“Jonli” kitobmi yoki elektron?
Bu mazmundagi bahslar dunyo miqyosida avj olib, texnologiya insoniyat tarixida kuzatilmagan darajada rivoj topayotgan bir vaqtda Shvetsiya hukumati bosma adabiyotlarga qayta urgʻu berishga chaqirmoqda. Ha, tobora rivojlanib borayotgan startaplari va yuqori darajali raqamlashtirish tajribasi bilan Yevropaning texnologik jihatdan eng rivojlangan mamlakatlari sirasiga kiruvchi Shvetsiya shu yoʻlni maʼqul koʻrdi.
Raqamli taʼlim boʻyicha dunyo etaloni ushbu qarorni osonlik bilan qabul qilmadi. Chunki hukumat bir vaqtlar ekranlarga asoslangan yondashuvni targʻib qilgan, sinflarda planshet va noutbuklardan foydalanish 2010-yillardayoq normallashtirilgan edi. Endi boʻlsa xuddi oʻsha tartibni bekor qilish, ekran ortidagi vaqtni cheklash uchun muqova, qogʻoz-ruchka va maktab kutubxonalariga yana katta resurs ajratilmoqda.
Quyida ushbu Skandinaviya mamlakati nima maqsadda ushbu qarorga kelgani, jarayon qanday kechayotgani va tomonlarning munosabati haqida soʻz boradi.
Mamlakat rasmiylari taʼlim sifatining pasayishini oldini olish maqsadida sinflarda bosma kitob, ruchka va qogʻozlardan avvalgidek foydalanishga chaqirmoqda. Lekin bu analoglardan haddan ortiq foydalanish talabi texnologik soha mutaxassislarining tanqidiga sabab boʻlib, biznes doiralarda keskin qoralanmoqda. Ularga koʻra, ushbu qaror talabalarni ish bilan taʼminlash istiqboliga salbiy taʼsir koʻrsatishi, avlodlar orasida raqamli tafovut yaratishi, hatto, Skandinaviya mamlakatlari iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishi ham mumkin.
Bosma kitoblarga qaytish: Shvetsiyaning “raqamli reaksiyasi”
Shtokgolm yaqinidagi Naka oʻrta maktabi bitiruvchisi sumkasidan noutbuk va bir necha yil avval ishlatgan buyumlarini chiqararkan, endi maktabdan uyga tez-tez yangi kitob va daftarlar olib ketayotganini, oʻqituvchilaridan biri barcha darsliklarni bosma shaklda chiqarib bera boshlaganini taʼkidlaydi. Amalda faqatgina matematika faniga asoslangan raqamli platforma qoʻllanilmoqda.
Taʼkidlanganidek, hukumatning ushbu qarori taʼlim tizimida keskin burilish boʻldi. Chunki mamlakat maʼlum muddat taʼlimning eng boshlangʻich darajasidan to oliy bosqichigacha elektron gadjetlardan foydalanish tartibini joriy qilgan boʻlsa, bugun unga batamom teskari yoʻl tutmoqda.
Aniqroq tasavvur boʻlishi uchun, noutbuk Shvetsiya maktablarida 2000-yillar oxiri, 2010-yillar boshidayoq keng tarqalgan edi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2015-yilga kelib oʻrta maktablardagi taxminan 80% oʻquvchi shaxsiy qurilmasiga ega boʻlgan. 2019-yilda mamlakatdagi maktabgacha taʼlim muassasalarining oʻquv dasturiga planshetlardan foydalanish majburiyati kiritilgan. Ushbu qaror sobiq sotsial-demokratlar boshchiligidagi hukumat tomonidan mamlakatning eng kichik vakillarini ham ish va shaxsiy hayotdagi raqamli kelajakka tayyorlash missiyasi doirasida amalga oshirilgan edi.
Bugun esa 2022-yil hokimiyatga kelgan Oʻngqanot koalitsiyasi taʼlim uslubini butunlay boshqa tomonga yoʻnaltirmoqda. Bu borada mamlakat Taʼlim vaziri Yoar Forsell shunday deydi:
“Maktabning yuqori sinflarida gadjetlar koʻproq qoʻllaniladi, lekin oʻylashimcha, boshlangʻich sinf va bogʻchalarda ulardan umuman foydalanmaslik kerak”.
“från skärm till pärm” – “ekrandan muqovaga”
Hukumat bugungi kunda “från skärm till pärm” – “ekrandan muqovaga” jumlasini shiorga aylantirgan. Taʼkidlanishicha, darslar planshet va noutbuklarsiz oʻtilganida bola diqqatni jamlashi uchun eng yaxshi sharoit shakllanib, unda yozish va oʻqish koʻnikmalari ham samarali rivojlanadi.
Yangi tartib bilan, 2025-yildan boshlab Shvetsiyadagi maktabgacha taʼlim muassasalari planshetlardan foydalanishga majbur emas. Ikki yoshgacha boʻlgan bolalarga esa planshet berilmaydi. 2026-yil yakuniga kelib, maktablarda telefonlardan hatto taʼlim maqsadida ham foydalanish taqiqi kuchga kiradi.
Yangi darslik va oʻqituvchilarning metodologik qoʻllanmasi uchun 2,1 milliard krondan ortiq mablagʻ maktablarga grant shaklida ajratildi. Muqovali kitoblarga asoslangan yangi taʼlim dasturi 2028-yilda qabul qilinadi.
“Agar farzandlaringiz muhim koʻnikmalarni toʻliq egallashini istasangiz, bosma kitoblarni oʻqish va haqiqiy qogʻozlarga yozish usuli ancha yaxshiroq”, deydi Forsell.
Hukumat bu qarorga qachon va qanday kelgan?
Taʼlim yondashuvidagi ushbu oʻzgarish 2023-yilda ilmiy tadqiqotchilar, taʼlim tashkilotlari, davlat idoralari va munitsipalitet ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilish natijasi boʻlgan.
Aslida, raqamli gadjetlar borasida koʻplab mutaxassislar xavotir bildirgan edi. Ular qatorida doktor, Shtokgolmdagi Karolinska instituti neyrobiologi Sissela Natli ham soʻngi vaqtlar sinflarda texnologiyalardan foydalanish qanday muammolarni keltirib chiqarayotganiga eʼtibor qaratadi. Uning taʼkidlashicha, oʻquvchi shunchaki boshqalar gadjetda nima qilayotganini kuzatib ham diqqatini yoʻqotishi mumkin. Matnni raqamli qurilmalarda oʻqish esa bolalarda maʼlumotlarni qayta ishlash jarayonini murakkablashtiradi, undan haddan ortiq foydalanish – bola miyasining rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Natli bu kabi fikrlar aks etgan xalqaro tadqiqotlar soni ortib borayotganini taʼkidlaydi.
Hukumat shuningdek, anʼanaviy oʻqitish usullariga qaytish – Shvetsiyaning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti reytingidagi asosiy fanlar boʻyicha pozitsiyasini yaxshilashga yordam berishini umid qilmoqda.
Mamlakat ushbu reytingda bir vaqtlar ilgʻor oʻrinlarni ham zabt etgan, lekin avvaliga 2012-yilda natijalar keskin pastlashi kuzatilgan, 2022-yilda esa matematika va oʻqish boʻyicha ham natijalar sezilarli darajada yanada pasaygan.
Lekin savodxonlik darajasi IHTT mamlakatlari orasida avvalgidek oʻrtachadan biroz yuqori darajada. Ushbu koʻrsatgich 2022-yilda Buyuk Britaniya, AQSH, Daniya va Finlyandiya kabi mamlakatlardan pastroq darajani koʻrsatgan – 15-16 yoshli oʻquvchilarning deyarli chorak qismi (24%) “oʻqib, tushunish”ning bazaviy darajasiga ham erisholmagan.
Taʼlim vaziri Forsellning taʼkidlashicha, xalqaro tadqiqotlar butun maktab yillarini doimiy ekran ortida oʻtkazgan bolalarning oʻzlashtirish darajasi past boʻlishini koʻrsatadi.
Bu borada Nakadagi bitiruvchi kurs talabalarining ham fikri ikkiga ajraladi:
“Internet yosh avlodni maʼlum maʼnoda qamrab olgan. Men bu avlod diqqatining tarqoqroq ekanini kuzatdim”, deydi uka-singillarining ham u va uning tengdoshlari kabi maktabda raqamli qurilmalardan faol foydalanishini istamayotgan 18 yoshli Aleksios.
Biroq 19 yoshli Jasmin kabilar maktabning eng yosh oʻquvchilari ham raqamli taʼlim olishini yoqlamaydi:
“Keling, koʻproq kompyuterlarga eʼtibor qaratamiz. Chunki realistik koʻz bilan qaraydigan boʻlsak, butun dunyo kompyuterdan foydalanmoqda”, deydi u bugungi kunda texnikasiz soha deyarli yoʻqligini nazarda tutib.
Raqamli tafovut va populistik yondashuv: “Muqovaga oʻtish” strategiyasining biznes doiralardagi keskin muhokamalari
Ushbu qaror biznes doiralarida ham qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.
Masalan, Edtech Industry assotsiatsiyasi oʻzining yangi hisobotida anʼanaviy taʼlim oʻquvchilarning kelajakdagi zamonaviy ish jarayoniga yetarlicha tayyor boʻlmasligiga olib kelishi mumkinligini qayd etgan.
“Ishlashni boshlash uchun barchaga bazaviy raqamli tajriba zarur”, – taʼkidlaydi assotsiatsiya direktori, sobiq oʻqituvchi Yanni Yeppesen yaqinda eʼlon qilingan Yevropa ittifoqi hisobotiga tayanib. Hisobotda shuningdek, tez orada 90% ishchi oʻrni raqamli tajriba talab etishi haqida ham qayd etilgandi.
Shuningdek, Jeppesen kompaniyasi ham bu qarorning tadbirkorlik va innovatsiyaga taʼsiridan xavotirda: Bugungi kunda Shvetsiya Yevropada texnologik “Unicorn” (1 milliard AQSH dollari va undan yuqori narxga baholanuvchi kompaniyalar) ishlab chiqarish markazi sanaladi. Unga musiqiy striming servisi Spotify va yuristlar uchun Legora sunʼiy intellekt ilovasi kabilar tegishli boʻlib, bu kabi kompaniyalar agar mamlakatda zarur IT-mutaxassislarni topmasa, “boshqa joyga koʻchib oʻtadi”.
Bu borada tobora oʻsib, aktual boʻlib borayotgan sunʼiy intellektdan foydalanish muammosi ham mavjud. Hukumat taʼlim dasturiga SIdan foydalanish imkoniyatlari va xavflari haqida darslar kiritishni istaydi. Bir qancha kritiklar buni hatto, kichik yoshdagi bolalardan boshlash zarurligini aytadi.
Aks holda, nisbatan imkoniyati yuqori oilalar farzandiga tegishli bilimlarni qoʻshimcha tarzda oʻrgatadi, lekin imkoniyati yoʻq bolalar ushbu bilimlarga kelajakda ehtiyoj sezadi, shu tariqa avlodlar orasida raqamli tafovut shakllanadi.
“Notenglik sabab odamlar mahrum boʻladigan imkoniyatlar faqatgina taʼlim teng berilishi orqaligina taqdim etilishi mumkin”, deydi Forsell.
EdTech shved kompaniyasi bosh direktori Yeppesen buni “populistik yondashuv” ekanini taʼkidlaydi. Unga koʻra, hukumatning anʼanaviy sinflarga emas, raqamlisiga urgʻu berishi — natijalarga taʼsir qiluvchi boshqa omillardan eʼtiborni chalgʻitadi. Masalan, shved Taʼlim agentligining mart oyida eʼlon qilingan hisobotida taʼlim resurslari va oʻqitish imkoniyatlarining noteng taqsimlanganligi qayd etilgan.
Ma’naviyat
Adabiyot
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q