Falsafa fanlari doktori, professor Viktor Alimasovga ochiq xat
Hurmatli Viktor aka! Ko‘p yillar bo‘ldi, Sizni “Tafakkur” jurnalida, gazetalarda bosilgan maqolalaringiz orqali taniganman. Avvaliga “falsafa fanlari doktori” degan ilmiy unvon picha cho‘chitgan esa-da, maqolalaringizda bayon etilgan mulohazalarning hayotiyligi, samimiyligi va ayniqsa, ulardagi o‘quvchini suhbatga chorlov ruhi kaminani Viktor Alimasovning doimiy o‘quvchisiga, muxlisiga aylantirdi. Maqolalaringizni izlaydigan bo‘ldim, qo‘lga qalam tutib o‘qishga odatlandim. Dastlab “Falsafa yoxud fikrlash lazzati”, keyinroq “Inson...” kitoblaringizni o‘qib, Sizni o‘zim uchun yanada kengroq kashf etdim. Ko‘ngilda yig‘ilgan savollar bilan Sizga murojaat qilishni mo‘ljalladim ham, biroq goho jur’at yetmadi, goho boshqa vajlar yo‘l qo‘ymadi. Oradan necha yillar o‘tdi. Xayriyatki, maqolalaringizda bayon etilgan fikr-mulohazalar eskirmaydi, ya’ni boqiy mavzular, cheksiz muammolar, davomli xulosalar, tahlil-tadqiq... istalgan vaqtda qo‘lga olib, avra-astarigacha mushohada chig‘irig‘idan o‘tkazish mumkin. Yaxshiyamki, inson tafakkurining qat-qatida mavjud bo‘lgan falsafa zamon va makon qonuniyatlariga ko‘pda bo‘ysunavermaydi, uning bepoyon kengliklarida har qanday fikrlovchi inson uchun joy topiladi.
Xullas, Viktor aka, mavridi keldi chog‘i, keling, bir gurunglashaylik, fikrlashaylik, bundan “Tafakkur” mushtariylari ham bebahra qolishmas, bordi-yu muloqotimizga qo‘shilishni istovchilar bo‘lsa, bosh ustiga! Zero, fikrli inson borki, unga falsafa qozonida qaynashdan bo‘lak qismat yo‘q, ayni choqda fikr-mulohazali inson borki, uning botinida falsafa tinim bilmay qaynaydi.
Sharq va G‘arb: o‘zaro murosa topilganmi, yoxud?..
Inson kamoloti mavzusi ustida bosh qotirmagan faylasuf bo‘lmasa kerak dunyoda. Siz-u biz kabi Sharq olami bandalari “komillik”, “kamolot” deganda ko‘proq ruhiy-e’tiqodiy ma’volarni nazarda tutamiz. Siz “Ko‘hna andoza” degan maqolangizda komillik maqomini sharqona va g‘arbona nuqtayi nazarlardan qiyosiy tahlil qilishga uringansiz. Sharq uchun ruhiyat muammolari atrofida izlanishga moyillik ustuvor bo‘lsa, G‘arb uchun dunyoviy muammolar bilan mashg‘ul bo‘lish afzal ko‘rilganini ta’kidlaysiz. Ammo-lekin taraqqiyot ildizlarini ham botiniy, ham zohiriy dunyodan izlashga urinishni insoniyatning buyuk kashfiyoti deb hisoblaysiz. Hisoblaysiz-u, yana tarafkashlikka o‘tasiz. “Sharq yetuk insonni ruhdan, ma’naviyatdan, odamning Xudoga, cheksizlikka talpinishidan qidiradi. Budda ta’limotiga ko‘ra, to‘g‘ri qarash, to‘g‘ri fikrlash, to‘g‘ri so‘zlash, to‘g‘ri yashash, to‘g‘ri rohatlanish yetuklik omillaridir”, deb yozasiz. Bu ta’rifni rad etish qiyin, lekin siz e’timod qo‘ygan Budda nazarda tutgan “to‘g‘ri” tushunchasi ham g‘oyatda nisbiy ekanini unutmasligimiz kerak emasmi?! Mag‘rib-u Mashriqni, mintaqah-yu millatni qo‘yaturaylik, ikki qo‘shni viloyatda, ikki qo‘shni qishloqda, hatto bir oilada unib-o‘sgan qondosh-u jondosh aka-uka yoki opa-singil nazarida “to‘g‘ri”lik mezonlari g‘oyatda turfa, g‘oyatda rang-barang, hatto zid emasmi?..
Siz Sharqqa til tekkizib qo‘yishdan ehtiyotlanasiz va “Tashqi dunyo esa cheksiz va befoyda tashvishlardan iborat. U gulxanga o‘xshaydi, odam bu gulxanga yaqinlashgan sayin kuyib boraveradi. Shuning uchun inson foniy dunyoda boylik orttirish, taxt, mansab uchun kurashish, huzur-halovatlarga berilishdan xoli bo‘lishi zarur”, deb yozasiz. Ya’ni G‘arb yomon, G‘arbning beti qursin, demoqchisiz-da? Tub mohiyat e’tiboridan kelib chiqilsa, bunday falsafani inkor etolmaymiz, ammo bunday aqida tarafdorini topishga qiynalib qolmaymizmi? Ochig‘ini aytaylik-da, Viktor aka, hozirgi ma’murchilik-to‘qchilikdan mast-u masrur yashab, davr-u davron surib yurgan siz-u bizga zamondosh (mag‘riblikmi, mashriqlikmi – farqi yo‘q!) odamlar orasida “qarang-a, mana shu-unday ulug‘ ta’limot bor ekan, bor as’asa-yu vasvasani yig‘ishtiraylik, kamtar-kamsuqum yashash tarziga o‘taylik” deydigan mardi maydon topilarmikan?!
Ushbu maqola o‘rin olgan kitob chop etilganidan buyon o‘ttiz yil o‘tdi. Qarashlar, mezonlar o‘zgargan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas, chunonchi, maqolaning yana bir o‘rnida ikki qutb qadriyatini xolislik nuqtayi nazaridan baholashga urinasiz. Ya’ni G‘arb falsafasidagi ratsionalizm va moddiyunchilik tashqi olamga maftun bo‘lishga undab, “oxir-oqibat... insonga ikkinchi darajali narsa deb qarashga olib keldi”; XVII yuzyillikda esa “asosan jamiyatni, davlatni boshqarishni, siyosiy institutlarni, ishlab chiqarish usullarini doimo yangilash, hatto ularni inqilobiy yo‘llar bilan o‘zgartirish ta’limotiga aylana bordi. Odamzodning moddiy hayot ta’siriga berilishi ushbu ta’limotni XIX–XX asrlarda yetakchi g‘oyaviy kuchga aylantirdi” deysiz.
Shu o‘rinda bir nafas rostlab olaylik, Viktor aka, xalqona tilda aytganda, do‘ppimizni kursiga qo‘ndirib qo‘yib, “tashqi olamga maftun bo‘lish”, “insonga ikkinchi darajali narsa deb qarash” va pirovard oqibatda “moddiy hayot ta’siriga berilish ta’limotining yetakchi g‘oyaviy kuchga aylanish” hodisasi haqida bosh qotirib ko‘rsak. Siz uchta jumlada tushuntirishga uringan g‘arbona hayot qadriyati mohiyatini soddaroq ta’riflaydigan bo‘lsak, “Bosh va birlamchi g‘oya – taraqqiyot: hayotiy ma’murlik, farovonlik va qulaylik, tamom-vassalom!” deyishimiz mumkin. Ya’ni, hayotda nimaiki bo‘lmasin, hatto insonning o‘zi tugul, qadr-qimmatini qo‘shib hisoblaganda ham, bari-barchasi mazkur g‘oya oldida hech narsa! Ikkinchi, uchinchi... o‘ninchi darajali narsa!
Shu o‘rinda ko‘ndalang savol tug‘ilmoqda: Sharq tanlagan yo‘l to‘g‘rimi yoki G‘arb tanlaganimi? Qay biri ma’qul?
Nazarimda, bu borada Siz-u biz bosh qotirib o‘tirishimizga hojat yo‘q. Zero, Sharq hayot, – ya’ni turmush tarzini yo‘lga qo‘yish borasida deyarli barcha sohada (ijtimoiy-siyosiy tuzum barpo etish, jamiyatshunoslik, davlatchilik, armiya, shaxs tarbiyasi, ilm-fan, texnologiya, san’at va hokazo) G‘arb tutumlarini yo to‘lasicha, yoki qisman o‘zlashtirish yo‘liga o‘tgan va o‘tib bormoqda. Shunday esa-da, Siz quyidagi so‘zlaringiz bilan oltin muvozanatni saqlashga harakat qilasiz: “Agar G‘arb Sharqqa tashqi moddiy dunyoni o‘zgartirish borasida erishgan yutuqlarini tarqatayotgan bo‘lsa, Sharq unga o‘zining boy ma’naviy-madaniy va diniy-falsafiy boyliklari bilan ta’sir ko‘rsatadigan bo‘lib qoldi”.
Ushbu xulosada Siz ikki qutb o‘rtasidagi o‘zaro “oldi-berdi” munosabatlari ifodasi o‘laroq tenglik alomati qo‘yayotgandeksiz, mening fikri ojizimcha esa, g‘arbona tutumlarning Sharqda ommalashuvi – sharqona tutumlarning G‘arbda ommalashuviga qaraganda ancha-muncha salmoqli. E’tibor bering, men bu borada “to‘g‘ri” yoki “noto‘g‘ri” tushunchalari tegrasidagi mulohazalarimni to‘lasicha oshkor etmoqchi emasman, faqat bir masalada – sharqona oila institutining parokanda bo‘lishi evaziga keladigan g‘arbona aql bovar qilmas yutuqlardan voz kechish tarafdori ekanligimni baralla aytishdan tortinmayman. Chunki oila qadriyati boy berilsa, insoniyatni boshqa hech qanday kuch-qudrat (hozirgidan ellik-yuz karra taraqqiy etgan taqdirda ham) asrab qololmaydi!
Afsuski, dunyoning bu kabi mutlaqo shaxsiy-xususiy xulosalarga qarab qolgan joyi yo‘q. Global dunyo po‘lat qanotlari yordamida taraqqiyot osmonida shiddat bilan uchib bormoqda. Sog‘lom aqlni dovdiratib qo‘yadigan darajadagi bu parvozni chetdan turib kuzatar ekansiz, tabiiy va mantiqiy savollar yog‘iladi: bu osmoniy parvozlarimizdan ko‘zda tutilgan orzu-niyatlarimiz nima o‘zi? Makon-manzillarimiz, marralarimiz qayerda? Nimalarning evaziga, nimalarning hisobiga taraqqiyotga mahliyo bo‘lib qolmoqdamiz? Biror kimsa pirovard oqibatni ko‘z oldiga keltira olyaptimi?!
Kashf etilgan ilohiy qudrat
Viktor aka! Bir o‘rinda bashariyat madaniyat va taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘yganiga endigina 6 ming yil bo‘lganini ta’kidlar ekansiz, “Demak, inson mukammal dunyo yaratishga kirishganiga ko‘p bo‘lmadi, demak, izlanishlar hali oldinda...” deb yozasiz. 6 ming yillik taraqqiyot yo‘lidagi izlanishlar samarasini “hali oldinda” deyapsiz-u, men mazkur maqolangiz chop etilganidan buyon oradan o‘tgan 30 yil ichida samara desa arzigulik biror natija toparmikanmiz, degan o‘yda Sizdan madad kutmoqdaman.
Kulmayapsizmi, Viktor aka? Siz donishmand insonsiz, o‘zingiz e’tirof etgandek, onangiz Buryatistondan, otangiz O‘zbekistondan. Ismingizdagina emas, taqdir taqozosi tufayli vujudingizda mana shunday “global” miqyosdagi qonlar qo‘shiluvi fikrlash tarzingizda, bayon uslubingizda yaqqol sezilishi va ayni shu bois ham shaxsingizga bo‘lgan hurmatim baland ekanini izhor etib qo‘ysam to‘g‘ri qabul qilasiz deb ishonaman. Mazkur munosabatim haqqi-hurmati, kaminani toqatsizlikda, shoshmashosharlikda ayblamaysiz deb o‘ylayman. Axir, gap butun kurrayi arz sathida yashayotgan milliardlab odamzod haqida bormoqda-ya! Milliardlab insonlarning fikrlash tarzi, fikrlash tarzining turish-turmushda aks topishi xususida bormoqda-ya! Jug‘rofiya ilmida qo‘llanadigan gondvana hodisasiga mengzash mumkin bo‘lgan bashariyat ruhiyatidagi sifatiy yangilanishlar nazarda tutilmoqda-ya! Ana shu kurrayi arzning bir parchasi O‘zbekiston, ana shu bashariyatning bir hovuchi o‘zbekistonlik – shu yurt, shu yurtdoshlar nazarda tutilmoqda-ya!
Aql bovar qilmas savolga Sizdan aql bovar qilgulik javob talab qilish biroz noqulaylik tug‘dirishi tabiiy. Shunga qaramay, loaqal istisno tariqasida, loaqal shartli-faraziy maqomda qandaydir taxminlarni o‘rtoqlashish mumkindir axir?!
Fikrsevar inson qavmi borki, komillik pog‘onalaridan yuksalishni ko‘zlaydi, izlaydi-izlanadi, halovatdan voz kechadi. Siz falsafada tor ko‘chalar, aylanma ko‘chalar, jinko‘chalar, berk ko‘chalar ko‘pligini yozgansiz. Bu mulohazani komillik yo‘liga ham tatbiq etish mumkin. Zero, komillik yo‘li ham keng, ravon va kaftdek tep-tekis shohko‘chadan emas, yolg‘izoyoq yo‘l – so‘qmoqdan tashkil topadi. Suvi mavj urib oqayotgan anhor yoki daryo emas – jildirab oldinga intilayotgan jilg‘a, xolos. Bu so‘qmoq, bu jilg‘adan gurra-gurra yoxud gala-gala komillik maqomidagi odamlar yetishib chiqmaydi. Komillikning cho‘ng marrasi ham aniq-tayin emaski, falonchi-pismadonchilar marraga yetdi, falon davlat, pismadon jamiyat yoppasiga takomillashdi, deya do‘ppini osmonga otsangiz! Qolaversa, biror-yarim shaxsning komilligi jamiyatning takomilida aks topsa, bunday takomillashuv ommalashgan taqdirdagina shaxsiy komillik ijtimoiy yetuklik maqomida olqishlansa, e’tirof etilsa yarashadi.
Inson tevarak-atrofni, borliqni o‘rgana-o‘rgana baxyama-baxya, qadam-baqadam komillikka intilar ekan, biryo‘la u mukammal dunyo yaratish vazifasini ham ado eta boradi. Tabiiy, mantiqiy missiya bu! Ushbu haqiqatni anglashning o‘zida qanchadan-qancha hikmat, go‘zallik jam emasmi, Viktor aka?! Ayni shunday mulohaza-yu o‘ylar silsilasida tug‘ilmadimikan “Falsafa – fikrlash lazzati” degan iborangiz?!
“...Odamzodning buyuk kashfiyotlaridan biri, – deb o‘qiymiz boshqa bir o‘rinda, – bu mukammal dunyo o‘zining ruhi, tafakkuri va mehnati bilan yaratilishini anglab yetganligidir”.
Aziz jurnalxon! E’tibor beraylik, Siz-u bizga zamondosh, vatandosh, millatdosh donishmand bir inson Parvardigorimiz o‘z bandalariga loyiq va ravo ko‘rgan mislsiz marhamatni alohida ta’kidlamoqda, ya’ni bu yorug‘ dunyoni odamzod o‘z ruhi, tafakkuri va mehnati bilan yaratadi, nurlantiradi, ro‘shnolikka olib chiqadi degan boqiy haqiqatni yodimizga solmoqda. Sizni – Insonni, insoniy tafakkurni, shaxsni ulug‘lamoqda. To‘g‘ri, nigohlar, aqllar, idroklar qamrab olishga ojiz bo‘lgan bu zamin-u samoda Qodiri mutlaqning ixtiyoridan xorijda qolajak narsaning o‘zi yo‘q, shu bilan bir vaqtda U, ya’ni Parvardigori olam odamni odamning ishtiroki bilangina qutqarguvchidir deyilmoqda!
Inson tafakkuri, aql-idroki, ma’naviy qudratiga bo‘lgan ilohiy ishonch timsoli bu!
Har bir inson, xususan, voyaga yetayotgan har bir yoshning tafakkur tarzi, hayotiy maqsad-maslagi, ruhiyatini mazmunga to‘ldiruvchi, keng omma ongiga singdirilgan taqdirda qamrovi olamjahon real kuchga, sehrli va mo‘jizalarga boy da’vatga aylanishga qodir hikmat, inson tiynatidagi bitmas-tuganmas quvvatning yengilmas va bukilmas irodaga – saodatbaxsh voqelikka aylanishini ta’min etuvchi uzun va adoqsiz hayotbaxsh yo‘ldir, ta’limotdir bu!
Viktor aka! Dasturiy ahamiyatga ega bo‘lgan bunday qarashlaringiz, nazarimda, baxt mavzusidagi mulohaza-yu qaydlaringizda davom etgandek. Chamalab ko‘rsam, ellik-oltmish yildan buyon har bir avlod vakillarining baxt haqidagi (goh yozma, goh og‘zaki) bahs-u munozaralariga guvoh bo‘lib kelaman. Baxtiyor yashamoq orzusi ayb emas, bu haqdagi o‘ylari bilan o‘rtoqlashish ham mutlaqo ixtiyoriy xohish-istak; shunisi ham muqarrarki, baxt haqidagi tasavvurlarda davr xususiyatlari sezilib turar ekan. Ya’ni: shaxs, baxt va davr! Kasb tanlash, kelajak orzularini chamalash, jamiyatda muayyan maqsad-mavqega erishish niyatlari ham shaxsiy baxt-iqbol manzaralari vazifasini o‘taydi. Siz esa, Viktor aka, baxt tushunchasi mezonini favqulodda yuksaklarga ko‘tarib yuborgansiz. Chunonchi, “Baxtga bo‘lgan munosabat o‘zgarmoqda” degan so‘zlaringiz qattiq o‘ylantirib qo‘yadi odamni. Oddiy yoki jo‘n ta’rif, xulosa emas bu. Baxt tushunchasining yillar mobaynidagi tadriji oxir-oqibat odamni, insoniy qadriyatlardan tortib makrodunyoga qadar o‘zgartirib yuborishi ham hech gap emas.
“Kishi hamisha baxtli yashash imkoniga ega”.
“Odam baxtiyor tug‘ilmaydi, balki baxtli yashash imkoni bilan tug‘iladi”.
“Baxtdan ham yuksakroq narsa bor, u – burch. Kishi burchini baxt deb bilmagunicha, baxt topolmaydi”.
Baxtga doir bu kabi mushohadalaringizni yana keltirish mumkin, lekin baxt tushunchasining o‘zi o‘zgarayotgan ekan, burchning holi nima kechadi? Burch baxtning botinida bo‘lmaydimi?! Qolaversa, Siz kuyunib uqtirishga urinayotgan hikmatlarni anglab yetish uchun, deylik, yosh do‘stlarimizga qancha uquv, qancha bilim, qanchadan-qancha toqat kerak bo‘ladi?!
“Baxtli yashash imkoni” degan jumlangiz zamiridagi ulkan haqiqatni qancha odam biladi, anglab yetadi, yashash tarziga aylantira oladi?!
Bu kabi achchiq haqiqatlarni taxminan bo‘lsa-da, chamalab ko‘rishga jur’atimiz yetadimi?..
Shu singari savollar qurshovida picha hovurdan tushish chorasini izlab turgan edim, “Kamolot zahmatlari” sarlavhali maqolangiz boshlanishidagi quyidagi jumlalar ostiga chiziq tortib qo‘ygan ekanman, takror o‘qidim: “Komillikka yetish uchun bir umr kam. Ikki umr kerak, balki uch umr”.
Yurak o‘rtanadi, Viktor aka. Ustoz G‘aybulla as-Salomning bunday hayratangiz so‘zlarni eshitganda, “Obbo, xolam!” deb na’ra tortib yuborish odati bor edi...
Taassufki, ikkinchi, uchinchi umr kafolatini beradigan kuch yo‘q, iroda yo‘q bu yorug‘ ochunda, lekin, qarang, bexosdan aytilgan uch og‘iz jumla favqulodda boshqa bir ulkan muammoni ko‘ndalang qo‘ymoqda oldimizga.
“Komillik taqvimi” yaratilsa...
Komillikka yetmoq uchun bir umrlik hayot yo‘li kamlik qiladi demoqchisiz-da, Viktor aka? Qaysidir manbadan olingan quyidagi rivoyatni kitobga kiritibsiz: “Odam Ato va Momo Havoning farzandlari to‘qqiz yuz va undan ham ziyod umr ko‘rganlar, ammo qabohat va fosiqlik avj olgani sari odamning umri qisqarib-qisqarib oltmish-yetmish yoshga tushib qolgan”.
Shundaymikan?.. Bu ketishda yaqin-orada odamning umri xomishak, ya’ni chivinning umriga teng bo‘lib qolmasmikan, ishqilib?! Harqalay, inson umrining uzun-qisqaligi tabiatimizdagi qabohat va fosiqlikka “qarab qolmagan” bo‘lsa kerak, bu – alohida mavzu-muammo, albatta! Men esa... ayni vaqtda hayot bo‘lgan zamondoshlarimiz komillik pog‘onalaridan ilgarilamog‘i uchun umr yo‘lini qay tarzda rejalashtirgani ma’qulligini o‘ylaganim o‘ylagan. Siz komillikka yetmoqlik uchun hatto uch umr kifoya qilarmikan degan tashvishlarga borib turgan bir pallada kamina o‘rta hisobda 80 yil hayot kechiradigan odam, hamonki biz istayotgan maqomlarga ko‘tarilish istagi bor ekan, shuning rejasini, hisob-kitobini olmog‘i nahotki mumkin emas degan masalani ko‘ndalang qo‘ymoqchiman. Axir, kundalik, haftalik, oylik va yil rejasini tuzib olish odatimiz bor-ku, nima uchun g‘animat umrimizning oltin onlarini rejalashtirib qo‘ymasligimiz kerak?! Qo‘llanma, tavsiya, maslahat tariqasida loaqal...
Ma’naviyat targ‘ibotiga qaratilgan sa’y-harakatlarimiz chandon tasannoga loyiq. Mutolaa madaniyatini ommalashtirish borasidagi istaklarimizning ulug‘ligini-ku asti qo‘yaverasiz. Bularning bari ong-tafakkurimiz, salohiyatimiz imoratining poydevori vazifasini o‘tashi muqarrar. Yana savol tug‘iladi: orzumizdagi muhtasham imorat qaddini ko‘tarish ishlarini kim o‘rgatadi, qay tariqa o‘rgatadi? Tarhi-chizmasi bormi bu imoratning?
“Odamga yurish, gapirish va yashashdan oldin umrni behuda o‘tkazmaslikni o‘rgatish darkor”.
“Odam zoti aslida qarzdor bo‘lib tug‘ilgan. Umrning o‘zi qarzga berilgan”.
“Tayyor andozalar bilan fikrlashga o‘rgangan biz uchun...”
“Shu paytgacha vaqtning qadriga yetganni ham, baxtning qadriga yetganni ham uchratmadim”.
“Adab istagan taxt topmas, taxt topgan adab istamas”.
“Adashmagan odamdan adashgan odamning hayoti hikmatli”.
“Adashgan topgan hikmat – adashmaganga saboq”.
“Adashmaslikka intilishning o‘zi adashishdir”.
Kitob-u maqolalaringizdan ko‘plab terib olish mumkin bo‘lgan bu singari hayotiy hikmatlarni ommalashtirish xususida qayg‘urishni zimmasiga olgan, keng ommaning ma’naviy mulkiga aylantirish bilan shug‘ullanuvchi muassasa yoki tashkilotga ehtiyoj sezilayotgandek. Indallosini aytganda, o‘rtacha umrni 80 yosh deb qabul qilsak, ushbu yillar mobaynida komillik yo‘lining eng maqbul, eng samarali – hosilga kiradigan yo‘lini aniqlaylik, tavsiyalar ishlab chiqaylik, amaliyotga tatbiq etaylik, nahotki, ulug‘ orzu-niyatlarimiz, urinib-surinishlarimiz ijobatini shu umrimizda ko‘rmasak?!
Qaydasan, mo‘jizakor nekbinlik?!
Maqsadni jo‘nlashtirib yuborgandek tuyulayotgandirman, biroq bundan qat’i nazar, madaniy-ma’rifiy turmushimizni tashkil etishda ayni shu borada kemtiklik mavjud, desam, Siz ham fikrimga qo‘shilarsiz, Viktor aka? Bu kemtiklikni bartaraf etish mas’uliyati birinchi navbatda faylasuflar zimmasiga tushadi, faylasuflarimizni ma’naviyat-ma’rifat jabhasidagi mutaxassislarimiz bilan jiddiy hamkorlikka undaydi. Toki mazkur hamkorlik natijasida navqiron yigit-qizlarimizga mo‘ljallangan “Umrning komillik taqvimi” yaratilsin. Har 5, 10... 20... 80 yilda va undan keyin davom ettirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab berilsin, zamonning shiddat bilan o‘zgaruvchanligi, turmush tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar globallashuvi qonuniyatlari alohida e’tiborda tutilsin taqvimda.
XXI asrning bosh xususiyati har qanday yangilikning zudlik bilan eskirishida aks etmoqda. Qiziq, yangilik hali ko‘pchilik tomonidan anglab-idrok etib ulgurmay eskirib qolmoqda, o‘rnini navbatdagi yangilikka bo‘shatib bermoqda. Zamon o‘zgarishlarining kosmik tezligi odamlarni ajablantirmay qo‘ymoqda. Bu o‘zgarish, bu shiddat odamlarni o‘ta shafqatsizlik bilan imtihondan o‘tkazyapti, imtihon ham gapmi, chig‘iriqqa-jodiga solmoqda. Biz esa, nazarimda, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, milliy-mahalliy, moddiy, axloqiy va hokazo imkoniyat-u mezonlarimizni pesh qilishdan, vaj o‘rnida boshimizga ko‘tarishdan nariga o‘tmayapmiz. Taraqqiyot qonuniyati esa shafqatsiz: u mutlaqo kutmaydi, to‘xtamaydi, sekinlashmaydi ham!
Siz aytmasangiz, kim aytadi?!
Biz milliy qadriyatlar etagini mahkam tutgan xalqmiz, bir oyog‘imiz bilan dunyo kezib yursak yuramiz-u, ikkinchi oyog‘imiz milliylik, milliy o‘ziga xoslik, milliy ma’naviyat maydoni-muhitidan uzilmasligini istaymiz. Naqadar sharafli! Sharafli, lekin... qanchalar qiyin, murakkab, mushkul bu tarzda hayot kechirish!
O‘rni kelganda, sharqona va g‘arbona qadriyatlar, tushunchalar qorishuvi ta’sirida shakllanayotgan yangicha kishilarimiz ko‘payayotganidan quvonib qo‘yamiz, ammo bunday shakllanish juda katta ruhiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy, axloqiy va hokazo zo‘riqishlar evaziga yuz berayotganidan ko‘z yumsak to‘g‘ri bo‘lmaydi. O‘ng qo‘ldagi eshkak olg‘a borish, chap qo‘ldagi eshkak esa ortga qaytish uchun harakatlanayotgan qayiqdagi odamning ahvolini eslatmayaptimi bunday holat, Viktor aka?!
“Kishilar ongida o‘zi uchun yashash asosiy maqsadga aylanmoqda” degan jumla keladi kitobingizda. Boshqa bir qahramoningiz tilidan quyidagi yanayam batafsilroq e’tirof uchraydi: “Ha, o‘zbeklar oila, qarindosh-urug‘, mahalla bo‘lib yashashga o‘rgangan. Ular nima qilmasin, nimaga intilmasin, oilasini, farzandlarini ko‘zlaydi. Xalqimizdagi bu xislatning menga xush yoqmaydigan tomoni ham bor. Masalan, zarur paytda u qorani qora deb aytolmaydi, oilamga, farzandlarimga keyin biror kor-hol bo‘lib qolmasin, mahalla, el-yurt ko‘ziga keyin qanday qarayman, degan o‘ylarga boradi. Nachora, biz asrlar davomida ana shunday qarashlarga o‘rgangan xalqmiz”.
Yana: “Biz o‘zbeklar oila, farzand, qavm-u qarindosh, mahalla uchun yashaydigan millatmiz. “O‘zing uchun yasha” degan narsa bizdan uzoq. Shu bois bir-birimizning na fikrimizda farq bor, na zikrimizda. Axir, kishi eng avvalo o‘zi uchun yashashi kerak emasmi? Axir, odam betakror iqtidorini, hayotiy rejalarini ro‘yobga chiqarish uchun dunyoga kelmaganmi?”
Abdulla Qodiriy bobomizda uchraydigan “Siz oshnalikka qurbon bo‘lgan xalqlarsiz” degan achchiq ta’na-tanbehni yodga soladi bu gaplar. Qolaversa, diniy e’tiqodimizda “silai rahm” tushunchasi bor. Vaziyatning nozikligi, hatto qaltisligini qarang! G‘arbona individualizm, xudbinlik odatlarini qoralashdan charchamaymiz, vaholanki, chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, G‘arb taraqqiyoti ayni shu individualizm va xudbinlikdan unib chiqqan. Bu kabi illatlarni qoralabgina qo‘yish bilan ish bitmaydi, murod hosil bo‘lmaydi, ularning tub-tubiga chuqurroq kirib borish, sabab-oqibatlarini miridan sirigacha mulohaza tarozisiga solish zaruratga aylanmoqda. Misol tariqasida aytsak, bizda yaqin-yiroqdagilar, yordamga mushtoqlar holidan xabar olish, ularga himmat qo‘lini uzatish alohida qadrlansa-olqishlansa, G‘arb o‘lkalarida bunday vazifalar qonun yo‘li bilan davlat zimmasiga yuklanadi (ixtiyoriy ko‘maklar bundan mustasno). Ya’ni amma, xola, tog‘a, amaki, oshna-og‘ayni, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y, hatto oila a’zolari degandek institutlar insonparvarlik aksiyalaridan ozod etilgan.
Siz, Viktor aka, dadillik bilan aytilgan bu gaplar o‘zingizga yoqqanini qayd etasiz-u, matbuotda yoki kitobda keng omma uchun chop etilayotgan yo‘l-yo‘riqlarda ehtiyotkor bo‘lmog‘imiz darkorligini ham unutmaysiz. Chunonchi, o‘zbek oiladan, mahalladan, jamiyatdan tashqarida yashamasligini ma’qullaysiz va bu bilan, nazarimda... muammo yechimini topishdan o‘zingizni olib qochgandek ko‘rinasiz. To‘g‘ri, holat nihoyatda murakkab, shunday bo‘lgani uchun ham uni ochiq-oydin tahlil-tadqiq qilmog‘imiz darkor, toki “musofir qadriyatlar” changalzori bilan yuzma-yuz keladigan farzandlarimiz og‘irini yengillashtiraylik.
Xayriyat, “Falsafa yoxud...” kitobingiz chop etilgan davrlar ortda qoldi, yurtimizda har qanday nozik va qaltis masala-muammoni o‘rtaga qo‘yib, uning yechimlari haqida fikr-mulohazalarni ochiqchasiga o‘rtoqlashish muhiti shakllanmoqda. Jumladan, so‘z borayotgan mavzu xususida ham Siz kabi ahli donishlar qarashlarini ochiq-oydin, emin-erkin aytmasa, kim aytadi?! Kim yechim topadi? Kim tavsiyalar beradi?!
Viktor aka, hayotingizni, sermazmun faoliyatingizni “fikrlash lazzati” ko‘chalarida o‘tkazishga bag‘ishlagan donishmand olimsiz. Havas va hurmatga loyiq ustoz maqomiga egasiz. Binobarin, o‘quvchilaringiz va muxlislaringizni o‘zingiz kashf etgan shu ko‘chaga boshlab borishga, har qanday o‘y-mulohazalaringizni do‘stona o‘rtoqlashishga, qizg‘in muhokamalarga bosh bo‘lishga ma’naviy haq-huquqingiz katta.
Uyg‘unlik, murattablik, muvozanat...
“Kamolot zahmatlari” maqolasida garmoniya va disgarmoniya hodisasiga doir mulohazalaringiz jiddiy o‘yga toldiradi o‘quvchini. Bu ikki tushunchani amaliyotimizda kamdan-kam qo‘llanadigan “murattab” va “nomurattab” so‘zlari bilan ifodalagansiz. Kamolot – uyg‘unlikda, ya’ni murattablikda degan g‘oyani ilgari surasiz.
Darhaqiqat, hayotning eng birlamchi hikmati harakat bo‘lsa, undan keyingi hikmati – mazkur harakatning murattablik qonuniyatiga uyg‘unligi ila belgilanadi. Shu ma’noda kamolotga olib boradigan birdan-bir to‘g‘ri yo‘l – uyg‘unlik, murattablik, garmoniya, simmetriya, me’yor, muvozanat... oqillik, zukkolik kabi ma’nodosh so‘zlarda ifodalanadi. Murattablik yakka shaxs hayotida qanchalik muhim ahamiyat kasb etsa, u jamiyat va davlat hayotida ham shunchalar zarur. Nomurattablikning oxiri shaxs uchun nechog‘li ayanchli tugasa, jamiyat va davlatning tanazzuliga doya bo‘lishi ham aniq.
So‘z borayotgan ikki tushuncha orasida o‘zaro raqobat ham mavjud, albatta. “Bu ixtiloflarni odam murattab etishga intilib keladi, biroq hali uddasidan chiqqan emas. Chunki yovvoyi tabiat hali nomurattab tarafda”. To‘g‘ri, inson mudom uyg‘unlik istagida yashaydi, shu orzu-niyatda izlanadi, mehnat qiladi, biroq... Bu maqsadiga yetmaganligining “gunohi”ni tabiat gardaniga ortmoq to‘g‘rimikan? Holbuki, eng katta murattablik qonuniyatini madaniylashgan hayotda emas, yo‘q, ayni yovvoyi tabiatda uchratish, kuzatish mumkin. Madaniy hayotdagi nomurattabliklarning asl sababi esa yovvoyi tabiatdagi uyg‘unlik, muvozanat talablarini tushunib yetmaslik yoki tushunishni istamaslik, unga nopisandlikdan boshqa narsa emas. Xulosa qilib aytganda, murattablik va nomurattablik o‘rtasidagi munosabat ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, kecha va kunduz, oq va qora kabi o‘zaro ziddiyatli tushunchalar qatoridagi o‘zgarmas va boqiy haqiqat – dialektik birlik-yaxlitlikdir.
O‘zbek stratagemasi ham bor
Viktor aka! Siz yozgan maqolalarni befarq-bee’tibor o‘qish mumkin emas. Tarixiy shaxslar, atoqli ijodkorlar, allomalar, shuningdek, xotin-qizlar, erkak va ayollar munosabatlari, qolaversa, dunyoni anglash sirlariga bag‘ishlangan maqola, esselar yaxlit bir kitob holiga keltirilsa, donishmand bir insonning ilmiy, irfoniy xazinasi salmoqli yaxlit manbaga aylanadi. Mazkur xazina ayniqsa yoshlarimizga g‘oyatda zarur va qimmatli manba bo‘ladi deb ishonaman.
“Stratagema” degan maqolangizda o‘qigan edim: “Qadimgi Xitoyda stratagemalarga oid to‘rt mingdan ziyod traktat bitilgan”. Fikrlash va yengish ilmi sifatida tarqalgan bu mavzudagi risolalar xitoy xalqi tafakkurining naqadar bitmas-tuganmas va mustahkam kuch-quvvat manbayi, poydevori mavjudligidan dalolat beradi. O‘zbekona tafakkur ham Siz yozgan stratagemalardan kam emas. U qadim-qadimdan bor! O‘zbek stratagemasi borligi-mavjudligi bilan, yo‘qni bor qila olish qudrati bilan ham boqiy va yengilmasdir!
Viktor aka! Sizga aytar so‘zlarimdan bir shingilini yo‘lladim, xolos. Falsafa qozonida qaynashga shay turgan mavzular, masalalar, muammolar xirmon-xirmon bo‘lib uyulib yotibdi. Maktubimni millatdoshimiz Sayyora G‘ulomning “Parishon yoxud Amerika kundaliklari” degan kitobidan olingan quyidagi lavha bilan yakunlasam: “Nyu-York. Manhetten. Nyu-York baynalmilal talabalar kolleji. Bismilloh deb ichkariga qadam bosdim. Qo‘sh qavatli bino balandligicha keladigan ikki taraflama eskalatorga duch keldim. Biri pastga, biri tepaga qarab aylanardi. O‘ychan tikilib qoldim. “Pastga tushsammi yo tepaga?.. Shundog‘am pastda turibsan-ku, albatta tepaga. O‘ylanib o‘tirma, qo‘rqma, ko‘taril, ko‘taril!” dedim o‘zimga o‘zim. Eskalatordan yuqoriga chiqdim hamki, Abu Ali ibn Sinoning bir devor qilib chizilgan rasmiga ko‘zim tushdi. G‘ururlanib ketdim. Ilm, tafakkur zabt etolmaydigan cho‘qqining o‘zi yo‘q. Parishon xayolim meni samolar uzra ona yurtim sari olib ketdi...”
Kamoli hurmat bilan Xurshid DO‘STMUHAMMAD.
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Qaydasan, mo‘jizakor nekbinlik?..” maqolasi
Adabiyot
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q