byurosining maxfiy rahbarligida) aholiga turli kuchli buzg‘unchi elementni kiritish rejasining natijasi. Bu aholining katta guruhi nomaqbul deb hisoblagan o‘zgarishlarni qabul qilgan qatlamning yorqin namunasi edi. Reja Markaziy razvedka boshqarmasi, Buyuk Britaniyaning MI-6 va Tavistok instituti[1] tajribasi asosida amalga oshiriladi, ular ruhiy holatni buzadigan kuchli narkotik moddalarni tarqatishni tashkil etadi.
Keyinchalik bu olamshumul hodisa bitlomaniya nomi bilan mashhur bo‘ldi. “Bitlz” AQShga kelganidan so‘ng hech kim amerikaliklarning butun bir avlodiga keltirgan madaniy falokat ko‘lami qanchalik katta ekanligini tasavvur ham qila olmagan[2]. Amerika yoshlariga qarshi e’lon qilinmagan madaniy urush davrida 1967-yilda Tavistok instituti millionlab yoshlarni “festival”larga jalb qilib, ochiq havoda rok konsertlar uyushtirish amaliyotini joriy qiladi. Bu konsertlarda gallyutsinogen preparatlar, shuningdek, “Bitlz” tomonidan targ‘ib qilinayotgan LSD[3] narkotik dorilari bemalol tarqatilgan[4].
Keyinchalik bu tajriba ko‘plab davlatlarning siyosiy amaliyotiga ham kirib keldi.
Har bir davr va uning siyosiy mafkurasi ayniqsa qalblar jilovlanganda, ruhiyat qafasda tutilganda musiqa falsafasiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Maddohlikka ko‘nikkan ko‘ngil va chorasiz qolgan qalb qanchalik faryod chekmasin, go‘dak ingrog‘idek ma’sum qoladi. Faqat erkin jamiyat inson ruhi parvoziga malham bo‘ladi.
Bugun yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar millatimizning ma’naviy, ruhiy kamolotga erishayotganining yorqin dalilidir. Biroq, yuqorida ta’kidlanganidek, bizning qalblarimizni har lahzada chalg‘ituvchi “qo‘shiq”lar jarangi ta’qib etmoqda. Shu sabab biz hamon qalbi yaralanayotgan avlod sifatida ruhiy qullikdan tamoman qutula oldik deya olamizmi? Modomiki, majruh qalblarimizni tiriltiradigan qo‘shiqlar bugun juda zarur. Bunday qo‘shiqlar, shubhasiz, XXI asr po‘rtanasida burkanib yashayotgan o‘zbek qalbi haqida bo‘lmog‘i shart. Zero, she’r, qo‘shiq ham mustaqillik mafkurasining bir qismidir. Albatta, adolat yuzasidan aytish lozimki, mustaqilligimizning dastlabki yillarida hurriyat va erk g‘oyalari bilan sug‘orilgan ko‘plab qo‘shiq va musiqalar yaratildi.
Ammo shu orada kirib kelgan bozor siyosati musiqa san’atining ham “bozori”ni vujudga keltirdi. Bu “bozor” iste’molchilik kayfiyati bilan ulg‘ayayotgan yangi avlodning mayllarini qondiruvchi, shahvoniy hissiyotlarini uyg‘otuvchi, milliy erkinlik chegaralarini tan olmaydigan yangi jozibador tuyg‘ular maydonini kengaytirishga qaratildi. Bir paytlar G‘arb boshlab bergan “an’ana”lar bo‘y-basti bilan yangi avlod hayotiga kirib keldi. Bema’ni qiliqlar, beo‘xshov harakatlar, hayqiriq nolalar, mazmunsiz so‘zlar, saviyasiz she’rlar, aralash tilli qo‘shiqlar avjga chiqdi. Eng achinarlisi, endi ularning g‘oyaviy birlashgan ulkan armiyasi vujudga kelmoqda. Boz ustiga OAV va yana internet tarmoqlari beandisha chiqishlarni trendga aylantirayapti. Musiqa qancha ochiq, shakkok va dag‘al bo‘lsa, shuncha shuhrat keltiruvchi “fazilat” deb qaralmoqda. Kamtarlik, uyat va oriyat ojizlik tamg‘asiga aylandi. Men bu holatni shaytonlar bazmiga o‘xshataman.
Ammo o‘zbek jamiyatida his-tuyg‘ular kurashi hali oxiriga yetgani yo‘q. Unga qarshi turuvchi madaniy qalb qatlami ham mavjud. Paradoks shundan iboratki, insonning “qalb isyoni” ezgulik va yovuzlik o‘rtasida kechadigan doimiy to‘qnashuvlarni yodga soladi. Bu maydonda hurlikdan aziyat chekkanlar ham isyon qiladi, erkinlikka erishganlar ham isyon qiladi. Ana shu “isyon”da inson qalbi o‘z muvozanatini izlaydi. Muvozanat qalbning ozig‘i bo‘lmish milliy ma’rifat bilan to‘yinsagina hukmron hakamga aylanadi. Aksi bo‘lsa, bo‘shliq o‘pqoniga tushgan qalb o‘z mayllarini qondirishning yangi, ayni paytda qanday bo‘lsa-da jozibador, ermaktalab manbalarini izlaydi. Inchunin, qalb jaholati vayronkor kuchdir! U nafaqat insonni, alal-oqibat jamiyatni ham tanazzulga tortadi.
Bugun rivojlangan texnologiyalar davri yana bir yangi – sun’iy intellekt davrini olib kirmoqda. Albatta, aql va me’yor bilan ishlatilsa, bu narsaning foydali tomonlari ko‘p. Lekin uning xavfi inson tuyg‘ularini ifoda etish, undan-da kengroq tafakkur qilish imkoniyatini vujudga keltirmoqda. Insoniyat jamiyatida uning o‘rniga texnikaning fikrlashi odam tuyg‘usini o‘ldirishi mumkin bo‘lgan xatarlarni keltirib chiqarmoqda. Bir necha o‘n yildan so‘ng millionlab kuylarni tahlil qilgan algoritm qanday ruhiy reaksiyalarni keltirib chiqarishni oldindan aytib berishni o‘rganadi. U bizning hayajonimizni darhol payqaydi va umuman inson psixologiyasi haqida bilganlariga asoslanib, qayg‘uli kayfiyatimizga mos keladigan va kechinmalarimizga hamohang kompozitsiyalarni yaratadi.
Algoritm azob-uqubatlarimizning chuqurligini anglashga yordam berganidan so‘ng bizga tasalli bera oladigan dunyodagi yagona qo‘shiqni tavsiya etadi. Ehtimol, bizning ong ostimiz uni baxtli bolalik xotiralarimiz bilan bog‘laydi. Shunday qilib, sun’iy intellekt tuyg‘ular bilan to‘qilgan musiqiy ong ostidagi sezgi va hissiyotlarni o‘ldiradi. Agar musiqa haqiqatan ham insonda his-tuyg‘ularni uyg‘otishga (yoki ularni boshqarishga) mo‘ljallangan bo‘lsa, musiqachilar uchun algoritm bilan raqobatlashish juda qiyin, hatto imkonsiz bo‘ladi. Inson tuyg‘ulari texnologiyaning quliga aylanadi. Uning qalbi isyon qilmay qo‘yadi. Nafrat va muhabbat yo‘qoladi...
Hozirgi zamon kishisining dunyoni his etishi va tushunishi juda murakkab, ko‘p qirrali, dinamik va ziddiyatlardan iboratdir. Shu bilan birga, zamonaviy jamiyat hayotidagi aksariyat qarama-qarshiliklar, muammolar insonning ushbu murakkab ma’naviy dunyosi hisobga olinmaganligi bilan bog‘liq. Bu ayniqsa o‘z faoliyatining asosiy sohalarini isloh qilish yo‘liga kirgan O‘zbekiston jamiyati hayotining hozirgi holatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mutlaqo ravshanki, jamiyat modernizatsiyasining muvaffaqiyati bevosita uning insonparvarligiga, iqtisodiy-huquqiy munosabatlar, ijtimoiy aloqalar va siyosiy jarayonlarning subyektiv-ekzistensial tarkibiy qismini hisobga olish irodasiga bog‘liq. Shu bois ijtimoiy-tarixiy faoliyat subyektlarining ma’naviy dunyosini, individualligini tushunishda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilish, insonlarning dunyoni anglashini o‘rganishning yangi konsepsiyalarini shakllantirish nafaqat nazariy ahamiyatga, balki estetik dolzarblikka ham ega.
Islohotlarning samarasi va pirovard natijasi inson ruhiyatida evrilayotgan tuyg‘ular xosiyatiga bog‘liq. Bunda musiqa madaniyati va ayniqsa musiqiy tafakkurning rivojlanganligi inson ma’naviy dunyosining eng muhim qismi sifatida ifodalanadi. Musiqa tuyg‘ular, fikrlar kaleydoskopining ifodalovchisi bo‘lishidan tashqari, musiqiy tafakkurning o‘zi umuman insonning dunyoni his qilishi va tushunishida asosiy omillardan biri bo‘lib, jamiyat barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan falsafiy faoliyatda bugun musiqiy tafakkurning rolini o‘rganishning yangi yondashuvi, yangi darajasi zarur.
To‘lqin ALIMARDONOV,
siyosiy fanlar doktori, professor
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Musiqiy tafakkur jumbog‘i” maqolasi
[1] Tavistok inson munosabatlari instituti 1947-yilda Londonda tashkil etilgan Britaniya notijorat tadqiqot tashkilotidir. U ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun psixoanaliz, guruh dinamikasi va tashkiliy harakatlarni o‘rganishga ixtisoslashgan. Institut psixologiya, sotsiologiya va boshqaruv sohasidagi tadqiqotlari bilan mashhur bo‘lib, ko‘pincha yashirin tadqiqotlarda ishtirok etadi.
[2] Эстулин, Д. Секреты Бильдербергского клуба / Д. Эстулин; пер. с исп. И. В. Жук. – Минск: «Попурри», 2009. С. 31-32.
[3] LSD – dietilamid lizergin kislotasi. Taqiqlangan psixodelik narkotik.
[4] Даниэл Эстулин. Тавистокский институт. Минск, 2014. С.67.
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q