“Toshkent go‘zal shahar edi” – 1966-yilgi zilzilada ozarboyjon xalqi jasorati


Saqlash
10:56 / 13.05.2026 458 0

Turkiston hududi seysmik jihatdan faol zonalardan biri hisoblanadi. Tarixiy manbalar ushbu hududda turli davrlarda kuchli va o‘rta darajadagi zilzilalar tez-tez sodir bo‘lganini ko‘rsatadi. Jumladan, Axsikentda 1620-yilda, Buxoroda esa 1821 – 1822-yillarda yirik zilzilalar sodir bo‘lgan.


1902-yil 3-dekabrda yuz bergan va tarixiy manbalarda “Andijon fojiasi” deb nom olgan zilzila mintaqa tarixidagi eng yirik seysmik ofatlardan biri sifatida qayd etiladi. Mazkur hodisa davomida uch marotaba kuchli yer silkinishi kuzatilgan bo‘lib, har bir silkinish shahar va uning atrof hududlariga keskin ta’sir ko‘rsatgan. Birinchi silkinishning kuchi 8 – 9 ball darajasida baholangan. Ikkinchi silkinish undan ham kuchli bo‘lib, 9 balldan yuqori deb taxmin qilinadi. Oradan taxminan yarim soat o‘tib sodir bo‘lgan uchinchi silkinish ham 8 – 9 ball atrofida bo‘lib, natijada Andijon shahri deyarli to‘liq vayronaga aylangan. Qayta silkinishlar bir necha oy davom etgan. Dastlabki ikki kun davomida esa yer silkinishlari deyarli uzluksiz kuzatilgan. Vaqt o‘tishi bilan ularning kuchi asta-sekin kamayib borgan.


Ushbu seysmik hodisa natijasida 4500 dan ortiq inson halok bo‘lgan, shuningdek, katta miqdordagi moddiy zarar qayd etilgan. O‘sha davr hisob-kitoblariga ko‘ra, zarar hajmi taxminan 12 million oltin rublni tashkil etgan. Zamonaviy iqtisodiy baholashlarga ko‘ra, ushbu miqdor 2026-yil qiymatida qariyb 7 trillion so‘mga teng ekvivalent sifatida talqin qilinadi. Mazkur tarixiy zilzilalar Turkiston hududining yuqori seysmik xavfga ega ekanini ko‘rsatadi.


Shuningdek, 1946-yil 3-noyabrda sodir bo‘lgan Chotqol zilzilasi O‘zbekiston SSR hududining katta qismini qamrab olgan. Zilzila Toshkent shahrida 7 ballga, ayrim tumanlarda esa 8 ballgacha yetgan. Natijada sinchli uylar jiddiy shikastlangan, 8 ballik zonalarda esa xom g‘ishtdan qurilgan binolarning katta qismi to‘liq qulab tushgan. Ushbu hodisa ham mintaqaning yuqori seysmik faolligini yana bir bor tasdiqlaydi.


Umuman olganda, tarixiy manbalar Toshkent shahrining ham bir necha xavfli zilzilalarga guvoh bo‘lganini ko‘rsatadi. 1966-yildagi zilziladan oldin shaharda turli kuchlanishdagi qariyb 700 ta seysmik silkinish qayd etilgan. 1966-yil 26-aprel tonggi soat 05:22 da Toshkent shahri o‘z tarixidagi eng kuchli zilzilani boshdan kechirdi. Zilzila o‘chog‘i shahar hududi ostida, taxminan 5–10 km chuqurlikda joylashgan bo‘lib, uning kuchi 8 ballgacha yetgan. Eski shahardagi Qashqar mahallasi va Labzak eng kuchli zarar ko‘rgan hududlar sifatida qayd etiladi. Ushbu zilzila tektonik kelib chiqishga ega bo‘lib, Yer po‘stidagi tog‘ jinslarining siljishi, yorilishi hamda ayrim qatlamlarning keskin ko‘tarilishi yoki cho‘kishi natijasida yuzaga kelgan.


Zilzila shahar markazi va eski turar-joy hududlariga katta zarar yetkazdi. Minglab binolar – maktablar, kasalxonalar, sanoat korxonalari va boshqa infratuzilma obyektlari vayron bo‘ldi. Umumiy hisobda taxminan 2 million kvadrat metr turar-joy maydoni zarar ko‘rdi. Shuningdek, 10 mingga yaqin bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish obyekti, 26 ta kommunal korxona, 180 ga yaqin ta’lim muassasasi, 36 ta madaniy-maishiy bino, 185 ta tibbiyot muassasasi va 245 ta sanoat korxonasi jiddiy talafot ko‘rdi. Natijada 78 ming oila (taxminan 300 ming kishi) boshpanasiz qolgan. Zilzila shaharning markaziy tumanlariga, xususan Kirov tumaniga eng katta zarar yetkazgan hududlardan biri bo‘lgan. Bu yerda 7 394 ta turar-joy binosi va 300 dan ortiq ijtimoiy obyektlar vayron bo‘lgan.


Zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida zudlik bilan favqulodda chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Boshpanasiz qolgan aholini joylashtirish, sanoat va savdo korxonalarini qayta tiklash, jamoat va xususiy mulkni himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilgan. Shahar hududida 15 mingdan ortiq chodir va vaqtinchalik yashash vagonlari o‘rnatilib, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida 14 ta ko‘chma dorixona, 29 ta tibbiy xizmat markazlari tashkil etilgan.

 

1966-yil oxiriga kelib, qariyb 300 ming nafar Toshkent aholisi uy-joy bilan ta’minlandi. Poytaxtda jami 3,2 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, shundan 1,18 million kvadrat metri qardosh respublikalar quruvchilari va harbiy qurilish bo‘linmalari tomonidan tiklangan. Aynan shu og‘ir sinov sharoitida aholining birdamligi, hamjihatligi va insoniy fazilatlari yaqqol namoyon bo‘ldi. Boshqa respublikalar singari Ozarboyjon xalqi ham Toshkentni qayta tiklash jarayoniga sezilarli hissa qo‘shdi. Ularning beg‘araz yordami va qurilishdagi faol ishtiroki tufayli Toshkent qisqa muddatda qayta tiklandi.


Jumladan, Ozarboyjondan yuzlab malakali quruvchilar, me’morlar va muhandislar Toshkentga kelib, uzoq muddat davomida zilzila oqibatlarini bartaraf etish va tiklash ishlari, ayniqsa, ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurish jarayonida muhim o‘rin egalladilar.


 


 
Ozarboyjon quruvchilari tomonidan barpo etilgan turar-joy binolari. Surat: N. Medvedov


 
Boku qurilish poyezdi boshlig‘i M. Peresado o‘z xotiralarida ozarboyjonlik quruvchilarning Toshkentni qayta tiklash ishlariga safarbar etilishi jarayonini quyidagicha izohlaydi:


“Ozarboyjondagi ‘Glavbakstroy Bosh boshqarmasida Toshkentni qayta tiklash ishiga kimlar boradi?” degan savol qo‘yilganda, biz ixtiyoriy ravishda ushbu vazifani zimmamizga oldik. 60 nafar quruvchi Boku qurilish poyezdi tarkibida Toshkentga yuborildi. Toshkent go‘zal shahar edi, ammo kutilmagan tasodif bu yerdagi hayot oqimini o‘zgartirdi. Dastlabki bosqichda ishlar murakkab kechdi, Chilonzor massivida keng maydonlar tayyorlanib, qurilish uchun zarur infratuzilma shakllantirildi. Zilzila oqibatida yuzaga kelgan uy-joy tanqisligi sababli qurilish ishlarini qisqa muddatlarda amalga oshirish zarur edi. Shu maqsadda 35 ming kvadrat metr uy-joy qurish majburiyati olindi.


Dastlab oson bo‘lmadi. Chilonzor massividagi keng yalanglikda tuproq surib, yer qazib quriladigan turar-joylarda maydon hozirladik. Uylarni tez qurishimiz kerak edi. Chunki tabiiy ofat tufayli uylari vayron bo‘lgan shahar aholisining ehtiyoji shuni talab qilardi. Boshida 35 ming kvadrat metr uy-joy qurish majburiyatini oldik. Qurilish jarayonlari kompleks usulda tashkil etilib, F. Bayramov boshliq montajchilar, A. Medvedov boshliq bo‘yoqchilar, I. Yagubov boshliq payvandchilar, A. Arkas boshliq duradgorlar brigadirlarning ishlari diqqatga sazovor. Shuningdek, qurilish jamoasida o‘z ishining ustalari ko‘p. Kranchi I. Nodirov, santexnik V. Turegin, elektr payvandchi V. Kozim va E. Ruvenov, ishchilardan K. Guseyn, A. Inqilob, K. Akperov, bo‘yoqchi J. Baysova va kutubxonachi V. Krilova shular jumlasidandir. Biz Toshkentda zilzila tufayli xalq boshiga tushgan kulfatni daf etishga qatnashar ekanmiz, do‘stlik tuyg‘ularini yana bir marta chuqur his etdik”.  


Shuningdek, ozarboyjonlik quruvchi I. Nodirov ham o‘z esdaliklarida quyidagilarni yozib qoldirgan:  “Toshkentda tarixda misli ko‘rilmagan qurilishlar olib borilmoqda. Bu yerda barcha millat vakillarini uchratish mumkin. Biz hozirda 120 toshkentlik oila uchun boshpana qurib berdik. Yana 96 kvadratli turar-joy binosining 4-qavatini quryapmiz. Men bir smenada 45 tonnagacha qurilish materiallarini yuqori qavatlarga uzatib beryapman. 7 soat o‘rniga 9-10 soat ishlayapmiz. Chunki, tili-tilimizga, dili-dilimizga azaliy payvand bo‘lgan o‘zbek birodarlarimizning og‘irini yengil qilib, yaxshilik qilayotganligimiz bizga zavq beradi”.



120 ta Toshkent oilasi uchun uy qurgan Ozarboyjon quruvchilari


Shuningdek, zilzila haqidagi xabarni radiodan eshitgan ozarboyjonlik Guseyn Toshkent aholisi uchun yordam ko‘rsatishga intildi. U Ozarbayjon qurilish-montaj poyezdi tarkibidagi Boris Bagirov boshchiligidagi kompleks brigadaning montajchisi sifatida Chilonzor massivining 23-mavzesida qurilgan hamda aholiga topshirilgan 48 va 72 kvartirali turar-joy binolari qurilishida ishtirok etdi. Gruziya, Armaniston, Litva, Latviya, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi turli respublikalardan kelgan mutaxassislar qatorida Toshkentni qayta tiklash ishlarida ozarboyjonlik Guseyn Kengerlining ham munosib hissasi mavjud bo‘ldi.


Obodonlashtiruvchilar brigadasi boshlig‘i Y. Petrosyan o‘z xotiralarida shunday ta’kidlaydi: “Ona shahrimiz Boku, qarindosh-urug‘ va birodarlarimiz bilan xayrlashib, o‘zbek qardoshlarimiz yurtiga yo‘l olar ekanmiz, maqsadimiz ko‘rmagan joyni ko‘rib kelish emas, balki mehmondo‘st o‘zbek xalqining tabiiy ofat oqibatida sinovdan o‘tgan hayotini yengillashtirish hamda Toshkentda qurilayotgan uylar atrofini obodonlashtirishdan iborat edi”.


Umuman olganda, 1966-yil 20-iyunda Toshkent shahriga Ozarboyjondan 60 nafar quruvchi yetib kelgan bo‘lib, jami 160 nafar ozarbayjonlik mutaxassis shaharni qayta tiklash ishlarida ishtirok etgan. Ular nafaqat ishchi kuchi bilan, balki qurilish materiallari, texnika, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur resurslarni ham muntazam ravishda yetkazib turgan. Jumladan, 1966-yil dekabr oyida Toshkentga 60 tonna sement, 960 tonna yirik panel, 16 tonna armatura, poydevor uchun 5 ming dona harsang tosh hamda ko‘plab temir-beton buyumlari yetkazib berilgan. Boku qurilish obyektlarida 5 ta 7 tonnalik ko‘tarma kran, 3 ta “C-100” markali buldozer, 2 ta “E-302” markali ekskavator, 4 ta panel tashuvchi va 7 ta yuk avtomashinasi faoliyat yuritgan. Shuningdek, Boku shahridan yuborilayotgan qurilish materiallari hajmi doimiy ravishda ortib borgan: yanvar oyi uchun 120 tonna sement, 1200 dona yirik panel, 22 tonna armatura, ko‘plab poydevor bloklari, shuningdek, isitish, kanalizatsiya va ichimlik suvi tarmoqlari uchun quvurlar buyurtma qilingan.


 


Ozarboyjonlik payvandchi V. Kozin


 
Ozarboyjon shoiri Mammad Rahim Toshkent zilzilasi oqibatlarini bartaraf etish va shaharni qayta tiklash jarayonida ishtirok etgan quruvchilarning fidokorona mehnatini badiiy jihatdan ifodalab, o‘zining “Binokorning orzusi” nomli she’rini yaratgan. Ushbu she’rda zilzila natijasida vayron bo‘lgan Toshkentni tiklash jarayonida qatnashgan quruvchilarning mehnati, jasorati aks ettiriladi:


Binokor devor uzra qo‘yar beton toshini,
U chaqirsa “labbay” der yosh-u qari ishchilar.
Kunlar o‘tar yuksalar imorat asta-asta,
G‘isht ustiga g‘isht terib, aytar ba’zan ashula,
Orzusiga erishib, ko‘ngli daryodek toshar.
Haftalar o‘tar shunday, yuksalardi imorat,
Tong chog‘ida qush kabi usta qo‘nar devorga.
Ishtiyoq bilan ishlar, sarflab hunar – mahorat,
Yetkazmakni istaydi devorni ko‘k chinorga.
Chinor balanddir, uning uchiga boqqan zamon
Kishining boshidagi do‘ppisi tushar yerga.
Usta binoning ustki qavatiga chiqqan on.
To‘ymay boqadi yangi bino bo‘lgan shaharga.
Oylar o‘tar, muhtasham bino qomat ko‘tarar,
Endi tenglashib turar ustamiz chinor bilan.
Chinorning butog‘iga qo‘nishadi qushchalar,
Bulut janubga oqar chinorning tepasidan.
Yil o‘tar, u muazzam go‘zal imorat bitar,
Usta zo‘r quvonch bilan suvaydi so‘ng g‘ishtlarni.
Eng yuqori qavatdan turib tomosha etar
Pastda, chinor shohida sayrab turgan qushlarni.
To‘ymay boqar… mehnatkash bu inson yuragida,
Ko‘zlarida chaqnaydi porloq orzu – umidlar
Qurajak binosining so‘nggi qati tagida
Suzib yursin momuqday oppoq-oppoq bulutlar.

 

Xullas, 1966-yilgi Toshkent zilzilasi nafaqat bir shahar, balki butun xalq uchun og‘ir sinov bo‘ldi. Ammo bu fojia ortidan namoyon bo‘lgan birdamlik, o‘zaro yordam va insoniylik yuksak qadriyat sifatida tarix sahifalaridan o‘rin oldi. Ayniqsa, Ozarboyjon xalqining ko‘rsatgan yordami Toshkentning qayta tiklanish jarayonida beqiyos o‘rin tutdi. Ularning fidokorona mehnati tufayli shahar qisqa fursat ichida yangicha qiyofaga ega bo‘ldi. Bu voqea o‘zaro do‘stlik va birodarlikning naqadar qudratli kuch ekanini yana bir bor tasdiqladi.


 

Mirshod SIDDIQOV,


Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:06 / 04.06.2026 0 54
Turklar oylarni qanday atagan





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//