O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida arxeologiya fondining rivojlanish bosqichini uch davrga bo‘lib o‘rganish mumkin. Birinchi davr 1876–1943-yillar, ikkinchi davr 1943–1991-yillar, uchinchi davr esa mustaqillik yillari. Har bir davrda muzeyning arxeologiya fondi uchun noyob topilmalar qabul qilingan. Masalan, birinchi davrda Ikkiboshli ilon shaklidagi tosh tumor, ikkinchi davrda Budda haykali, mustaqillik yillarida esa Temuriylar davri sovuti.
2002-yil yanvar oyida muzey fondlari Y.F.Buryakov tomonidan taqdim etilgan muhim arxeologik topilma bilan boyitildi. Mazkur topilma 2001-yilda Shohruhiya shaharchasi hududida aniqlangan XV asrga oid harbiy sovut bo‘lib, u Temuriylar davri harbiy san’ati va qurolsozlik an’analarini o‘rganishda alohida ilmiy ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, ushbu sovutning konstruksion xususiyatlari va tayyorlanish texnologiyasi uning bevosita Amir Temur qo‘shini jangchilariga tegishliligini asoslaydi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1220-yilda Chingizxonning istilolari natijasida mazkur hudud vayronaga aylangan va uzoq vaqt davomida aholi yashamagan. Keyinchalik Amir Temur tomonidan olib borilgan bunyodkorlik siyosati natijasida shahar qayta tiklanib, 1392-yilda uning o‘g‘li Shohruh Mirzo sharafiga Shohruhiya deb atalgan. Ushbu shahar nafaqat iqtisodiy va ma’muriy markaz, balki strategik-harbiy nuqtayi nazardan ham muhim ahamiyat kasb etgan. Xususan, Amir Temur harbiy yurishlar oldidan aynan shu hududda yuqori martabali sarkardalar ishtirokida maxfiy mashvaratlar o‘tkazgan va harbiy rejalar tuzgan. Bu esa Shohruhiya shahrining o‘ziga xos harbiy-siyosiy markaz sifatida shakllanganini ko‘rsatadi.
Mazkur hududdan topilgan harbiy sovutning mavjudligi tarixiy-madaniy jarayonlar bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, uning aynan harbiy muhitga daxldorligini tasdiqlaydi. Amir Temur vafotidan so‘ng ham Shohruhiya Temuriylar davlati va Oltin O‘rda o‘rtasidagi siyosiy-harbiy qarama-qarshiliklarda muhim strategik tayanch nuqta sifatida faoliyat yuritgan.
Amir Temur va temuriylar davrini o‘rganish mustaqillik yillarida yangi bir bosqichga ko‘tarildi. Bu davrni shuningdek, Temur shaxsiyatini nafaqat tarixchilar va siyosatchilar, balki adabiyotchilar, san’atshunoslar, muzeyshunoslar, hunarmandlar hamda jamoatchilik o‘rganmoqda. Amir Temurning shaxsiy buyumlari bugungi kunga qadar yetib kelgan, biroq ularning eng noyoblari O‘zbekistonda emas, dunyoning turli manzillarida saqlanmoqda. Jumladan, tig‘ qismi po‘latdan, sopi oltindan yasalgan, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan qilichi Eronda, lal va zumrad qadalgan sovuti Turkiyada, Temur tuzuklarining asl qo‘lyozmasi Fransiyada, oltindan yasalgan va nefrit toshi qadalgan, fors tilida “Rosti-rusti”, ya’ni “Kuch adolatdadir” degan yozuvi bilan mashhur uzugi AQSHda, Hindiston yurishidan olib kelingan yoqut Quvaytda saqlanmoqda.
O‘zbekisotn tarixi davlat muzeyida saqlanayotgan sovut ustida olib borilgan ilmiy-texnik tadqiqotlar Polimerlar kimyosi va yadro fizikasi instituti mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi. Tahlil natijalari sovutning asosan temirdan tayyorlanganini, uning alohida qismlarini biriktirishda esa yuqori sifatli uglerodli po‘latdan foydalanilganini ko‘rsatdi. Bu o‘sha davr metallurgiya texnologiyalarining ancha rivojlanganligini tasdiqlaydi.
Konstruksion jihatdan sovut taxminan 100 ga yaqin po‘lat plastinkalardan tashkil topgan bo‘lib, har bir plastinka to‘rtburchak shaklda (o‘rtacha 11×8 sm o‘lchamda) tayyorlangan va o‘zaro mustahkam biriktirilgan. Ushbu plastinkalar jangchining tanasini maksimal darajada himoya qilish bilan birga, harakatlanish imkoniyatini ham cheklamagan. Shuningdek, sovutga tegishli dubulg‘aning ayrim qismlari ham saqlanib qolgan bo‘lib, bu topilmaning to‘liqlik darajasini yanada oshiradi.
Mazkur sovut o‘zining texnologik mukammalligi, mukammal saqlanganlik holati va tarixiy qiymati bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo hududida noyob eksponat sifatida baholanadi. Y.F.Buryakov tomonidan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirilgan kolleksiya tarkibiga, shuningdek, arxeologik qatlamdan aniqlangan turli xil moddiy madaniyat namunalari – xom g‘ishtlar, sirlangan sopol idishlar parchalari, ko‘k rangli moychiroq, hamda shisha buyum bo‘laklari ham kiradi. Bu topilmalar majmui o‘sha davr shahar madaniyati, hunarmandchiligi va kundalik turmush tarzini kompleks ravishda o‘rganish imkonini beradi.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi КП – 2166.
Temuriylar davriga oid sovut birgina O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida emas, Amir Temur muzeyida ham namoyish etilmoqda. Ular ikki dona. Birinchisi to‘rtburchak shaklga po‘latdan yasalgan. Ikkinchisi po‘lat simlardan to‘qilgan. Mazkur sovutlarning barchasi karroziyaga uchragan. Ularni restavratsiya qilish bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri. Temuriylar davri qurolsozligi, hunarmandchiligi, diplomatiyasi, madaniy va boshqa sohalardagi muvaffaqiyatini dunyoga tanitish va kelajak avlodga yetkazish shu yurtning farzandi sifatida barchamizning burchimiz.
Sarvar BOYMIRZAYEV,
Alfraganus universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti
Xalqaro munosabatlar va tarix kafedrasi v.b. dotsenti
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Adabiyot
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q