Ikkinchi jahon urushi amalda 1939-yil 1-sentyabrda Germaniyaning, 17-sentyabrda esa SSSRning Polshaga hujumi bilan boshlanadi. 3-sentyabrda Buyuk Britaniya va Fransiya bu agressiyasiga javoban Germaniyaga urush e’lon qiladi. Lekin 1939-yil 3-sentyabrdan 1940-yil 10-mayiga qadar Buyuk Britaniya hamda Fransiya keng ko‘lamli harbiy harakatlarni olib bormaydi va urushdagi bu jarayon tarixga “Soxta urush” nomi bilan kiradi.
Germaniya “Molotov-Ribbentrop” shartnomasi shartlarini buzgan holda 1941-yil 22-iyunda SSSR hududiga bostirib kiradi. Bu voqea bilan Ikkinchi jahon urushi yangi bosqichda davom etadi. Germaniyaning sovet davlatiga qarshi olib borgan hujumi tarixga “Barbarossa rejasi” nomi bilan kiradi.
Germaniyaning hujumi sovet davlatini og‘ir vaziyatga solib qo‘yadi. Qizil qo‘shin Germaniyaning zamonaviy qurollangan qo‘shiniga qarshilik ko‘rsata oladigan darajada ta’minlanmagandi. Sovet hukumati yaxshi qurollantirilmagan askarlarini jangga kiritib, ularni o‘limga mahkum etadi. Shuningdek, 1937-1938-yillardagi qatag‘on siyosati tufayli jismonan yo‘q qilingan, xorijga chiqib ketganlar orasida malakali harbiylar ham bor edi. Qizil qo‘shin nafaqat qurol-yarog‘ga, tajribali harbiy kadrlarga ham muhtoj bo‘lgan.
Harbiy mutaxassislarni qatag‘on qilish siyosati O‘zbekiston SSRda ham amalga oshirilgandi. Jumladan, Toshkent shahrida 1936-yil tuzilgan 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasida rahbarlik lavozimida ishlayotgan bir qator harbiylarni keltirish mumkin. Jumladan, Mirkomil Mirsharopov 1938-yil 10-oktyabrda SSSR Oliy sudi Harbiy tribunali tomonidan O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 57-modda 2-qismi, 64, 67-moddalariga binoan o‘limga hukm qilinadi. Unga 19-o‘zbek diviziyasida antisovet ruhda burjuacha siyosat yuritish va Angliya foydasiga josuslik qilish ayblari qo‘yiladi. O‘rta Osiyo harbiy okrugida ham qatag‘on siyosati amalga oshiriladi. Shu kabi siyosatlar sababli urushning dastlabki bosqichida qizil qo‘shin jangchilarining katta qismi halok bo‘ldi yoki dushmanga asir tushdi.
Germaniya hujumidan keyin O‘zbekiston SSRda ham qurol ko‘tarishga yaroqli yigitlarni jismoniy tayyorgarlikdan o‘tkazish ishlari boshlanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi tomonidan 1941-yil 26-iyunda “Aholini harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish bo‘yicha sport tashkilotlarining ishi to‘g‘risida” qaror qabul qilinadi.
1941-yil 30-iyunda VKP(b) Markaziy Qo‘mitasining Bosh kotibi I.Stalin (1878–1953) boshchiligida SSSR Davlat mudofaa qo‘mitasi (DMQ) tashkil qilinadi. Qo‘mitaning asosiy vazifasi urushga safarbarlik, harbiy, iqtisodiy masalalarni nazorat qilishdan iborat bo‘lgan. 1941-yil 17-sentyabr kuni ushbu qo‘mita tomonidan “SSSR fuqarolarining umummajburiy harbiy tayyorgarligi to‘g‘risida” qaror qabul qilinadi. Qarorga binoan 1941-yil 1-oktyabrdan boshlab 16 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning majburiy harbiy ta’lim olishi belgilab qo‘yiladi.
Yuqoridagi qaror O‘zbekiston SSRda ham joriy etilib, oktyabr oyidan yoppasiga respublikaning barcha hududlarida qisqa vaqt ichida harbiy ishlarni o‘rgatish boshlanadi. Masalan, 1941-yil oktyabrda Toshkent viloyatining Qorasuv tumani Ohunboboyev-2 va Jdanov nomli kolxozlarda hamda O‘zbekiston sabzavotchilik stansiyasida mudofaa ishlariga rahbarlik qiluvchi Odil Xoliqov, Varlashin, Ureyev hamda Dergachevlar tomonidan kolxozchi va ishchilarga miltiq, pulemyot, granata otish va yurish mashqlari o‘rgatiladi. 1941-yil 26-noyabrda Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasining raisi Husainov tomonidan Toshkent shahridagi harbiy tayyorgarlik to‘g‘risida ma’lumot berilib, Oktyabr (hozirgi Shayxontohur tumani), Kirov (hozirgi Yunusobod tumani), Stalin tumanlarida harbiy ta’limning juda yomonligi aytib o‘tiladi.
Namangan viloyatida ham erkak ishchilarga ishdan ajralmagan holda dastlabki harbiy bilimlar berish amaliyoti olib boriladi. Namangan shahridagi yog‘ zavodi, paxta zavodi, artellar va Chust, Uchqo‘rg‘on tumanlarida paxta zavodi ishchilari maxsus dastur asosida oktyabr oyidan boshlang‘ich harbiy mashg‘ulotlar (safda yurish, miltiqni sochib yig‘ish kabilar)ni o‘rgana boshlaydi. Qisqa muddatli harbiy ta’lim bilangina cheklangan o‘zbek ishchi va dehqonlari jabhaning eng oldingi chizig‘iga yuboriladi. Nazariy harbiy bilimlargina berilib, haqiqiy qurol bilan tanishtirilmasdan, urush to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lmasdan o‘zbeklar jang maydonida zamonaviy qurollar bilan qurollangan Germaniyaga qarshi kurash olib borishga majbur bo‘ladi.
Biroq safarbarlik davrida o‘lim kafolatlangan maydonga borishdan bosh tortganlar ham bo‘lgan. Jumladan, Andijon viloyati Voroshilov (hozirgi Qo‘rg‘ontepa) tumanida tug‘ilgan Komiljon Sanobarov va 1894-yilda Paxtaobod tumanida tug‘ilgan Foziljon Mavlonov 1942-yilda urushga borishdan bosh tortadi. Natijada, ularga Harbiy tribunal tomonidan 1942-yil 17-aprelda O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 128-moddasi a-bandiga binoan harbiy safarbarlikdan bo‘yin tovlash aybi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi (1-ilova). Tayinlangan qamoq jazosining ijrosi urush yakunlangunga qadar kechiktirilib, 1942-yil mayda K.Sanobarov hamda F.Mavlonov Germaniya bilan jang ketayotgan hududga yuboriladi. Dushmanga qarshi jangda katta qahramonlik ko‘rsatadigan bo‘lishsa, ularga qo‘yilgan ayblar bekor qilinishi va’da qilinadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, qurolsiz, jonli nishon sifatida jangga kirayotgan sovet askarlarining taqdiri o‘zbek xalqiga (xususan, butun turkistonliklar) ham ma’lum bo‘lgan. Urushga borishdan bosh tortganlarga qamoq jazosi berilgan bo‘lsa-da, qizil qo‘shin inson resursiga muhtoj bo‘lganligi uchun ular urushga jo‘natiladi.
Urushga yuborilganlar orasida yaqin qarindoshi qatag‘on qilinganlar ham bo‘lgan. Jumladan, samarqandlik Fayzulla Olimovning otasi Shukur Olimov 1937-yilda qatag‘on qilinib, unga 10 yil qamoq hukmi tayinlanadi. Fayzulla Olimov esa 1939-yilda qizil qo‘shinga chaqiriladi va urush boshlangach Germaniyaga qarshi jangga kiradi. Ammo 1941-yil iyulda RSFSRning Pskov viloyati Velikiya Luki shahrida nemislarga asir tushadi. Oradan bir yil o‘tib, 1942-yil iyulda Turkiston legioniga a’zo bo‘lib, legionning bosh organi Milliy Turkiston Birlik Qo‘mitasida faoliyat yuritadi. Bu holat shundan dalolat beradiki, 1937-1938-yillardagi qatag‘on siyosati ham turkistonlik askarlarning Germaniya tarafiga o‘tib, legionga qo‘shilib ketishiga sabab bo‘lgan.
Urushning ilk davrida O‘zbekiston SSRda milliy harbiy qo‘shilmalar ham tuziladi. 1941-yil 13-noyabrda DMQning “Milliy harbiy qo‘shilmalarni shakllantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinadi. Qarorga binoan, O‘zbekiston SSRda 5 ta kavaleriya diviziyasi va 9 ta alohida o‘qchilar brigadasi tuzish zarurligi belgilanadi. Yangi tuziladigan diviziyalarning tarkibi milliy aholi vakillaridan iborat bo‘lishi belgilab qo‘yiladi. Shunday qilib, O‘zbekiston SSRda 19, 99, 100, 101, 102, 103-otliq diviziyalar, 90, 94-alohida o‘qchi brigadalari, 128-gvardiyachi Turkiston tog‘-o‘qchi diviziyasi tashkil qilinib, urush maydoniga yuboriladi. Biroq bu milliy diviziyalar 1942-1943-yillar oralig‘ida tarqatib yuborilib, uning tarkibidagi o‘zbekistonlik askarlar boshqa harbiy qismlarga qo‘shib yuboriladi. O‘zbek diviziyalarining tarqatib yuborilishiga asir tushgan turkistonliklardan Turkiston legioni tuzilishi va qizil qo‘shinga qarshi jangga tashlanishi ehtimoli ham sabab bo‘ladi. O‘zbekiston SSR hududida umumqo‘shin tuzilmalardan tashqari 14 ta milliy qo‘shilma va qismlar tashkil etiladi.
1941-yil oxirlaridan boshlab GULAG jamloqlarida saqlanayotgan quloqlarni ham urushga safarbar etish ishlari boshlanadi. Bu vaqtda O‘zbekiston SSRdagi mehnat jamloqlarida 2738 nafar erkak saqlanayotgan edi. 1942-yildan ularni urushga yuborish jarayoni yanada tezlashadi. Urushga borganlardan quloq sifatidagi surgun muddatining qolgan qismi olib tashlanishi va’da qilinadi. Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, 1942-yilning oxirlariga kelib O‘zbekiston SSRning Toshkent, Surxondaryo, Andijon viloyatlari va respublikaning boshqa hududlaridagi mehnat jamloqlarida jazo o‘tayotgan mingdan ortiq quloqlar urushga yuboriladi. Quloqlarni jang maydoniga yuborishdan ko‘zlangan asosiy maqsad qizil qo‘shindagi halok bo‘lgan yoki asir tushgan askarlar o‘rnini to‘ldirish bo‘lgan.
1929–1933-yillarda amalga oshirilgan “quloqlashtirish” natijasida SSSRning g‘arbiy hududlaridagi GULAG jamloqlariga surgun qilinganlar ham bo‘lgan. Ular harbiy harakatlarda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, Germaniya hujumidan keyin ma’lum qismi nemislarga asir tushadi. Jumladan, Turkiston legioniga a’zo bo‘lgan 65 yoshli Hoshim ismli o‘zbek nuroniysi quloqlashtirish siyosatining qurboni bo‘lgan edi.
Hoshim jamloqdan qanday qilib ozod bo‘lib, nemislar tomoniga o‘tganligi haqida “Milli Türkistan” jurnalida ma’lumot berib o‘tadi: “Urush boshlanganidan keyin NKVD askarlari bizni noma’lum joyga ko‘chirishni boshladi. Piyoda uzoq yo‘l bosdik. Yo‘lda ko‘plab qariyalar, ayollar, bolalar holdan toyib yiqildilar. Ular NKVD askarlari tomonidan otib tashlandi. Piyoda yurishimizning uchinchi kuni to‘satdan otishma boshlanib, nemis harbiy samolyotlari bomba tashlay boshladi. Guruhdan qochishga uringanlarni NKVD askarlari ota boshladi. NKVD xodimlaridan biri mening qizimni ham otib o‘ldirdi. Men hushimni yo‘qotdim. O‘zimga kelib, qarshimda kiyimlarining yengida “Alloh biz bilan” yozuvi bor harbiy libosdagi Turkiston ozodlik qo‘shinining askarlarini ko‘rdim. Meni xavfsiz hududga olib borishdi”.
19-yuzyillik oxirlaridan Rossiya imperiyasi boshlab bergan turkistonliklarni harbiy xizmatga chaqirmaslik siyosati sovet davrida ham davom ettiriladi. Birinchi jahon urushida turkistonlik erkaklarning katta qismi jabha ortidagi ishlarni bajarish uchun “mardikorlik”ka olinadi. Turkistonliklardan Germaniyaga qarshi jang maydonida ham foydalangan Rossiya imperiyasi ag‘darilgandan so‘ng, 1919-yilda Turkiston fronti tuzilib, uning safiga oz miqdorda turkistonliklarni chaqirish ishlari boshlanadi. SSSRda 1935-yil imzolangan safarbarlik to‘g‘risidagi yangi qarorga binoan turkistonliklarni qizil qo‘shinga jalb qilish kuchayadi. Ikkinchi jahon urushi boshlanganidan so‘ng, qo‘shinda askarlar sonini ko‘paytirish maqsadida turkistonliklar yoppasiga harbiy xizmatga safarbar etiladi.
Ikkinchi jahon urushida o‘zbek (shuningdek, barcha turkistonliklar) yigitlarining yetarli darajada harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lmasdan jangga kiritilganligi haqida “Milli Türkistan” jurnalida ko‘plab ma’lumotlar beriladi. Jumladan, Po‘latbek ismli askar Piskentdagi qarorgohda harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi. Qarorgohda ularga alohida o‘zbek diviziyasi tuzilishi va o‘zbek qo‘mondonlari qo‘l ostida jang maydoniga kirishlari va’da qilinadi. Harbiy qarorgohda o‘zbeklar to‘rt oy davomida yog‘och miltiqlar bilan mashq qilganidan keyin milliy harbiy kiyimlar beriladi. Biroq ular Chimkent shahriga olib kelinganidan so‘ng, milliy harbiy kiyimlar o‘rniga qizil qo‘shinning harbiy liboslari tarqatiladi. Qizil vagonlarda olti hafta davomida Chimkentdan Ukraina SSR hududiga olib boriladi. Bu yerda ular asosiy qismi ruslardan iborat bo‘lgan harbiy guruhlar tarkibiga bo‘lib yuboriladi. Vaholanki, harbiy buyruq va ko‘rsatmalar rus tilida berilar, yangi safarbar etilgan o‘zbeklar orasida esa rus tilini bilmaydiganlar katta qismni tashkil etardi.
Turkistonliklarning harbiy tayyorgarliksiz va qurolsiz jangga kirganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni Boymirza Hayit, Ro‘zi Nazar kabi qizil qo‘shinda jang qilganlar ham tasdiqlaydi.
“Millij Türkistan” jurnalida Turkiston misolida sovet hukumati yuritgan siyosatning asl mohiyati ko‘rsatib o‘tiladi: “1939-yil sovet hukumati butun turkistonliklarni hayvon vagonlariga qamab o‘lim maydoniga tashladi. Qora ishlarga, o‘rislarning etigini tozalashga jalb qildi. Qo‘lida qurol yo‘q bu bechora Turkiston yigitlari qirilib ketdi. Turkiston yigitlari o‘q yeb yarador bo‘lib yotganda o‘rislar tashlab ketar va o‘z yarador o‘ris askarlarini mashinada olib ketardi. Lekin Turkiston yigitlarini yarador holda badanidan qon oqib turganini ko‘ra turib “sen qora – cherniy”san deb so‘kib tashlab ketishardi.
...Hozirda turkistonliklar qo‘lida hattoki pichoq ham yo‘qdir. Sovetlar uni tortib olganlar. Sovet jallodlari Turkiston pichog‘idan ham qo‘rqadilar. ...Hozirda 55 yoshga qadar bobolarimiz harb hunarini o‘rganmay, qo‘liga qurol berilmay urush maydoniga tashlandi. O‘ruslar ularning 8-10 nafariga bitta miltiq berdi. U ham bo‘lsa ovchi miltiq va uning ichida o‘q ham yo‘q”. Bu ma’lumot qizil qo‘shinda millatchilik kayfiyati yuqori bo‘lgani va turkistonliklarga nisbatan past nazar bilan qaralganini ko‘rsatib o‘tadi. Shuningdek, turkistonliklar uzoq yillar davomida harb ilmidan uzoqda tutilganini ham bilish mumkin.
Jurnalning boshqa bir sonida turkistonliklarga nisbatan qizil qo‘shinda “madaniyatsiz” xalq sifatida qaralgani va ularning qurolsiz jabhaning eng oldingi chizig‘iga tashlangani to‘g‘risida ma’lumot beriladi: “Turkistonliklarni “qora madaniyatsiz, o‘rislardan pastda turuvchi” deb, ularni qora ishlarga: aravakashlik, otboqarlik va o‘ris komissarlarining uy xizmatchisi kabi yumushlarga buyurilar edi. “Qoralar” tomonidan kichkina bir xatolik qilinsa yoki buyruqlar to‘la ravishda bajarilmasa, ularga katta jazolar berilar, hattoki, vatan dushmani, sovet dushmani deb 5–10 yilga qadar surgun qilib yuborilardi.
O‘rislar Turkiston yigitlarini yo‘q etmoq maqsadi bilan 1000–10 000 tasini qurolsiz urushning birinchi qatoriga jo‘natdi. Ba’zi vaqtlar 1000 kishiga 50–60 ta miltiq berib, jang maydoniga kiritdi”. Bu qizil qo‘shinda turkistonliklarga quyi tabaqadagi “madaniyatsiz” xalq sifatida qaralganligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga ularga harbiy ishga aloqasi bo‘lmagan yumushlar yuklanib, juda “kuchsiz” qurol bilan jangga kiritiladi.
Asirlikka tushgan o‘zbeklardan biri qizil qo‘shinga safarbar qilinganini quyidagicha eslaydi: “Uch yuztamizni o‘rmonga olib borishdi, u yerda bizdan boshqa turkistonlik do‘stlar ham bor ekan. Yotoq joyimiz yerto‘la, zax, kechasi kishilarning issig‘i bilan atrofdagi muzlar eriydi, oynadan suv oqib, yerto‘lamiz suvga to‘lib qoladi, sovuqdan kechasi bilan uxlay olmaymiz, ko‘p yigitlar menga o‘xshab kasallangan. Shunga qaramasdan sen o‘ris tilini bilmaysan, bilsang ham quvlik qilasan, buyruqni tushunmaysan deb qor, suv, botqoqlarda emaklatadi. Shunday qilib sovuq o‘tdi, o‘pka kasaliga uchradik. Haqiqatan ham ko‘plab yigitlar kasallangan, oyoq, qo‘l, burun, quloqlarini sovuq urgan. Men shu vaqtda tog‘amning bir o‘g‘lini ko‘rdim, u ham juda ozg‘in, meni ko‘rishi bilan yig‘lab yubordi. Men: “Nimaga yig‘laysan, bu butun turkistonliklarga tushgan ish-ku?” deb uni yupatdim”.
Qizil qo‘shin askarlarini harbiy qurollardan tashqari oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlash ham qoniqarli ahvolda bo‘lmagan. Sovet askarlaridan biri Boris Gorbachevskiy urushdan so‘ng yozgan xotira kitobida qizil qo‘shindagi ta’minotning juda yomon bo‘lganini aytib o‘tadi: “1942-yilning oxirlarida jabhadagi askarlarimiz nemislarga qaraganda yomon sharoitda edilar. Qish faslida paypoqlar o‘rniga maxsus oyoq bog‘lashga mo‘ljallangan paytavasi bor etik, eski qalpoq, qon dog‘lari bo‘lgan qishki kiyimlar berilgandi. Biz to‘yib ovqatlanmasdik. Bizda hech qachon yetarlicha jangovar ta’minot, xususan, snaryad va minalar bo‘lmagan. Qo‘mondonlik jangovar holatni faqat shiorlar orqali mustahkamlashga harakat qilardi”. Bu 1942-yil oxirlarida, ya’ni sovet urush tizginini o‘z qo‘liga ola boshlagan davrda ham qizil qo‘shinning ijtimoiy va harbiy ahvoli yaxshi bo‘lmaganligini ko‘rsatadi.
Qizil qo‘shinda iqtisodiy holatning og‘ir bo‘lganligini tarixchi Hamid Ziyoyev (1923–2015) ham o‘z kitobida yozib o‘tadi. U qo‘shindagi ijtimoiy ta’minotning yomonligi, qurol-yarog‘ning yetishmovchiligini quyidagicha tasvirlaydi: “Ovqat go‘shtsiz, kartoshkali sho‘rva, grechka va 200 gramm nondan iborat edi. Harbiy xizmatda bo‘lsak ham o‘z kiyimimizda yog‘ochdan yasalgan miltiq bilan mashq qilardik. Mashq o‘tkaziladigan maydonga saf tortib borayotganlarning ahvolini ko‘rib turgan mahalliy aholining bizga achinib hayratlanganlari yodimda. Chunki kiyim-kechaklarimiz yirtilib, ilma-teshik bo‘lib ketgan edi”. Demak, urushga safarbar qilinganlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash yetarli miqdorda bo‘lmagan va ularga berilgan harbiy kiyimlar ham talab darajasida emasdi.
1941–1945-yillar oralig‘ida 2 mlnga yaqin o‘zbekistonliklar qizil qo‘shin safida Germaniyaga qarshi jang olib borgan. Biroq qo‘shinga chaqirilganlar uchun harbiy mashg‘ulotlar yaxshi holatdamasligi va ijtimoiy hamda harbiy ta’minotning yetarli miqdorda emasligi aholi orasida urushga borishdan bosh tortish holatlari yuz berishiga sabab bo‘ladi.
Zohidjon XOLDOROV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ma’naviyat
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q