Amudaryodan kechib o‘tishiga uch oy ketgan – XIII-XV asrlarda Movarounnahrdagi “koʻchirish siyosati”


Saqlash
12:53 / 15.05.2026 24 0

XIII-XV asrlar Markaziy Osiyo xalqlari etnik tarixida muhim tarixiy davr sanaladi. Mo‘g‘ullar imperiyasi, Аmir Temur va Temuriylar hukmronligi yillarida Movarounnahrda, asosan, mahalliy turkiy va so‘g‘diy xalqlar bilan birga barlos, jaloyir, qavchin, arlot, sulduz, bahrin, nayman kabi o‘nlab ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi xalqlar istiqomat qilgan. Shuningdek, sabablarga ko‘ra, mintaqaga turli o‘lkalardan ham aholining maʼlum bir qismi (asosan, olim-u fozillar, usta, hunarmand, meʼmor, naqqosh va boshqalar) ko‘chirib keltirildi. O‘z navbatida, mintaqadan urush va boshqa sabablar bilan mahalliy aholi boshqa o‘lkalarga olib ketildi. Bu o‘ziga xos “ko‘chirish siyosati” asosan hukmron doira xohish-irodasiga ko‘ra amalga oshirildi. Mazkur etno-siyosiy holatga ham o‘zining sezilarli taʼsirini o‘tkazdi. Olib kelingan va olib ketilganlarning bir qismi keyinchalik o‘z yurtiga qaytib ketgan bo‘lsa, qolgan qismi Movarounnahr mahalliy aholisi bilan aralashib, o‘zbek xalqi etnik tarkibining yanada boyishiga xizmat qildi.

 

Tarixda biron-bir hududda turg‘un turib, boshqa etnik guruhlarning aralashishidan xoli shakllangan etnos bo‘lmagan. Eng qadimgi davrdan to hozirga qadar maʼlum guruh etnoslar bir hududdan boshqa hududga ko‘chib borib, yerli xalq bilan aralashgan va yangi etnik uyushmani tashkil etgan. Bu jarayon ayrim hollarda ko‘chuvchi xalqning o‘z xohishi bilan, boshqa hollarda hukmron doiraning siyosati tufayli yoki tabiiy-geografik hodisalar sababli amalga oshgan. XIII–XV asrlarda ham xalqlarning ko‘chish jarayoni davom etgan va bu ko‘p jihatdan mustamlaka siyosatning namunasi edi.

 

1219–1221-yillardagi to‘qnashuvlardan so‘ng Xorazmshohlar imperiyasi tugatilgach, Chingizxon va vorislari ayricha “ko‘chirish siyosati”ni amalga oshirdi. Mo‘g‘ullar davrida o‘nlab turk-mo‘g‘ul etnoslari ikki daryo oralig‘i hududlariga kelib o‘rnashdi. Shuningdek, Movarounnahrdan ming-minglab mahalliy aholi vakillari qo‘shni o‘lkalarga majburan ko‘chirildi. Bu esa mintaqadagi etnik jarayonlarga jiddiy taʼsir ko‘rsatdi.

 

“Ko‘chirish siyosati”dan mo‘g‘ullar boshqaruvda siyosiy to‘lg‘ama sifatida ham foydalandilar. Natijada mintaqada ularga qarshilik ko‘rsatgan xalqlar ko‘chirilib, o‘lkalarda tinchlik o‘rnatildi. Bu jarayon mo‘g‘ullarning dastlabki harbiy yurishlari davridanoq avjiga chiqdi. Xususan, Chingizxon va o‘g‘illari Sharqiy Turkistonni ishg‘ol etgach, Movarounnahr va Xurosondagi ko‘pgina shaharlarning musulmon aholisini sharqqa ko‘chirib, Beshbaliqdan Xonbaliqqa (Pekin) qadar cho‘zilgan shimoliy Xitoy mintaqalariga joylashtirdilar. Shuningdek, Chingizxon vorislari davrida rivoj topgan Turkiston-Xitoy tijorati ham Xuroson va Movarounnahr savdogarlarini bu yerga jalb qildi. Natijada, bu hududda Movarounnahrning shahar va qishloqlari nomi bilan bog‘liq kasabalar, xususan, Pekinga yaqin joyda samarqandlik muxojirlarning “Samarqand” nomli kasabasi paydo bo‘ldi.

 

Movarounnahr qo‘lga kiritilgach, mo‘g‘ullar mahalliy aholini, xususan, tojiklarning aksariyatini Sharqiy Turkiston va shimoliy Xitoy hududlariga ko‘chirdi [10: 190213]. Natijada Movarounnahrda forsiyzabon aholi kamayib, turklashish jarayoni kuchaydi. Sharqiy Turkiston va shimoliy Xitoy hududiga ko‘chirilgan O‘rta Osiyoning mahalliy aholisi vakillari esa qisqa fursatda xitoylashdilar. Ular orasida mo‘g‘ullar bilan birga kelib joylashgan turk-mo‘g‘ul qabilalari ham bor edi. Xitoylashib ulgurgan mazkur etnoslar “do‘ngan”lar nomini oldi. “Do‘ngan”lar tarkibida eroniy unsurlar ham ko‘p bo‘lgan. Xususan, birgina Xorazmdan mazkur hududga 100 mingdan ortiq oila ko‘chirilgan edi. Xitoy va unga tutash hududlarga keltirilgan etnoslar orasida o‘rta osiyoliklar ko‘pchilikni tashkil etgan va ular sa-mu-jenlar deb nomlangan. Ular hokimiyat amaldorlari sifatida mo‘g‘ullardan keyingi yuqori mavqeni egallagan edilar.

 

Ko‘chirishning navbatdagi to‘lqinlari mo‘g‘ullar bosqinidan keyin Chig‘atoy (1224–1242) va avlodlari davrida ham davom ettirildi. Bu baʼzida ulus hukmdorlari tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, boshqa hollarda Chig‘atoyzodalarning o‘zaro kurashi ham mintaqadan mahalliy etnoslarning asir sifatida qo‘shni o‘lkalarga olib ketilishiga sabab bo‘ldi. Jumladan, Chig‘atoyzoda Misur Movarounnahrga hujum qilib, Samarqand, Buxoro, Kesh va Termiz aholisining maʼlum qismini asir oldi va G‘azna, Shibirg‘on hamda Farobga joylashtirdi. Kebekxon (1309, 1318–1326) Xurosonda hokimiyatni qo‘lga olgach, mazkur xalqlarni Balx va uning atroflariga ko‘chiradi. Yana bir Chig‘atoyzoda Yasavur (u Chig‘atoy ulusining so‘nggi xoni Qozonxonning otasi edi) Kebekxon davrida Xuroson amirlari yordamida Movarounnahrga bostirib kirib, xalqini asir oldi. Xuroson amirlari Movarounnahr shaharlari, jumladan, Samarqand, Buxoro va Keshdan 50 mingdan ortiq oilani asir olib qaytdilar. Аsirlarning salmog‘ini ularni Аmudaryodan kechib o‘tishiga uch oy ketganidan ham bilish mumkin. Аyni shu davrda Jo‘jizoda Bobo O‘g‘ul Jo‘ji ulusi hukmdori O‘zbekxonga (1312–1342) qarshi kurashib, Xorazmga bostirib kirdi va shaharlarni vayron qilib, 50 mingga yaqin asirni Xurosonga joylashtirdi[11:315-316]. Chingiziylarning bu kabi kurashlari natijasida Movarounnahr va Xorazmning mahalliy aholisi son jihatidan kamayib boraverdi. Shuni taʼkidlash joizki, ko‘chirilganlarning aksariyati manzilga yetmasdan yo‘llarda ochlik va kasallikdan vafot etgan.

 

O‘z navbatida mazkur davrda Onon, Kerulen va Ila vodiysi bo‘ylaridan bir qancha turk-mo‘g‘ul qabilalari Movarounnahrga ko‘chirib keltirildi. Fazlulloh Rashididdinning (vafoti 1318-yil) yozishicha, Chig‘atoy bilan birga Movarounnahrga kelib o‘rnashgan qabilalarning salmog‘i Duvaxon davrida (1281–1307) bir barobarga ortgan. Movarounnahrga ko‘chirilgan turk-mo‘g‘ul urug‘-qabilalarining eng yiriklari – barlos, jaloyir, qavchin, arlot, sulduz, bahrin, nayman va boshqalar edi.

 

Mo‘g‘ullarning ikki tomonlamali “ko‘chirish siyosati” Movarounnahr aholisining etnik holatiga jiddiy taʼsir ko‘rsatib, shakllangan o‘zbek elati tarkibini butunlay o‘zgartirib yubora olmadi. Ular shakllangan etnos tarkibini boyitdi, urush va undan keyingi yillarda mintaqada keskin kamayib ketgan aholini hajman ko‘paytirdi.

 

“Ko‘chirish siyosati” Аmir Temur va Temuriylar davrida ham davom etdi. Ammo ko‘lami, maqsadi bilan mo‘g‘ullar davrinikidan tubdan farq qilgan. Temuriy hukmdorlar qo‘shni o‘lkalarga qarshi olib borgan kurashlari natijasida mahalliy xalqlarni asir qilib, Movarounnahr shahar va qishloqlariga keltirganlar. Bu sulola davridagi “ko‘chirish siyosati”ning farqi mintaqaga asosan olim-u fuzalolar, hunarmandlarning ko‘chirilganida ko‘rinadi. Shuningdek, ularning ko‘lami mo‘g‘ullar asir qilgan etnoslar hajmidan ancha kam edi.

 

Bu davrda ko‘chirib keltirilganlar, asosan, Old Osiyo mamlakatlaridan edi. Xususan, 1388-yil Fors shohi Shoh Shujo‘ amiri Аlouddin inoq kishi-qarosi va Fors hunarmandlari bilan Samarqandga ko‘chirildi. Аmir Temurning Tabrizga, Ozarboyjonga, Xorazmga, Oltin O‘rdaga, Hindistonga, Rumga qilgan yurishlari natijasida ham ko‘plab xalqlar Samarqand va uning atroflariga keltirib joylashtirildi.

 

Bu jarayonni Temuriyzodalar ham davom ettirishdi. Jumladan, Umarshayx Mirzo Qoshg‘arni egallagach, u yerning aholisi va aslzodalarini O‘zganga keltirdi va ular uchun Raboti Sarhang nomli kasaba bunyod etdi.

 

Ko‘chirib keltirilganlarning umumiy soni ispan elchisi Klavixo esdaliklarida yuz mingdan oshiqroq bo‘lgani qayd etilgan. Ularning asosiy qismini yuqorida taʼkidlaganimizdek, hunarmandlar va nomdor kishilar tashkil qilgan. Masalan, Sohibqiron Damashqdan har xil ipak mato to‘qiydigan ustalarni va boshqa hunarmandlarni ko‘chirgan. Hirot tarixchisi Fasih Havofiyning (13751442) yozishicha, Аmir Temurning Xorazmga qilgan so‘nggi harbiy safarida yurt oqsoqollari va nomdor kishilar ko‘chirilgan. Ular asosan, Samarqandga va Zarafshon vohasiga joylashtirilgan. Ko‘chirilganlar keyinchalik, Movarounnahrning mahalliy aholisiga aralashib ketgan bo‘lsa-da, ularning baʼzilari etnik nomini keyingi asrlarda ham saqlab qolgan.

 

Bu davrning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Аmir Temur mo‘g‘ullar davrida Movarounnahrdan ko‘chirilgan xalqlarning avlodlarining maʼlum qismini qaytarib kelgan. Xususan, mo‘g‘ullar davrida Xitoyning turli hududlariga joylashtirilgan o‘rta osiyoliklarning bir qismi o‘lkalariga qaytgan. Shu tariqa 1200 dan ortiq sa-mu-jenlar Xitoydan Samarqandga keltirilgan. X.Аlan Temuriylar davri tarixiga oid manbalariga asoslanib, qaytarilganlar yuz ming atrofida bo‘lgan, deydi. Аmmo qaysi manbalarga asoslangani haqida to‘xtalmaydi.

 

Аmir Temur va Temuriylar davrida ham Movarounnahrdan turli istilolar tufayli mahalliy aholi vakillari boshqa o‘lkalarga asir sifatida olib ketilgan. Jumladan, Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxon istilolari ham mintaqa xalqlarining qisman kamayishiga sabab bo‘ldi. Xususan, u Tabrizning yuz mingga yaqin aholisini qatl etib, ikki yuz mingga yaqin ozarboyjonlikni asir olgan. Shuningdek, u Аmir Temurning Erondaligidan foydalanib, Kesh va Naxshabga hujum qilib, vohadan ko‘pgina asirlar bilan ortga qaytadi.

 

Yana bir mo‘g‘ul xoni Uvaysxonning o‘g‘li Eson Bug‘a (Yunusxonning akasi) ham Аndijonni qo‘lga kiritgach, aholisini asir qilib, maʼlum qismini Qoshg‘arga eltadi. XVI asr tarixchisi Muhammad Haydar dug‘lotning “Tarixi Rashidiy” asariga ko‘ra, bular birozdan so‘ng mo‘g‘ullashib ketganlar.

 

Ko‘chirishning keyingi to‘lqinlari XV asr oxiri XVI asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Shayboniyxon (1451–1510) yurishlari davrida ham mahalliy aholi hamda yarim ko‘chmanchi etnoslar Movarounnahrning Samarqand, Hisor, Qunduz va boshqa hududlaridan chiqib qo‘shni viloyatlarga, xususan, Qobulga [12:116] joylashgan. Mirzo Bobur (1483–1530) bilan birga ko‘plab turkiy va turklashgan etnoslar Qobul va Hindiston hududlariga borib o‘rnashadi. Ularning keyingi avlodlari mazkur hududlarda istiqomat qilishdi. Jumladan, 1881-yilgi xalq sayimida birgina Dehli yonida va Raval Pandeda 23 593 kishi chig‘atoy (turkiy etnos – U.S.), 12 137 barlos deb qayd etilgani ham so‘zimizni isbotlaydi.

 

Bu davrda shuningdek, mintaqa doirasida ham “ko‘chirish siyosati” amalga oshirildi, yaʼni Movarounnahr shahar va qishloqlarining maʼlum aholisi bir shahardan ikkinchisiga o‘tkazildi. Xususan, 781/1379-1380-yildagi Xorazm yurishidan keyin Аmir Temur shahar aholisining aslzodalarini va mashhur kishilarni Keshga ko‘chirgan bo‘lsa, 1388-yilgi so‘nggi jangdan keyin qalʼa devorlarini yer bilan tekislatib, arpa ektirdi (Аmir Temur Xorazmni shu ahvolda tashlab qo‘ymadi, albatta. U Dashti Qipchoq yurishidan qaytgach, Musika qavchinni (Xanki qavchinning o‘g‘li) Xorazmga yubordi va u yerda imorat qurishni buyurdi) va aholisini Samarqandga keltirdi. Xorazmliklarning maʼlum qismi keyinchalik yurtiga qaytgan bo‘lsa-da, qolgan qismi esa ko‘chib borgan shahar va qishloqlarda “Urganjiy”, “Xorazmiy” kabi joy nomlarini tashkil etib, turg‘un yashab qoldilar.

 

Movarounnahr xalqlarining “ko‘chirish siyosati” ikki buyuk sulola (Chingiziylar va Temuriylar) davrida ham davom etdi. Chingiziylar mintaqadan yuz minglab aholini asir sifatida olib chiqib, qo‘shni mintaqalarga joylashtirishdi. Bu jarayon so‘nggi Chig‘atoyzodalar davrigacha, shuningdek, Аmir Temur va Temuriylar zamonida ham amalga oshirildi. Mo‘g‘ullar o‘lkadan mahalliy etnoslarni olib chiqishi va o‘zaro urushlardagi qirg‘inlar natijasida Movarounnahr aholisi qisman kamaydi. Chingiziylar kamayib ketgan yerli xalq tarkibini Onon, Kerulen va Ila vodiysi bo‘ylaridan keltirilgan turk-mo‘g‘ul etnoslari hisobiga to‘ldirishdi.

 

Аmir Temur va Temuriylar davrida Movarounnahrga Old Osiyoning turli mamlakatlaridan asosan olim-u fozillar va hunarmandlar ko‘chirib keltirildi. Ular Samarqand va Zarafshon bo‘ylariga joylashtirildi. Ko‘chirib keltirilganlar orasidagi ilm vakillariga poytaxt va unga qo‘shni shaharlarda faoliyatini davom ettirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Temuriylar olim-u fozillarga homiylik qildilar. Ko‘chirib keltirilganlar qo‘li bilan Movarounnahrda o‘nlab meʼmoriy inshootlar bunyod etishdi.

 

Shuningdek, Аmir Temurning xatti-harakatlari natijasida bu davrda Chingiziylar tomonidan asir olinib, boshqa o‘lkalarga joylashtirilgan etnoslarning avlodlari Movarounnahrga qaytariladi. Natijada qo‘shni o‘lkalardan ko‘chirilganlarning tarixiy makoni bilan bog‘liq yangi joy nomlari (jumladan, Bog‘dod, Damashq va boshqalar) paydo bo‘la boshladi.

 

Sevinch ULASHOVA,

tarix fanlari doktori, dotsent

 

Foydalanilgan manbalar va adabiyotlar

1.                 Alan H. Bozkırdan Cennet Bahçesine Timurlular (1360-1506). – İstanbul, 2007.

2.                 Barfield T. The Perilous Frontier. – Oxford, 1989.

3.                 Barthold V.V. Turkestan down to the Mongol Invasion. – London, 1928.

4.                 Bretschneider E. Mediavel Researches From Eastern Asiatic Sourcces. I. – London, 1967.

5.                 Ch’en Y. Western and Central Asians in China under the Mongols/ trans. L.C.Goodrich. – Los Angeles, 1966. 

6.                 Dardess J.W. Conquerors and Confucians. Aspects of Politcal Change in Late Yüan China. – New York, 1973.

7.                 Haenisch E. Steuergerichtsame der chimesischen Kloster unter der Mongolenherrschaft // ZDMG. XCV. – Р. 317-319;

8.                 Peter B. Golden. Türk halklari tarihine giriş/ çev. O.Karatay. Ankara, 2002.

9.                 Puncab Census. Vol. I. – Calcutta, 1881.

10.            Togan Z.V. Hwarezmische Sätze in einem arabischen Fiqhwerke // Islamica. III. – Leipzig, 1927. – S. 190-213.

11.            Togan Z.V. Umumi Türk Tarihine Giriş. С. 1. En Eski devirlerden 16 asra kadar. – İstanbul, 1981.

12.            Ulashova S.U. Sharq manbalarida Chigʻatoy ulusi hukmdorlari. Monografiya. – T.: Alfraganus universiteti, 2025. – 314 b.

13.            Бобур. Бобурнома. – Т.: Ўзбекистон, 2008.

14.            Грумм-Грижимайло Г.Е. Описание путешествия в Западный Китай. Т. II. – СПб., 1899.

15.            Клавихо Руи Гонсалес де. Дневник путешествия в Самарканде к двору Тимура (1403-1406 гг.) / Подлинный текст с переводом и примечаниями, составленными под редакцией И.И.Срезнаевского. – СПб., 1881.

16.            Мирзо Муҳаммад Ҳайдар. Тарихи Рашидий. – Т., 2010.

17.            Муиниддин Натанзий. Мунтахаб ут-таворихи Муиний /Форс тилидан таржима, сўз боши ва изоҳлар муаллифи: Ғ.Каримий. – Т.: Ўзбекистон, 2011.

18.            Низомиддин Шомий. Зафарнома / Форс тилидан ўгирувчи Ю. Ҳакимжонов. Таржимани қайта ишлаб нашрга тайёрловчи ва масъул муҳаррир А.Ўринбоев. – Т., 1996. 

19.            Равшанов П. Қашқадарё тарихи. – Т., 1995.

20.            Рашидиддин. Жомеъ ат-таворих / Топкапи саройидаги (Туркия) қўлёзма. № 1518. 

21.            Сафаров Г. Очерки по истории Китая. – М., 1933. 

22.            Тизенгаузен В.Г. Сборник материалов относящихся к истории Золотой орды. Т. II. – М.-Л.: Наука, 1941.

23.                 Улашова С.У. XIII-XV асрлар манбаларида Мовароуннаҳрдаги этник жараёнлар. Монография.Т.: Firdavs-shoh, 2023. – 206 б. 

24.            Фасих Хавафи. Муджмал-и Фасихи / Перевод, предисловие, примечания и указатели Д.Ю. Юсуповой. – Т.: Фан, 1980. 

25.                 Шарафуддин Али Яздий. Зафарнома / Сўз боши, изоҳ ва кўрсаткичлар муаллифлари: Ашраф Аҳмад, Ҳ.Бобобеков. – Т.: Шарқ, 1997.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

11:05 / 08.05.2026 0 95
Georgiy tasmasi orti haqiqatlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//