1
Yozuvchi O‘lmas Umarbekovning qiziga yozgan maktublarini o‘qidim. Oxirida shunday jumla bor ekan: “Davr o‘zgarib ketdi, qadriyatlar o‘zgardi...”. Bu – o‘ttiz yillar oldingi gap. “Qadriyatlar o‘zgardi” degan jumla meni qattiq o‘ylantirib qo‘ydi.
Ha, hozir “Hamma narsa o‘zgarib ketdi. Zamon butunlay boshqa bo‘ldi...” qabilidagi gaplarni har kun, har yerda eshitamiz. Albatta, katta yoshli kishilardan, chunki kecha bilan bugunni ular qiyoslashi mumkin-da. Ba’zan bu yangilik emas, otalar va bolalar o‘rtasidagi azaliy bahsga o‘xshab ham ko‘rinadi. Ehtimol shundaydir. Balki haqiqatan boshqa qadriyatlar davri boshlanayotgandir...
Qadriyat tushunchasining ilmiy-noilmiy, tushunarli-yu tushunarsiz o‘nlab ta’rif-tavsiflarini kitoblardan, internetdan bemalol topa olamiz. Mening oddiy tushunchamga ko‘ra esa qadriyat – bolalikdan “mana shu yaxshi, mana shu to‘g‘ri” deb ongimizga singdirilgan; biz uchun qadrli, ardoqli bo‘lgan narsa-hodisalar, me’yorlar, qoidalardir. Oila, qanoat, halol mehnat, uyat va or-nomus, kamtarlik, mehr-oqibat, vijdon, o‘zaro yordam, yaxshilik, kattalarga hurmat... – mana, biz uchun ardoqli bo‘lgan qadriyatlar.
Xo‘sh, bugungi dunyo ularni qanday tushunayapti?
2
Hayotning yo‘rig‘i hamisha shundaymi yo dunyo nihoyatda shiddat bilan rivojlanib, bizdan ilgarilab ketdimi, harqalay, qadriyatlar ancha-muncha o‘zgarib ketgandek. Shular haqda o‘ylay turib, sun’iy intellektni suhbatga tortdim. U internet sarhadlarini soniyada aylanib chiqib, sovuqqonlik bilan bo‘lsa ham bama’ni-jo‘yali gaplarni gapirdi, maslahatlar berdi. Ha, javoblar oqilona edi-yu, lekin silliqqina, u bizning inson sifatidagi taqdirimizni his etmayotgandek, kuyunmayotgandek edi.
Balki oshirib yuborayotgandirman-u, lekin azaliy qadriyatlarning sekin-sekin o‘zgarib borishi odam bolasini alaloqibat halok etadigan fojialar sari yo‘l ochayotgandek tuyuldi. Ha, aslida qaltis ma’naviy o‘zgarishlar emas, ularning tadriji, oqibati meni o‘ylantirib qo‘ygan edi. Keling, ko‘rinmas suhbatdoshim “yozib bergan” maqoladan ayrim o‘rinlar va o‘zimning unga xayoliy javobim, munosabatimni qisqartiribroq aytib beray.
SI (sun’iy intellekt):
– Andisha va hayo kabi milliy kodlarimiz global “erkinlik” niqobi ostida zaiflashmoqda. Ilgari kattalarning oldidan kesib o‘tmaslik yoki ularning so‘zini bo‘lmaslik yozilmagan qonun edi. Bugun esa buni “shaxsiy erkinlikni cheklash” deb hisoblaydiganlar ko‘paydi. Albatta, erkin fikrlash va o‘z huquqini bilish yomon emas, lekin bu qadriyatlar ma’naviy ildizlardan uzilib qolsa, jamiyat “quruq daraxt”ga aylanmaydimi?
Men:
– O, shaxsiy erkinlik, o‘z haq-huquqini bilish deysanmi? Oliy darajadagi tushunchalar-ku! “Bu qadriyatlar ma’naviy ildizlardan uzilib qolsa, jamiyat “quruq daraxt”ga aylanmaydimi?” deding silliqqina qilib. Lekin bugun ular nojo‘ya ishlarni, hatto yovuz kirdikorlarni niqoblaydigan qurolga ham aylanib ketayapti, aqlvoy do‘stim. Qadriyatlarga ham, odamning o‘ziga ham xavotirli tahdidlar ko‘p hollarda “haq-huquq”, “shaxsiy erkinlik” da’vosi bilan sodir bo‘layotgandek nazarimda. Fikrlaydigan odam erkinlik degani nisbiy ekanini biladi. Lekin sen aytganlaring hali holvasi. Bugun ko‘ngilga kelgan noma’qulchilikni qilish ham, buzuqlig-u Lut qavmi qilmishi ham erkinlik bo‘lib qoldi. Ig‘vo xatlarni ko‘tarib mas’ul odamlarning vaqtini havoga sovurayotganlar ham, juftidan qasd olish uchun bolalarini halokat qo‘yniga otayotganlar ham haq-huquq da’vosini qiladi. To‘g‘ri, inson ozod, hur qilib yaratilgan. Odamlik haqlari bisyor. Lekin erkinlikning chegaralari Parvardigor belgilab bergan joygacha. Bugun o‘sha chegaralar o‘zboshimchalik bilan buzilib, odam bolasi uni surbetlarcha o‘z xohishlari qadar kengaytirib olayotir. Ulug‘ adib Folkner aytganiday, “Ba’zi odamlar xudoning ishlarini xudoning o‘zidan ko‘ra yaxshiroq bilamiz deb o‘ylashadi”.
SI:
– Bugungi kunda eng ko‘p xavotir uyg‘otadigan jihat ba’zi absolyut qadriyatlarning nisbiylashib borayotganidir. Oila muqaddasligi: ko‘pgina jamiyatlarda oila instituti inqirozga yuz tutmoqda. Nikohga mas’uliyat emas, balki vaqtinchalik kelishuv sifatida qarash kuchaygan.
Men:
– Bilasanmi, oila – biz uchun Odam Ato va Momo Havodan qolgan, insoniyat hayoti davomatini ta’minlaydigan eng qadimiy muqaddas tushuncha. Odam bolasining ro‘yi zamindagi ilk jamiyati. Bugungi dunyoda, shukurki, biz o‘zbeklar oila qadriyatlarini eng ko‘p saqlab qolganlardan birimiz. Bizdagi oila “vaqtinchalik kelishuv” emas hozircha. Lekin ajrimlarning ko‘payganini inkor qilolmaymiz. Buvilarimiz “bitta oila buzilsa arsh larzaga keladi” der edi; bu ketishda oxiri osmon boshimizga qulamasa edi... Koshki faqat shu bo‘lsa! Dunyo bo‘ylab surrogat onalik, bir jinsli oilalarning rasman tan olinishi, hatto ularga farzand asrab olishga ruxsat berilishi-chi? Bularniyam bilasan. Fojia, naq fojia! Shu narsalar ham oila degan qadriyatga munosabatning keskin o‘zgarib borishi, shaxsiy erkinlik da’vosi oqibati emasmi? Bu o‘rgimchak to‘ri sekin-asta butun dunyoni egallamasligiga kafolat bormi?
SI:
– Ilgari insonning qadri uning birovlarga qanchalik kerakligi, mahalla-ko‘y va yaqinlari uchun qilgan fidoyiligi bilan o‘lchanar edi. Bugun esa mezonlar o‘zgardi. Endi “muvaffaqiyat” tushunchasi ma’naviy yuksalishdan ko‘ra moddiy boylik, shaxsiy qulaylik va virtual olamdagi mashhurlik bilan almashib qolgandek.
Men:
– Ha, shoir aytganidek, “Endi inson qadri ham avvalgilarga o‘xshamas”. Muvaffaqiyat tushunchasi-ku butunlay ma’nosini o‘zgartirgan. Sayr-u sayohatdan bo‘shamaydiganlardan tortib, kitob yozdirgan yoki kitob chiqargan, ne bir yo‘llar bilan saylovdan o‘tib olganlargacha bugun o‘zini muvaffaqiyat shohsupasida deb his qiladi, boshqalar ham shunday o‘ylaydi. Hozir mashhurlikka bilim, mehnat, iste’dod kabilar bilan erishish shart emas. Oilani ko‘z-ko‘zlab yoki yot ko‘zlarni yotoqxonaga qaratib yoki o‘zidan psixologmi, kosmetolog yasab... “Instagram”dagi “podpischik”lari sonini oshirib olishni uddalasa bo‘ldi. Qolganlar xuddi bir zamonlar Yevropa yoshlari Napoleon bo‘lishni orzu qilgandek shularga havas qiladi, shularga taqlid qiladi. Shular tufayli ba’zan oilalar darz ketadi... Yulduzlik kasaliga chalindik biz, aqlvoy! Hamma narsani bozorga olib chiqdik! Bir zamonlar xalq orasida “Bozorda baraka bor” degan halol tushuncha bugun “Bozor – shaytonning uyi” degan qusurli tushuncha bilan almashib qolayotganday.
Qanoatdan ham gapirsang-chi, buyam odamzodning ibtidodan kelayotgan muqaddas qadriyati-ku. Biz bo‘lsak qanoatni unutdik. Muvaffaqiyatga, shuhratga, hokimiyatga, boylikka, komfortga, to‘qlikka, laykka... to‘ymaydigan ochko‘zga aylandik. Bugun har ikkita shiordan bittasi to‘xtamaslikka, olg‘a ketishga undaydi; “Sen hamma narsaga qodirsan” deya qitiqlaydi. Bugunning shiddati shundayki, “Nafsingga “hayt!” de”, “Qanoatga o‘rgan” desak, xuddi zamondan orqada qolgandekmiz. O‘zgalar nazdida hasadgo‘yga, inson takomili, taraqqiyot dushmaniga aylanib qolish ham hech gapmas. O, qanoatsizlik fojialari... Ularning miqyosi, ko‘lami qanchalar keng! XXI asrda qaytadan avj olgan urushlar, o‘zgalar yurtini egallash da’volari, hokimiyat vasvasasi, dunyoni boshqarish iddaosi... qanoat fanini unutishdan kelib chiqmayaptimi?
O‘lmas Umarbekov qiziga yozgan o‘sha maktubida qadriyatlar o‘zgarganini aytadi-yu, ketidan “lekin hamma davrda halol mehnat, poklik, odamiylik qadrlangan” deydi. O‘, soddadil, nekbin yozuvchim-a! Mana, bu haqda aqlvoy menga nimalar deyapti: “Halollik va mehnat; tez va oson boylik orttirish ishtiyoqi halol mehnat va sabr kabi fazilatlarni eskilik sarqitidek ko‘rsatib qo‘ymoqda”...
Olamshumul Stefan sveygning “Amok” degan novellasi bor. Hikoyani o‘qib, shu so‘zga qiziqdim. Amok degani ong buzilishi bilan kechadigan kasallik ekan. Bemorda to‘satdan tajovuzkorlik xuruji uyg‘onib, u atrofdagi hamma narsani, uchragan odamni yo‘q qilishga intilib yugurib ketar ekan. Xuruj bemor to‘xtatilguncha yoki o‘zi behush bo‘lib yiqilguncha davom etar ekan. Bugun odamiylikning eng aziz qadriyatlari ruhi xasta odamlar xurujiga uchrayotgandek. Ishqilib, to‘xtata olaylik-da uni...
Ha, butun dunyoda qadriyatlar o‘zgarib ketgandek. Minglab ko‘rinishlarda, minglab misollarda. Ularni birma-bir sanashning iloji yo‘q.
3
Bizning ongimizga o‘zaro yordam, odamlarga yaxshilik qilishni ham go‘zal qadriyat sifatida singdirganlar. Shu haqda o‘ylab, ijtimoiy tarmoqda xorijlik bir jurnalistning yozganlari esimga tushdi. U shunday voqeani hikoya qiladi: kichik shaharchada notanish odam yo‘lida uchragan qizaloqdan bir manzilni ko‘rsatishni so‘raydi. Qizaloq bajonidil rozi bo‘ladi. Ammo bu razil maqsadni pardalash uchun o‘ylab topilgan bahona edi. Haligi odam qizaloqni zo‘rlaydi, xo‘rlaydi... va o‘ldirib kimsasiz joyga tashlab ketadi. Inson qiyofasidagi maxluqning qilmishi jamiyatda juda qattiq aks-sado beradi, jinoyatchi jazosini oladi, albatta. Aytmoqchi bo‘lganim faqat shu emas, bu voqeada odamni larzaga soladigan yana bir joyi bor; musibatzada, chorasiz ona deydiki: “Ota-onalarimiz bizga “odamlardan yordamingni ayama” deb o‘rgatishgan edi. Yo‘q! Endi bolalarimizga odamlarga yaxshilik qilma, yordam berma deb o‘rgataylik!”. Bu gap yuragimni larzaga soldi. “Nahotki?” deb o‘yladim. Nahotki, odamzod shunday xulosaga keldi? Nahotki, so‘nggi chora shu bo‘lsa? Jabrdiyda onaning alam bilan aytgan bu gapini ham tushunish kerak... Ba’zan bolalarimizni yomonlikdan, yovuzlikdan asrashning yo‘li shu bo‘lib qolsa nachora? Achchiq savol bo‘g‘zimga qadaldi: vijdon, shafqat, axloq, odamiylik deb atalmish biz qadrlagan qadriyatlar qani?
Nafaqat farzandlarimiz, o‘zimizni asrash uchun ham bugun goho yaxshilik qilmaslikka majbur bo‘lib qolamiz. Deylik, aeroport yoki vokzalda birovning yukini xolis xizmat uchun ola bilmaysiz; “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasini (Erkin A’zam) o‘qigan bo‘lsangiz, gap nimadaligini tushundingiz. Kartaga tushgan pulni egasiga qaytaraman deb jinoyatga sherik bo‘lib qolish ham mumkin. Ko‘chada duch kelib qolgan notanish odam sizdan kimgadir telefon qilib berishni so‘rasa, qo‘ng‘iroq qilib bermaslik bugun vijdonsizlik emas, himoyadir. Ijtimoiy tarmoqlardan ma’niliroq bir nimani boshqalarga ilinish ham boshog‘riqqa aylanishi mumkin – ostida taqiqlangan havola qo‘yilgan bo‘lib chiqadi. Hatto sevgidan ham qo‘rqasan bugun. Gaplashma, yordam berma, yaxshilik qilma, sevma... Insoniy qadriyatlar ongimizga quyilgan, ular kerakli lahzada mashinavoriy ishga tushadi; lekin endi ularga “to‘xta!” deymizmi? Shu hushyorlik bo‘lib qoldimi? Sho‘rlik odamzod dahshatli paradoks qarshisida nochor qolgandek. Yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, faqat o‘zingga qil! Biroq odam uchun ezgulikdan ezguroq yo‘l ham yo‘q-ku. Beg‘ubor qalbli, niyati pok, murodbaxsh odamlar nima qilsinlar?
4
Yana SIga qaytdim. Undan “avvalgilarga o‘xshamas”lik sabablarini so‘rasam, misollarni qator qilib tashladi: texnologik “portlash”lar, internet, ustunlikning almashinuvi (“jon saqlash”dan “o‘zligini namoyon qilish”ga o‘tilishi), urbanizatsiya, iqtisodiy mustaqillik (ayniqsa ayollar), raqamli inqilob, tanqidiy tafakkurning kuchayishi... Xulosa qilib, “Bugungi fojialarning ildizi insonning o‘z ichki olamidan uzilishidadir” dedi. Iqror bo‘lishga majbur bo‘ldim: hammasiga o‘zimiz, odamlar sababchimiz.
Lekin sun’iy intellekt bilan yana bahslashgim keldi. O‘zimcha o‘yladimki, zamon ham, odamlar ham o‘zgargan emas. Hazrat Behbudiy ham aytganki, “zamonning mururi ila ba’zi rasm va odatlar doimo o‘zgarib turadiki, bu o‘zgarish bobomiz hazrati Odam zamonidan beri voqe’ bo‘lub kelmoqdadur”. Ha, o‘zgarishlar, og‘ishlar, fojialar, yo‘l izlashlar, yo‘qotishlar, topishlar... faqat bugunga xos emas. Ular insoniyatga ibtidodan yo‘ldoshdir. Antik zamonlardayoq bemisl faylasuf Suqrotni qatlga buyurganlar adolat nomidan ish ko‘rgan. Arxeologlar bundan 2400 yil oldingi jangchi o‘qdonini topishgan; ma’lum bo‘lishicha, u inson terisidan qilingan ekan. Iso(a.s.)ni o‘ttiz pulga sotganlar. Mahmud Yalavoch yovga darvozalarni ochib bergan...
Hijriy III asr oxirida yashab ijod qilgan Ibn Marzubo degan kishi o‘z kitobini “Kiyim-bosh kiyganlarning ko‘pidan ko‘ra itlarning afzalligi” deb nomlagan ekan. U “ushbu kitobni oshnasiga yaxshilik qilib, otasiga yomonlik qilgan, xotiniga jilmayib, onasiga qovoq uygan noshud farzandlarga bag‘ishlayman. Hamtovoqlariga pulni ayamay sochib, ota-onasidan pul berkitgan vijdonsiz nokaslarga bag‘ishlayman. O‘ynashiga ishonib ersiz qolgan bevafolarga, omonatga xiyonat qilgan har bir g‘addorga, vasiyatni berkitib tug‘ishganlariga yolg‘on gapirgan kazzoblarga... Yaxshilikka yomonlik bilan javob qaytaruvchi noshukur, nonko‘rlarga... Halol molni chetlab, haromga chopgan haromxo‘rlarga, oxiratdan dunyoni ustun qo‘ygan, qalbi-yu qulog‘i muhrlangan, ko‘zini parda qoplagan ochiq ko‘rlarga... Alloh rahmatidan quvilgan shaytonning xizmatiga yollangan har bir fitnachi, buzg‘unchi, g‘alamis mardikorlarga... O‘zining uyum-uyum aybini ko‘rmay, o‘zgalarning kichik xatosini katta aybdek ko‘ruvchi ig‘vogar, chaqimchi, bo‘htonchilarga... Yuzsiz, beadab, ikkiyuzlamachilarga... Va yana yer yuzida buzg‘unchilik qilayotgan, odamlarning tinchini buzayotgan, ustiga kiyim-bosh kiyib hayvondan battar xunuk ishlar qilayotgan diydasi qattiq, berahm, dilozorlarga bag‘ishlayman...” (Da’vatchi qush /https://islom.uz/maqola/2667) degan ekan. Demak, bu nokasliklar yangilik emas ekan-da... Qarangki, odamzod asrlar davomida muntazam ogohlantirib kelinsa-da, yana chalg‘iyveradi, haqqa xiyonatning yangi-yangi usullarini o‘ylab topaveradi.
Qadriyatlarni qadrsizlantirish taraqqiyot darajasiga qarab har xil ko‘rinishlarda namoyon bo‘lgan. Bir misol keltirsam. SI menga “Insonlar bir-biriga yuzma-yuz qarab turib, smartfon orqali boshqalar bilan bog‘lanishi – bugungi kunning eng katta ijtimoiy fojialaridan biridir” dedi. Shunda “Жуткие факты” degan telegram kanalida o‘qiganim esimga tushdi: bu hol, ya’ni muloqot chog‘ida nuqul smartfonga qarash odatiga “fabbing” deb nom qo‘yishibdi. Ya’ni inglizcha “phone” – telefon va “snubbing” – iltifotsiz munosabat demak.
Aslida azal korxonasida odamzodning fitratiga qarama-qarshi kuchlar jo etilgan: ezgu va yovuz, bunyodkor va vayronkor... Ularning qaysi birini parvarishlab o‘stiramiz, qaysi birini mag‘lub etamiz – bu borada ixtiyor o‘zimizga berilgan. Ya’ni, xohlasang hidoyatni, xohlasang zalolatni tanla. Qavm ommaviy ravishda zalolatni tanlaganda mahv etilgan, yangi payg‘ambarlar yuborilgan...
Shu xil ma’qul-noma’qul, parishon fikr-mulohazalarim pirovardida qarshimda bir savol o‘jarlarcha turib oladi: “Nima qilmoq kerak?”. O‘zimcha bir nimalar demoqchi bo‘ldim. Lekin bu savolga ma’naviyat sohasi vakillari bo‘lmish barcha ziyolilar, olimlar, shoir-u yozuvchilar, muallimlar... javob bermog‘i, ularning aytganlarini umumlashtirmoq va butun millat, hatto butun insoniyat bo‘lib harakatga keltirmoq lozim deb o‘yladim. Inson – yer yuzidagi jamiki yaxshilik va yomonlikning ham, o‘zgarish va tuzatishlar, yo‘qotish va topishlarning ham bosh ijrochisidir. Hammasini odamdan, o‘zimizdan boshlamog‘imiz kerak.
5
Darvoqe, ushbu bitiklarning boshida ham aytganimdek, sun’iy intellekt beminnat maqola yozib berdi. “Ushbu maqolani biror ijtimoiy tarmoq yoki nashr uchun moslashtirib, sarlavhasini o‘zgartirib berishimni istaysizmi?” dedi yana mehribonlik bilan. Aqlvoyning yozganlariga u yoq-bu yog‘idan qalam urib berib yuborsam ham bo‘lardi. Qadriyatlar o‘zgarib ketayotgan bir zamonda shunday qilsam, balki ayb ham sanalmasdi. Maqola-ku o‘tib ketar, lekin vijdon degan qadriyat sinovdan o‘tolmay qolardi, xolos.
Nodira OFOQ
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Avvalgilarga o‘xshamas...” maqolasi
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Adabiyot
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q