O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Qutlibeka Rahimboyeva “Har bir inson hayoti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiya qiladi


Saqlash
15:25 / 12.05.2026 12 0

Oyina.uz portali o‘zbekning 100 ziyolisidan “Har bir inson hayoti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 85-ishtirokchisi, shoira Qutlibeka Rahimboyeva “Har bir inson hayoti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiya qiladi:

 

1. Erix Mariya Remark,  Uch og‘ayni”. Remark, asosan, urush mavzusida yozadi. Ammo bu asari do‘stlik haqida. Azaldan do‘stlarning bir-biriga sadoqati, fidoyiligi haqidagi asarlarni yaxshi ko‘rib o‘qiyman. Romanda do‘stlar o‘z o‘rtoqlarining betob bo‘lib qolganida, do‘stining yonida turish, dalda bo‘lish uchun olis yo‘llarni bosib kelishadi. Qahramonlari hayotdagi odamlarday gapiradi, soxtalik yo‘q.

2. Efraim Sevela, “To‘xtating samolyotni, tushib qolaman”. Muallifning o‘zi yashayotgan jamiyatga kinoyali nigohi. Yozuvchi bir jamiyatda yashab, ya’ni bugunda yashab bugun haqida yaxshi asar yozishi qiyin. Lekin buni adib eplagan. O‘zbek adabiyotida ham shunday asarlar bor. Abdulla Qodiriyning “Toshpo‘lat tajang nima deydi?”, Shirvon xola nima deydi?” kabi asarlari.

 

3. Frans Kafka, “Qal’a”. Asarda yozuvchi tuzumlar, sarhadlar nisbiy narsa ekani, aslida bu hayotning qonunlari (masalan, tuzum va shaxs o‘rtasidagi munosabat) o‘zgarmasdir, degan fikrni ilgari suradi.

 

4. Marina Svetayeva,Mening Pushkinim”. Esse. Adiba hayotdagi Pushkinning o‘z qalbida yashayotgan in’ikosi bilan tanishtiradi.

 

5. Choʻqqida qolgan ovchining ohi-zori. Qirgʻiz va qozoq adabiyotining ikki buyuk ustuni – Chingiz Aytmatov va Muxtor Shoxonov orasidagi suhbatlar yoritilgan. Samimiy, teran, fuqarolik pozitsiyasi aniq suhbatlarni o‘qigan kitobxon suhbatdoshlar qalbidagi ogʻriqni oʻzida ham his qiladi.

 

6. Lev Tolstoy, “Anna Karenina. Jamiyatga sig‘magan insonlar fojiasi haqidagi asar.

 

7. Jek London, “Martin Iden”. “Anna Karenina bu asar haqida ham shu fikrni aytish mumkin.

 

8. Teodor Drayzer, “Amerika fojiasi”. Bir inson ichidagi ikki qutb kurashlari aks etgan.

 

9. Pirimqul Qodirov, “Yulduzli tunlar”. Bobur haqidagi eng yaxshi asar.

 

10. Luqmon Bo‘rixon, “Jaziramadagi odamlar”. Jamiyat majruh qilgan insonlar qissasi.

 

 

Qutlibeka Rahimboyeva 1952-yil 9-fevralda Turkmaniston Respublikasi Toshhovuz viloyatining Oltmish qishlogְ‘ida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi Farg‘ona Davlat pedagogika institutining (hozirgi universitet) o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.

 

1976-yil O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim Qutlibekaning ilk she’riy turkumiga Saodat jurnalida oq yol berib, yosh shoiraning mashqlarida jamiyatni anglashga, uni tahlil qilishga intilish ustuvor ekanligini qayd qilgan edi.

 

“Yuragimda ko‘rganlarim”, “Uzun kunduzlar”, “Uyg‘onish fasli”, “Ozodlik”, “Ko‘ksimdagi Tangritog‘”, “Tohirning Zuhrosi”, “Sham ko‘targan ayol” singari bir qancha to‘plamlari nashr qilingan. Lesya Ukrainka, Marina Svetayeva, Anna Barkova, Alfonsina Storni kabi shoiralarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1994-yil), “Shuhrat” medali sovrindori (1999-yil).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//