Dazmol emas – utuk! Ming yil avval kiyim utuklagan ajdodlarimiz shu so‘zdan foydalangan


Saqlash
15:38 / 24.01.2022 2177 0

Albatta, rus tilidagi “utyug” – turkiy so‘z ekanligini ko‘pchilik yaxshi biladi va ruschaga o‘tgan turkiy so‘zlar haqida gap ketganda birinchilardan bo‘lib u ham tilga olinadi. Ammo gap shu bilan tugaydi, “innankeyinchi?” degan savolga javob yo‘q. Shuningdek, bu so‘z etimologiyasi ham ba’zan noto‘g‘ri talqin etiladi, xullas, quyida shular haqida gap boradi.

 

Xo‘sh, “utyug” turkiy so‘z ekan, nega uni tilimizga qaytarmaymiz? Nega adabiy tilda “dazmol” deb ishlatamiz (“darzmol” – forscha: “darz” (“chok”) + “molidan” (“surtmoq, ishqalamoq”) so‘zlaridan)? Vaholanki, eronliklarning o‘zlari uni “darzmol” emas, turklar singari, “utuv” (“اتو”, turkcha: “ütü”) deb atashadi. Hozirda deyarli barcha turkiy xalqlar (turk, qozoq, qirg‘iz, ozarboyjon, tatar, boshqird..., qisman tojiklar ham) utukni – “utuk” deydi va “utuklamoq” fe’lini qo‘llaydi. Rus tilida ham bu turkiy so‘zdan “утюжить” fe’li yasalgan (M.Fasmer. ESRYA).

 

Koshg‘ariy bobomiz “Devonu lug‘otit-turk”da bu so‘zga juda yaxshi ta’rif bergan: “اُتُکْ öto‘k – andavaga o‘xshash temir (asbob) bo‘lib, uni qizdiradilar va kiyimning chok hamda baxyalarini va tuklarini bostirib silliqlaydilar” (DLT. I. T: 1960. 99-bet). Shuningdek, qadimda “utuklamoq” ma’nosida “ötidi” fe’li ham ishlatilgan, xususan “Devon”da unga shunday izoh beriladi: “ötidi – dazmol qildi. اُل تُونغْ اُتیِدیِ ol tonug‘ ötidi – u to‘n (kiyim) choklarini temir (dazmol) bilan silliqladi (ötir, ötimäk)” (DLT. III. T: 1963. 268-b).

 

“Utuk” so‘zining kelib chiqishi haqida gap ketganda ba’zan: “utuk” – “o‘t” (olov) va “yuk” so‘zlari qo‘shilishidan yasalgan, uning ichiga o‘t solingani (yuklangani) uchun shunday atalgan, degan yuzaki qarash ham quloqqa chalinadi. Bu fikrning noto‘g‘riligini “Devonu lug‘otit-turk”da “o‘t” va “utuk” so‘zlarining yozilishidagi farqda ham ko‘rish mumkin. Xususan, “Devon”da “o‘t” so‘zi – “اُوتْ” (“o:t”) shaklida yozilgan, ya’ni “o‘” tovushi cho‘ziqroq, “öto‘k” va “ötidi” (“اُتُکْ“ ,”اُتیِدیِ”) so‘zlari boshidagi “u” tovushi esa qisqa va yumshoqroq. Ehtimol, bu ikki so‘z (“o:t” va “öt-”) qachonlardir bir o‘zakdan o‘sib chiqqan bo‘lishi mumkin, chunki qadimgi “öt-” (“үt-”) fe’li – “silliqlamoq”, shuningdek, “olovda kuydirib tekislamoq” ma’nolariga ega bo‘lgan. “Devon”da “ötidi” fe’lining faqat “dazmol qildi” deb izohlanishi esa Koshg‘ariy zamonida bu fe’l faqat shu ma’noda ishlatilganini ko‘rsatadi.

 

Sh.Rahmatullayevning “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”ga ham bu so‘z “o‘tik” shaklida kiritilgan va shunday izohlagan: “O‘TIK – dazmol. Bu ot qadimgi turkiy tildagi “öt” (“өt” – A.H.) fe’lining “sirpan” ma’nosidan (ESTYA. I. 555) “-(o‘)k” qo‘shimchasi bilan yasalgan” (O‘TEL. I. 491). Ushbu o‘rinda qadimgi “өt” o‘zagi ko‘zda tutilmoqda, ammo u “silliqlamoq” ma’nosidagi “öt”dan farqli bo‘lib, “өt-” o‘zagidan hozirgi tilimizdagi “o‘tmoq” fe’li, “etik” va boshqa ko‘plab so‘zlar yasalgan. “Этимологический словарь тюркских языков” lug‘atida “өt-” o‘zagining “sirpan-” ma’nosi ham borligi aytiladi (ESTYA. I. 555). Ammo, bizningcha, “utuk” so‘zi “sirpan-” ma’nosidagi “өt”dan emas, balki “silliqlamoq” ma’nosidagi “öt-”dan yasalgan. Ular bir-biriga o‘xshasa-da, talaffuzda farqli bo‘lgan. Afsuski, hozirgi yozuvimizda “u” va “o‘” tovushlari oralig‘idagi “ү”, “ө”, “ö” kabi unlilar uchun belgilar yo‘qligi bois “өt”, “öt”, “үt” kabi so‘zlarni biz talaffuzda ajrata olmaymiz.

 

“Devonu lug‘otit-turk”ning o‘zbekcha nashrida “utuk” so‘zi “öto‘k” shaklida transkripsiya qilingan. “Этимологический словарь тюркских языков” lug‘atida bu so‘zning “үt-”, “үtү” shakli birlamchi, “öt-”, “öto‘” (unlilar biroz qalinroq) shakli ikkilamchi ekanligi aytiladi (ESTYA. I. 641).

 

Shunday qilib, “utuk” so‘zi “silliqlamoq” ma’nosidagi “үtү” fe’liga (“yuk” so‘zini emas, balki) ot yasovchi “-k” qo‘shimchasini qo‘shish yo‘li bilan yasalgan (bitiK, etiK, egiK singari). Bu so‘zni hozirgi imloda ham “utuk” deb yozish to‘g‘ri bo‘ladi, chunki bu so‘z paydo bo‘lganda tilimizda singarmonizm, ya’ni birinchi va ikkinchi bo‘g‘inlardagi unlilarning uyg‘unligi, ohangdoshligi hodisasi mavjud edi (“Devon”dan keltirilgan “ÖtO‘k”da ham unlilar ohangdoshligi mavjud, ammo “o‘tik” deganda singarmonizm biroz buziladi).

 

Endi gapning indallosiga o‘tadigan bo‘lsak, aslida, hozir ham aksariyat o‘zbek lahjalarida, hududlarda “dazmol” emas, “utuk”, “utuklamoq” so‘zlari ishlatiladi. Aytaylik, Xorazmda “uttik” deyiladi, boshqa viloyatlardayam shunga o‘xshash. Faqat ba’zi shevalar ta’sirida o‘zbek adabiy tilida “dazmol” qabul qilingan. Ko‘pchilik uyida “utuk” so‘zini ishlatib, adabiy tilda gapirganda yo yozganda “dazmol” deyishga majbur. Shunday ekan, barcha turkiy xalqlar singari “utuk”ni adabiy tilga olib kirish o‘rniga, nega unga yotsirab qaraymiz? Aytaylik, yaqin o‘tmishda “tovar” so‘zini ham bir boshdan “mol”, “buyum”, “jihoz” kabi so‘zlarga almashtirish an’anasi mavjud edi, so‘nggi paytlarda “tovar” (aslida “tavar”)ning ham tilimizga qaytayotgani, ya’ni ba’zi o‘zbekcha hujjatlarda “mol”, “buyum” emas, “tovar” deb yozilayotgani kishini quvontiradi.

 

Keling, aziz do‘stlar, utugimizni ham tilimizga qaytaraylik, toki bu so‘z ham adabiy tilimizdan, lug‘atlarimizdan joy olsin. Agar ushbu fikrni ma’qul deb topgan bo‘lsangiz, uni bor-yo‘g‘i qo‘llasangiz kifoya. Tashakkur!

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 125
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//